1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.63.00 (Кучини йукотган) Taʼlim muassasalarini moliyalashtirish, moddiy texnika taʼminoti va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasi va budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq taʼlimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-sentabrdagi PQ-3931-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, zamonaviy talablar va xalqaro standartlarni hisobga olgan holda respublika umumtaʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini tizimli asosda rivojlantirish va mustahkamlash, ularni eng ilgʻor oʻquv, axborot-kompyuter texnikasi, darsliklar va oʻquv-metodik qoʻllanmalari bilan jihozlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq taʼlimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-sentabrdagi PQ-3931-son qaroriga muvofiq:
a) 2019-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilayotganligi, ushbu Jamgʻarmaning mablagʻlarini shakllantirish manbalari va sarflash maqsadlari belgilanganligi;
b) 2018-yil 1-noyabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi idoraviy boʻysunuviga oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimiga kiruvchi taʼlim muassasalarini (keyingi oʻrinlarda umumtaʼlim muassasalari deb ataladi) qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) uchun mablagʻlarni jamlash;
tasdiqlangan manzilli dasturlarga muvofiq umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash, shu jumladan, zarur holatlarda oʻquv korpuslarini oʻquv ustaxonalari va laboratoriyalar bilan kengaytirish, sport zallari va maydonchalarini hamda boshqa infratuzilma obyektlarini barpo etish boʻyicha ishlarni moliyalashtirish;
zamonaviy talablarni hisobga olgan holda va tasdiqlangan normativlardan kelib chiqib, umumtaʼlim muassasalarini oʻquv-laboratoriya, ilmiy va ishlab chiqarish uskunalari, musiqa asboblari, sport uskunalari va anjomlari, kompyuter texnikasi hamda oʻquv axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining boshqa elementlari, shuningdek, oʻquv-tarbiya jarayoni uchun zarur mebel va anjomlar bilan jihozlashni (qoʻshimcha jihozlashni) moliyalashtirish;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarining kutubxona jamgʻarmalari uchun umumtaʼlim fanlari boʻyicha darsliklar va oʻquv-metodik majmualar bilan taʼminlashga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va homiylik xayriyalarini, xalqaro moliya institutlarining kredit va grantlarini, darsliklar va chet tillari boʻyicha mashq daftarlarining ijara toʻlovlarini jamlash, ushbu mablagʻlardan samarali foydalanishni tashkil etish;
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarining ayrim toifadagi, yaʼni birinchi sinf oʻquvchilarini, “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari, jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning oʻquvchilarini, ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan oilalardagi oʻquvchilarni hamda oʻqituvchilarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan bepul taʼminlash maqsadida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining kutubxona jamgʻarmalari uchun umumtaʼlim fanlaridan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni xarid qilish va yetkazib berishni moliyalashtirish;
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari oʻquvchilarini ijara asosida taʼminlash uchun umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining kutubxona jamgʻarmalariga umumtaʼlim fanlaridan darsliklar va chet tillari boʻyicha mashq daftarlarini xarid qilish va yetkazib berishni moliyalashtirish;
ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim muassasalari hamda oʻrta maxsus taʼlim muassasalari uchun bepul va ijara asosida umumtaʼlim fanlaridan darsliklarni umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining kutubxona jamgʻarmalariga xarid qilish va yetkazib berishni moliyalashtirish;
xarid qilishning tasdiqlangan istiqbol kvotalaridagi darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni chop etuvchi nashriyotlar va bosmaxonalarga darsliklarning chakana savdo tarmogʻi orqali sotilishini qoʻllab-quvvatlash uchun qisqa muddatli maqsadli ssudalar ajratish orqali yordam koʻrsatish;
jamgʻarma mablagʻlarining oʻz vaqtida tushishini taʼminlash va tahlil qilib borish.
3. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasining Boshqaruv kengashi tarkibi hamda Ijro etuvchi direksiyasining tuzilmasi 1 va 1a-ilovalarga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisida nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
b) Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi Vasiylik kengashi tarkibi hamda Ijro etuvchi direksiyasining tuzilmasi 3 va 3a-ilovalarga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi toʻgʻrisida nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda shakllantirilgan umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashning har yilgi manzilli roʻyxatlari navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlariga yoki Investitsiya dasturlariga belgilangan tartibda kiritiladi;
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarining ayrim toifadagi, yaʼni birinchi sinf oʻquvchilarini, “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari, jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning oʻquvchilarini, ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan oilalardagi oʻquvchilarni hamda oʻqituvchilarni darsliklar, shuningdek ijara asosida darsliklar bilan birlamchi taʼminlashga hamda Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlariga yoki Investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirishga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi va Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasiga ularning asoslangan buyurtmanomasiga koʻra oʻtkazib beriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) ning har yilgi manzilli dasturlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqib, uni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasining umumtaʼlim maktablari boʻyicha aktiv va passivlari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi;
Bunda, 2019-yil 1-yanvar holatiga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasining umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) ishlari boʻyicha foydalanilmay qolgan qoldiq mablagʻlarining tegishli qismi tasdiqlangan manzilli roʻyxatlarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasining barcha huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
v) Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasining hamda budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasining ijro etuvchi direksiyalari xodimlariga davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 22-fevral,
155-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-fevraldagi 155-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasining Boshqaruv kengashi
TARKIBI
1.
Sh. Shermatov
―
xalq taʼlimi vaziri, Boshqaruv kyengashi raisi
2.
B. Ashrafxanov
―
moliya vaziri oʻrinbosari, Boshqaruv kyengashi raisi oʻrinbosari
3.
S. Bekenov
―
investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari
4.
B. Usmonov
―
iqtisodiyot va sanoat vaziri oʻrinbosari
5.
E. Iskandarov
―
qurilish vaziri oʻrinbosari
6.
I. Djurayev
―
xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari
7.
Lavozim boʻyicha
―
Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasi Ijro etuvchi direksiyasi direktori, Boshqaruv kyengashi kotibi
Izoh. Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-fevraldagi 155-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Jamgʻarma davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga hamda blankalarga, mustaqil balansga, gʻaznachilik shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, bank hisob raqamlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi talab qilib olinadigan depozit bank hisob raqamiga ega boʻladi.
2-bob. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari
4. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimiga kiruvchi taʼlim muassasalarini, shu jumladan, Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalarini (keyingi oʻrinlarda umumtaʼlim muassasalari deb ataladi) qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) uchun mablagʻlarni jamlash;
tasdiqlangan manzilli dasturlarga muvofiq umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash, shu jumladan, zarur holatlarda oʻquv korpuslarini oʻquv ustaxonalari va laboratoriyalar bilan kengaytirish, sport zallari va maydonchalarini hamda boshqa infratuzilma obyektlarini barpo etish boʻyicha ishlarni moliyalashtirish;
zamonaviy talablarni hisobga olgan holda va tasdiqlangan normativlardan kelib chiqib, umumtaʼlim muassasalarini oʻquv-laboratoriya, ilmiy va ishlab chiqarish uskunalari, musiqa asboblari, sport uskunalari va anjomlari, kompyuter texnikasi hamda oʻquv axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining boshqa elementlari, shuningdek, oʻquv-tarbiya jarayoni uchun kerakli mebel va anjomlar bilan jihozlashni (qoʻshimcha jihozlashni) moliyalashtirish.
Jamgʻarma ijro etuvchi direksiyasi Jamgʻarma Boshqaruv kengashi raisining roziligi bilan vaqtinchalik boʻsh mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklarida depozitlarga joylashtirishi mumkin.
3-bob. Jamgʻarmaning huquq va majburiyatlari
5. Jamgʻarma oʻziga yuklangan asosiy vazifalarni bajarish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
qonun hujjatlariga muvofiq ushbu Nizomda nazarda tutilgan faoliyatni taʼminlash uchun Jamgʻarma Boshqaruv kengashining qarorlari asosida mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlaridan Jamgʻarma vakolatlariga kiruvchi masalalarni hal etish uchun zarur axborotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
oʻz gʻaznachilik hisob raqamlarida, shuningdek, tijorat banklaridagi hisob raqamlarida ushbu Nizomda belgilangan manbalardan kelib tushadigan mablagʻlarni jamgʻarish;
Jamgʻarma tomonidan ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish, qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda moliyalashtirishni toʻxtatish;
vaqtinchalik boʻsh mablagʻlarni likvidli moliyaviy vositalarga (depozitlar va shu kabilarga) joylashtirish.
Jamgʻarma qonun hujjatlariga muvofiq ushbu Nizomda nazarda tutilgan faoliyatni taʼminlash uchun Jamgʻarma Boshqaruv kengashining qarorlariga muvofiq mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqiga egadir.
Jamgʻarma vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
Jamgʻarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
6. Jamgʻarma:
qonun hujjatlarida va mazkur Nizomda belgilangan vazifalarni bajarilishini taʼminlash;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishini nazorat qilish;
umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun budjetdan talab etiladigan mablagʻlar boʻyicha soʻrovni shakllantirish;
Jamgʻarma Boshqaruv kengashi qarorlarini toʻliq va oʻz vaqtida ijro etish.
Jamgʻarma qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
4-bob. Jamgʻarmani boshqarish
7. Jamgʻarma Boshqaruv kengashi Jamgʻarmaning yuqori boshqaruv organi hisoblanadi.
Jamgʻarma Boshqaruv kengashining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
8. Jamgʻarma Boshqaruv kengashi:
Jamgʻarma faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
Jamgʻarmaga yuklangan vazifalarning bajarilishini tashkil qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar yillik parametrlarini tasdiqlaydi;
Jamgʻarma daromadlarining barqaror shakllantirilishi, oʻz vaqtida moliyalashtirilishi va Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi taʼminlanishini doimiy nazorat qiladi;
umumtaʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasi holati muntazam ravishda oʻrganilishini va oʻrganish natijalariga koʻra qonun hujjatlariga muvofiq tegishli umumtaʼlim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) ning har yillik dasturlari shakllantirilishini tashkil etadi;
umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) ning har yillik dasturlarini Oʻzbekiston Respublikasi rivojlanish davlat dasturlari va Jamgʻarma daromadlari parametrlari doirasida tasdiqlaydi;
umumiy tasdiqlangan parametrlar doirasida, zarurat boʻlganda, Jamgʻarma daromadlari (manbalar boʻyicha) va xarajatlarining prognoz parametrlariga oʻzgartirishlar kiritadi;
Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasini saqlash xarajatlari smetasi, shtatlar jadvali, xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish shartlarini belgilaydi, uning faoliyatini nazorat qiladi, lozim boʻlgan taqdirda tasdiqlangan boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi tarkibiy tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritadi;
budjetdan Jamgʻarmani moliyalashtirilishi nazarda tutilgan mablagʻlarni Direksiyaning buyurtmanomasiga asosan oldindan Jamgʻarmaning gʻazna hisob raqamiga oʻtkazish boʻyicha takliflarni maʼqullaydi;
Jamgʻarma oldiga qoʻyilgan vazifalarni hal etish uchun manfaatdor vazirliklar, idoralar, boshqa tashkilotlarni jalb qiladi, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalarini jalb etishda Jamgʻarmaga koʻmaklashadi.
9. Jamgʻarma Boshqaruv kengashi majlislari zaruratga koʻra oʻtkaziladi.
Jamgʻarma Boshqaruv kengashi qarorlari majlisda qatnashayotgan uning aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolganda kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
10. Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb ataladi) Jamgʻarmaning ijro organi hisoblanadi. Jamgʻarmaning ijro etuvchi direktori Jamgʻarma Boshqaruv kengashi qarori bilan lavozimga tayinlanadi (Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri tavsiyasiga koʻra) va lavozimdan ozod etiladi.
11. Direksiya:
Jamgʻarma mablagʻlarini boshqaradi;
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari prognozini hamda ularning bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotni tayyorlaydi;
Jamgʻarma Boshqaruv kengashiga daromadlar manbalari bilan bogʻlagan holda Jamgʻarma mablagʻlaridan asosiy yoʻnalishlar (umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) boʻyicha foydalanish yuzasidan takliflar kiritadi;
umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) ning aniq manzilli roʻyxatlarining bajarilishini tahlil qiladi, uning monitoringini olib boradi va tegishli materiallarni Jamgʻarma Boshqaruv kengashiga kiritadi;
zarurat boʻlganda, joylarga chiqqan holda, umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) ning har yillik dasturlarini shakllantirishda ishtirok etadi;
umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) ning har yilgi dasturlarini moliyalashtirish nazarda tutilgan Jamgʻarma mablagʻlarining hisobga olinishini taʼminlaydi.
5-bob. Jamgʻarmaning kelgusi yil uchun daromad va xarajatlarini tayyorlash, koʻrib chiqish va tasdiqlash
13. Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari prognozini tayyorlash, koʻrib chiqish va tasdiqlash qonun hujjatlariga muvofiq kelgusi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi rivojlanish davlat dasturlari va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti loyihalarini tayyorlash bilan bogʻliq holda amalga oshiriladi.
Direksiya har yili navbatdagi yil uchun Jamgʻarmaning daromadlari prognoz rejasini:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan ajratiladigan mablagʻlar boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar)lar hokimliklari takliflariga koʻra;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa manbalar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi yoki boshqa vakolatli vazirlik va idoralar bilan birgalikda shakllantiradi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
har yili 15-iyungacha keyingi yil uchun Direksiyaga barcha yoʻnalishlar boʻyicha Jamgʻarma xarajatlari prognozlarini, Jamgʻarma xarajatlari boʻyicha budjet soʻrovini hamda keyingi yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar (shaharlar) boʻyicha umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) ning dasturlarini;
har yili 1-avgustgacha Direksiya bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Moliya vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni shakllantirish uchun uch yillik davrga mablagʻlar ajratish prognoz hajmlarini taqdim etadi.
15. Direksiya Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksida belgilangan tartibda Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari prognozi boʻyicha budjet soʻrovini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etadi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining har yilgi parametrlari tasdiqlanib, Jamgʻarma uchun ajratilgan mablagʻlar miqdori oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga yetkazilgandan soʻng 15 kun muddat ichida Jamgʻarma Boshqaruv kengashi vazirlik va Direksiyaning taklifiga koʻra:
Jamgʻarmaning qonunchilikda belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha yillik daromadlari va xarajatlari parametrlarini;
xalq taʼlimi muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) manzilli dasturlarining parametrlarini;
Direksiyani saqlash xarajatlari yillik smetasini tasdiqlaydi.
17. Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining yillik parametrlari tasdiqlangandan keyin Direksiya 10 kun muddat mobaynida:
Jamgʻarma mablagʻlarini oluvchilarga ular uchun belgilangan xarajatlar hajmlarini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimliklariga tegishli budjetlardan Jamgʻarmaga ajratiladigan mablagʻlar miqdorini maʼlum qiladi.
18. Direksiya har yili:
15-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Jamgʻarma xarajatlarini moliyalashtirish uchun ushbu maqsadga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari doirasida moʻljallangan mablagʻlarni;
30-yanvargacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda tegishli budjetlardan Jamgʻarmaga mablagʻlar oʻtkazish jadvallarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
6-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish, jamlash va ulardan foydalanish
19. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim sohasini moliyalashtirish uchun har yili nazarda tutiladigan mablagʻlarning kamida 6 foizi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlarning grantlari va texnik koʻmaklashish uchun ajratilgan mablagʻlari;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
20. Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Axborot tizimida ochiladigan gʻaznachilik hisob raqamlarida hamda Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarida qonun hujjatlariga muvofiq ochilgan boshqa hisob raqamlarda jamlanadi.
21. Jamgʻarma mablagʻlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar gʻaznachilik boshqarmalaridagi (keyingi oʻrinlarda gʻaznachilikning hududiy boshqarmalari deb ataladi) xizmat koʻrsatiladigan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari orqali umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) xarajatlariga sarflanadi.
22. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish Direksiyada roʻyxatdan oʻtkazilgan xarajatlar smetalari asosida:
a) umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha:
tender (tanlov) savdolari asosida va qonun hujjatlariga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari tomonidan;
2020-yildan boshlab esa “Xalq taʼlimi sohasida loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish va qurilish obyektlari sifatini monitoring qilish boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasining (keyingi oʻrinlarda “Xalq taʼlimi sohasida injiniring kompaniyasi” DUK deb ataladi) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha filiallari tomonidan;
b) umumtaʼlim muassasalarini jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) boʻyicha — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻtkazilgan tender (tanlov) savdolari asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
23. Umumtaʼlim muassasalarini jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) ning miqdori, sifati va yetkazib berish muddatlari boʻyicha shartnoma majburiyatlari bajarilishi monitoringi yuzasidan javobgarlik tegishli tender (tanlov) savdolari buyurtmachisi — Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga yuklanadi.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi va uning hududiy boshqarmalari umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) boʻyicha shartnomalarni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazishni hamda ular boʻyicha qatʼiyan xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida hamda umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashning belgilangan tartibda Jamgʻarma Boshqaruv kengashi tasdiqlagan aniq manzilli roʻyxatlariga muvofiq xarajatlarni amalga oshiradilar.
25. Jamgʻarmaning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi hisob raqamiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Direksiyaning asoslangan buyurtmanomasiga koʻra har oyning 15 sanasigacha oʻtkazib boriladi.
Ushbu buyurtmanomani tayyorlash va koʻrib chiqishda Jamgʻarma xarajatlarining har bir yoʻnalishi boʻyicha tuzilgan shartnomalarga muvofiq oldindan toʻlov summalari, haqiqiy bajarilgan qurilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha yuzaga kelgan majburiyatlar, yetkazib berilgan tovarlar (bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar) uchun toʻlovlar, Direksiyani saqlash xarajatlari va joriy oyda moliyalashtirish zarur boʻlgan boshqa majburiyatlar hisobga olinishi kerak.
26. Umumtaʼlim muassasalarini:
qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha xarajatlarni toʻlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalarining, 2020-yil 1-yanvardan boshlab esa “Xalq taʼlimi sohasida injiniring kompaniyasi” DUKning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha filiallari toʻlov topshiriqnomalari asosida;
jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) boʻyicha xarajatlarni toʻlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmalarining umumtaʼlim muassasalarini oʻquv asbob-uskunalari, musiqa asboblari, sport uskunalari va anjomlari, oʻquv mebeli va anjomlari bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) boʻyicha toʻlov topshiriqnomalari asosida Gʻaznachilikning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
27. Umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha tuzilgan shartnomalarda:
qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashning dastlabki ikki oyi mobaynida teng ulushlar bilan, ushbu ishlar bajariladigan yil uchun tender (tanlov) savdolari natijalari boʻyicha aniqlangan ishlar summasining 30 foizigacha miqdorda avans toʻlovlarini amalga oshirish;
har oyda, ajratilgan avansni mutanosib ravishda ushlab qolishni hisobga olgan holda, bajarilgan ishlar qiymatining 95 foizi miqdorida joriy moliyalashtirishni amalga oshirish;
shartnomada koʻrsatilgan kafolat muddati tugagach qolgan 5 foizni pudratchiga toʻlash majburiy shartlari nazarda tutiladi.
28. Umumtaʼlim muassasalarini jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) boʻyicha shartnomalarda:
shartnoma umumiy summasining 30 foizi miqdorida yoki Jamgʻarma Boshqaruv kengashi qarori bilan belgilangan miqdorlarda avans toʻlovini amalga oshirish;
har oyda, ajratilgan avans toʻlovlarini ushlab qolgan holda, yetkazib berilgan tovarlarning amaldagi hajmidan kelib chiqib, joriy moliyalashtirishni amalga oshirishning majburiy shartlari nazarda tutiladi.
29. Mablagʻlarni (shu jumladan, tovarlarni yetkazib beruvchilar, ishlar bajaruvchilar va xizmatlar koʻrsatuvchilar tomonidan shartnoma majburiyatlarining bajarilmaganligi uchun jarima sanksiyalarini qoʻllashdan olingan mablagʻlarni) xarajatlarning tasdiqlanmagan smetasisiz, shuningdek, Jamgʻarma xarajatlari prognozida nazarda tutilmagan tadbirlarga, ularni xarajatlar smetalari boʻyicha va xarajatlarning alohida turlari boʻyicha smetalarda belgilanganidan ortiqcha sarflash taqiqlanadi.
30. Pudrat tashkilotlari, tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilar tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi uchun jarima sanksiyalarini qoʻllashdan tushgan mablagʻlar Jamgʻarmaning shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Joriy moliya yili yakunlari boʻyicha, shu jumladan, oldingi yillarda Jamgʻarma mablagʻlari oluvchilarining majburiyatlari boʻyicha qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashning aniq manzilli roʻyxatlarida hamda umumtaʼlim muassasalarini jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) uchun xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan, lekin moliyalashtirilmagan mablagʻlar Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari balanslanganligi taʼminlanishini hisobga olgan holda kelgusi moliya yilida toʻlanadi.
31. Jamgʻarmaning hisob raqamlaridan mablagʻlarni ushbu Nizomda nazarda tutilmagan maqsadlarga oʻtkazish va vaqtinchalik olib qoʻyish taqiqlanadi.
7-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishni hisobga olish, hisobot va nazorat qilish
32. Direksiya Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tuzadi va hisobini qonunchilikda belgilangan tartibda yuritadi.
Direksiya har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 15-kunidan kechikmay Jamgʻarma Boshqaruv kengashi tomonidan tasdiqlangan shakl boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari ijrosi toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
33. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi boʻyicha hisobotlar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari hamda “Xalq taʼlimi sohasida injiniring kompaniyasi” DUK (hududiy filiallari hisobotlarini jamlagan holda) tomonidan — umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashga ajratilgan mablagʻlar boʻyicha (2021-yildan boshlab);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan — taʼlim muassasalarini oʻquv asbob-uskunalari, musiqa asboblari, sport uskunalari va anjomlari, oʻquv mebeli va anjomlari bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) ga ajratilgan mablagʻlar boʻyicha har oyda, hisobot davridan keyingi oyning 5-kunidan kechikmay Direksiyaga taqdim etiladi.
34. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
35. Direksiya:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari, “Xalq taʼlimi sohasida injiniring kompaniyasi” DUKning umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha bajarilgan ishlar hamda toʻlangan mablagʻlar toʻgʻrisidagi hisobot maʼlumotlari asosida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmalarining umumtaʼlim muassasalariga oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi, mebellar va boshqa anjomlarning amalda yetkazib berilganligi hamda toʻlangan mablagʻlar, shuningdek ularning boshlangʻich hujjatlarga (schyot-fakturalarga) va amalda bajarilgan ishlarga (xizmatlarga) muvofiqligi toʻgʻrisidagi hisobot maʼlumotlari asosida Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va oqilona foydalanilganligi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi.
36. Jamgʻarma mablagʻlaridan tasdiqlangan xarajatlar smetalariga muvofiq qatʼiyan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan javobgarlik Jamgʻarma mablagʻlarini tegishli oluvchilar — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari, “Xalq taʼlimi sohasida injiniring kompaniyasi” DUK va uning hududiy filiallari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi boshqarmalari rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
8-bob. Yakuniy qoida
37. Jamgʻarmani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
38. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibga muvofiq javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisida nizomga ILOVA
Jamgʻarmaning daromad va xarajatlarini tayyorlash, koʻrib chiqish va tasdiqlash
Keyingi yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)lar boʻyicha umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash manzilli har yilgi dasturini, xarajatlar prognozi hajmlarini va budjet soʻrovini Jamgʻarma ijro etuvchi direksiyasiga taqdim etadi
kelgusi yil uchun joriy yilning
15-iyunigacha
2-bosqich
Xalq taʼlimi vazirligi,
Ijro etuvchi direksiya
Rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni shakllantirish uchun uch yillik davrga mablagʻlar ajratish prognoz hajmlari Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Moliya vazirligiga taqdim etadi
har yili
1-avgustga qadar
3-bosqich
Ijro etuvchi direksiya
Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksida belgilangan tartibda Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari prognozi boʻyicha budjet soʻrovnomasini Moliya vazirligiga taqdim etiladi
Ijro etuvchi direksiya va Xalq taʼlimi vazirligi taklifiga koʻra keyingi yil uchun Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari parametrlarini, shu jumladan, Jamgʻarma Ijro etuvchi direksiyasi saqlash xarajatlari prognozini tasdiqlaydi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari tasdiqlangan keyin 15 kun muddatda
5-bosqich
Jamgʻarma Ijro etuvchi direksiyasi
Jamgʻarma mablagʻlarini tegishli oluvchilarga ular uchun belgilangan xarajatlar prognozi hajmlarini yuboradi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklariga tegishli budjetlardan Jamgʻarmaga ajratiladigan mablagʻlar miqdorini maʼlum qiladi
Jamgʻarma Boshqaruv Kengashi tomonidan Jamgʻarma parametrlari tasdiqlangandan keyin 10 kun muddatda
6-bosqich
Jamgʻarma Ijro etuvchi direksiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Jamgʻarma xarajatlarini moliyalashtirish uchun ushbu maqsadga Davlat budjeti parametrlari doirasida oʻtkaziladigan mablagʻlar boʻyicha reja-jadvalini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
har yili
15-yanvarga qadar
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tegishli budjetlardan Jamgʻarmaga mablagʻlar oʻtkazish jadvallarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-fevraldagi 155-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi Vasiylik kengashi
TARKIBI
1.
Sh. Shermatov
―
xalq taʼlimi vaziri, Vasiylik kengashi raisi
2.
B. Ashrafxanov
―
moliya vaziri oʻrinbosari, Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari
3.
B. Usmonov
―
iqtisodiyot va sanoat vaziri oʻrinbosari
4.
U. Begimkulov
―
oliy va oʻrta maxsus taʼlimi vaziri oʻrinbosari
5.
D. Kattaxanova
―
Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi raisi oʻrinbosari
6.
G. Marufova
―
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari
7.
D. Tashmuhamedova
―
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori
8.
Sh. Javlonov
―
“Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi
9.
A. Ayapov
―
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri
10.
V. Rajapov
―
Namangan viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi
11.
S. Inogamova
―
Toshkent shahar 50-son umumtaʼlim maktabi direktori
12.
X. Asrorov
―
Xalq taʼlimi vazirligining yuridik boʻlim boshligʻi
13.
Lavozim boʻyicha
―
Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi Ijro etuvchi direksiyasi direktori, Kengash kotibi
Izoh. Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-fevraldagi 155-son qaroriga 3a-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi Ijro etuvchi direksiyasining
TUZILMASI
Izoh. Boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 25 nafar.
Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar shtat birliklari soni belgilangan meʼyorlar asosida belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-fevraldagi 155-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, Jamgʻarma Vasiylik kengashi qarorlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Jamgʻarma davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga hamda blankalarga, mustaqil balansga, gʻaznachilik shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, bank hisob raqamlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi talab qilib olinadigan depozit bank hisob raqamiga ega boʻladi.
2-bob. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari
4. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarining kutubxona jamgʻarmalari uchun umumtaʼlim fanlari boʻyicha darsliklar va oʻquv-metodik majmualar bilan taʼminlashga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlarining kredit va grantlari (keyingi oʻrinlarda budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar deb ataladi), darsliklar va chet tillari boʻyicha mashq daftarlarining ijara toʻlovlarini (keyingi oʻrinlarda ijara toʻlovlari deb ataladi) jamlash, ushbu mablagʻlardan samarali foydalanishni tashkil etish;
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarining ayrim toifadagi, yaʼni birinchi sinf oʻquvchilarini, “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilarini, jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning oʻquvchilarini, ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan oilalardagi oʻquvchilarni hamda oʻqituvchilarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan bepul taʼminlash maqsadida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining kutubxona jamgʻarmalari uchun umumtaʼlim fanlaridan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni xarid qilish va yetkazib berishni moliyalashtirish;
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari oʻquvchilarini ijara asosida taʼminlash uchun umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining kutubxona jamgʻarmalariga umumtaʼlim fanlaridan darsliklar va chet tillari boʻyicha mashq daftarlarini xarid qilish va yetkazib berishni moliyalashtirish;
ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim muassasalari hamda oʻrta maxsus taʼlim muassasalari uchun bepul va ijara asosida umumtaʼlim fanlaridan darsliklarni umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining kutubxona jamgʻarmalariga xarid qilish va yetkazib berishni moliyalashtirish;
xarid qilishning tasdiqlangan istiqbol kvotalaridagi darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni chop etuvchi nashriyotlar va bosmaxonalarga darsliklarni chakana savdo tarmogʻi orqali sotilishini qoʻllab-quvvatlash uchun qisqa muddatli maqsadli ssudalar ajratish orqali yordam koʻrsatish;
Jamgʻarma mablagʻlarini oʻz vaqtida tushishini taʼminlash va tahlil qilib borish.
3-bob. Jamgʻarmaning huquq va majburiyatlari
5. Jamgʻarma oʻziga yuklangan asosiy vazifalarni bajarish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
darsliklarni ijaraga berish masalalari boʻyicha Moliya vazirligi gʻaznachilik boʻlinmalari bilan oʻzaro hamkorlik qilish, ulardan ijara toʻlovlari tushumlari boʻyicha aniq maʼlumotlarni olish;
nashriyot, bosmaxona va kitob savdo tashkilotlariga ajratilgan ssudalardan maqsadli foydalanilishi toʻgʻrisida ulardan tegishli maʼlumotlarni olish.
Jamgʻarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
6. Jamgʻarma:
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari uchun darsliklar hamda oʻquv-metodik majmualarni xarid qilish va yetkazib berish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan talab etiladigan mablagʻlar boʻyicha soʻrovni shakllantirishga;
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari hisobini yuritish, shuningdek, ular boʻyicha choraklik va yillik hisobotlarni shakllantirishga;
umumtaʼlim fanlaridan darsliklar hamda oʻquv-metodik majmualarni nashr etish va yetkazib berishni oʻz vaqtida moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga mablagʻlar ajratishga;
qonun hujjatlariga muvofiq har yili Jamgʻarma faoliyatining auditorlik tekshiruvini oʻtkazishga;
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Jamgʻarmaning Vasiylik kengashi qarorlarini oʻz vaqtida ijro etishga majbur.
Jamgʻarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
4-bob. Jamgʻarmani boshqarish
7. Jamgʻarmaning Vasiylik kengashi (keyingi oʻrinlarda Vasiylik kengashi deb ataladi) Jamgʻarmaning yuqori boshqaruv organi hisoblanadi.
Vasiylik kengashining shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vasiylik kengashining aʼzolari oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
8. Vasiylik kengashining yigʻilishlari, zaruratga qarab, ammo yiliga kamida ikki marotaba oʻtkaziladi. Vasiylik kengashi yigʻilishlarida xalqaro moliya institutlari vakillari kuzatuvchi sifatida ishtirok etish huquqiga ega.
9. Vasiylik kengashining qarorlarini qabul qilish, uning raisi tashabbusi bilan mazkur Kengash aʼzolari bilan kelishilgan holda soʻrov yoʻli orqali qabul qilinishi mumkin. Vasiylik kengashi qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
10. Vasiylik kengashi:
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oʻz tasarrufidagi, shuningdek tasarrufida taʼlim muassasalari boʻlgan boshqa vazirliklar va idoralar takliflari asosida umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari uchun keyingi oʻquv yiliga taqdim etilgan umumtaʼlim fanlaridan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni nashr etish va xarid qilishning istiqbol kvotalarini tasdiqlaydi;
Jamgʻarma oldiga qoʻyilgan vazifalarni hal qilish uchun manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar vakillarini jalb qiladi;
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlarining manbalari va foydalanish yoʻnalishlari boʻyicha prognoz parametrlarini, shuningdek Jamgʻarmaga yil davomida kelib tushgan mablagʻlarning miqdorini va ijrosi boʻyicha yillik hisobotni tasdiqlaydi;
Jamgʻarma daromadlarini toʻliq shakllantirish hamda mablagʻlaridan maqsadli foydalanish yuzasidan Jamgʻarma faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ijaraga berish uchun xarid qilinadigan darsliklar va chet tillari boʻyicha mashq daftarlari ijara toʻlovlari miqdorlarini sinflar kesimida hisoblash va toʻlash tartibini hamda yillik ijara toʻlovi miqdorini belgilaydi;
xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etishda Jamgʻarmaga koʻmaklashadi;
Jamgʻarma ijro etuvchi direksiyasi (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb ataladi) faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash uchun xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va undan foydalanish bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
11. Vasiylik kengashi Direksiyaning ijrochi direktori taklifiga asosan Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining tasdiqlangan asosiy parametrlariga oʻzgartirish kiritishi mumkin.
12. Direksiya Jamgʻarmaning ijro organi hisoblanadi.
Direksiya:
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda har yili kelgusi oʻquv yiliga umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari kutubxona jamgʻarmasi uchun darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni nashr etish va xarid qilishning istiqbol kvotalarini ishlab chiqadi;
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari prognoz parametrlarini, shuningdek ularning ijrosi yuzasidan hisobotni tayyorlaydi va Vasiylik kengashiga taqdim etadi;
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarining ayrim toifadagi oʻquvchilari hamda oʻqituvchilarini budjet mablagʻlari hisobidan bepul taʼminlash uchun umumtaʼlim fanlaridan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni xarid qilish va yetkazib berishni moliyalashtiradi;
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari oʻquvchilarini ijara asosida taʼminlash uchun umumtaʼlim fanlaridan darsliklar va chet tillari boʻyicha mashq daftarlarini xarid qilish va yetkazib berishni moliyalashtiradi;
ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim muassasalari hamda oʻrta maxsus taʼlim muassasalari uchun bepul va ijara asosida darsliklarni xarid qilish va yetkazib berishni moliyalashtiradi;
darslik va oʻquv-metodik majmualarni chop etish jarayoniga tayyorlash va ekspertiza qilish ishlarini moliyalashtiradi;
Jamgʻarma va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari kutubxona jamgʻarmalarini umumtaʼlim fanlaridan darsliklar va oʻquv-metodik majmualar bilan taʼminlash boʻyicha xalq taʼlimi organlari hamda oʻrta maxsus taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
umumtaʼlim fanlaridan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni nashr etish faoliyati bilan muntazam shugʻullanadigan nashriyot va bosmaxonalarining moliyaviy ahvolini oʻrgangan holda ularning aylanma mablagʻlarini vaqtinchalik toʻldirish uchun qisqa muddatli maqsadli ssudalar ajratadi;
darsliklar va oʻquv-metodik majmualarning xarid qilinishi va yetkazib berilishi hamda ekspertiza qilinishi ishlari uchun moliyalashtirilgan Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi, daromadlarning toʻliq va oʻz vaqtida tushishi yuzasidan nazorat oʻrnatadi;
nashriyot va bosmaxonalarga ajratilgan ssudalardan samarali foydalanish va qaytarilishini taʼminlash boʻyicha monitoring olib boradi;
Direksiyani saqlash boʻyicha xarajatlar smetasini tuzadi va tasdiqlash uchun Vasiylik kengashiga taqdim etadi;
Vasiylik kengashi raisi bilan kelishgan holda jamgʻarmaning boʻsh mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtiradi.
13. Direksiyani saqlash xarajatlari Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
14. Direksiya xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish (mukofotlar, qoʻshimcha va ustamalar, ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar, shuningdek, qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish) tartibi Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi.
15. Direksiyani Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan (Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri tavsiyasiga koʻra) va ozod etiladigan ijrochi direktor boshqaradi.
16. Ijrochi direktor:
Jamgʻarmaning joriy faoliyatini tashkil etadi va Jamgʻarmaga yuklatilgan vazifalar bajarilishi, shu jumladan, ijara mablagʻlarining yigʻilishi va mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi uchun javob beradi;
Jamgʻarma mablagʻlari tushumlarini koʻpaytirish va ulardan samarali foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlaydi hamda Vasiylik kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritadi;
Jamgʻarmaga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq Jamgʻarma faoliyatini tashkillashtiradi, xodimlarning cheklangan umumiy soni doirasida Direksiyaning shtatlar jadvalini tasdiqlaydi;
Direksiyaning shtatdagi xodimlarining cheklangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritadi;
Direksiya xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi, shuningdek xodimlarni ragʻbatlantirish boʻyicha qarorlar qabul qiladi hamda ularning lavozim majburiyatlari va vakolatlarini taqsimlaydi;
pul mablagʻlari va moddiy boyliklarning buxgalteriya hisobi yuritilishini, statistika va buxgalteriya hisobotlari tuzilishini hamda belgilangan tartibda taqdim etilishini tashkil qiladi;
Jamgʻarma nomidan shartnomalarni, shu jumladan, Jamgʻarmaning boʻsh mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirish toʻgʻrisidagi shartnomalarni imzolaydi;
Jamgʻarmaning lavozim yoʻriqnomalari va boshqa ichki hujjatlarini tasdiqlaydi;
Jamgʻarma xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi;
ushbu Nizom va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni koʻrib chiqadi.
17. Ijrochi direktor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi hamda boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
5-bob. Jamgʻarmaning kelgusi yil uchun daromad va xarajatlarini tayyorlash, koʻrib chiqish va tasdiqlash
18. Jamgʻarmaning kelgusi yil uchun daromadlari va xarajatlari istiqbol rejalarini tayyorlash, koʻrib chiqish va tasdiqlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlash bilan bogʻliq holda amalga oshiriladi.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi umumtaʼlim fanlaridan zarur darsliklar va oʻquv-metodik majmualar bilan taʼminlanganligi boʻyicha umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari kutubxona jamgʻarmalarini har yili 15-iyungacha inventarizatsiyadan oʻtkazadi va natijalarini tahlil qiladi.
Ushbu inventarizatsiya natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi keyingi kalendar yili uchun umumtaʼlim fanlaridan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarga boʻlgan ehtiyojning prognoz koʻrsatkichlarini shakllantiradi va har yili 20-iyunga qadar Direksiyaga quyidagi koʻrsatkichlar kesimida taqdim etishlari lozim:
umumtaʼlim fanlari boʻyicha taʼlim tili, nomi, sinflar va bosqichlar kesimida;
chakana savdo tarmogʻi orqali, kutubxona jamgʻarmasi hisobidan bepul va ijara asosida taʼminlanish kesimida.
20. Direksiya har yili 1-iyulga qadar keyingi kalendar yil uchun Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining istiqbol parametrlarini ishlab chiqadi, Vasiylik kengashi bilan kelishadi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.
Yakuniy ehtiyoj Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan aniqlanadi va keyingi oʻquv yili uchun umumtaʼlim fanlari boʻyicha taʼlim tili, nomi, sinflar va bosqichlar kesimida darsliklar hamda oʻquv-metodik majmualarni nashr etish va xarid qilish istiqbol kvotalari shakllantirilgandan soʻng Jamgʻarmaga taqdim etiladi.
21. Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining prognoz parametrlari keyingi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari tasdiqlangandan soʻng bir oy muddatda Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
6-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish, jamlash va ulardan foydalanish
22. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalaridan tushadigan ijaraga berilgan darsliklar boʻyicha ijara toʻlovlari;
grantlar, kreditlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari — yuridik va jismoniy shaxslar, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlarning homiylik xayriyalari;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirilishidan olinadigan daromadlar;
keyinchalik foydalanishga yaroqsiz boʻlgan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni utilizatsiya qilishdan tushgan tushumlar;
nashriyotlar va bosmaxonalarga darsliklarni chakana savdo tarmogʻi orqali sotilishini qoʻllab quvvatlash uchun qisqa muddatli maqsadli ssudalar ajratish evaziga tushgan foiz daromadlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan xarajatlar smetasida nazarda tutilmagan mablagʻlar (shu jumladan, nashriyotlar, va bosmaxonalar, shuningdek darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni yetkazib berishni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki belgilangan muddatlarda bajarilmaganligi uchun jarima va penyalarni qoʻllashdan olingan mablagʻlar) ni sarflash taqiqlanadi va mazkur mablagʻlar Jamgʻarmaga qaytarilishi lozim.
24. Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining axborot tizimida ochilgan Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari boʻyicha tegishli shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.
25. Jamgʻarma mablagʻlaridan faqat quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
oʻrnatilgan tartibda shakllantirilgan va tasdiqlangan istiqbol kvotalariga asosan umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Jamgʻarma aylanma mablagʻlari hisobidan nashr va qayta nashr etiladigan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni xarid qilish va yetkazib berishni moliyalashtirishga;
darsliklarni chop etish boʻyicha tasdiqlangan kvotalarga ega boʻlgan nashriyotlar va bosmaxonalarga darsliklarni chakana savdo tarmogʻi orqali sotilishini qoʻllab quvvatlash, ularning aylanma mablagʻlarini toʻldirishga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan kam boʻlmagan foizda maqsadli ssudalar ajratishga;
darslik va oʻquv-metodik majmualarni chop etish jarayoniga tayyorlash va ekspertiza qilish ishlarini moliyalashtirishga;
Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlangan smeta xarajatlariga muvofiq darsliklarni yaratish, chop ettirish, yetkazish hamda darsliklar bilan taʼminlash tizimini uzluksiz faoliyat koʻrsatishi bilan bogʻliq xarajatlarni qoplashga;
Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetalariga muvofiq Direksiyani saqlash xarajatlarini qoplashga foydalaniladi.
26. Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari kutubxona jamgʻarmalari uchun darslik va oʻquv-metodik majmualarni ekspertiza qilish, xarid qilish va yetkazib berish xarajatlarini qoplashga mablagʻlar ajratadi:
birinchi sinf oʻquvchilari uchun;
“Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari, jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning oʻquvchilari uchun;
ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan oilalardagi oʻquvchilar uchun;
ijara asosida berish uchun;
oʻqituvchilar uchun.
27. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan taʼlim muassasalariga yetkazilgan darsliklar va oʻquv-metodik majmualar bilan oʻquvchilar va oʻqituvchilarni taʼminlash vazifasi umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
28. Darsliklar va oʻquv majmualarini xarid qilish boʻyicha tasdiqlangan kvotalarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan umumtaʼlim fanlaridan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni xarid qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni umumiy oʻrta taʼlim muassasalarigacha yetkazib berish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-yanvardagi 18-sonli qarori bilan tasdiqlangan “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari uchun umumtaʼlim fanlaridan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni xarid qilish va yetkazib berish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha xarajatlarni Jamgʻarma tomonidan moliyalashtirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
29. Oʻrta maxsus taʼlim muassasalari va nodavlat umumtaʼlim maktablarining oʻquvchilarini qonun hujjatlariga muvofiq umumtaʼlim fanlaridan darsliklar bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining hududiy boshqaruv organlari bilan tuzilgan shartnomalarga asosan amalga oshiriladi.
30. Xarid qilishning tasdiqlangan istiqbol kvotalaridagi darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni chop etuvchi nashriyotlar va bosmaxonalarga chakana savdo tarmogʻi orqali sotiladigan darsliklarni nashr etishga ularning aylanma mablagʻlari yetishmay qolgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining taklifiga koʻra jamgʻarma mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda ssudalar ajratilishi mumkin.
7-bob. Darsliklar va oʻquv-metodik majmualar boʻyicha hisob va hisobot hamda Jamgʻarmaga ijara toʻlovlari tushumlarining nazorati
31. Darsliklar va oʻquv-metodik majmualar harakati, ularning ijara toʻlovlari va boshqa tushumlar boʻyicha buxgalteriya hisobi va hisoboti tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlarining markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmatlari va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari tomonidan olib boriladi. Bunda Jamgʻarmaga taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi boʻyicha javobgarlik ushbu tashkilotlar rahbari va bosh buxgalteri zimmasiga yuklatiladi.
32. Moliya vazirligi hududiy gʻaznachilik boʻlinmalari Direksiyaning hududiy vakillari talabnomalariga asosan umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari yoki tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlarining markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmatlari hamda oʻrta maxsus taʼlim muassasalarining mos gʻazna hisobvaraqlaridan koʻchirmalar taqdim etadi.
33. Direksiyaning hududiy vakillari:
hududdagi umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari boʻyicha ijara tizimining yuritilishi boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
ijara toʻlovlari tushumlari boʻyicha monitoring olib boradi, hisobotlarni yigʻadi hamda xalq taʼlimi hududiy organlari bilan hamkorlikda umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlimi muassasalarining umumtaʼlim fanlaridan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarga buyurtmalarini umumlashtiradi;
ijara tizimi masalalari boʻyicha tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlarining markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmatlari, oʻrta maxsus taʼlim muassasalari hamda gʻaznachilik boʻlinmalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi, ulardan hududlar va umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari kesimida ijara toʻlovlari tushumlari boʻyicha aniq hisobotlarni muntazam olib turadi;
oʻz faoliyati yuzasidan Direksiyaga doimiy ravishda hisobot berib boradi.
34. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, hududiy xalq taʼlimi boshqarmalari va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari, Direksiyaning hududiy vakillari har yarim yilda bir marotaba tegishli hududlar boʻyicha darsliklar va oʻquv-metodik majmualar harakati hamda saqlanishi toʻgʻrisida umumlashtirilgan hisobotlarni, hisobot davridan keyingi oyning 25-sanasidan kechiktirmasdan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Direksiyaga taqdim etadi.
35. Ijara toʻlovlarining toʻliq va toʻgʻri hisoblanishi hamda undirilishi boʻyicha javobgarlik umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari hamda hududiy xalq taʼlimi boshqaruvi organlari rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
36. Ijara toʻlovlari tijorat banklari orqali naqd pul yoki naqd pulsiz shaklda (bank plastik kartochkalari orqali va pul oʻtkazish yoʻli bilan) toʻlanadi. Bunda toʻlovning amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga taqdim etiladi.
37. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining hududiy boshqaruv organlari hamda oʻrta maxsus taʼlim muassasalari rahbarlari darsliklar va oʻquv-metodik majmualarning oʻz vaqtida va talab darajasida yetkazilishi boʻyicha nazorat olib boradilar.
38. Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari tomonidan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarning saqlanishi va foydalanilishini hamda ijara toʻlovlari boʻyicha dastlabki hisob-kitob hujjatlarining yuritilishini nazorat qilish va ijara toʻlovlari undirilishini taʼminlash tegishli hududiy xalq taʼlimi va moliya organlari, oʻrta maxsus taʼlim muassasalari hamda Direksiyaning hududiy vakillari tomonidan amalga oshiriladi.
39. Ijara tizimi uchun nashr etilgan darsliklardan foydalanish muddatidan qatʼiy nazar, bepul foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8-bob. Jamgʻarmaning mol-mulki va moliyaviy mablagʻlari, hisob va hisobot hamda nazorat qilish
40. Jamgʻarma mablagʻlarining kelib tushishi va undan foydalanilishining buxgalteriya hisobini yuritish, shuningdek, hisobotlarni tuzish Direksiya tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
41. Jamgʻarmaning mol-mulki asosiy fondlar, asbob-uskunalar, aylanma mablagʻlar va mablagʻ bilan taʼminlashning barcha manbalari hisobiga sotib olingan boshqa moddiy boyliklardan iboratdir.
42. Jamgʻarma mol-mulkining qiymati uning mustaqil balansida aks ettiriladi.
43. Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan homiylik xayriyalari sifatida oʻtkazilgan mablagʻlar hisobidan sotib olingan mulklar Jamgʻarmaning shaxsiy mulki hisoblanadi.
44. Jamgʻarma oʻziga tegishli mol-mulkka oid majburiyatlari boʻyicha qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
45. Jamgʻarmada oʻtkazilgan auditorlik xulosalari va hisobotlari Direksiya tomonidan Vasiylik kengashi muhokamasiga kiritiladi.
46. Jamgʻarma mablagʻlaridan asosli va maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
47. Jamgʻarmani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
48. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibga muvofiq javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi toʻgʻrisida nizomga ILOVA
Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasining daromad va xarajatlarini tayyorlash, koʻrib chiqish va tasdiqlash
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi
Umumtaʼlim fanlaridan zarur darsliklar va oʻquv-metodik majmualar bilan taʼminlanganligi boʻyicha umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari kutubxona jamgʻarmalarini inventarizatsiyadan oʻtkazadi
kelgusi yil uchun joriy yilning
15-iyunigacha
2-bosqich
Xalq taʼlimi vazirligi
Inventarizatsiya natijalarini tahlil qilgan holda keyingi kalendar yili uchun umumtaʼlim fanlaridan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarga boʻlgan ehtiyojning prognoz koʻrsatkichlarini chakana savdo tarmogʻi orqali, kutubxona jamgʻarmasi hisobidan bepul va ijara asosida taʼminlanish kesimida Direksiyaga taqdim etadi.
har yili
20-iyunga qadar
3-bosqich
Direksiya
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining istiqbol parametrlarini ishlab chiqadi, Vasiylik kengashi bilan kelishadi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.
har yili 1-iyulga qadar keyingi kalendar yil uchun
4-bosqich
Vasiylik kengashi
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining prognoz parametrlari keyingi yil uchun tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari tasdiqlangandan soʻng bir oy muddatda