toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Xalqaro molekulyar allergologiya markazini tashkil etish toʻgʻrisida
Yetakchi xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda ilmiy-diagnostik, taʼlim va ishlab chiqarishga oid innovatsiyalarni rivojlantirish, allergik kasalliklarni diagnostika qilish va davolashning molekulyar va boshqa ilgʻor usullarini tatbiq qilish hamda koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Fanlar akademiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Xalqaro molekulyar allergologiya markazini (keyingi oʻrinlarda Xalqaro markaz deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Xalqaro markaz faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
ultrazamonaviy biologik mikrochiplarni qoʻllash orqali allergik kasalliklarni diagnostika qilish sohasida innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, shu kabi kasalliklarni davolash va profilaktika qilish;
allergik kasallik haqida jamlangan maʼlumotlar, allergen turlari, shuningdek, shoshilinch holatlarni rivojlanish riski toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi “allergik pasport” yaratish;
allergen oʻsimliklar gulchangining aerobiologik monitoringini va changlatish prognozini aniqlash, kelgusida bu haqida aholini xabardor qilish, allergenli oʻsimliklarning gullash taqvimini yaratish;
oziq-ovqat mahsulotlarini tamgʻalashni anafilaktik reaksiya rivojlanish xavfi mavjudligini inobatga olgan holda jahon standartlariga moslashtirish va ularni oziq-ovqat sanoatiga bosqichma-bosqich joriy etish;
molekulyar allergologiya sohasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazilishini tashkil etish va tadqiqotlarni amalga oshirilishida koʻmaklashish;
molekulyar allergologiya boʻyicha vrachlar malakasini oshirish oʻquv dasturlarini va uslubiy adabiyotlarni ishlab chiqish;
molekulyar allergologiya sohasida mutaxassislarni shartnoma asosida malakasini oshirish va qayta tayyorlash;
molekulyar allergologiya sohasida faoliyat yuritayotgan yosh olimlar va xorijlik ekspertlarni hamkorlikka jalb qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlik shakllarini rivojlantirishda ishtirok etish, jumladan, molekulyar allergologiyani rivojlantirish uchun jamgʻarmalar va xalqaro dasturlar grantlarini jalb qilish orqali xorijlik hamkorlar bilan birgalikda ilmiy-texnikaviy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Xalqaro markaz direktori Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Xalqaro kuzatuv kengashi Xalqaro markazning boshqaruv organi hisoblanadi.
Xalqaro markaz oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Immunologiya va inson genomikasi instituti va boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.
4. Xalqaro markaz faoliyatini moliyalashtirish manbai sifatida quyidagilar belgilansin:
Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari;
soha faoliyati boʻyicha shartnoma asosida bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlardan tushgan mablagʻlar;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grant va kreditlari;
jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining xayriya mablagʻlari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va Xalqaro markaz tomonidan oʻrnatilgan tartibda shakllantirilgan roʻyxat boʻyicha respublikaga olib kiriladigan laboratoriya asbob-uskunalari, reagentlar va sarflanuvchi materiallar 2022-yilning 1-oktabriga qadar bojxona toʻlovlaridan ozod qilinsin (bojxona rasmiylashtiruvi toʻlovlari bundan mustasno).
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro markaz talabnomasiga koʻra Xalqaro markazda ishlash uchun jalb etilgan xorijlik mutaxassislarning kirish vizalarini konsullik va boshqa toʻlovlarni undirmagan holda oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xalqaro markaz talabnomasiga koʻra Xalqaro markazda ishlash uchun jalb etilgan xorijlik mutaxassislardan davlat bojlarini undirmagan holda ularga koʻp martalik vizalarni berish va uzaytirib berish, vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishni oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
8. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Xalqaro markaz talabnomasiga koʻra Xalqaro markaz zimmasiga yuklangan vazifalarni ijro etish uchun xorijlik mutaxassislarni respublikaga jalb etishga ruxsat berish (uzaytirib berish) hamda ularning Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini olib borish huquqini oʻrnatilgan tartibda tasdiqlashni taʼminlasin.
9. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri I.Y.Abdurahmonov zimmasiga — Xalqaro markaz faoliyatini samarali va toʻlaqonli tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga — vazirliklar va idoralar tomonidan belgilangan vazifalarni bajarilishini muvofiqlashtirish, shuningdek, ushbu qarorning bajarilishini muntazam ravishda koʻrib chiqish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
10. Xalqaro markaz Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi markaziy apparatining Toshkent shahar Olmazor tumani Universitet koʻchasida qurilayotgan binosiga bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:
bir oy muddatda Xalqaro markaz tashkiliy tuzilmasini tasdiqlanishini, uning Ustavining ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
Xalqaro markazda bajariladigan ilmiy-tadqiqot ishlarini amaliy yoʻnaltirilganligini va natijadorligini kuchaytirishga, shuningdek, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishning samarali muvofiqlashtirilishini, jahon ilmiy yutuqlari darajasiga mosligini taʼminlasin.
12. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmurodov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.A. Abduhakimov va Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Y. Abdurahmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 25-oktabr,
865-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/865/2100-son; 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)