toggle_night_mode
Hujjat 19.01.2019 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida “Aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish Konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida
Aholi turmush darajasini oshirish, fuqarolarning dolzarb muammolarini hal etish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash va hududlarni rivojlantirish uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchillik bilan amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasida “Aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish Konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda Konsepsiya deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq;
2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida “Aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish Konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi (keyingi oʻrinlarda Chora-tadbirlar rejasi deb ataladi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga Konsepsiya hamda Chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda va ilmiy-uslubiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashda belgilangan tartibda koʻmaklashsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini tatbiq etish hamda ilmiy-taʼlim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, mustaqil ekspertlar (maslahatchilar), investorlarni, shu jumladan xorijlik investorlarni keng jalb etish yoʻli bilan Konsepsiya va Chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini;
Konsepsiya va Chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan tadbirlarga muvofiq aholi turmush darajasini oshirish, fuqarolarning dolzarb muammolarini hal etish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash va hududlarni rivojlantirish uchun munosib sharoitlar yaratilishini taʼminlasinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov va Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu. Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 18-yanvar,
48-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-yanvardagi 48-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida “Aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish
Konsepsiyasi
Bugungi kunda Oʻzbekistonda “Aqlli shahar” innovatsion texnologiyalarini joriy etishning boshlangʻich bosqichi davom etmoqda. “Aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish boʻyicha Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar”, “Aqlli hisoblagichlar”, “Aqlli transport”, “Aqlli tibbiyot” yoʻnalishlari boʻyicha dastlabki sinov loyihalarini rejalashtirish va amalga oshirish yoʻlga qoʻyilmoqda. Nurafshon shahrida zamonaviy shahar infratuzilmasini joriy etish boʻyicha keng qamrovli ishlar bilan birga “Tashkent City” va “Delta City” loyihalari doirasida zamonaviy shaharsozlik infratuzilmasini joriy etish boʻyicha kompleks ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasining rivojlanmaganligi, shaharlar infratuzilmasining sezilarli darajada jismonan va maʼnan eskirganligi “Aqlli shahar” texnologiyalarini samarali joriy etishga toʻsqinlik qiluvchi asosiy muammolardan biri boʻlib qolmoqda. Bularning hammasi telekommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish chora-tadbirlarini koʻrish hamda shaharlar infratuzilmasini rekonstruksiya qilish uchun yirik investitsiya manbalarini izlashni talab etadi.
Ushbu asosda oldinda turgan muhim vazifalardan biri xorijiy mamlakatlardagi mazkur yoʻnalishlar boʻyicha hal qilingan qarorlarni chuqur tahlil qilish, tegishli tajriba loyihalari hamda laboratoriya va dala tadqiqotlari doirasida amaliy tajribalarni oʻtkazish, shuningdek, mavjud sharoitlarga mos ravishda investorlar uchun qiziqarli investitsiya sxemalarini va moslashuvchan biznes modellari boʻyicha yangi takliflar ishlab chiqish va ularning mavjud variantlarini izlab topishdan iboratdir.
Jahon amaliyotida davlat-xususiy sheriklikni yoʻlga qoʻyish, ijtimoiy ahamiyatga ega vazifalarni hal etishga xususiy biznesni jalb etish orqali ushbu muammolarni hal qilish yoʻllari ishlab chiqilgan.
“Aqlli shahar” texnologiyalarining joriy qilinishi yagona raqamli muhitni shakllantirish orqali shaharni boshqarish samaradorligini oshiradi, shu bilan birga shaharni bir butun holatda boshqarishga imkoniyat yaratadi.
Shu munosabat bilan, yuqorida keltirilgan vazifalarning alohida ahamiyati, shuningdek, mazkur yoʻnalishda davlat siyosatining asosiy va ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqib “Aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish Konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda Konsepsiya deb ataladi) ishlab chiqildi.
1-bob. Konsepsiyaning asosiy maqsadi va vazifalari
1. Ushbu Konsepsiyaning asosiy maqsadi “Aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish orqali shaharlarning zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat, jumladan:
shaharlar aholisi va mehmonlar uchun qulay muhit shakllantirish, yashash sifatining barqaror oʻsishini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
davlat xarajatlari samaradorligini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklikni yoʻlga qoʻyish orqali oshirish;
xorijiy uslublarga mos keluvchi barcha “Aqlli shahar” texnologiyalarini rejali joriy etish;
innovatsion qarorlar qabul qilishni yoʻlga qoʻyish orqali shahar xizmatlari va yoʻl-transport infratuzilmasi ishlarining samaradorligi oshirish.
2. Konsepsiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
“Aqlli shahar” texnologiyalari, shu jumladan raqamli infratuzilmani joriy etishning samarali hamda huquqiy-meʼyoriy, tashkiliy va institutsional asoslarini yaratish;
aqlli xizmatlarga boʻlgan talabni ragʻbatlantirish mexanizmlarini yaratish;
aqlli xizmatlarni ishlab chiqish va joriy etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini shakllantirish;
xizmatlar koʻrsatish sifatini va aholi turmush darajasini oshirish;
shaharlarning muhandislik-kommunikatsiya holati bilan bogʻliq muammolarni hal qilish, shuningdek, ishga yaroqsiz va maʼnan eskirgan shahar infratuzilmasini yangilash;
axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini taʼminlash uchun hamda internet tarmogʻiga kirish va uning tezligini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish tizimini shakllantirish;
shahar aholisi bilan shaharlarda xizmat koʻrsatish tizimini baholash va shaharlar rivojlanishining barcha sohalarida tajriba almashish yuzasidan aloqa oʻrnatilishini taʼminlovchi “Aqlli shahar” platformasini yaratish;
raqamli texnologiyalardan foydalangan holda shaharlarni oʻrganish tizimini rivojlantirish, shu jumladan sayyohlarga ochiq maʼlumotlar bazasini taqdim etish, raqamli texnologiyalar tizimini qayta ishlab chiqish va joriy etishni jadallashtirish;
eng talabgor “Aqlli shahar” texnologiyalarini respublikaning barcha shaharlarida joriy etishni keng qamrovli rejalashtirish ishlarini bajarish.
2-bob. “Aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish loyihalarini amalga oshirishning asosiy yoʻnalishlari
1. “Aqlli transport”
“Aqlli transport” — bu barcha transport vositalari va infratuzilma tizimining bir-biri bilan oʻzaro bogʻliqligi toʻgʻrisidagi kompleks texnologik yechimlarni bildiradi. Ushbu aloqa tizimi orqali yoʻllarda vaziyatni toʻliq aniqlash, shuningdek, mobil operatorlar maʼlumotlari va GPS signallaridan foydalangan holda transportlar oqimini nazorat qilish imkoniyati yaratiladi.
“Aqlli” shahar transport tizimining rivojlanishi, shuningdek, yangi transport turlari va transportlarga xizmat koʻrsatish joylari, trafikni boshqarish va nazorat qilish, eng maqbul yoʻlni hisoblash uchun turli ilovalarning paydo boʻlishi transportlar harakati jarayonini va unga moslashuvchanlik holatini yaxshilaydi hamda masofani oʻtishga ketadigan vaqtni qisqartirish imkoniyatini yaratadi.
“Aqlli transport” yoʻnalishida texnologik yechimlarni joriy qilish orqali quyidagilar koʻzda tutiladi:
yoʻl harakatini boshqarish tizimini avtomatlashtirish va transportlar oqimi koʻrsatkichlarini monitoring qilish, shu jumladan real vaqt rejimida harakat shartlarini monitoring qilish;
jamoat transportini boshqarishni dasturiy taʼminlash;
yoʻl harakati qatnashchilariga avtomatlashtirilgan tizim orqali yoʻldagi sharoitlar va vaziyatlar, jamoat transportining harakat jadvallari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yetkazish;
jamoat transportida xavfsizlik tizimlari;
axborot uzatish texnologiyalarini, yaʼni maʼlumotlarni toʻplash va saqlash joyiga uzatishni taʼminlaydigan 5G standartiga mos keluvchi aloqa vositalarini va bajaruvchi qurilmalarni, keng qamrovli Internet tarmogʻi va boshqa elementlarni joriy etish;
“Aqlli shahar” uchun Internet tarmogʻining shahar platformalarini joriy qilish;
transportlarni joylashtirish uchun boʻsh joylar va ularning uzoqligini aniqlovchi “Aqlli joylashtirish” texnologiyasi;
avtomobil va yoʻllardan foydalanish uchun elektron toʻlov tizimlari;
yoʻlovchilarni tashish holatini uzluksiz monitoring qilish;
geoaxborot texnologiyalari va navigatsiya.
2. “Aqlli taʼlim”
“Aqlli taʼlim” — bu taʼlim onlayn-platformalar va ommaviy ochiq onlayn kurslar tarzidagi texnologik yechimlar toʻplamini, virtual real holat bilan toʻldirilgan ilgʻor vizualizatsiya va masofaviy kirish texnologiyalari va boshqalarni oʻz ichiga olgan texnologik yechimlar toʻplamidir.
“Aqlli taʼlim” texnologik yechimlarini joriy etish orqali quyidagilar nazarda tutiladi:
oʻquvchilarni sinab koʻrish imkoniyati bilan sunʼiy intellekt bazasida taʼlim berish tizimi;
shaxsni intellektual aniqlash tizimi;
masofaviy taʼlim va elektron oʻqitish;
taʼlimning barcha bosqichlarini qamrab olgan elektron jurnallar;
onlayn va oflayn uslublaridagi integratsiya tizimlari;
adaptiv va mobil oʻqitish texnologiyalari.
3. “Aqlli tibbiyot”
“Aqlli tibbiyot” — bu aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish va axborot berishning butun jarayonini avtomatlashtirishning markazlashgan tizimidir.
“Aqlli tibbiyot” texnologik yechimlarini joriy etish orqali quyidagilar nazarda tutiladi:
mijozlar toʻgʻrisidagi biotibbiy maʼlumotlarning yagona platformasi;
tibbiy kartalarining tarmoqli tizimini joriy qilish;
masofaviy diagnostika. Tibbiy internet va mobil ilovalar asosida inson salomatligini masofadan monitoring qilish tizimi;
virtual tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
virtual shifoxona xizmati;
elektron retseptlar;
telemetriya va simsiz aloqadan foydalangan holda tibbiy yordamni uyda olish;
ilmiy asoslangan tibbiyot (sunʼiy intellekt va telekommunikatsiyalar sohasidagi texnik yangiliklar asosida yaratilgan qurilmalarni qoʻllash orqali);
davolash natijalaridan kelib chiqib koʻrsatilgan xizmat uchun toʻlovni amalga oshirish (shifokorga tashrif buyurganlarning soniga emas, balki davolash natijasi boʻyicha toʻlov amalga oshiriladi);
tibbiy maʼlumotlar, kasallanishlar rejalari, kasallanish va tuzalish jarayonlarini tahlil qilish uchun sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish;
real vaqt jarayonida dori-darmon zaxiralarini kuzatish imkoniyatini beruvchi integratsiyalashgan (GPS va mobil platformalar bilan jihozlangan) tibbiy punktlar.
4. “Aqlli energetika tizimi”
“Aqlli energetika tizimi” — bu barqaror, iqtisodiy samarali va ishonchli energiya tizimi boʻlib, energiya ishlab chiqarish, infratuzilmasi va isteʼmoli xizmati koʻrsatish isteʼmolchilar va texnologiyalarni ragʻbatlantirish orqali integratsiya qilinadi va muvofiqlashtiriladi.
“Aqlli energetika (“aqlli taqsimlash tarmoqlari”, “aqlli nazorat-oʻlchov tizimlari” va boshqalar) va energiya tejovchi texnologiyalar”dan (“aqlli chiroqlar”, “aqlli yoritgichlar”) foydalanishga oʻtish isteʼmol qilinayotgan elektr energiyani tejash, uni uzatish jarayonidagi uzilishlarda yoʻqotishlarni kamaytirish, uskunalar uchun kapital sarf-xarajatlar va avariya holatlari sonini kamaytirish, shuningdek, elektr tarmoqlarining mustahkamligi va sifatini oshirishga imkoniyat yaratadi.
“Aqlli energiya tizimi” texnologik yechimlarini joriy etish orqali quyidagilar nazarda tutiladi:
maʼlumotlarni yigʻish va operativ dispetcherlik boshqarish tizimi;
avariya holatlarida oʻchirishlarni boshqarish tizimi;
mijoz bilan oʻzaro munosabatlarni boshqarish tizimi;
geoaxborot tizimi;
kuchlanishni monitoring qilish uchun avtonom sezgichlar;
har xil turdagi qurilmalarning integratsiyasini hamda maʼlumotlarni oldindan tahlil qilish va yigʻishni taʼminlovchi internet qurilmalarining raqamli platformalari;
yangi avlod gibrid batareyalari, yuqori oʻtkazuvchan qurilmalar, litiy akkumulyatorlari;
“aqlli” oʻlchov tizimlari, isteʼmolchilar faolligini tahlil qilish;
yangi tahliliy hisob-kitob va toʻlov xizmatlari (tegishli moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish orqali);
energiya resurslari isteʼmolini hisoblashning intellektual tizimlari.
5. “Aqlli suv taʼminoti va oqova suv”
“Aqlli suv taʼminoti va oqova suv” — sel oqimlarini taqsimlash tizimi, xavfsizlik va nazorat, uni boshqarish hamda toshqinlardan ogohlantirish tizimlarini integratsiya qilish yoʻli bilan onlayn-gidravlik modellar, avtomatlashtirilgan suv havzalari, suvni tarqatish va uning yoʻqotilishini avtomatik aniqlash bazasi orqali suv taʼminotini boshqarishdan iborat.
“Aqlli suv taʼminoti va oqova suv” texnologik yechimlarini joriy etish orqali quyidagilar nazarda tutiladi:
geografik axborot tizimini joriy etish orqali yagona axborot tizimi;
suv taʼminoti va oqova suv isteʼmolchilari va koʻrsatilgan xizmatlar hajmlarini hisobga olish tizimi;
suv oʻtkazgichlar va oqova suv tarmoqlari yoʻnalish xaritalarining elektron shakllar tizimi;
bosim regulatorlari va elektron uzatkichlar oʻrnatilgan tarmoqlarda suv taʼminoti va oqova suv tizimi;
markaziy dispetcherlik xizmati — ishlarini avtomatlashtirish tizimi va onlayn tizimda monitoring olib borish;
suv oqib ketishi holatlari aniqlanganda suv taʼminotini toʻxtatish tizimi;
favqulodda vaziyatlarda butun uyni isitish kranlarini yopish tizimi;
avariya holatlari sodir boʻlganda suv bilan taʼminlovchi nasoslarni oʻchirish tizimi;
nasos va joʻmraklar ishlashini boshqarish orqali saqlash tizimidagi suv sathini boshqarish tizimi;
sensorli smestitellar va kranlarga nasadkalar oʻrnatgan holda amalga oshiriladigan suv taʼminoti texnologiyalarini joriy qilish.
6. “Aqlli uy-joy kommunal xoʻjaligi”
“Aqlli uy-joy-kommunal xoʻjaligi” — bu barqaror va iqtisodiy samarali uy-joy kommunal xoʻjaligi hisoblanib, intellektual hisoblash, monitoring va nazorat orqali kommunal resurslar va xizmatlarning isteʼmolini yuritish va taʼminlash, shuningdek, isteʼmolchilarning manfaatlari va texnologiyalar rivojlanishi hisobga olingan holda xizmat koʻrsatish orqali muvofiqlashtiriladi;
“Aqlli uy-joy-kommunal xoʻjaligi” texnologik yechimlarini joriy etish orqali quyidagilar nazarda tutiladi:
keyinchalik tegishli instansiyalarga yetkazilishi hisobga olingan holda hisoblagichlarning koʻrsatishini aniqlash jarayonini avtomatlashtirish;
uyni energiya bilan taʼminlash holati toʻgʻrisidagi maʼlumotni isteʼmolchining qurilmasiga yetkazish tizimlari;
kommunal xizmat koʻrsatish sifatini nazorat qilish boʻyicha maxsus xizmat koʻrsatish va shaxsiy ofislar tizimi;
kommunal resurslar isteʼmolchilari va taʼminotchilari oʻrtasida maʼlumotlar almashinuvini taʼminlash boʻyicha smart-hisoblagichlarni (“aqlli hisoblash asboblari”) joriy qilish, maʼlumotlar tizimi;
toʻlovlarni monitoring qilish tizimlari;
infratuzilmani boshqarish tizimlari;
energiya resurslarini oʻzlashtirish holatlarini aniqlash va uning oldini olish tizimlari;
energiya samaradorligini oshirish usullari va tizimlari;
suvni tejovchi texnologiyalarni qoʻllash orqali suv sarfini va suv taʼminoti narxini kamaytirish tizimlari;
isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatishning ochiq platformalari.
7. “Aqlli qurilish”
“Aqlli qurilish” — bu qurilish sohasida obyektlarni tashkil qilish, oʻzgartirish yoki buzish bilan bogʻliq tashkiliy, tadqiqot, loyihalashtirish, qurilish-montaj va ishga tushirish ishlarini oʻz ichiga olgan innovatsion texnologiyalardir.
“Aqlli qurilish” texnologik yechimlarini joriy etish orqali quyidagilar nazarda tutiladi:
qurilishda monitoring va operativ boshqaruv tizimi;
obyektlarni qurish jarayonini soddalashtirish va qurish muddatlarini qisqartirish tizimi;
zamonaviy va samarali uy-joylar qurish standartlari;
yangi qurilish materiallari;
qurilish uchun loyiha hujjatlari tizimi;
mehnatga haq toʻlashning ishbay va ishbay-mukofotlash tizimini qoʻllash;
qurilish jarayonlarini vizual modellashtirish;
omborlarni boshqaruv tizimlari.
8. “Aqlli uy”
“Aqlli uy” — bu uy egasining istagi va ehtiyojlaridan kelib chiqib, uydagi barcha kommunikatsiya tarmoqlarini sunʼiy intellekt orqali boshqarish, dasturlashtirish va moslashtirish maqsadida birlashtirishga imkoniyat yaratadigan intellektual boshqarish tizimidir.
“Aqlli uy” texnologik yechimlarini joriy etish orqali quyidagilar nazarda tutiladi:
yongʻinga qarshi va qoʻriqlash signalizatsiyasi;
erkin foydalanishning nazorat tizimi;
avariya holatlarni nazorat qilish (suv oqib ketishi, gaz chiqishi, elektr tizimidagi avariyalar);
ichki va koʻcha yoritgichlarini boshqarish;
energiya isteʼmolini nazorat qilish, katta kuchlanishlarni cheklash va isteʼmol tarmogʻi fazalariga kuchlanishni taqsimlash;
energiyani tejaydigan asboblarni qoʻllagan holda elektr taʼminotining zaxira manbalarini boshqarish;
internet orqali uyning barcha tizimlarini boshqarish va uzoqdan monitoring qilish;
isteʼmolchining smart-qurilmasiga GSM-modul orqali uydagi suv taʼminoti tizimining ishlashi haqidagi maʼlumotlarni yetkazish;
issiqlik sarfini, konditsionerni boshqarishni va issiqlikning optimal tarqalishini monitoring qilishning intellektual sersorli tizimi;
real vaqt rejimida obyektlar qurilishini loyihalashtirish jarayonini masofadan boshqarish.
9. “Aqlli hokimiyat”
“Aqlli hokimiyat” — bu aholini bezovta qiladigan dolzarb muammolar boʻyicha mahalliy hokimiyat organlariga tegishli takliflarni ishlab chiqish va taqdim etishga qaratilgan innovatsion yechimlar va tizimlardir.
“Aqlli hokimiyat” texnologik yechimlarini joriy etish orqali quyidagilar nazarda tutiladi:
Ijro etuvchi hokimiyat vakillari va shahar aholisi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar tizimining yaxshi ishlashi, shahar maʼmuriyati axborotlarning ochiqligi;
fuqarolarning shahar boshqaruvidagi faolligi;
shaharlarni strategik rejalashtirish hujjatlarining dolzarbligi;
shahar maʼmuriyatining rasmiy saytlaridan keng foydalanish;
toʻlov vositasi bilan shaxsning elektron guvohnomasi;
yuqori texnologiyalarni, yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻini keng spektrda qoʻllash va undan foydalanish;
wi-fi ga ulanish, shahar mobil ilovalarining mavjudligi va sifati;
mahalliy soliqlar va yigʻimlar uchun toʻlov tizimlari;
ariza va shikoyatlar berish uchun uzatuvchi qurilmalardan va fuqarolarni ogohlantirishning zamonaviy usullaridan foydalanish.
10. “Aqlli mahalla”
“Aqlli mahalla” — bu hayot sifatini yaxshilash, qulaylik va xavfsizlikni taʼminlash, shuningdek, shahar va aholi xarajatlarini optimallashtirish maqsadida mavjud infratuzilmaga “Aqlli shahar” ilgʻor texnologiyalarini joriy qilishdir.
“Aqlli mahalla” texnologik yechimlarini joriy etish orqali quyidagilar nazarda tutiladi:
taksi chaqirish va uning toʻlovi uchun internet-xizmat ishlarini yoʻlga qoʻyish;
yoʻl harakati holatini onlayn rejimda monitoring qilish imkoniyatlari;
elektromobillar uchun yonilgʻi quyish shoxobchalari tarmogʻining mavjudligi;
karshering (avtomobillarni qisqa muddatga ijaraga berish) xizmatini koʻrsatish;
internet tarmogʻidan foydalanuvchilarning soni va faolligi;
talabalarning elektron kartalarini qoʻllash;
mehnat bozori haqida maʼlumotlarning mavjudligi;
chiqindilarni ruxsatsiz tashlashning oqibatlarini bartaraf etishda jamoatchilikning ishtiroki.
3-bob. Konsepsiyani amalga oshirish mexanizmlari va bosqichlari
1. Konsepsiya Oʻzbekiston Respublikasida “Aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish Konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasida (keyingi oʻrinlarda Amaliy chora-tadbirlar rejasi deb ataladi) belgilangan tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli, toʻliq bajarish yoʻli bilan Konsepsiya amalga oshiriladi.
2. Shahar va hududlar infratuzilmasini boshqarishning zamonaviy intellektual tizimini joriy qilish, shu jumladan uy-joy kommunal xizmatlari, transport logistikasi, favqulodda xizmatlari keyinchalik “Aqlli shahar” yagona kompleksiga birlashtirish va integratsiya qilish muvofiqlashtiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:
Amaliy chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish boʻyicha masʼul vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda Amaliy chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish boʻyicha batafsil maʼlumotlar kiritilishini taʼminlaydi.
4. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi quyidagilarni taʼminlaydi:
Konsepsiyani amalga oshirishga qaratilgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda kiritish;
xalqaro tashkilotlar va xorijiy investorlarni jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish;
Konsepsiyadagi tegishli tadbirlarning bajarilishi boʻyicha muntazam monitoring tashkil etish;
xalqaro bozorda “Aqlli shahar” texnologiyalarining mahalliy ishlanmalarni qoʻllab-quvvatlash va eksport salohiyatni rivojlantirish tadbirlarini amalga oshirish;
“Aqlli shahar” texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha tizimli dasturiy taʼminotni joriy etish va kuzatib borishda ishtirok etish.
5. Amaliy chora-tadbirlar rejasining masʼul ijrochilari quyidagilarni taʼminlaydi:
Konsepsiyani amalga oshirishga qaratilgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini sifatli ishlab chiqish va belgilangan tartibda kiritish;
belgilangan muddatlarga va ish hajmlariga muvofiq tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish;
Amaliy chora-tadbirlar rejasidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun moʻljallangan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish;
Amaliy chora-tadbirlar rejasining amalga oshirilishi toʻgʻrisida har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga axborotlarni taqdim etish.
6. Konsepsiyani amalga oshirish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish moliyaviy, texnologik va boshqaruv resurslarini, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida xususiy sektor resurslarini jalb qilish yoʻli bilan bajariladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari va kreditlari, jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining xayriya ehsonlari, qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar Konsepsiyani amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
7. Ushbu Konsepsiyani innovatsion barqaror rivojlantirish maqsadlarida amalga oshirish uchun quyidagi 4 bosqichli modeldan foydalanish tavsiya etiladi:
1-bosqich: 2019 — 2021-yillar — bazaviy liniyani aniqlash — hududning profilini shakllantirish, mavjud infratuzilmani baholash, rivojlanish indikatorlarini aniqlash, mavjud aktivlar, mavjud muammolar va erishilgan muvaffaqiyatlarni tahlil qilish;
2-bosqich: 2022 — 2024-yillar — “Aqlli shahar” Konsepsiyasini joriy qilish strategiyasini ishlab chiqish — manfaatdor tomonlarni jalb qilish, tadbirlar yoʻnalishlari va rejalarni aniqlash, xatarlarni baholash, moliyaviy strategiyani shakllantirish, maqsad va samaradorlikning asosiy koʻrsatkichlarini belgilash;
3-bosqich: 2025 — 2027-yillar — batafsil rejalashtirish — budjetlashtirish, samaradorlik istiqbollari, avtomatlashtirish imkoniyatlarini aniqlash va axborot tizimlarini joriy qilish;
4-bosqich: 2027 — 2030-yillar — samaradorlikni amalga oshirish va baholash — birgalikda (barcha manfaatdor tomonlar bilan birga) joriy qilish, samaradorlikni monitoring qilish, baholash va qayta baholash (trendlar, investitsiya parametrlarini tahlil qilish), joylashtirishni taʼminlash (kengaytirish).
4-bob. Konsepsiyani amalga oshirish boʻyicha kutilayotgan natijalar
Ushbu Konsepsiyani amalga oshirish orqali quyidagi natijalarga erishish koʻzda tutiladi:
mavjud barcha shakllardagi taʼlim va malaka oshirishni kengaytirish orqali, shu jumladan internet tarmogʻi yordamida shahar aholisining bilim darajasini oshirish;
shahar xizmatlari va davlat organlari bilan hamkorlikda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash orqali aholining faolligini oshirish;
energetiyaning barqarorligini oshirish, sarf va xarajatlarni kamaytirish;
energiya resurslari taqsimoti va isteʼmoli samaradorligini oshirish;
isteʼmolchilar uchun xizmatlarning sifati, samaradorligi va interaktivligini oshirish, shuningdek, alohida tariflarni qoʻllash imkoniyatini yaxshilash;
kelajakda innovatsion texnologiyalarni qoʻllash muhitini yaratish;
suv sarfi va suv taʼminotidagi uzilishlarni kamaytirish, oqova suvlarni tozalash sifatini oshirish va qattiq chiqindilarning utilizatsiya qilinishini yaxshilash;
aholiga shahar xizmatlari koʻrsatish xarajatlarini kamaytirish va aholining koʻrsatilgan xizmatlar uchun qarzdorligini qisqartirish;
favqulodda vaziyatlar va jinoiy holatlarga javob qaytarish vaqtini qisqartirish, jinoyatchilikni va jabrlanganlar sonini kamaytirish;
transport infratuzilmasining tirbandligini kamaytirish;
yoʻllar va toʻxtash joylariga xizmat koʻrsatishda iqtisod qilishni taʼminlash;
piyodalar va jamoat transporti foydalanuvchilari uchun mobil qulaylikni yaxshilash.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-yanvardagi 48-son qaroriga
2-ILOVA
2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida “Aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar
rejasi

T/r

Tadbirlar nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Amalga oshirish muddatlari

Masʼul ijrochilar

1. “Aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish sohasida ilmiy-tadqiqotlarni va innovatsion ishlarni amalga oshirish

1.

“Aqlli shahar” texnologiyasini joriy etish sohasida quyidagilarga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlarni oʻtkazish:

asosiy yoʻnalishni belgilash — hudud profilini shakllantirish, taalluqli infratuzilmani baholash, rivojlanish indikatorlarini aniqlash, joiz aktivlarni, amaldagi sinovlarni va yutuqlar tarixini tahlil qilish;

“aqlli shahar” konsepsiyasini joriy etish strategiyasini ishlab chiqish — manfaatdor tomonlarni jalb qilish, chora-tadbirlar va rejalar yoʻnalishlarini belgilash, tavakkalchiliklarni baholash, moliya strategiyasini shakllantirish, samaradorlikning muhim koʻrsatkichlari (KPI) va maqsadlarni belgilash;

tafsilotli rejalashtirish — budjetlash, samaradorlik prognozi, avtomatizatsiyalash va axborot tizimlarini joriy etish imkoniyatlarini aniqlash;

joriy etish va samaradorlikni baholash — hamkorlikda (barcha manfaatdor tomonlar bilan birgalikda) joriy etish, samaradorlik monitoringini oʻtkazish, baholash va qayta baholash (KPIni kuzatib borish, trendlar, investitsion koʻrsatkichlarni tahlil qilish), kengaytirilish (ekspansiya)ni taʼminlash.

Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish.

Tegishli vazirliklar va idoralarga tavsiyalar kiritish.

2019 — 2021-yillar

Innovatsion rivojlanish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi

2. “Aqlli shahar” texnologiyasini joriy etishning meʼyoriy-huquqiy asoslarini shakllantirish

2.

Oʻzbekiston Respublikasida “aqlli” shaharlarni rivojlantirish koʻrsatkichlari tizimini va uning samaradorligini baholash uslubini xalqaro standartlar talablari hisobga olingan holda ishlab chiqish.

Oʻzbekistonda “Aqlli shahar” konsepsiyasini amalga oshirish samaradorligini baholash uslubi va vositalarini belgilovchi Davlat standartlarini ishlab chiqish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini xalqaro standartlar hisobga olingan holda ishlab chiqish va tasdiqlash.

2019-yil
noyabr

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Qurilish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi, Davlat avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, “Oʻzstandart” agentligi

3.

“Aqlli shahar” konsepsiyasini amalga oshirishning huquqiy taʼminoti.

“Aqlli shahar” konsepsiyasini amalga oshirishning huquqiy taʼminoti quyidagilarni nazarda tutadi:

“Aqlli shahar” konsepsiyasi natijalariga erishishga koʻmaklashuvchi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;

meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga taalluqli oʻzgartirishlar kiritish.

2019 — 2021-yillar

Innovatsion rivojlanish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Qurilish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

3. “Aqlli shahar” texnologik yechimlarini joriy etish

3.1. “Aqlli transport”

4.

Transport oqimlarini boshqarish, jamoat transportini boshqarish samaradorligi va xavfsizligi, transport oqimini optimallashtirish va ekologik yoʻqotishlarni kamaytirish tizimlarini tashkil etish.

1. Manfaatdor vazirliklar va idoralar mutaxassislari orasidan muassasalararo ishchi guruhni tashkil etish.

2019-yil
yanvar

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

2. “Aqlli shahar” texnologiyasini joriy etish doirasida Transport harakatini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2019-yil
mart

3. Transport oqimlarini va intellektual transport-logistika tizimlarini boshqarish tizimlarini tashkil etish, jamoat transportini boshqarish uchun sensorlar (datchiklar) va ixtisoslashtirilgan dasturiy taʼminotni joriy etish.

2019-2020-yillar

4. Transport harakati toʻgʻrisida axborot bilan taʼminlovchi infratuzilma bilan jihozlangan yuqori tezlikka moʻljallangan avtotransport yoʻlaklari tarmogʻini tashkil etish.

2019-2020-yillar

5. Haydovchilarni axborot tablolari, radio-xizmatlar, veb-saytlar vositasida xabardor qilish tizimini tatbiq qilish orqali harakat xavfsizligini oshirish, shuningdek kompyuterli yoʻl harakati, videokuzatuv, yoʻl harakati qoidalarini buzuvchilarni foto va video qayd etish hamda noxush hodisalarni avtomatik ravishda aniqlash tizimlarini joriy etish.

2019-2020-yillar

6. “Aqlli parking” va “Aqlli toʻxtash” texnologik tizimini tashkil etish.

2019-2020-yillar

7. Yangi ekologik talablarni, ekologik nazoratning avtomatlashtirilgan koʻchma tizimlarini, transport oqimlari harakatining energiyaning samarali rejimlarini, muayyan zonalarda transport harakatini cheklash tizimini joriy etish hisobiga ekologik yoʻqotishlarni kamaytirish.

2019-2020-yillar

8. Aqlli svetoforlarni, elektron tablolarni, yoʻlovchilarni xabardor qilish tizimini, sputnikli navigatsiya tizimlarini, boshqaruvni avtomatlashtirish va yoʻlovchilar tashishni tartibga solish tizimlarini, transport turlari (avtobuslar, metro, tramvaylar, trolleybuslar, marshrut taksilari) oʻrtasida integratsiyalangan yoʻlkira uchun elektron toʻlov tizimlarini joriy etish orqali transport oqimini optimallash.

2019-2020-yillar

3.2. “Aqlli taʼlim”

5.

Taʼlim sohasida taʼlim onlayn-platformalari va ommaviy ochiq onlayn-kurslar tomonidan ilgari suriladigan texnologik yechimlar toʻplamini oʻz ichiga oladigan innovatsion faoliyatni, virtual reallik bilan toʻldirilgan vizualizatsiya va masofadan turib foydalanishning ilgʻor texnologiyalarini kuchaytirish.

1. Taʼlim onlayn-platformalari va ommaviy ochiq onlayn-kurslar, vizualizatsiya va masofadan turib foydalanishning ilgʻor texnologiyalarini tashkil etish boʻyicha aniq takliflar tayyorlash.

2019-yil
iyun

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar

2. Oliy umumtaʼlim muassasalarida kuzatish kameralarini oʻrnatish boʻyicha kerakli huquqiy-meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan takliflar tayyorlash.

2020-yil
yanvar

3.3. “Aqlli tibbiyot”

6.

Aholiga tibbiy xizmatlar koʻrsatishning axborot ilovasi (mijozning elektron tibbiy kartasi, elektron retseptlar, dispanserizatsiya, homiladorlarni hisobga qoʻyish va h.k.) toʻliq sikli avtomatlashtiriladigan markazlashtirilgan tizimni joriy etishga koʻmaklashadigan sharoitlarni yaratish.

1. “Aqlli shahar” texnologiyasini joriy etish doirasida Tibbiy xizmatlarni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2019-yil
sentabr

Sogʻliqni saqlash vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar

2. Aqlli tibbiy tizimlar sohasida quyidagilarni nazarda tutuvchi sinov loyihasini amalga oshirish:

mijozlarning yagona elektron maʼlumotlar bazasi;

tarmoq tibbiy kartalarini yuritish;

masofadan turib tashxis qoʻyish;

virtual dispanserizatsiya;

virtual bemorga xizmat koʻrsatish;

telemetriya va simsiz aloqadan foydalanib bevosita uyda tibbiy yordam koʻrsatish;

ilmiy-asosli tibbiyot (telekommunikatsiya sohasida soxta-intellekt va texnik yangiliklar asosida qurilmalardan foydalanish);

davolash natijasiga asoslangan xizmatlar toʻlovi (shifokor qabuliga borishlar soni emas, balki erishilgan natija boʻyicha toʻlanadi);

kompyuter tarmoqlari imkoniyatlaridan foydalanishga asoslangan shifokorlik amaliyoti.

2019 — 2021-yillar

3.4. “Aqlli energetika tizimi”

7.

Energiyani ishlab chiqarish, energiya infratuzilmasi va sarflanishi servis, isteʼmolchilar va texnologiyalarni ragʻbatlantirish orqali integratsiyalanadigan va oʻzaro muvofiqlashtiriladigan barqaror, iqtisodiy jihatdan samarali va ishonchli energetika tizimini joriy etish.

1. Elektr tarmoqlari obyektlarining samarali boshqaruvini taʼminlash chora-tadbirlari dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2019-yil
iyun

Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Oʻzbekenergo” AJ, Qurilish vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi

2. Avtomatlashtirilgan intellektual tarmoqlar va moslashuvchan taqsimlash tizimlarini joriy etish.

2019 — 2021-yillar

3. Binolar qurilishida mavjud quvvatlarni modernizatsiyalash va zamonaviy energiyaning tejamli va xavfsiz energiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan loyihalarni ishlab chiqish.

2019 — 2021-yillar

4. Energetika menejmenti standartlari va tizimlarini ishlab chiqish va joriy etish.

2020-yil
iyun

3.5. “Aqlli suv taʼminoti va oqovani chiqarib tashlash tizimi”

8.

Suv taʼminoti va oqovani chiqarib tashlash boshqaruvining amaldagi mexanizmlari samaradorligini tahlil qilish.

1. Onlayn-gidravlik modellar asosida texnologik yechimlarni joriy etish boʻyicha tavsiya beruvchi meʼyorlarni ishlab chiqish.

2019-yil
avgust

Uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qurilish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar

2. “Aqlli suv taʼminoti va oqovani chiqarib tashlash tizimi” sohasida tajriba-sinov(pilot) loyihalarini joriy etish.

2019-2020

yillar

3.6. “Aqlli uy-joy-kommunal xoʻjaligi”

9.

Quyidagilarni taʼminlash uchun texnologiyalar, ilovalar, axborot tizimlari majmuini yaratish, aqlli hisoblash uskunalari (smart-schyotchiklar)ni joriy etish:

yonilgʻi-energetik resurslar (keyingi oʻrinlarda YOER deb ataladi) va kommunal resurslar hamda ularni yetkazib beruvchilar oʻrtasida maʼlumotlarni almashish;

YOER monitoringini amalga oshirish;

energiya resurslari oʻgʻirlanishini aniqlash va ularning oldini olish;

energiya samaradorligini oshirish;

foydalanuvchi qurilmasiga uyning energiya taʼminoti tizimi ishlashi toʻgʻrisida axborot uzatish.

1. “Aqlli shahar” texnologiyasini joriy etish doirasida YOER, kommunal resurslar va xizmatlar koʻrsatish sohalarini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2020-yil
yanvar

Uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

2. Zarur meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish.

2020-yil
yanvar

3. Yetkazib beruvchilarni aniqlash, tender savdolarini oʻtkazish va “Aqlli shahar” majmuini tashkil etish boʻyicha loyihani amalga oshirish uchun kontraktlar tuzish.

2021-yil
dekabr

3.7. “Aqlli qurilish”

10.

Qurilish majmuasida binolarni loyihalash, qurish va ulardan foydalanish jarayoniga texnologik yechimlarni joriy etish. Yangi binolarni “aqlli muhit” texnologiyasi va energiya samaradorligi talablari hisobga olingan holda qurish.

1. Shaharsozlik meʼyorlarini, qurilish obyekti holati joriy koʻrsatkichlarining investitsiya asoslari tasdiqlangan koʻrsatkichlariga muvofiqligini uzluksiz nazorat qilish imkonini beradigan texnologiyalar, shu jumladan axborot-modellash texnologiyalarining qoʻllanish qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2021-yil
mart

Qurilish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

2. “Aqlli shahar” loyihalarining muhandislik-kommunikatsion va ijtimoiy infratuzilmasiga talablarni ishlab chiqish.

2021-yil
aprel

Qurilish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi

3. Obyektlarni loyihalashtirish, qurish hamda binolar va inshootlardan foydalanish uchun kerakli ishlar bajarilishiga va xizmatlar koʻrsatilishiga eng yuqori xarajatlarni raqamli texnologiyalar qoʻllanilgan holda hisob-kitob qilish, qayd etilgan xarajatlar toʻgʻriligini investitsiyalarni asoslash auditi doirasida tekshirish uslublarini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2021-yil
noyabr

Qurilish vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi

4. Zamonaviy va samarali uy-joy hamda zamonaviy koʻchmas mulk obyektlarini qurish standartlarini ishlab chiqish.

2021-yil
dekabr

Qurilish vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi

5. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini modellashtirish texnologiyalarini (Building Information Modelin, BIM) joriy etish boʻyicha yoʻl xaritasini ishlab chiqish.

2021-yil
dekabr

Qurilish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi

3.8. “Aqlli hokimiyat”

11.

Shahar xizmatlari axborot tizimlari majmuini rivojlantirish boʻyicha aholiga xizmat koʻrsatish (ariza berishdan toʻliq ijrogacha) jarayonlarini monitoring qilish imkoniyatiga ega pilot loyihalarni amalga oshirish.

Barcha shahar xizmatlari boʻyicha arizalar berish yagona portalini tashkil etish:

kommunal xizmatlar (dispetcherlik markazi va arizalar bajarilishini hisobga qoʻyish, monitoringini oʻtkazish tizimi);

shaharni yoritish xizmati.

2019-2020-yillar

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar

12.

Jamoat joylari va transporti uchun simsiz tizimlar va qurilmalarni joriy etish uchun sharoitlar yaratish.

Simsiz tizimlar va qurilmalarni (wi-fi bepul nuqtalarini) tashkil etish:

jamoat joylarida — bozorlar, taʼlim va davolash-sogʻlomlashtirish muassasalari, dam olish zonalari, madaniy, koʻngilochar va sport muassasalari;

jamoat transportida — avtobuslar, mikroavtobuslar salonlarida yoʻlovchilarni tashish amalga oshirilishida, trolleybuslar, taksi va shahar relsli transporti (tramvay, metro);

turizm obyektlarida — mehmonxonalar, muzeylar, galereyalar, art-kafe, shahar tarixiy-meʼmoriy majmualari, hiyobonlar, qoʻriqxonalar, botanika bogʻlari, hayvonot bogʻlari va h.k.

2019-2020-yillar

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari,

Davlat turizmni rivojlantirish qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

13.

Talab qilinadigan davlat elektron xizmatlarini shakllantirish uchun “Aqlli shahar” majmuasi axborot tizimlarini “Elektron hukumat” tizimi bilan bosqichma-bosqich integratsiyalash.

1. Chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish.

2019-yil
iyun

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar

2. Davlat organlari va fuqarolarning xizmatlar tez koʻrsatilishini, foydalanish oddiyligini, davlat xizmatlaridan foydalanish qulayligini taʼminlaydigan oʻzaro hamkorligi.

2019-2020-yillar

3. Davlat organlari va biznesning muvofiqlashtirish jarayonlaridan oʻtishni tezlashtirish, qogʻoz hujjatlardan foydalanish zaruratini istino qilish hamda kerakli axborotni toʻplash va ishlash jarayonini jadallashtirish imkonini beradigan oʻzaro hamkorligi.

2019-2020-yillar

4. Davlat organlarining zamonaviy texnologiyalar yordamida davlat organlari oʻrtasidagi ichki va tashqi aloqalarni takomillashtirish imkonini beradigan oʻzaro hamkorligi.

2019-2020-yillar

14.

Kanalizatsiya infratuzilmasini monitoring qilish va boshqarishga hamda maishiy, sanoat chiqindilarini utilizatsiya qilishga yordam beradigan texnologiyalar, ilovalar, axborot tizimlarini joriy etish uchun sharoitlar yaratish.

1. “Aqlli shahar” texnologiyasini joriy etish doirasida maishiy, sanoat chiqindilarini utilizatsiya qilish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2020-yil
yanvar

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi,

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

2. Biznes-jarayonlarda chiqindilar bilan ishlash sohasida raqamli texnologiyalardan foydalanishni tashkil etishni iqtisodiy ragʻbatlantirish boʻyicha aniq ilovalarni kiritish.

2020-yil
iyun

3.9. “Aqlli mahalla”

15.

Shahar va aholi turmush sifatini oshirish, qulayligi va xavfsizligini taʼminlash, shuningdek xarajatlarini optimallashtirish maqsadida mavjud infratuzilmalar darajasini rivojlantirish.

1. Elektron ovoz berish axborot tizimlarini joriy etish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2019-yil
dekabr

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar

2. Raqamli servislarni joriy etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish: koʻp kvartirali uylarda uy-joy egalarining elektron ovoz berishlari, ijtimoiy maqsadlarga moʻljallangan nafaqalar ajratish boʻyicha qarorlar qabul qilish.

2020-yil
avgust

16.

“Aqlli shahar” texnologiyasini joriy etish orqali ijtimoiy infratuzilma holatini yaxshilash.

1. Koʻchalar, shuningdek oʻyin zonalari va jamoat dam olish joylarini yoritish uchun “NEK” AJ sertifikatsiya organlarida sertifikatsiyadan oʻtgan kompaniyalarning yorugʻlik diodli lampalarini joriy etish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2019-yil
sentabr

Uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

2. Sarflanishiga qarab, suvni isitish uchun quyosh kollektorlaridan foydalanish.

2019 — 2021-yillar

3. Issiqlik taʼminoti boʻyicha barcha kamchiliklar bartaraf etilgan holda binolar va inshootlarning energiya auditini oʻtkazish.

2019 — 2021-yillar

4. Koʻchalarni harakatlanish va yoritish tizimi rostlanishini avtomatik darajalash datchiklarini oʻz ichiga olgan yoritish tizimlari hamda onlayn rejimida ishlaydigan suv taʼminoti va elektr taʼminotini hisoblash uskunalari bilan taʼminlash.

2019 — 2021-yillar

5. Xonalarni isitish uchun quyosh vakuumli kollektorlarini joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

2019-yil
avgust

6. Zamonaviy energiya tejaydigan derazalar, eshiklar, xonalarni isitish tizimlari va shu kabilarni oʻrnatish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

2019-yil
avgust

3.10. “Aqlli uy”

17.

Uyda, ofisda, kvartirada yoki binoda datchiklar, boshqaruvchi qismlar va ijro qurilmalarini oʻz ichiga oladigan yagona boshqaruv tizimini yaratish.

1. Uyda, ofisda, kvartirada yoki binoda datchiklar, boshqaruvchi qismlar va ijro qurilmalarini oʻz ichiga oladigan yagona boshqaruv tizimini joriy etish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2019-yil
noyabr

Qurilish vazirligi, Uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

2. Barcha yangi qurilayotgan koʻp qavatli uylarda va jamoat binolarida “aqlli uy/bino” texnologiyalari: smart-schyotchiklar, tutun chiqishdan ogohlantiruvchi datchiklar, energiya tejamli diod yoritish lampalari, quyosh panellari, quyosh nuri bilan isituvchi qurilmalar oʻrnatish.

2019 — 2021-yillar

3. Suv, gaz sirqib chiqishi, avariya vaziyatlarida elektr tarmogʻida avariya datchiklari va sensorlarini joriy etish.

2019 — 2021-yillar

4. “Aqlli shahar” majmuasining texnik vositalari va boshqa tarkibiy qismlarini ishlab chiqarish

18.

Xorijiy mamlakatlar tajribasiga asoslanib, “Aqlli shahar” majmuasining texnik vositalari va boshqa tarkibiy qismlari ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish imkoniyatlarini oʻrganish.

“Aqlli shahar” majmuasining texnik vositalari va boshqa tarkibiy qismlari ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish boʻyicha aniq takliflar tayyorlash.

2019-yil
aprel

Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Oʻztransgaz” AJ, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

5. “Aqlli shahar” Konsepsiyasini aholi oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini hamda uni ilgari surish va targʻib qilish boʻyicha chora-tadbirlarni tashkillashtirish

19.

“Aqlli shahar” majmuasi Konsepsiyasining aholi oʻrtasida targʻib qilinishini quyidagilar nazarda tutilgan holda tashkillashtirish:

bosma nashrlarda, internet tarmoqlarida va boshqa ommaviy axborot vositalarida telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlar, ijtimoiy videoroliklar, tahliliy maqolalar tayyorlash;

koʻcha bannerlarida, ommaviy ijtimoiy tarmoqlarda tegishli materiallarni joylashtirish.

“Aqlli shahar” majmuasi Konsepsiyasini aholi oʻrtasida targʻib qilish reja-jadvalini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2019 — 2021-yillar

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.01.2019-y., 09/19/48/2509-son; 04.06.2020-y., 09/20/348/0716-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)