toggle_night_mode
Hujjat 27.06.2018 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalarida yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 26-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3025]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-oktabrdagi 809-son “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalarida yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Mudofaa vaziri A. AZIZOV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-aprel,
19-son
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I. MADJIDOV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-aprel,
8-2018-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2018-yil 30-apreldagi 19, 8-2018-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalarida yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-oktabrdagi 809-son “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining (bundan buyon matnda OTM deb yuritiladi) harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalarida (harbiy taʼlim fakultetlari, harbiy kafedralar, sikllar va kurslar) yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil qilish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Yakuniy davlat attestatsiyasiga quyidagi harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalarida harbiy tayyorgarlikni oʻtab boʻlgan, nazoratning barcha turlarini muvaffaqiyatli topshirgan, oʻquv yigʻinlaridan oʻtgan talabalar qoʻyiladi:
harbiy taʼlim fakultetlarida (“Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha) — 2 yil davomida, 2 va 3-kurslarda harbiy tayyorgarlikni oʻtagan;
Keyingi tahrirga qarang.
tibbiy OTM harbiy kafedralarida — 2 yil davomida bir yil, 3 va 4-kursda harbiy tayyorgarlikni oʻtagan;
qolgan OTM harbiy kafedralarida — bir yil, 3-kursda harbiy tayyorgarlikni oʻtagan.
2. Yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish uchun har bir OTMda davlat attestatsiya komissiyasi (bundan buyon matnda DAK deb yuritiladi) tashkil etiladi hamda OTM bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining tegishli oʻrinbosari buyrugʻi bilan yakuniy davlat attestatsiyasi boshlanishidan bir oy oldin quyidagi tarkibda DAK aʼzolari tasdiqlanadi:
komissiya raisi — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi markaziy apparati masʼul xodimi;
komissiya raisi oʻrinbosari — harbiy taʼlim fakulteti (harbiy kafedra) boshligʻi;
komissiya aʼzolari:
HHI boʻyicha kerakli tajribaga ega boʻlgan harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalari professor-oʻqituvchilari;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi masʼul xodimlari;
komissiya kotibi — harbiy taʼlim fakulteti (harbiy kafedra) boshligʻining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari.
3. DAK imtihon oʻtkazish jarayonida kerakli sharoitlar yaratilishi, joylarda imtihonlarni oʻtkazish talablariga qatʼiy rioya etgan holda tegishli ravishda tashkil etilishi va adolatli oʻtkazilishi, shuningdek ular natijalarining xolisligi uchun javobgar boʻladi.
4. DAK raisi:
OTM bilan kelishilgan holda imtihon oʻtkazish joyi, kuni va vaqti belgilanadigan reja-jadvalni tasdiqlaydi;
DAK ishini tashkil etadi;
DAK vazifalarini belgilaydi;
DAK faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.
5. Yakuniy davlat attestatsiyasida vasiylik kengashi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ota-onalar vakillari jamoatchilik asosida kuzatuvchi sifatida qatnashishi mumkin.
2-bob. Yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish
6. Yakuniy davlat attestatsiyasi OTM bilan kelishilgan holda Mudofaa vazirligi tomonidan belgilangan joylarda iyun — iyul oylarida oʻtkaziladi.
7. Yakuniy davlat attestatsiyasi quyidagi attestatsiya sinovlaridan iborat:
jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;
harbiy-maxsus tayyorgarlik darajasini baholash.
8. Talabalar yakuniy davlat attestatsiyasi oʻtkaziladigan joy, kun va vaqt haqida oldindan ogohlantiriladi.
9. Yakuniy davlat attestatsiyasi DAKning ochiq majlislarida, aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan holda oʻtkaziladi.
10. Yakuniy davlat attestatsiyasiga qoʻyiladigan savollar roʻyxati harbiy taʼlim fakulteti (harbiy kafedra) yigʻilishida muhokama qilinadi, harbiy taʼlim fakulteti (harbiy kafedra) boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi va talabalarga yakuniy davlat attestatsiyasi boshlanishidan kamida uch oy oldin yetkaziladi.
11. Talabalarning jismoniy tayyorgarligini baholash DAK raisi tomonidan tasdiqlangan reja-jadval asosida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan joylarda mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasida keltirilgan metodikaga muvofiq oʻtkaziladi.
12. Talabalarning harbiy-maxsus tayyorgarligini baholash DAK tomonidan reja-jadval asosida mazkur Yoʻriqnomaning 2-ilovasida keltirilgan metodikaga muvofiq oʻtkaziladi.
13. Jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash yuzasidan yakuniy davlat attestatsiya sinovidan qoniqarsiz koʻrsatkich olgan talaba harbiy-maxsus tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlarini topshirish huquqidan mahrum boʻlmaydi.
14. Yakuniy davlat attestatsiyasiga kiritilgan sinovlar boʻyicha umumiy oʻzlashtirish koʻrsatkichi talabaning jismoniy tayyorgarlik va harbiy-maxsus tayyorgarlik darajalarini baholash natijasida toʻplagan ballarini umumlashtirib, oʻrtacha arifmetik balini aniqlash orqali belgilanadi hamda yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasining majlis bayoni belgilangan tartibda rasmiylashtirilgandan soʻng shu kunning oʻzida eʼlon qilinadi.
15. Yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtgan va bakalavriatning toʻliq kursini muvaffaqiyatli yakunlagan talabalarga yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlari natijalari asosida rezervdagi va zaxiradagi “leytenant” harbiy unvoni beriladi va ular haqiqiy harbiy xizmatga chaqiriladi yoki rezerv yoxud zaxiraga oʻtkaziladi.
Yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtmagan talabalar taʼlim muassasasini tamomlaganlaridan keyin “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq muddatli harbiy xizmatni oʻtash uchun chaqiriladilar.
Yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtgan, biroq keyingi yillarda OTMni tugatgan shaxslar OTMni tugatgani toʻgʻrisidagi diplomni olgandan soʻng kechi bilan uch yil ichida oʻzlari harbiy hisobda turgan mudofaa ishlari boʻlimlariga harbiy unvon berish masalasida murojaat qilishlari mumkin. Bunda harbiy unvon berish hujjatlari shaxs harbiy hisobda turgan mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan rasmiylashtiriladi.
16. Yakuniy davlat attestatsiyasi natijalaridan norozi boʻlgan talabalar natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab uch kun muddat ichida apellyatsiya komissiyasiga murojaat etish huquqiga egadirlar.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibi DAK faoliyatida ishtirok etmagan, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi masʼul xodimlari hamda OTM xodimlari orasidan tuziladi.
Apellyatsiyani koʻrib chiqishda talaba ishtirok etish huquqiga ega.
Apellyatsiya komissiyasi uch kun ichida apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqib, uning natijasi boʻyicha tegishli qaror qabul qiladi. Qarorda talabaning yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtgan yoki oʻtmaganligi koʻrsatiladi.
Qaror yigirma toʻrt soat ichida talabaga yetkazilishi lozim.
17. Uzrli sabab bilan yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlariga kelmagan talabalar DAK qarori bilan yakuniy davlat attestatsiya komissiyasining ishi yakunlanishiga qadar boshqa muddatlarda oʻtkaziladigan yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlariga kiritilishi mumkin.
18. “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha taʼlim olayotgan talabalarning harbiy tayyorgarligi boʻyicha yakuniy davlat attestatsiyasi natijalari mazkur taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻquv rejalarida nazarda tutilgan boshqa fanlar boʻyicha davlat attestatsiyalari bilan teng hisobga olinadi.
3-bob. Yakuniy qoida
19. Mazkur Yoʻriqnoma talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalarida yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnomaga
1-ILOVA
Jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish
METODIKASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Talabalarning jismoniy tayyorgarligi darajasi ularning mazkur Metodikada nazarda tutilgan tegishli mashqlarni bajarishini tekshirish orqali baholanadi.
2. Talabalar quyidagi mashqlarni bajaradi:
a) erkak talabalar uchun:
kuch — turnikda tortilish;
tezlik — 100 metrga yugurish;
chidamlilik — 3000 metrga yugurish;
b) ayol talabalar uchun:
kuch — kuch ishlatiladigan mashqlar kompleksi;
tezlik — 100 metrga yugurish;
chidamlilik — 1000 metrga yugurish.
2-bob. Mashqlarni bajarishga qoʻyiladigan talablar va mezonlar
3. Turnikda tortilish mashqini bajarishda:
bosh barmoq poya ichkarisidan ushlanadi, tana biroz rostlanadi, tizza boʻgʻimi toʻgʻirlanadi, oyoq uchlari choʻziladi, tovonlar birlashtiriladi;
iyak turnik poyasidan oʻtgunga qadar qoʻllar bukiladi;
harakat toʻliq amalga oshirilishi bilan dastlabki holatga qaytiladi. (osilish holati 1-2 soniya davom etadi).
Ushbu mashqni bajarishda oyoqlarni kerish, tanani harakatsiz holatda egish hamda oyoqlar bilan siltanma harakatlar qilish taqiqlanadi.
Juft tutilgan oyoqlarni 45° gacha bukishga ruxsat beriladi.
4. Talabalarning turnikda tortilish mashqi toʻrt bosqichli tizimda quyidagicha baholanadi:
13 marotaba va undan koʻp tortilganda — “aʼlo”;
11-12 marotaba tortilganda — “yaxshi”;
9-10 marotaba tortilganda — “qoniqarli”;
8 marotaba va undan kamroq tortilganda — “qoniqarsiz” deb baholanadi.
5. Ayol talabalar uchun kuch ishlatiladigan mashqlar kompleksi:
1 daqiqa mobaynida bajariladi;
“Diqqat”, “Mashqni bajarishga kirishilsin” komandasiga asosan birinchi 30 soniyada belda yotgan holda maksimal oldinga egilib qoʻl bilan oyoq uchiga tegish, qoʻllar belda, oyoqlar biriktirilgan (oyoqlarni bilinmas darajada egish, dastlabki holatga qaytguncha bel kuragi bilan yerga tegish);
“Vaqt” komandasiga asosan “yerda qoʻlga tayangan holda yotish” holatga qabul qilib va dam olmasdan 30 soniya ichida maksimal miqdorda yerda qoʻlga tayangan holda qoʻlni egish va tiklash (gavda tik holatda, qoʻlni koʻkrak yerga tekkuncha egish).
6. Kuch ishlatiladigan mashqlar kompleksi toʻrt bosqichli tizimda quyidagicha baholanadi:
32 marotaba va undan koʻp bajargan taqdirda — “aʼlo”
29 — 31 marotaba bajargan taqdirda — “yaxshi”;
26 — 28 marotaba bajargan taqdirda — “qoniqarli”;
25 marotaba va undan kamroq bajargan taqdirda — “qoniqarsiz” deb baholanadi.
7. 100 metrga yugurish mashqi:
yuqori yoki quyi startdan amalga oshiriladi,
stadionning yugurish yoʻlakchasi yoki qattiq qoplamli tekis joylarda oʻtkaziladi.
8. 100 metrga yugurish mashqi toʻrt bosqichli tizimda quyidagicha baholanadi:
a) erkak talabalar uchun:
14,2 soniya ichida bajarganda — “aʼlo”;
14,3 dan 14,6 soniyagacha bajarganda — “yaxshi”;
14,7 dan 15,4 soniyagacha bajarganda — “qoniqarli”;
15,5 soniyada va undan koʻp vaqtda bajarganda — “qoniqarsiz” deb baholanadi.
b) ayol talabalar uchun:
16,8 soniya ichida bajarganda — “aʼlo”;
16,9 dan 17,4 soniyagacha bajarganda — “yaxshi”;
17,5 dan 18,0 soniyagacha bajarganda — “qoniqarli”;
18,1 soniyada va undan koʻp vaqtda bajarganda — “qoniqarsiz” deb baholanadi.
9. 3000 metrga yugurish mashqlari stadionning yugurish yoʻlakchalari yoki tekis joylarida umumiy yoki alohida start berilgan holda oʻtkaziladi. Start va marra chiziqlari bir joyda belgilanishi mumkin.
Yugurish vaqtida qatnashchilar bir biriga xalaqit bermasliklari shart. Yugurish holatidan yurish holatiga oʻtgan yoki yoʻlakchalardan chiqqan yugurish qatnashchilari mashqni bajarmagan deb hisoblanadi.
10. Talabalarning 3000 metrga yugurish mashqi toʻrt bosqichli tizimda quyidagicha baholanadi:
12,45 daqiqa va undan kamroq vaqt ichida bajarganda — “aʼlo”;
12,46 daqiqadan 13,00 daqiqagacha bajarganda — “yaxshi”;
13,01 daqiqadan 13,35 daqiqagacha bajarganda — “qoniqarli”;
13,36 daqiqadan koʻp vaqtda bajarganda — “qoniqarsiz” deb baholanadi.
11. Ayol talabalar uchun 1000 metrga yugurish mashqi toʻrt bosqichli tizimda quyidagicha baholanadi:
4,25 daqiqa va undan kamroq vaqt ichida bajarganda — “aʼlo”;
4,26 daqiqadan 4,40 daqiqagacha bajarganda — “yaxshi”;
4,41 daqiqadan 5,00 daqiqagacha bajarganda — “qoniqarli”;
5,01 daqiqadan koʻp vaqtda bajarganda — “qoniqarsiz” deb baholanadi.
12. Tekshirish davomida mashqlar quyidagi ketma-ketlikda bajariladi:
tezlik mashqi;
kuch mashqi;
chidamlilik mashqi.
13. Talabalarning jismoniy tayyorgarligi darajasini baholash natijalari ularning uchta normativda toʻplangan ballar yigʻindisidan tashkil topadi.
14. Jismoniy tayyorgarlik sinovlaridan oʻtmagan talabalarga mashqlarni takroriy bajarishga ruxsat berilmaydi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
15. Jismoniy tayyorgarlik natijalari boʻyicha mazkur Metodikaning ilovasiga muvofiq shaklda qaydnoma rasmiylashtiriladi.
16. Mazkur qaydnomada talabalar tomonidan bajarilgan mashqlar va ular uchun qoʻyilgan ballar koʻrsatiladi.
17. Qaydnoma yakuniy DAK raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish metodikasiga
ILOVA

___________________________ ning _________________________harbiy-hisob

(OTM nomi)

(HHI nomi)


ixtisosligi boʻyicha talabalarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash yuzasidan yakuniy davlat attestatsiyasini topshirish

Q A Y D N O M A S I


20__ yil “____” ________________________




T/r

Familiyasi, ismi, otasining ismi

100 metrga yugurish

Turnikda tortilish

(KIMK)

3000 (1000) metrga yugurish

Umumiy

baho

Izoh

natija

baho

natija

baho

natija

baho




DAK aʼzolari


____________________________

(F.I.O.)

________
(imzo)

____________________________
‎‎(F.I.O.)

________
(imzo)

____________________________‎‎
(F.I.O.)

________
(imzo)

Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalarida yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnomaga
2-ILOVA
Harbiy-maxsus tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish
METODIKASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Talabalarning harbiy-maxsus tayyorgarligi darajasi mazkur Metodikada nazarda tutilgan tartibda baholanadi.
2. Harbiy-maxsus tayyorgarlik boʻyicha davlat attestatsiyasi ogʻzaki imtihon koʻrinishida oʻtkaziladi.
3. Harbiy-maxsus tayyorgarlik boʻyicha imtihon biletlari toʻla harbiy tayyorgarlik dasturiga muvofiq tuzilgan boʻlib, oʻz ichiga 5 ta savolni oladi (ulardan 40 % dan kam boʻlmagani amaliy).
4. Talabalarni imtihon biletlari bilan oldindan tanishtirish taqiqlanadi.
2-bob. Harbiy maxsus tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish
5. Attestatsiya boshlanishidan avval DAK tomonidan talabalarga attestatsiyani oʻtkazish tartibi tushuntiriladi.
6. Harbiy-maxsus tayyorgarlik boʻyicha davlat attestatsiyasini topshirish va javobga tayyorgarlik koʻrish uchun har bir talabaga 30 daqiqagacha ajratiladi. Javob berishga tayyorgarlik koʻrish vaqtida talabalarga DAK raisi tomonidan tasdiqlangan koʻrgazmali qurollar va maʼlumot sifatidagi materiallardan foydalanishga ruxsat etiladi.
7. Davlat imtihoni oʻtkazilayotgan xonada bir vaqtning oʻzida javob berishga tayyorgarlik koʻrayotgan besh kishidan ortiq talabalar boʻlishiga ruxsat etilmaydi.
8. DAK aʼzolari talabaning bilimiga toʻliq ishonch hosil qilish maqsadida dastur doirasidan chiqmagan holda qoʻshimcha savollar berishlari mumkin.
9. Har bir talabaga nisbatan yakuniy davlat attestatsiyasi natijalarining muhokamasi DAK yopiq majlisida amalga oshiriladi.
10. Baholash oddiy koʻpchilik ovoz olganlar soni boʻyicha ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Ovozlar soni teng boʻlganda, DAK raisi ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
11. Attestatsiya davomida talabalarning nazariy bilimlari va amaliy koʻnikmalari bilet savollariga javob berish, meʼyorlar va usullar (harakatlar)ni amaliy bajarishini aniqlash orqali baholanadi.
12. Harbiy-maxsus tayyorgarlik darajasi talabalarning savollarga bergan javoblariga qarab quyidagi mezonlarga asosan baholanadi:
talaba toʻgʻri xulosa va qaror qabul qiladi, ijodiy fikrlay oladi, mustaqil mushohada yuritadi, mohiyatini tushunadi, biladi va aytib beradi deb topilganda — “aʼlo”;
talaba mustaqil mushohada yuritadi, mohiyatini tushunadi, biladi, aytib beradi va tasavvurga ega deb topilganda — “yaxshi”;
talaba savol mohiyatini qisman tushunadi, biladi, aytib beradi va tasavvurga ega deb topilganda — “qoniqarli”;
talaba bilmaydi, aytib bera olmaydi va tasavvurga ega emas deb topilganda — “qoniqarsiz”.
13. Talabaning savollarga bergan javobiga DAK har bir aʼzosi oʻz bahosini qoʻyadi. Qoʻyilgan barcha baholar umumlashtirilib, nomzodning oʻrtacha bahosi aniqlanadi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
14. Attestatsiyani topshirish natijalari boʻyicha mazkur Metodikaning ilovasiga muvofiq shaklda qaydnoma rasmiylashtiriladi.
15. Mazkur qaydnomada talabalarga berilgan savollar va javoblarning natijalari koʻrsatiladi. Natijalaridan norozi boʻlgan talaba, unga nisbatan berilgan qoʻyilgan ballarni asoslantiruvchi maʼlumot bilan tanishish huquqiga ega.
16. Qaydnoma yakuniy DAK raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Harbiy-maxsus tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish metodikasiga
ILOVA

___________________________ ning ____________________________harbiy-hisob

(OTM nomi)

(HHI nomi)

ixtisosligi boʻyicha talabalarning harbiy-maxsus tayyorgarlik yuzasidan

yakuniy davlat attestatsiyasini topshirish

QAYDNOMASI

20__ yil “____” _______________________‎

T/r

Familiyasi, ismi, otasining ismi

Maxsus-harbiy tayyorgarlik uchun

Baho

Umumiy

baho

Izoh

1 savol

2 savol

3 savol

4 savol

5 savol




DAK aʼzolari


____________________________

(F.I.O.)

________
(imzo)

____________________________
‎‎(F.I.O.)

________
(imzo)

____________________________‎‎
(F.I.O.)

________
(imzo)

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.06.2018-y., 10/18/3025/1407-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 06.06.2022-y., 10/22/3025-1/0482-son)