toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.07.2021
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Budjetdan mablag‘ bilan ta’minlanadigan tashkilotlarda xizmat yengil avtotransportidan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida” 1999-yil 2-apreldagi 154-son qaroriga qo‘shimcha kiritish haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi 258-sonli “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021-yil 1-iyuldan o‘z kuchini yo‘qotadi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat tartibini ta’minlash uchun kechki va tungi vaqtda jalb etilgan organlarning xizmat avtotransport vositalaridan samarali foydalanish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Budjetdan mablag‘ bilan ta’minlanadigan tashkilotlarda xizmat yengil avtotransportidan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida” 1999-yil 2-apreldagi 154-son qaroriga quyidagi mazmundagi 101-band qo‘shilsin:
“101. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasi ixtiyorida bo‘lgan avtomototransport vositalari, shuningdek, boshqa texnika, agregat va uskunalar uchun yoqilg‘i mahsulotlarini sarflash va yillik yo‘l bosish limitlari hamda xizmat avtomobillari soni me’yorlari tegishlicha ushbu davlat organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Transport vazirligi va “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik jamiyati bilan kelishilgan holda belgilanadi”.
2. Manfaatdor vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 15-fevral,
135-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.02.2019-y., 09/19/135/2622-son)