Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Orol dengizi qirgʻoqlarida artemiya sistalarini yigʻib olish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi 290-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QXT, 2014-yil, 43-son, 530-modda) bilan tasdiqlangan Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish va hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisida nizomning
20-bandi quyidagi tahrirdagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Istisno tariqasida, artemiya sistalari yigʻib olish uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddati keyingi kalendar yilining 31-mart kuniga qadar belgilanadi”;
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi Orol dengizi qirgʻoqlarida artemiya sistalarini yigʻib olish ishlarini amalga oshirish uchun 2018-yilda yuridik va jismoniy shaxslarga rasmiylashtirilgan ruxsatnomalarning amal qilish muddatini 2019-yilning 31-mart kuniga qadar uzaytirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B.T. Qoʻchkarov zimmasiga yuklatilsin.