1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.09.00 Qishloq xoʻjaligi tarmoqlari / 09.14.09.04 Bogʻdorchilik. Uzumchilik]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Qishloq xoʻjaligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fargʻona viloyatida anor yetishtirishni koʻpaytirish va sohani rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Fargʻona viloyatida anor yetishtiruvchi xoʻjaliklarni tashkil etish va ushbu faoliyat bilan shugʻullanuvchi xususiy sektor vakillariga koʻmaklashish, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy ishlar olib borish, innovatsion resurs tejaydigan texnologiyalar asosida anor koʻchatlari va mahsulotini yetishtirish, uni qayta ishlashni kompleks rivojlantirish, sohaning eksport salohiyatini yanada yuksaltirish hamda aholi bandligi va daromadlari darajasini oshirish, ayniqsa, qishloq joylarda yangi ish oʻrinlari yaratish mexanizmini taʼminlaydigan yagona tashkiliy tizimni yoʻlga qoʻyish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “Davyergeodezkadastr” qoʻmitasi, Fargʻona viloyati hokimligi hamda anor yetishtiruvchi tashkilotlarning Fargʻona viloyatida anor koʻchatlarini yetishtirishni yanada rivojlantirish, qayta ishlash va eksport hajmini oshirish maqsadida “Anor yetishtiruvchilar” uyushmasini (keyingi oʻrinlarda Uyushma deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Uyushmaning asosiy vazifalari etib belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin:
anorchilik sohasini rivojlantirish, respublikaning barcha hududlarida uyushmaning filiallarini ochish, ixtisoslashgan xoʻjaliklar tashkil etish va ushbu faoliyat bilan shugʻullanuvchi xususiy sektor vakillariga koʻmaklashish;
sohani kompleks rivojlantirishda ishtirok etish, ilmiy-texnikaviy, texnologik, investitsion loyihalarni amalga oshirish va ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy qilish;
yer maydonlaridan samarali foydalanish, resurs tejaydigan intensiv texnologiyalarni qoʻllagan holda anorzorlar barpo etish, mahsulot yetishtirishni koʻpaytirish, uni qayta ishlash va eksport qilish ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish;
anor yetishtirish jarayonlariga xorijiy investitsiyalarni, chet ellik mutaxassislar hamda maslahatchilarni faol jalb qilish, ularning tajribalarini oʻrganish va sohaga ilgʻor texnologiyalarni keng joriy qilish;
sifatli eksportbop anor koʻchatlarini koʻpaytirish, fermer va dehqon xoʻjaliklariga koʻchatlarni tizimli yetkazib berish, kasallik va zararkunandalarga qarshi biologik hamda kimyoviy vositalar asosida kurashish ishlarini tashkil etish;
anor yetishtirish, uni qayta ishlash va eksportga yetkazib berish jarayonlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
anorzorlarda mavsum davomida agrotexnika tadbirlarini sifatli oʻtkazish boʻyicha fermer va dehqon xoʻjaliklari rahbarlarini oʻqitish uchun anorchilik maktabini tashkil etgan holda maxsus oʻquv-tayyorlov kurslarini tashkil etish;
yangi anorzorlar tashkil etish va agrotexnika tadbirlarini oʻtkazish uchun talab etiladigan mineral oʻgʻitlar va yoqilgʻi-moylash materiallari hisob-kitobini yuritish.
3. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Fargʻona viloyatidagi “Fargʻona anorchilik” va “Mindonobod agrosanoat” agrofirmalari, “Fargʻonaazot” AJ, “Mastona” AJ, “Agro sifat logistika” MChJ, “Agro servis aziya” MChJ, anor koʻchatchiligi va eksporti bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar, anor yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari hamda boshqa tashkilotlar Uyushma muassislari hisoblanadi;
fermer xoʻjaliklari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar shartnoma asosida Uyushmaga mustaqil aʼzo boʻlishlari mumkin va uning tarkibidan chiqish huquqiga egadirlar;
Uyushma faoliyatini moliyalashtirish uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning ixtiyoriy ajratmalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar:
“Anor yetishtiruvchilar” uyushmasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
“Anor yetishtiruvchilar” uyushmasining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 12 nafardan iborat boʻlgan ijro etuvchi apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Fargʻona viloyati tumanlarida 2018 — 2020-yillarda anorzorlar tashkil etish, talab etiladigan koʻchatlar va mablagʻlar hamda yaratiladigan qoʻshimcha yangi ish oʻrinlari boʻyicha hisob-kitoblar koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
Fargʻona viloyati tumanlarida 2023 — 2025-yillarda anor yetishtirish, eksport qilish hajmlari hamda olinadigan daromadlar boʻyicha prognoz koʻrsatkichlar 4-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Uyushma raisiga, zarurat boʻlganda, ijro etuvchi apparatning tuzilmasiga oʻzgartirish kiritish huquqi berilsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Uyushma raisi va oʻrinbosarlari muassislarning umumiy yigʻilishi qarori bilan saylanadi.
Uyushma raisi va oʻrinbosarlari umumiy yigʻilish oldida hisobdor hisoblanadi.
6. Uyushma tarkibida Anorchilik ilmiy-innovatsion markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etish va quyidagilarni uning asosiy vazifalari etib belgilash taklifiga rozilik berilsin:
innovatsion texnologiyalarni joriy etgan holda, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun maxsus koʻchatchilik laboratoriyasini tashkil etish, ushbu laboratoriyada anorning mahalliy serhosil, virusdan holi boʻlgan sogʻlom, kasallikka, qurgʻoqchilikka, sovuqqa chidamli, jahon andozalariga mos va urugʻsiz anor koʻchatlarining yangi navlarini yaratish;
hududlarning tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, yuqori hosil beradigan eksportbop yangi navlarni rayonlashtirish;
anorzorlar qator oralariga qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish, koʻchatlarni ekish sxemasi, parvarishlash, sugʻorish, oziqlantirish va mavsum davomida agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish, yuqori hosil olish masalalari boʻyicha ilmiy asoslangan amaliy tavsiyalar va qoʻllanmalar ishlab chiqish;
anor koʻchatlarini ekish, parvarishlash, yetishtirish, yigʻishtirib olish hamda ularni qayta ishlash, saqlash, saralash va eksport qilish masalalari boʻyicha har yili mavsumda joylarda koʻrgazmali oʻquv-seminarlar oʻtkazish;
koʻchatlarni ekish va agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha koʻchat yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
yetishtirilgan anor koʻchatlarini fermer, dehqon xoʻjaliklari va aholining shaxsiy tomorqalari uchun sotishni yoʻlga qoʻyish.
7. Markaz faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda koʻchatchilik laboratoriyasini tashkil etish ishlarini moliyalashtirish, ularni kelgusida rivojlantirish va bu sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, yangi anor navlarini yaratish va amaliy seminarlar tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Fargʻona viloyati hokimligiga yuklatilsin.
8. Fargʻona viloyati hokimligi Uyushmaga barcha qulayliklarga ega boʻlgan bino va Markazga talab etiladigan yer maydonlarini ajratish hamda faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni bir oy muddatda hal etsin.
9. “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi Uyushma va Fargʻona viloyati hokimligi bilan birgalikda:
anor mahsulotlari eksportining yangi istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash, ichki va tashqi bozor talablarini oʻrganish;
tashqi bozor talablaridan kelib chiqib, anorning eksportbop va qayta ishlashga mos navlarini yetishtirishga buyurtmalar berish hamda yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish;
yetishtirilgan anor mahsulotlarini eksportga chiqarish boʻyicha zamonaviy logistika tizimini keng joriy etish, mahsulotni xalqaro talablar va standartlarga mos keladigan holda saralash, kalibrlash va qadoqlash yoʻli bilan eksportga chiqarishdan oldin tayyorlash ishlarini tashkil etsinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Toshkent davlat agrar universiteti, “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, Uyushma bilan birgalikda:
anorzorlar qator oralariga qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish, parvarishlash, yiliga kamida 2 marotaba hosil olish masalalari boʻyicha ilmiy asoslangan amaliy qoʻllanma ishlab chiqish;
bir oy muddatda hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib anorzorlar tashkil etish, yetishtirish, parvarishlash va yigʻishtirib olish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
2018-yil 10-oktabrgacha anorni ekish, parvarishlash, yetishtirish, hosilni yigʻishtirib olish hamda qayta ishlash, saqlash, saralash va eksport qilish masalalari boʻyicha fermer xoʻjaliklari rahbarlari ishtirokida joylarda koʻrgazmali oʻquv-seminarlar oʻtkazishni tashkil etsinlar.
11. “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fargʻona viloyati hokimligi anor mahsulotlarini ilgʻor texnologiyalar asosida yil davomida saqlash uchun maxsus omborxonalar tashkil etish, “Milliy anorchilik brendi”ni yaratish, qayta ishlashni jumladan, meva sharbati, vino, atir, shampun va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish ishlarini tashkil etsinlar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi va Fanlar akademiyasi Uyushma va Markaz tomonidan zamonaviy intensiv usullarda anor koʻchatlari va mahsulotlari yetishtirishni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari grantlari va kreditlarini jalb etsinlar.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev, qishloq xoʻjaligi vaziri B.T. Yusupov va Fargʻona viloyati hokimi Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-oktabr,
791-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-oktabrdagi 791-son qaroriga 1-ILOVA
Anor yetishtiruvchilar uyushmasining
TAShKILIY TUZILMASI
* Yangi tashkil etilayotgan tashkilotlar.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-oktabrdagi 791-son qaroriga 2-ILOVA
Anor yetishtiruvchilar uyushmasining ijro etuvchi apparati
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 12 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-oktabrdagi 791-son qaroriga 3-ILOVA
Fargʻona viloyati tumanlarida 2018 — 2020-yillarda anorzorlar tashkil etish, talab etiladigan koʻchatlar va mablagʻlar hamda yaratiladigan qoʻshimcha yangi ish oʻrinlari boʻyicha
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2018-y., 09/18/791/1995-son; 15.05.2020-y., 09/20/284/0588-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)