toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat-xususiy sheriklik asosida markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasi tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirishga doir qoʻshimcha sharoitlar tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 29-dekabrdagi PQ-3450-son qaroriga muvofiq hamda sogʻliqni saqlash tarmogʻiga ajratiladigan budjet mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, laboratoriya diagnostikasi sohasiga eng yangi texnologiyalarni jalb etish yoʻli bilan aholini sifatli laboratoriya-diagnostika xizmatlari bilan taʼminlash, laboratoriya axborotlari tizimini joriy etish, laboratoriya tadqiqotlari sifatini nazorat qilish tizimini modernizatsiyalash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
“Yagona klinika-diagnostika laboratoriyasi” boshqaruv kompaniyasi” MChJ (keyingi oʻrinlarda “YaKDL” UK MChJ deb ataladi) tibbiyot sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tajribasiga ega;
davlat-xususiy sheriklik konsession modeli boʻyicha markazlashtirilgan laboratoriya xizmati loyihasi ana shunday loyihalardan biri hisoblanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Toshkent shahrida tajriba tariqasidagi markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasi tashkil etish toʻgʻrisida “YaKDL” UK MChJ bilan, istisno tarzida, bevosita muzokaralar asosida konsession shartnoma tuzish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishgan holda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq Toshkent shahri va Toshkent viloyatining tibbiyot tashkilotlari markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasi xizmatlari bilan qamrab olinadi.
Belgilansinki, loyiha natijalariga koʻra markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasi xizmatlari respublikaning boshqa hududlarida ham ommalashtirilishi mumkin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda uzoq muddatda (15 yilgacha) egalik qilish va foydalanish maqsadida konsessionerga berish uchun obyektlarni bir oy muddatda, belgilangan tartibda tanlab olishni taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi hamda konsessioner bilan birgalikda quyidagilarni bir oy muddatda ishlab chiqsin va konsession shartnoma loyihasiga kiritsin:
laboratoriya tadqiqotlarini bosqichma-bosqich markazlashtirishda qatnashuvchi tibbiyot tashkilotlari roʻyxati;
tibbiyot tashkilotlarini markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasi xizmatlari bilan qamrab olish har bir bosqichining aniq muddatlari;
sogʻliqni saqlash sohasiga ajratiladigan budjet mablagʻlari va har bir tadqiqot turi boʻyicha bepul tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi doirasida laboratoriya diagnostikasi boʻyicha tibbiy yordam koʻrsatish hajmlari;
konsessioner xizmatining eng yuqori qiymatini aniqlash maqsadida har bir tadqiqot turi boʻyicha laboratoriya diagnostikasi xizmatining eng yuqori qiymati;
tashkil etilayotgan markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasiga, shuningdek, laboratoriya jihozlari spetsifikatsiyasiga qoʻyiladigan texnik talablar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi 2018-yil 1-oktabrgacha boʻlgan muddatda, konsessioner tomonidan shartnoma boʻyicha oʻz huquqlarini uchinchi shaxslarga bera olish huquqiga ega boʻlgan holda “YaKDL” UK MChJ bilan konsession shartnoma tuzsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 17-avgust,
674-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.08.2018-y., 09/18/674/1779-son)