1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.02.00.00 Bojxona tarifini tartibga solish / 10.02.01.00 Boj toʻlovlarining umumiy qoidalari]
[TSZ:
1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Eksport va import]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TASHQI IQTISODIY FAOLIYATNI TARTIBGA SOLISH MEXANIZMINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 31-martdagi 137-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida tashqi savdo faoliyatini erkinlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksportga mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, tashqi iqtisodiy faoliyatni tarifli va notarif tartibga solish tizimini yanada samarali tashkil etish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 10-oktabrdagi PF-1871-sonli Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotdi)
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan yoki uning kafolati bilan tuzilgan hukumatlararo va kredit bitimlari boʻyicha yetkazib berilayotgan tovarlardan;
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 7-oktabrdagi 389-son qaroriga 1-ilovada koʻrsatib oʻtilgan erkin savdo tartibini nazarda tutuvchi bitimlar imzolangan davlatlardan keltirilayotgan tovarlardan;
respublika Hukumatining qarorlariga muvofiq davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobiga keltirilayotgan tovarlardan;
davlat ehtiyojlari uchun eksportga yetkazib berish hajmi doirasidagi tovarlardan (markazlashtirilgan eksport);
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga umumiy summasi 50 mln. AQSH dollaridan ortiq miqdorda bevosita investitsiyalar qoʻygan xorijiy yuridik shaxslar tomonidan olib kelinayotgan tovarlardan, basharti keltirilayotgan tovarlar ularning oʻzlari ishlab chiqargan mahsulot hisoblansa;
Oʻzbekiston Respublikasi boj hududiga vaqtincha olib kelinayotgan va undan vaqtincha olib ketilayotgan tovarlardan, tranzit tovarlardan va “boj ombori” tartibida tashilayotgan tovarlardan boj poshlinalari olinmaydi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi boj hududiga belgilangan tartibda olib kelinayotgan va uning boj hududidan olib ketilayotgan:
xorijiy sherikning xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona ustav sarmoyasiga mulk sifatida qoʻshgan ulushidan;
muruvvat va texnik yordamdan;
koʻrgazmalar, reklama va prezentatsiya eksponatlaridan;
sanoat yoʻli bilan qayta ishlash va undan tayyorlangan mahsulotni olib ketish (olib kelish) uchun olib kelinayotgan (olib ketilayotgan) xom ashyo, materiallar va butlovchi materiallardan boj poshlinalari olinmaydi. Qayta olib ketish (olib kelish)da, koʻrsatib oʻtilgan xom ashyo, materiallar va butlovchi materiallarni qayta ishlash qiymatidan boj poshlinalari olinadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksportga mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonining 2 va 4-bandlariga muvofiq ikki hafta muddatda:
tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksport qilishdan korxonalar tomonidan olinadigan foyda (daromad)ni hisoblab chiqish va undan soliq undirish tartibini;
eksport qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish uchun eksport qiluvchi korxonalar foydalangan moddiy resurslar uchun ularning mahsulot yetkazib beruvchilar hamda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlash boʻyicha davlat budjeti bilan hisob-kitobi tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga Davlat soliq qoʻmitasi va Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan birgalikda jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun mol-mulk, buyumlarni poshlinasiz olib kelish va olib chiqib ketishning vaqtinchalik roʻyxati va normalarini ishlab chiqish va tasdiqlash huquqi berilsin.
5. “Oʻzdavstandart” markazi manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda eksport mahsulotlarni standartlash va sertifikatsiyalash tizimini xalqaro talablarga muvofiqlashtirishga oid chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin.
6. Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 25-iyuldagi 287-son qarorining 3 va 13-bandlari hamda unga 1 va 2-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.