1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02.03.05.00 Kompaniyalar, konsernlar, uyushmalar va boshqalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.17.00.00 Savdo / 09.17.02.00 Savdo sohasini boshqarish]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari;
2.Iqtisodiyot / Savdo va xizmatlar ko‘rsatish]
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
O‘ZBEKISTON ShARTNOMALAR VA SAVDO BO‘YIChA DAVLAT-AKSIONERLIK UYuShMASI (“O‘ZShARTNOMASAVDO”) FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 14-martdagi 136-sonli “O‘zbekiston ulgurji va birja savdosi bo‘yicha respublika aksionerlik uyushmasi — “O‘zulgurjibirjasavdo”ni tashkil etish va uning faoliyati masalalari to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston shartnomalar va savdo bo‘yicha davlat-aksionerlik (“O‘zshartnomasavdo”) uyushmasi to‘g‘risida” 1992-yil 28-fevraldagi Farmoniga muvofiq va respublikani moddiy-texnika jihatidan ta’minlashni tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, to‘g‘ridan to‘g‘rixo‘jalik aloqalarini amalga oshirishda shartnoma munosabatlarini keng joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Shartnomalar va sheriklarni erkin tanlash asosida mahsulot yetkazib beruvchilar va iste’molchilar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘rio‘zaro foydali xo‘jalik aloqalarini rivojlantirish bozor munosabatlariga o‘tish davrida respublika xalq xo‘jaligini moddiy-texnika jihatidan ta’minlashning yetakchi shakli deb hisoblansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston shartnomalar va savdo bo‘yicha davlat-aksionerlik uyushmasi:
O‘zbekiston Respublikasining tugatilgan Moddiy-texnika ta’minoti bo‘yicha davlat-kooperativ qo‘mitasining, uning tasarrufidagi respublika birlashmalari va hududiy boshqarmalarining huquqiy vorisidir;
u o‘z faoliyatini Uyushma Ustavi va Ta’sis shartnomasiga muvofiq, davlat, jamoa, aksionerlik, ijara, kooperativ, xususiy va boshqa korxonalar, yakka tartibda ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarning yakka tartibdagi va paychi jamoa a’zoligi prinsiplari asosida amalga oshiradi;
to‘la xo‘jalik hisobi prinsiplari asosida moliya-iqtisodiy, xo‘jalik va ijtimoiy faoliyat masalalarini mustaqil ravishda hal etadi, uyushma Kengashining qaroriga muvofiq markazlashgan sug‘urta, zaxira va boshqa jamg‘armalarni tashkil qiladi;
uyushmaga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning davlat mulkini boshqaradi, o‘z tasarrufidagi davlat korxonalari va tashkilotlarini belgilangan tartibda barpo etadi, qayta tashkil qiladi va tugatadi, mehnat jamoalarining qarorlarini hisobga olgan holda ularni mulkchilikning boshqa shakllariga aylantirish haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish uchun ixtiyoriy ravishda davlat, kooperativ va aralash uyushmalar, konsernlar, birlashmalar va boshqa xo‘jalik subyektlari bilan birlashishi, o‘zining to‘la iqtisodiy mustaqilligi va yuridik shaxs huquqlarini saqlagan, chet el investitsiyalarini jalb etgan holda qo‘shma korxonalar barpo etishi mumkin.
3. “O‘zboshyengilta’minotsotish” “O‘zshartnomasavdo” ixtiyoriga quyidagi boshqarmalarni o‘tkazsin:
to‘qimachilik mahsuloti bilan ta’minlash va ularni sotish boshqarmasi;
yengil sanoat xomashyosi va mahsuloti boshqarmasi;
komplektlovchi buyumlar, yordamchi materiallar va furnituralar boshqarmasi, shuningdek, Toshkent shahar, Qo‘shbegi ko‘chasidagi va Toshkent viloyatining O‘rtaovul posyolkasidagi o‘ziga qarashli xo‘jalik hisobidagi ulgurji savdo korxonalarini o‘z zimmasiga yuklatilgan funksiyalar, xodimlar soni, asosiy va aylanma jamg‘armalari, transport vositalari bilan birga.
4. “O‘zshartnomasavdo”ni boshqarishning yuqori organi Kengash hisoblanadi, u boshqaruvni saylaydi, apparat tuzilmasini, mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi va tizimini, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish shartlarini belgilaydi.
Uyushma boshqaruvining Raisi va uning o‘rinbosarlari uyushma Kengashi tomonidan saylanadi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. “O‘zshartnomasavdo”ga 224 nafardan iborat (xizmat ko‘rsatuvchilardan tashqari) apparatga, Raisning 7 o‘rinbosariga, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosarga ega bo‘lishga ruxsat etilsin.
Uyushma boshqaruvining Raisi maqomi, maishiy ta’minot, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlari bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosariga, Raisning birinchi o‘rinbosari — vazirning birinchi o‘rinbosariga, o‘rinbosarlar esa vazir o‘rinbosariga tenglashtirilsin.
5. “O‘zshartnomasavdo”ga zimmasiga yuklatilgan funksiyalarga ko‘ra quyidagi huquqlar berilsin:
respublika korxonalarida davlat ehtiyojlari va aholini ijtimoiy himoyalash uchun eng muhim mahsulot turlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha buyurtmalarni joylashtirish;
O‘zbekiston Hukumati tomonidan cheklashlar joriy qilingan mahsulotlarni respublikadan tashqariga chiqarishga litsenziyalar berish;
belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish, erkin almashtiriladigan valyutada bitishuvlar tuzish, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo bo‘lgan davlatlarda filiallar va vakolatxonalar ochish.
6. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi savdo vazirligi, “O‘zdonmahsulot” konserni, Neft mahsulotlari bilan ta’minlash davlat qo‘mitasi, “O‘zboshyengilsanoatsotish”, “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish”, “O‘zbekbirlashuv”, “O‘zkooptayyorlovsavdo”, “O‘zkoopikkilamchimetall” kooperativ-ishlab chiqarish birlashmasi va boshqa ixtisoslashgan ta’minot tashkilotlari “O‘zshartnomasavdo” tomonidan hukumatlararo bitimlar (shartnomalar), shuningdek, davlat ehtiyojlari uchun mahsulot ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha belgilangan topshiriqlarni bajarish uchun respublika ishlab chiqaruvchilari bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq berilgan kvotalar asosida birkitilgan nomenklatura bo‘yicha mahsulotlarni xarid qilish va yetkazib berishga bosh shartnomalar tuzishni mustaqil ravishda ta’minlaydilar.
7. O‘zbekiston shartnomalar va savdo bo‘yicha davlat-aksionerlik uyushmasi:
bir oy muddat ichida uyushma Ustavini, o‘zaro tovarlar yetkazib berishni kafolatlaydigan, shuningdek, hukumatlararo bitimlarda belgilanadigan nomenklatura bo‘yicha mahsulotni respublikadan tashqariga chiqarish va olib kelishni tartibga soluvchi me’yoriy aktlar loyihalarini tayyorlab Vazirlar Mahkamasi tasdig‘iga kiritsin;
bir oy muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi bilan birgalikda qonunchilikda belgilangan tartibda o‘ziga qarashli moddiy-texnika ta’minoti bo‘yicha respublika va viloyat bo‘linmalarini shartnomalar va tijorat-vositachilik xizmatlari bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan va hududiy-aksionerlik firmalariga aylantirsin;
har yili O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, manfaatdor vazirliklar, idoralar, konsernlar va uyushmalar bilan birgalikda ishlab chiqarishning eng muhim mahsulot turlari bilan ta’minlanishini ko‘rib chiqsin hamda eksport imkoniyatlarini hisobga olib, xomashyo, materiallar va asbob-uskunalarni chet ellardan xarid qilish hisobiga yetishmayotgan resurslar bilan yanada to‘laroq qondirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
“O‘zdavrezerv”, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari bo‘yicha vazirligi, Savdo vazirligi, Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda har yili davlat va safarbarlik zaxiralarining moddiy boyliklarini to‘plash, brondan chiqarish, yangilash, qaytarish va almashtirish topshiriqlari loyihalarini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Hukumatining tasdig‘iga taqdim etsin.
20 kun muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi bilan birgalikda shartnomalar va kontraktlar tuzishning ahvoli, ishlab chiqarish-texnikaviy yo‘nalishdagi mahsulot va hukumatlararo bitimlar bo‘yicha tovarlar yetkazib berishning bajarilishi haqida dastlabki statistik hisobot shakllarini ishlab chiqsin, vaqti-vaqti bilan hisobot berib turishni belgilasin va ularni belgilangan tartibda tasdiqlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasining vazirliklari, idoralari, konsernlari, uyushmalari, birlashmalari va korxonalari quyidagilarni ta’minlasinlar:
“O‘zshartnomasavdo” kvotalari bo‘yicha ajratilgan moddiy zaxiralarni davlat ehtiyojlari va respublika aholisini ijtimoiy himoya qilish uchun, mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha belgilangan topshiriqlarni bajarish uchun maqsadli yo‘naltirish;
mahsulot yetkazib beruvchilar va iste’molchilar bilan o‘z vaqtida shartnomalar tuzish, hukumatlararo bitimlarga muvofiq va ajratilgan kvotalar bo‘yicha respublika iste’molchilariga majburiyatlar bo‘yicha mahsulot yetkazib berishni albatta bajarish;
belgilangan muddatlarda va tasdiqlangan forma bo‘yicha statistika organlariga mahsulot yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar va ularning bajarilishi haqida axborot bersin. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi olingan ma’lumotlarni vazirliklar, tarmoqlar va hududlar bo‘yicha umumlashtirib, yilning har choragida Vazirlar Mahkamasi va “O‘zshartnomasavdo”ni xabardor qilib tursin.
9. O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston SSJning moddiy-texnika ta’minoti davlat-kooperativ qo‘mitasini tuzish to‘g‘risida” 1991-yil 18-apreldagi 104-son qarori hamda O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining “O‘zyengilsanoatta’minotsotish”ni tuzish to‘g‘risida” 1990-yil 11-iyundagi 227-son qarorining tegishli qoidalari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining resurslar, moddiy-texnika ta’minoti va shartnomalar Kompleksiga yuklatilsin.