toggle_night_mode
Hujjat 30.11.2018 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida
Keyingi tahrirga qarang.
“Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 9-oktabrdagi PF-5199-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, fermer xoʻjaligi Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestriga kiritilgan kundan boshlab koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi maqomiga ega boʻladi.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari axborot-tahlil departamentiga va Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi vazifasini bajaruvchi A.A. Xaitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 29-noyabr,
972-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-noyabrdagi 972-son qaroriga
ILOVA
Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestrini shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi — qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va sotish, sanoat ishlab chiqarishi, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish va faoliyatning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turlari bilan shugʻullanuvchi fermer xoʻjaligi;
Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestri — qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va sotish, sanoat ishlab chiqarishi, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish va faoliyatning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turlari bilan shugʻullanuvchi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari roʻyxati.
3. Fermer xoʻjaliklarini Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestriga (keyingi oʻrinlarda — Reyestr deb ataladi) kiritish Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) tomonidan bepul amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Reyestrni shakllantirish va yuritishning asosiy maqsad va vazifalari
4. Reyestrni shakllantirish va yuritishning asosiy maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat:
koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari va ular tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va sotish, sanoat ishlab chiqarishi boʻyicha faoliyat amalga oshirilishi, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish va foaliyatning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turlarini amalga oshirish haqidagi maʼlumotlarning yagona elektron bazasini yaratish;
respublikadagi fermer xoʻjaliklarining holati va salohiyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tizimli jamlab borish;
fermer xoʻjaliklarining qonun hujjatlarida koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari uchun belgilangan talablarga muvofiqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar monitoringini olib borish imkoniyatini yaratish;
Reyestrga kiritilgan koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklariga nisbatan ular Reyestrga kiritilgan kundan boshlab qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa faoliyat turlari boʻyicha yagona soliq toʻlovini toʻlash boʻyicha imtiyozlarni qoʻllash.
3-bob. Reyestrni shakllantirish tartibi
5. Reyestrni shakllantirish va tizimli yuritish tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari (keyingi oʻrinlarda tuman kengashlari deb ataladi) tomonidan taqdim etiladigan materiallar asosida Kengash tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Tuman kengashlari fermer xoʻjaliklarini Reyestrga kiritish uchun hujjatlarni qabul qiladi, dastlabki koʻrib chiqishni amalga oshiradi va Kengashga taqdim etadi.
7. Fermer xoʻjaligini Reyestrga kiritish ixtiyoriy ravishda fermer xoʻjaligining arizasiga asosan va bepul amalga oshiriladi.
8. Reyestr viloyatlar va tumanlar boʻyicha elektron maʼlumotlar bazasi shaklida Kengashning rasmiy veb-saytida eʼlon qilish (joylashtirish) orqali yuritiladi.
9. Reyestrning shakli va mazmuni Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
10. Reyestr koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarining ixtisoslashuvidan kelib chiqib shakllantiriladi.
11. Reyestrga kiritishda yoki uni yangilashda har bir koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligiga nisbatan quyidagi maʼlumotlar va koʻrsatkichlar aks ettiriladi (yangilanadi):
koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligining nomlanishi;
soliq toʻlovchining identifikatsion raqami (INN);
korxona va tashkilotlarning umumiy tasniflanish kodi (KTUT kodi);
maʼmuriy-hududiy mansubligini aniqlash kodi (MHOBT);
koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi joylashgan joy;
koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligining ixtisoslashuvi;
ishlab turgan oʻz asosiy vositalari roʻyxati (ishlab chiqarish bazasi, mashina va mexanizmlar);
yer uchastkasining konturlari;
aloqa vositalari (telefon, faks, mavjud boʻlsa elektron pochta);
koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi Reyestrdan chiqarilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (shunday holat kuzatilgan boʻlsa).
Reyestrda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlar, jumladan, tuman kengashiga fermer xoʻjaligi tomonidan ixtiyoriy taqdim etilgan maʼlumotlar ham aks ettirilishi mumkin.
12. Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari tuman kengashlarini Reyestrga kiritilishi shart boʻlgan maʼlumotlardagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida, shunday oʻzgarishlar yuzaga kelganidan boshlab oʻn kun muddatdan kechiktirmasdan habardor etishga majburdirlar.
13. Reyestrdagi maʼlumotlar ochiq hisoblanadi, koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarining moliyaviy koʻrsatkichlari bundan mustasno.
14. Fermer xoʻjaligini Reyestrga kiritish yoki uni Reyestrdan chiqarish sanasi deb Kengash tomonidan belgilangan tartibda tegishli qaror qabul qilingan sana hisoblanadi.
15. Reyestrning arxiv nusxasi qogʻozda, 10-yanvargacha yakunlangan yilning 31-dekabrdagi holatiga koʻra shakllantiriladi, Kengash muhri bilan tasdiqlanadi va oʻn besh yil davomida Kengashning idoraviy arxivida saqlanishi kerak.
4-bob. Fermer xoʻjaliklari tomonidan ularni Reyestrga kiritish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
16. Fermer xoʻjaligi Reyestrga kiritish uchun tuman kengashiga ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha ariza taqdim etadi.
17. Tuman kengashi Reyestrga kiritilishi zarur boʻlgan hujjatlar va boshqa vakolatli organlardagi maʼlumotlarni mustaqil ravishda, belgilangan tartibda oʻzaro maʼlumot axborot hamkorligi orqali, shu jumladan, elektron shaklda oladi, ushbu Nizomning 16-bandida nazarda tutilgan hujjatlar va maʼlumot bundan istisno.
18. Fermer xoʻjaliklaridan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlar taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
19. Hujjatlar fermer xoʻjaliklari tomonidan oʻzi roʻyxatdan oʻtkazilgan joy boʻyicha tegishli tuman kengashiga bevosita, pochta orqali yoki elektron shaklda tuman kengashining elektron yoki pochta manziliga olinganligi toʻgʻrisida xabardor qilish sharti bilan taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar fermer xoʻjaligining raqamli imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
20. Notoʻgʻri yoki buzilgan maʼlumotlar taqdim etilganligi uchun fermer xoʻjaligi rahbari qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
21. Fermer xoʻjaligi tomonidan tayyorlangan hujjatlarning nusxalari fermer xoʻjaligi rahbari tomonidan lavozimi va imzolangan sana koʻrsatilgan holda tasdiqlanadi.
Hujjatlarga tuzatishlar kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
22. Hujjatlar tuman kengashining vakolatli xodimi tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, hujjatlarning ikkinchi nusxasi ariza beruvchiga qabul qilingan sana koʻrsatilgan holda yuboriladi (topshiriladi). Hujjatlar elektron tarzda taqdim etilgan taqdirda ariza beruvchiga elektorn aloqa vositalari orqali tegishli bildirishnoma orqali javob yuboriladi.
23. Fermer xoʻjaligi tomonidan ushbu Nizomning 16-bandida nazarda tutilgan hujjatlar toʻliq topshirilmasligi va (yoki) ushbu Nizomning 19-bandida belgilangan talablar buzilgan taqdirda, tuman kengashi arizani koʻrib chiqish uchun qabul qilmaslik huquqiga ega.
Rad qilingani toʻgʻrisidagi bildirishnoma fermer xoʻjaligiga ikki kun muddatda rad etilishining aniq sabablari koʻrsatilgan holda yuboriladi (topshiriladi), bir nusxasi Kengashga maʼlumot uchun yuboriladi.
Fermer xoʻjaligining hujjatlarini boshqa asoslarga koʻra, jumladan, maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan qabul qilmaslikka yoʻl qoʻyilmaydi.
24. Fermer xoʻjaligi tomonidan Reyestrga kiritmaslikka asos boʻlgan kamchiliklar bartaraf etilganda, hujjatlarni qabul qilishda takroran rad qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
25. Tuman kengashi tomonidan arizani koʻrib chiqish asossiz ravishda rad etilganda fermer xoʻjaligi Kengashga bevosita, zarur boʻlgan hujjatlar va tuman kengashining xatini ilova qilgan holda murojaat qilish huquqiga ega.
26. Fermer xoʻjaligi tomonidan Reyestrga kiritish uchun taqdim qilingan hujjatlar qanday qaror qabul qilinishidan qatʼi nazar Kengash arxivida oʻn besh yil davomida saqlanadi.
5-bob. Fermer xoʻjaligini Reyestrga kiritish tartibi
27. Fermer xoʻjaligini Reyestrga kiritish ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
28. Tuman kengashi berilgan arizani koʻrib chiqish uchun qabul qilganidan soʻng taqdim qilingan maʼlumotlarning ishonchliligini tekshiradi, zarur boʻlganda tegishli statistika, soliq va boshqa organlarni jalb etadi.
29. Fermer xoʻjaligini Reyestrga kiritish uchun taqdim etilgan hujjatlar toʻplami tuman kengashiga tushgan kundan boshlab ikki kundan kechiktirmay Kengashga yuboriladi.
30. Kengash taqdim etilgan materiallarni koʻrib chiqish, natijalari boʻyicha uch kun muddatda fermer xoʻjaligini Reyestrga kiritish yoki kiritmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
31. Fermer xoʻjaligining qonun hujjatlarida koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklariga qoʻyiladigan talablarga mos kelmasligi Kengashning fermer xoʻjaligini Reyestrga kiritishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinishiga asos hisoblanadi.
32. Reyestrga kiritishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganda uch kun muddatda fermer xoʻjaligiga rad qilinishining aniq sabablari koʻrsatilgan holda yozma shaklda bildirishnoma yuboriladi (vakiliga topshiriladi).
33. Fermer xoʻjaligini Reyestrga kiritish rad etilishi tuman kengashiga shu maqsadda qayta murojaat qilishiga toʻsqinlik qilmaydi.
34. Reyestrga kiritish rad etilishiga asos boʻlgan sabablar fermer xoʻjaligi tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish ushbu Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6-bob. Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligini Reyestrdan chiqarish tartibi
35. Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari quyidagi holatlarda Reyestrdan chiqarilishi mukin:
ular tomonidan tuman kengashiga Reyestrdan ixtiyoriy chiqarish toʻgʻrisida ariza berilishi;
koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligining tugatilishi;
koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligining qonun hujjatlarida koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligiga qoʻyilgan talablarga muvofiq emasligi.
36. Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi Kengash qaroriga asosan Reyestrdan chiqariladi va bu toʻgʻrida ikki kun mobaynida Reyestrga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
37. Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi Reyestrdan chiqarilgan kundan boshlab ushbu fermer xoʻjaligining koʻp tarmoqli fermer xoʻjalik maqomi tugatiladi.
Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligining Reyestrdan chiqarilgani toʻgʻrisidagi maʼlumot belgilangan tartibda Kengash tomonidan hududiy soliq organlariga yuboriladi.
7-bob. Reyestrni yuritish va maʼlumotlarni taqdim etishda Kengashning davlat boshqaruv organlari bilan oʻzaro munosabati
38. Kengash Reyestrni yuritishda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi hamda oʻzaro axborot ayirboshlaydi.
Vazirliklar va idoralar bilan oʻzaro axborot ayirboshlash bepul asosda, ularga Reyestrga kirish huquqini berish (zarurat boʻlganda) orqali amalga oshiriladi.
39. Kengashning rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan Reyestrdagi ochiq maʼlumotlar foydalanuvchilarga bepul taqdim etiladi.
40. Fermer xoʻjaligining Reyestrga kiritilgani toʻgʻrisidagi koʻchirma foydalanuvchilarga Kengashning rasmiy veb-sayti orqali, hech qanday cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
8-bob. Yakunlovchi qoida
41. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestrini shakllantirish va yuritish tartibiga
1-ILOVA

(Fermer xoʻjaligi blankasida (agar mavjud boʻlsa) chiqish raqami va sana koʻrsatilgan holda)‎‎

‎‎Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga

Ariza‎

___________________________________________________________________________________________________________

‎‎(fermer xoʻjaligining toʻliq nomi)

‎‎“Fermer xoʻjaliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga asosan koʻrsatib oʻtilgan fermer xoʻjaligini Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestriga kiritishingizni soʻraymiz.
‎‎Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinmoqda:

‎‎soliq toʻlovchining identifikatsion raqami nusxasi (INN);
‎korxona va tashkilotlarning umumiy tasniflanish kodi (KTUT kodi);
‎koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligining ixtisoslashuvi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
‎ishlab turgan oʻz xususiy vositalarning asosiy roʻyxati nusxasi (ishlab chiqarish bazasi, mashina va mexanizmlar);‎‎
‎moliyaviy koʻrsatkichlar toʻgʻrisidagi hisobot nusxasi (fermer xoʻjaligi tomonidan tasdiqlangan);
‎‎‎Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va sotish, sanoat ishlab chiqarishi boʻyicha faoliyat, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish va faoliyatning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turlari amalga oshirilishini tasdiqlovchi (fermer xoʻjaligi tomonidan tasdiqlangan) shartnomalar va hisob-fakturalar nusxasi (bajarilgan ishlar dalolatnomasi va shu kabilar).

‎‎Shuningdek, Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom bilan tanishganligimizni tasdiqlaymiz hamda taqdim etilgan maʼlumotlarning ishonchliligi uchun javobgarlikni oʻz zimmamizga olamiz.

‎‎__________________________________________ ____________‎________ __________________________________________

(Fermer xoʻjaligi boshligʻi)‎‎

(imzo)‎

(F.I.O.)‎‎

__________________________‎‎‎____

‎‎sana

Keyingi tahrirga qarang.
Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestrini shakllantirish va yuritish tartibiga
2-ILOVA
Fermer xoʻjaligini Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestriga kiritish sxemasi
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.