toggle_night_mode
Hujjat 04.06.2019 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Investitsiyalarni jalb qilish, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarishlar va ish oʻrinlarini tashkil etish borasidagi faoliyat uchun davlat organlari hamda tashkilotlari rahbarlarini moddiy ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi PF-5308-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini oʻz vaqtida hamda sifatli bajarish, shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarishlar va ish oʻrinlarini tashkil etish borasidagi faoliyat uchun davlat organlari hamda tashkilotlari rahbarlarini (keyingi oʻrinlarda rahbarlar deb ataladi) moddiy ragʻbatlantirishning samarali mexanizmlarini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining investitsiyalarni jalb qilish, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarishlar va ish oʻrinlarini tashkil etish borasidagi faoliyat uchun rahbarlarning ish samaradorligini baholash boʻyicha har yili tanlov (keyingi oʻrinlarda tanlov deb ataladi) oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Investitsiyalarni jalb qilish, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarishlar va ish oʻrinlarini tashkil etish borasidagi faoliyat uchun davlat organlari hamda tashkilotlari rahbarlarining ish samaradorligini baholash boʻyicha tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda tanlov gʻoliblari reytingi har yili 1-maygacha ommaviy axborot vositalarida chop etilishini va ularga tegishli sertifikatlar hamda pul mukofotlari topshirilishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilansinki:
a) tanlov quyidagi nominatsiyalarda oʻtkaziladi:
“Investitsiyalarni jalb qilganlik, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirganlik uchun”;
“Yangi ishlab chiqarishlar va ish oʻrinlarini tashkil etganlik uchun”;
“Investitsiya faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirganlik, shuningdek, investitsiya loyihalarining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlaganlik uchun”;
b) tanlov gʻoliblariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjetining zaxira fondi mablagʻlari yoki mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan har bir nominatsiyada eng kam ish haqining 100 baravari miqdorida pul mukofotlari topshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda 2018-yilning 1-noyabrigacha boʻlgan muddatda har bir nominatsiyada tanlov gʻoliblari sertifikatlarining eskizlarini belgilangan tartibda tayyorlasin va tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga ommaviy axborot vositalarida tanlov ishtirokchilari, gʻoliblari va uni oʻtkazish shartlari toʻgʻrisidagi axborot materiallarini joylashtirish tavsiya etilsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyundagi 457-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son)
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 16-avgust,
668-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-avgustdagi 668-son qaroriga
ILOVA
Investitsiyalarni jalb qilish, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarishlar va ish oʻrinlarini tashkil etish borasidagi faoliyat uchun davlat organlari hamda tashkilotlari rahbarlarining ish samaradorligini baholash boʻyicha tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Investitsiyalarni jalb qilish, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarishlar va ish oʻrinlarini tashkil etish borasidagi faoliyat uchun davlat organlari hamda tashkilotlari rahbarlarining (keyingi oʻrinlarda rahbarlar deb ataladi) ish samaradorligini baholash boʻyicha tanlovni (keyingi oʻrinlarda tanlov deb ataladi) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Tanlov rahbarlar reytingini aniqlash va investitsiyalarni jalb qilish, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarishlar va ish oʻrinlarini tashkil etish, shuningdek, ushbu nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda ularning manfaatdorligini ragʻbatlantirish maqsadida oʻtkaziladi.
3. Tanlov har yili oʻtkaziladi. Kalendar yili tanlovni oʻtkazish uchun hisobot davri hisoblanadi.
4. Tanlov:
“Investitsiyalarni jalb qilganlik, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirganlik uchun”;
“Yangi ishlab chiqarishlar va ish oʻrinlarini tashkil etganlik uchun”;
“Investitsiya faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirganlik, shuningdek, investitsiya loyihalarining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlaganlik uchun” nominatsiyalarida oʻtkaziladi.
5. Tanlovda:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahri, shaharlar hamda tumanlar hokimlarining investitsiyalar boʻyicha oʻrinbosarlari;
Keyingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha qoʻmitasining raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar investitsiyalar boʻyicha boshqa boshqarmalarining rahbarlari;
Keyingi tahrirga qarang.
erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari direksiyasining direktorlari ishtirok etish huquqiga ega.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Qoʻmita deb ataladi) tanlovni tashkil etish boʻyicha masʼul hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Tanlovni oʻtkazish boʻyicha ekspert komissiyasining faoliyatini tashkil etish
7. Qoʻmita har yili 10-martgacha yetti aʼzodan iborat tarkibda tanlovni oʻtkazish boʻyicha ekspert komissiyasini (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) tashkil etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Komissiya tarkibini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tegishli kompleksining rahbari tasdiqlaydi.
8. Komissiya tarkibiga, odatda, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi hamda Savdo-sanoat palatasi vakillari kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Komissiya uning majlislarida Komissiya aʼzolarining kamida yarmi ishtirok etganda qarorlar qabul qilish huquqiga ega boʻladi. Komissiya qarorlari majlisda ishtirok etadigan Komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ovozlar teng boʻlgan holatlarda, Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
10. Komissiya qarori protokol bilan rasmiylashtiriladi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining Xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish departamenti komissiyaning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda Ishchi organ deb ataladi) hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Komissiyaning ish tartibi Komissiya tasdiqlaydigan reglament bilan belgilanadi.
3-bob. Tanlovni oʻtkazish tartibi
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 20-martgacha Qoʻmitaga har bir nominatsiyada bittadan daʼvogar tanlovda ishtirok etishi uchun quyidagi hujjatlar ilova qilingan taqdimnomalar kiritadi:
Keyingi tahrirga qarang.
investitsiyalarni faol jalb qilish va oʻzlashtirish sohasidagi faoliyat koʻrsatkichlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining viloyatlar boshqarmalari tasdiqlaydigan axborot;
nomenantning investitsiya muhitini yaxshilashga doir tashabbuslari;
hisobot davri va oʻtgan yilning shu davri uchun xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi axborot.
14. Ishchi organ yigirma kunlik muddatda tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan hujjatlarni komplekslilik va ishonchlilik boʻyicha oʻrganadi va uning natijalarini Komissiyaga yuboradi.
15. Daʼvogarlar taqdim etgan hujjatlarni Komissiya 25-aprelgacha boʻlgan muddatda faoliyatning har bir koʻrsatkichi boʻyicha toʻplangan ballar miqdorini Komissiya tomonidan belgilanadigan mezonlarga muvofiq jamlash orqali koʻrib chiqadi.
16. Komissiya har bir nominatsiyada toʻplangan ballar soni boʻyicha birinchi oʻrinlarni egallagan gʻoliblarni (keyingi oʻrinlarda tanlov gʻoliblari deb ataladi) aniqlaydi.
17. Tanlov yakunlari Komissiya protokoli bilan tasdiqlanadi.
18. Tanlov gʻoliblariga har yili 1-maydan kechiktirmasdan sertifikatlar va pul mukofotlari topshiriladi.
Pul mukofoti miqdori Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjetining zaxira fondi mablagʻlari yoki mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan har bir nominatsiyada eng kam ish haqining 100 baravari miqdorini tashkil etadi.
19. Tanlovda ishtirok etgan barcha daʼvogarlarga Qoʻmitaning minnatdorlik maktubi topshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Yakunlovchi qoida
20. Tanlovda ishtirok etish uchun berilgan materiallar qaytarib berilmaydi.
Investitsiyalarni jalb qilish, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarishlar va ish oʻrinlarini tashkil etish borasidagi faoliyat uchun davlat organlari hamda tashkilotlari rahbarlarining ish samaradorligini baholash boʻyicha tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Investitsiyalarni jalb qilish, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarishlar va ish oʻrinlarini tashkil etish borasidagi faoliyat uchun davlat organlari hamda tashkilotlari rahbarlarining ish samaradorligini baholash boʻyicha tanlov oʻtkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Masʼullar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari


1-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

Qoʻmitaga har bir nominatsiyada bittadan daʼvogar tanlovda ishtirok etishi uchun zarur axborot ilova qilingan taqdimnomalarni kiritish

har yili 20-martga qadar


2-bosqich

Ishchi organ

(Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining Xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish departamenti)

Tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan hujjatlarni komplekslik va ishonchlilik boʻyicha oʻrganish

yigirma kun muddatda


3-bosqich

Tanlovni oʻtkazish boʻyicha ekspert komissiyasi

Daʼvogarlarning taqdim etilgan hujjatlarini koʻrib chiqish va har bir nominatsiyada gʻoliblarni aniqlash

25-aprelgacha


4-bosqich

Tanlovni oʻtkazish boʻyicha ekspert komissiyasi

Gʻoliblarga sertifikatlar va pul mukofotlarini topshiri

1-maygacha

Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.08.2018-y., 09/18/668/1771-son, 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2021-y., 09/21/393/0596-son)