toggle_night_mode
Hujjat 02.02.2019 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat taʼlim muassasalarining sport inshootlarida pullik xizmat koʻrsatuvchi sport toʻgaraklarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Davlat taʼlim muassasalarining sport inshootlarida pullik xizmat koʻrsatuvchi sport toʻgaraklarini tashkil etish orqali sport inshootlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish, aholini jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga keng jalb etish va ularning bu sohaga boʻlgan ehtiyojini qondirish, jismoniy tarbiya va sport sohasida xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash, sport inshootlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va trenerlarni moddiy ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, 2019-yil 1-fevraldan boshlab:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq jismoniy tarbiya soatlaridan boʻsh vaqtlarida sport inshootlarida trenerlar tomonidan aholiga, shu jumladan, oʻquvchi-yoshlar va talabalarga koʻrsatiladigan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport xizmatlari pullik asosda amalga oshiriladi;
davlat taʼlim muassasalarining sport inshootlarida trenerlar tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun tushgan toʻlovning 20 foizi kommunal xizmatlar xarajatlariga yoʻnaltiriladi, qolgan qismi davlat taʼlim muassasasi va trenerlar oʻrtasida teng miqdorda taqsimlanadi.
2. Davlat taʼlim muassasalarining sport inshootlarida pullik xizmat koʻrsatuvchi sport toʻgaraklarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
bir oy muddatda sport turlari, eng avvalo, ommaviy sport turlari boʻyicha yangi qoʻshimcha seksiya va guruhlarni tashkil etish hisobiga sport inshootlaridan foydalanish darajasini oshirish choralarini koʻrsin;
pullik xizmat koʻrsatiladigan sport inshootlarining manzili, ish vaqti, koʻrsatiladigan xizmat turlari va narxlari haqidagi maʼlumotlar Internet jahon axborot tarmogʻida doimiy ravishda keng yoritilishini yoʻlga qoʻysin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.X. Nabiyev, Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov va Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 1-fevral,
78-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-fevraldagi 78-son qaroriga
ILOVA
Davlat taʼlim muassasalarining sport inshootlarida pullik xizmat koʻrsatuvchi sport toʻgaraklarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom davlat taʼlim muassasalarining (keyingi oʻrinlarda taʼlim muassasalari deb ataladi) sport inshootlarida trenerlar tomonidan jismoniy tarbiya soatlaridan boʻsh vaqtlarda aholiga, shu jumladan oʻquvchi-yoshlar va talabalarga (keyingi oʻrinlarda shugʻullanuvchilar deb ataladi) pullik xizmat koʻrsatuvchi sport toʻgaraklarini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Pullik xizmat taʼlim muassasalari sport inshootlaridan (keyingi oʻrinlarda sport inshootlari deb ataladi) foydalanish orqali aholining jismoniy tarbiya va sport sohasiga boʻlgan ehtiyojini qondirish, ushbu sohada xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, sport inshootlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda pullik xizmat koʻrsatuvchi trenerlar (keyingi oʻrinlarda trenerlar deb ataladi) mehnatini ragʻbatlantirish uchun qoʻshimcha mablagʻlar jalb qilish maqsadida tashkil etiladi.
3. Davlat taʼlim muassasalarining sport inshootlarida pullik xizmat koʻrsatuvchi sport toʻgaraklarini tashkil etish mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Sport inshootida pullik xizmat koʻrsatuvchi sport toʻgaraklarini tashkil etish
4. Sport inshootida tashkil etiladigan pullik xizmat koʻrsatuvchi sport toʻgaraklari toʻgʻrisida taʼlim muassasalari tomonidan aholi, shu jumladan, oʻquvchi-yoshlar va talabalar oʻrtasida ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi orqali va boshqa shaklda targʻibot ishlari olib boriladi.
Targʻibot ishlari natijalari boʻyicha sport toʻgaraklarida shugʻullanish istagida boʻlganlar toʻgʻrisida taʼlim muassasasida doimiy yangilab boriladigan maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi.
Sport toʻgaraklari shugʻullanuvchilarning ehtiyojlaridan kelib chiqib taʼlim muassasalari tomonidan shakllantirilgan maʼlumotlar bazasi asosida va trenerlarning ixtisosligini inobatga olgan holda tashkil etiladi.
5. Shugʻullanuvchilar tomonidan sport toʻgaraklariga qatnashish uchun taʼlim muassasasi rahbariga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
taʼlim muassasasi rahbari nomiga sport toʻgaragiga qatnashish toʻgʻrisida ariza (voyaga yetmagan shugʻullanuvchilarning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchilar ishonchli shaxslar nomidan ariza);
fuqarolik pasporti nusxasi, voyaga yetmagan shugʻullanuvchilarning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi (hujjatni topshirish vaqtida hujjatning asl nusxasi koʻrsatiladi);
086-U-shakl boʻyicha tibbiy maʼlumotnoma;
shugʻullanuvchilarning 3,5 x 4,5 sm oʻlchamdagi 4 ta rangli fotosurati;
oilaning kam taʼminlanganligi toʻgʻrisida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan beriladigan maʼlumotnoma (zarurat boʻlganda).
Keyingi tahrirga qarang.
Taʼlim muassasasi rahbari tomonidan mazkur bandda koʻrsatilmagan hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. Taʼlim muassasasida taʼlim muassasasi rahbari, malakali trenerlar va tibbiyot xodimidan iborat boʻlgan arizalarni koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda Ishchi guruh deb ataladi) tuziladi.
7. Ishchi guruh tomonidan arizalar ular kelib tushgandan boshlab 5 kun ichida koʻrib chiqiladi va shugʻullanuvchilarning sportning muayyan turi bilan shugʻullanishga loyiqligi aniqlanadi.
Koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Ishchi guruhning bayonnomasi rasmiylashtiriladi.
8. Ishchi guruh bayonnomasi asosida taʼlim muassasasi rahbari va shugʻullanuvchilar oʻrtasida sport toʻgaragiga qatnashish boʻyicha belgilangan tartibda shartnoma tuziladi. Shartnomada pullik xizmat koʻrsatuvchi sport toʻgaraklarining turi, oʻquv-mashq jarayonining davomiyligi, taraflarning huquq va majburiyatlari kabi asosiy qoidalar belgilanadi.
Pullik xizmat koʻrsatganlik uchun toʻlov miqdori trener tomonidan taʼlim muassasasi rahbariyati bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Taʼlim muassasasi rahbari rejalashtirilayotgan pullik xizmat turi, hajmi va uni bajarish xarajatlari, tasdiqlangan narxlar va tariflardan kelib chiqib, sport inshootlarida koʻrsatiladigan pullik xizmatning daromadlar hamda xarajatlar smetasini tuzadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi.
Agar moliya yili mobaynida pullik xizmatdan olinadigan daromadlar prognoziga nisbatdan kamaysa yoki koʻpaysa, sport inshootlari rahbariyati xarajatlarni tegishli miqdorda mustaqil ravishda kamaytiradi yoki koʻpaytiradi.
3-bob. Sport inshootida pullik xizmat koʻrsatuvchi trenerlar hamda shugʻullanuvchilarning huquqlari va majburiyatlari
9. Trener quyidagi huquqlarga ega:
sport inshootida pullik xizmat koʻrsatish boʻyicha taʼlim muassasasi rahbariga takliflar kiritish;
taʼlim muassasasi rahbaridan sport inshootida sport toʻgaraklarining faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilish;
shugʻullanuvchilarning oʻquv-mashq jarayonida zarur rejimga amal qilishlarini nazorat qilib borish.
Trener qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Trener:
taʼlim muassasasi rahbari bilan oʻquv-mashq, ommaviy sport tadbirlari oʻtkazishni kelishib olish va unga ushbu tadbirlarga erkin kirish imkonini berishga;
oʻquv-mashq jarayonini oʻtkazish davrida shugʻullanuvchilar xavfsizligini taʼminlashga;
qonun hujjatlariga va taʼlim muassasasi ustaviga rioya qilishga majbur.
Keyingi tahrirga qarang.
Trener qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Shugʻullanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
trener rahbarligida oʻquv-mashq, ommaviy sport tadbirlarida qatnashish uchun taʼlim muassasasi rahbari bilan shartnoma tuzish va uni bekor qilish;
taʼlim muassasasi rahbari bilan tuzilgan shartnomada belgilangan talablarni taʼlim muassasasi rahbaridan talab qilish;
trener nazoratida hamda faqat oʻquv-mashq vaqtlarida taʼlim muassasasining jismoniy tarbiya-sport inshootlari, sport jihozlari va anjomlaridan foydalanish;
oʻquv-mashq mashgʻulotlari va ommaviy sport tadbirlari jarayonida xavfsiz shart-sharoitlarga rioya qilish.
Shugʻullanuvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Shugʻullanuvchilar:
yakka tartibdagi va guruhli mashgʻulotlarning oʻquv rejalari va dasturlarini bajarish, sport rejimi, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya qilishga;
sport inshootlarining mol-mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish va ichki tartib-qoidalariga rioya qilishga majbur.
Shugʻullanuvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Sport inshootida pullik xizmat koʻrsatish uchun toʻlovni amalga oshirish
13. Sport inshootlarida pullik xizmatlar koʻrsatganlik uchun toʻlovlar har oyda kelgusi oyning 10-sanasidan kechikmasdan shugʻullanuvchilar va taʼlim muassasasi rahbari bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
14. Pullik xizmatlar koʻrsatganlik uchun toʻlovlar taʼlim muassasasining tegishli shaxsiy gʻaznachilik hisob raqamiga toʻlanadi va ushbu toʻlov toʻlanganligi haqida tasdiqlovchi hujjat (kvitansiya) nusxasi taʼlim muassasasiga taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Kam taʼminlangan oilalardan boʻlgan shugʻullanuvchilar pullik xizmat koʻrsatilganligi uchun belgilangan toʻlovlarni imtiyozli ravishda 50 foiz miqdorida amalga oshiradi. Bunda oilaning kam taʼminlanganligi toʻgʻrisida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan beriladigan maʼlumotnoma taʼlim muassasasi rahbariga taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Bir oiladan ikki yoki undan ortiq farzand ishtirok etgan taqdirda, pullik xizmat koʻrsatilganligi uchun belgilangan toʻlovlarni imtiyozli ravishda har biri uchun 70 foiz miqdorida amalga oshiradi.
5-bob. Sport inshootida pullik xizmat koʻrsatishdan tushgan mablagʻlardan foydalanish
17. Sport inshootlarida har bir trener tomonidan birinchi navbatda koʻrsatilgan pullik xizmatlar koʻrsatilganligi uchun toʻlangan toʻlov summasining 20 foizi taʼlim muassasasi tomonidan foydalanilgan sport inshootlarining kommunal toʻlovlari xarajatlariga yoʻnaltiriladi hamda mablagʻlarning qolgan qismi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
50 foizi — sport inshootining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yoʻnaltiriladi;
50 foizi — trenerga belgilangan tartibda moddiy ragʻbatlantirish sifatida toʻlab beriladi.
18. Sport inshootlarida bir vaqtning oʻzida ikki va undan koʻp trenerlar pullik xizmat koʻrsatgan taqdirda sport inshootlarining kommunal toʻlovlari miqdori har bir trenerga bir xil miqdorda taqsimlanadi.
6-bob. Buxgalteriya hisobi va hisoboti
19. Har bir trener tomonidan koʻrsatilgan pullik xizmat uchun toʻlovlarning tushumi va ularga toʻlangan toʻlovlar boʻyicha alohida buxgalteriya hisobini yuritilishi tegishli taʼlim muassasasining buxgalteriyasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
20. Taʼlim muassasasi rahbari pullik xizmat koʻrsatish toʻlovlari tushumining maqsadli sarflash boʻyicha javobgar hisoblanadi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
21. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi sport inshootlarida pullik xizmat koʻrsatish uchun toʻlovlarni amalga oshirish hamda ularning taqsimoti monitoringini olib boradi.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Mazkur Nizom yuzasidan kelib chiqadigan nizoli masalalar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat taʼlim muassasalarining sport inshootlarida pullik xizmat koʻrsatuvchi sport toʻgaraklarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida nizomga
ILOVA
Davlat taʼlim muassasalarining sport inshootlarida pullik xizmat koʻrsatuvchi sport toʻgaraklarini tashkil etishning
SXEMASI

Bosqichlar

Masʼullar

Tadbirlar nomi

Muddat

1-bosqich

Taʼlim muassasasi rahbari

Trener bilan shartnoma tuzadi.

Taraflar kelishuviga koʻra

2-bosqich

Taʼlim muassasasi rahbari

1. Taʼlim muassasasi sport inshootida pullik xizmat koʻrsatuvchi sport toʻgaragini tashkil etadi.

2. Pullik xizmat koʻrsatganlik uchun toʻlov miqdorini trener bilan kelishilgan holda belgilaydi.

Taraflar oʻrtasida shartnoma tuzilganidan soʻng

3-bosqich

Taʼlim muassasasi

Sport inshootida tashkil etiladigan pullik xizmat koʻrsatuvchi sport toʻgaraklari toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi orqali va boshqa shaklda targʻibot ishlarini olib boradi.

Muntazam

4-bosqich

Taʼlim muassasasi

Targʻibot ishlari natijalari boʻyicha sport toʻgaraklarida shugʻullanish istagida boʻlganlar toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasini shakllantiradi.

Muntazam

5-bosqich

Taʼlim muassasasi rahbari

Taʼlim muassasasida taʼlim muassasasi rahbari, malakali trenerlar va tibbiyot xodimidan iborat boʻlgan arizalarni koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhni (keyingi oʻrinlarda Ishchi guruh deb ataladi) tuzadi.

Arizalar tushishiga qarab

6-bosqich

Taʼlim muassasasi rahbari

Ishchi guruh bayonnomasi asosida shugʻullanuvchilar bilan sport toʻgaragiga qatnashish boʻyicha belgilangan tartibda shartnoma tuzadi.

1 kun

7-bosqich

Shugʻullanuvchilar

Sport inshootlarida pullik xizmatlar koʻrsatganlik uchun toʻlovlarni amalga oshiradi. Bunda ushbu toʻlovlarni taʼlim muassasasining tegishli shaxsiy gʻaznachilik hisob raqamiga toʻlaydi va toʻlov toʻlanganligi haqida tasdiqlovchi hujjat (kvitansiya) nusxasini taʼlim muassasasiga taqdim etadi.

Har oyda kelgusi oyning 10-sanasidan kechikmasdan

8-bosqich

Taʼlim muassasasi rahbari

Sport inshootlarida har bir trener tomonidan birinchi navbatda pullik xizmatlar koʻrsatilganligi uchun toʻlangan toʻlov summasining 20 foizini taʼlim muassasasi tomonidan foydalanilgan sport inshootlarining kommunal toʻlovlari xarajatlariga yoʻnaltiradi hamda mablagʻlarning qolgan qismini quyidagi tartibda taqsimlaydi:

50 foizi — sport inshootining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yoʻnaltirish uchun;

50 foizi — trenerga belgilangan tartibda moddiy ragʻbatlantirish sifatida toʻlab berish uchun.

Har oy

Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2019-y., 09/19/78/2559-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son: 19.06.2025-y., 09/25/378/0518-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)