toggle_night_mode
Hujjat 27.06.2018 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Badiiy ekspertlar kengashi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3219-son qarori ijrosini taʼminlash hamda mamlakatimiz muzeylari fondlarini mustaqillik yillarida yaratilgan yuksak badiiy qiymatga ega boʻlgan tasviriy va amaliy sanʼat asarlari bilan muntazam boyitib borish va asarlar bahosini ularning ijodiy va moddiy qiymatidan kelib chiqqan holda belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3219-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Badiiy ekspertlar kengashi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Badiiy ekspertlar kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Badiiy ekspertlar kengashi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, sanʼat va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 25-iyun,
474-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-iyundagi 474- son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Badiiy ekspertlar kengashi
TARKIBI

1.

K. Akilova

madaniyat vazirining oʻrinbosari, Badiiy ekspertlar kengashining raisi

2.

F. Tashmuxammedov

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisining oʻrinbosari, Badiiy ekspertlar kengashi raisining oʻrinbosari

3.

F. Ruzikulov

Madaniyat vazirligining Badiiy ekspertiza boshqarmasi boshligʻi

4.

V. Fayziyeva

Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyining direktori

5.

S. Raxmetov

Oʻzbekiston Respublikasi xalq rassomi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, rang tasvirchi rassom

6.

A. Xakimov

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining akademigi, sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor

7.

A. Mamajonov

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining akademigi, grafik rassom

8.

A. Raximov

Oʻzbekiston Respublikasi xalq ustasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining akademigi, kulol

9.

M. Borodina

Toshkent arxitektura va qurilish institutining kafedra professori, haykaltarosh

10.

N. Axmedova

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining akademigi, sanʼatshunos

11.

Z. Raximova

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik
va dizayn institutining professori

12.

E. Jalilov

Madaniyat vazirligining Muzeylar va kutubxonalarni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi, Badiiy ekspertlar kengashining masʼul kotibi

Izoh.
Badiiy ekspertlar kengashining raisi, Badiiy ekspertlar kengashi raisining oʻrinbosari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, Kengash tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan Badiiy ekspertlar kengashiga qoʻshimcha mutaxassislar jalb etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-iyundagi 474- son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Badiiy ekspertlar kengashi toʻgʻrisida
Keyingi tahrirga qarang.
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Badiiy ekspertlar kengashining (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlarini, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Kengash idoraviy mansubligidan qatʼi nazar davlat muzeylarining fondlarini yuksak badiiy qiymatga ega boʻlgan tasviriy va amaliy sanʼat asarlari bilan muntazam boyitib borish ishlarini amalga oshiruvchi va asarlar bahosini ularning ijodiy va moddiy qiymatidan kelib chiqqan holda belgilovchi kollegial maslahat organi hisoblanadi.
3. Kengash aʼzolarining faoliyati jamoatchilik asosida tashkil etiladi. Kengash aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tavsiyasi bilan asosiy ish joyidan belgilangan tartibda ragʻbatlantirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Kengash oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Madaniyat vazirligining buyruqlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Kengashning asosiy vazifalari
5. Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan taqdim etilgan yuksak badiiy qiymatga ega boʻlgan tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, shuningdek, boshqa madaniy boyliklarni ekspertizadan oʻtkazish va ularning qiymatini baholash;
Keyingi tahrirga qarang.
davlat buyurtmalari boʻyicha bajariladigan badiiy asarlarning eskizlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash, ularning badiiy qiymati va shartnoma tuzish imkoniyatlari toʻgʻrisida tavsiyalar berish;
yuksak badiiy qiymatga ega boʻlgan rang tasvir, miniatura, haykaltaroshlik, grafika, dekorativ-amaliy sanʼat, installyatsiya asarlarini koʻzdan kechirish, gʻoyaviy-badiiy qiymati, bajarilgan ishlarni qabul qilish va mualliflik haqining miqdori boʻyicha xulosalar berish.
3-bob. Kengashning huquqlari
6. Kengash quyidagi huquqlarga ega:
oʻz vakolati doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha xulosalar, tavsiyalar, takliflar berish va qarorlar qabul qilish;
davlat boshqaruvi organlaridan va mahalliy davlat hokimiyati organlaridan Kengash vakolatiga kiruvchi masalalarni hal etishga doir maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish.
7. Ushbu Nizomda hamda boshqa qonun hujjatlarida Kengashga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Kengash faoliyatini tashkil etish
8. Kengash tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi bilan kelishgan holda, qoida tariqasida, kamida 7 nafar va koʻpi bilan 17 nafar (Kengash raisi, oʻrinbosari, masʼul kotibi va kengash aʼzolari)dan iborat tarkibda shakllantiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Kengash tarkibiga yetakchi sanʼatshunoslar va rassomlar, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari, dekorativ-amaliy sanʼat ustalari, arxeolog, numizmat, manbashunos olimlar, mutasaddi rahbarlar, muzey muhofizlari va koʻrgazma boʻlimlarining mutaxassislari, shuningdek, madaniyat va sanʼat sohasidagi taʼlim va fan muassasalarining xodimlari kiritilishi mumkin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Muzeylar va kutubxonalarni rivojlantirish boshqarmasi Kengashning ishchi organi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Kengashning ishchi organi:
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy muzey fondini toʻldirib borish maqsadida tasviriy, anʼanaviy va noanʼanaviy dekorativ-amaliy sanʼat, teatr-bezak sanʼati, arxeologik, numizmatik, yozma manbalar hamda boshqa tarixiy va zamonaviy madaniy boyliklarni xarid qilish boʻyicha eʼlonlar beradi;
xarid qilishga va boshqa tegishli maqsadlarda taqdim etilgan madaniy boyliklar roʻyxatini shakllantiradi, ularning fotosuratlarini roʻyxatga ilova qiladi hamda asarlarni ekspertizadan oʻtkazish va qiymatini baholash uchun Kengashga kiritadi;
Kengashda ish yuritilishini tashkil etadi, hujjatlarni saqlash va ulardan foydalanishni belgilangan tartibda taʼminlaydi.
12. Kengash majlisining kun tartibi Kengash kotibi tomonidan tayyorlanadi.
Kengash majlislari zaruratga qarab, lekin har chorakda kamida bir marotaba oʻtkaziladi.
Kengash kotibi ekspertizadan oʻtkaziladigan va qiymati baholanadigan ashyolarning zarur hujjatlari toʻplamini tayyorlab, koʻrib chiqish uchun Kengash majlisiga kiritadi.
13. Kengash koʻrgazmalar va rassomlarning ustaxonalarida badiiy asarlarni koʻzdan kechirishi, muzey va koʻrgazma fondlari uchun xaridlar haqida tavsiyalar berishi mumkin.
14. Kengash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-avgustdagi PQ-3201-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy ijro etish uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik adabiy asarlar yaratish boʻyicha buyurtmalarni bajarganlik uchun, haykaltaroshlik asarlari, tasviriy sanʼat asarlari yaratganlik, badiiy loyihalashtirish va konstruksiyalash uchun mualliflik haqining eng kam stavkalariga muvofiq, shuningdek, ushbu haq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga toʻlanganda uning eng yuqori stavkalariga mos ravishda asarlarning bahosini belgilaydi.
Kengashga maʼlum bir asar yoki ashyoga xulosa berish ehtiyoji tugʻilganda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan qoʻshimcha soha mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Kengash majlisi Kengash raisi va uning oʻrinbosari rahbarligida oʻtkaziladi hamda Kengash qarori aʼzolarning kamida 2/3 qismi ishtirok etgan taqdirda, ochiq ovoz berish yoʻli bilan, majlisda qatnashayotgan mutaxassislarning oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi va bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Kengashning har bir aʼzosi umumiy qarordan norozi boʻlgan taqdirda, oʻz fikrini bildirish huquqiga ega va bu bayonnomada qayd etiladi. Bayonnomada har bir asar boʻyicha ovoz berish natijalari koʻrsatiladi. Qoʻshimcha taklif etilgan maslahatchilar va ekspertlar ovoz berishda ishtirok etmaydilar.
Kengash aʼzosi tomonidan yaratilgan asar ekspertizadan oʻtkazish va qiymatini baholash uchun Kengashga kiritilgan taqdirda ushbu Kengash aʼzosi ovoz berishda ishtirok etmaydi.
16. Kengashning majlislari bayonnomalarida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim:
a) Kengash majlisida ishtirok etgan aʼzolar va taklif etilganlarning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi;
b) homiylik xayriyalari koʻrinishidagi yoki xarid qilishga taqdim etilgan madaniy boyliklarni muzey fondiga kiritishning maqsadga muvofiqligi;
v) xarid qilishga taqdim etilgan madaniy boyliklar haqida qisqa maʼlumotlar (nomlanishi, muallifi, yaratilgan joyi, qisqa vizual taʼrifi, materialning nomi, texnikasi, oʻlchami, imzoning mavjudligi hamda saqlanganlik holati koʻrsatilgan holda);
g) madaniy boyliklarni homiylik xayriyasi sifatida yoki xarid qilish uchun taqdim etgan shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi, pochta manzili va pasport maʼlumotlari;
d) Kengash tomonidan koʻrib chiqish uchun vaqtinchalik saqlashga olingan ashyolarni qabul qilish dalolatnomasi, hadya etish yoki oldi-sotdi shartnomasining loyihasini ilova qilgan holda (zarur holatlarda kolleksiya roʻyxati bilan).
17. Kengash bayonnomasining qaror qismida sotib olingan asar yoki ashyoning yoʻnalishi boʻyicha qaysi davlat muzeyining asosiy yoki yordamchi fondiga kiritish toʻgʻrisidagi tavsiya yoziladi.
Bayonnoma Kengash raisi, kotibi va majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan imzolanadi.
18. Kengash majlisining bayonnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining tegishli buyrugʻi bilan tasdiqlangandan soʻng kuchga kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Kengashda ish yuritish, hujjatlarning saqlanishi va ulardan foydalanilishi uchun masʼuliyat, shuningdek, qabul qilingan qarorlarning ijrosini nazorat qilish Kengash raisiga yuklanadi.
20. Muzey ashyolari va kolleksiyalarini xarid qilish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqilganidan soʻng, Kengash majlisi bayonnomasi va Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi buyrugʻi nusxasi muallif va mulkni tasarruf etuvchilar bilan hisob-kitob qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasiga topshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Shuningdek, Kengash majlisi bayonnomasi va Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi buyrugʻi nusxasi tegishli davlat muzeylarining fondlariga kelib tushayotgan asarlarni qabul qilish dalolatnomasini rasmiylashtirish uchun topshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Kengash muallif va mulkni tasarruf etuvchining iltimosiga koʻra asarni uning ishtirokida koʻrib chiqishi mumkin, asarning bahosi toʻgʻrisidagi qaror Kengashning yopiq majlisda qabul qilinadi.
22. Kengash aʼzolari uzrsiz sabablarga koʻra uch marotaba majlislarda ishtirok etmagan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi ularni Kengash tarkibidan chiqarish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Moliyalashtirish va hisob-kitob tartibi
23. Sotib olish uchun Kengash tomonidan baholanadigan ashyolar uchun toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
Mustaqillik yillarida yaratilgan yuksak badiiy qiymatga ega boʻlgan tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, shuningdek, boshqa madaniy boyliklar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining daromadlari va xarajatlari smetasida ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida Kengashning qaroriga asosan sotib olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi Kengashning tasdiqlangan majlis bayonnomasini va Madaniyat vazirligining tegishli buyrugʻi hamda qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda rassomlarga mualliflik gonorari toʻlash va ashyolarni tasarruf etuvchilar bilan hisob-kitob qilish boʻyicha tuzilgan shartnomalarga muvofiq shartnoma bahosining 15 foizi miqdorida oldindan toʻlovni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tegishli davlat muzeyining bosh muhofizi imzosi va muhri bilan tasdiqlangan, asarlarni muzey va koʻrgazma fondlariga qabul qilish dalolatnomasi taqdim etilgandan soʻng, rassomlar va asarlarni tasarruf etuvchilar bilan toʻlovning qolgan 85 foizi hisob-kitob qilinadi.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi bilan birgalikda davlat muzeylari fondini shakllantirish va toʻldirish uchun tasviriy, dekorativ-amaliy, teatr-bezak sanʼati asarlari, tarixiy yodgorliklar, arxivlar, noyob kitoblar va boshqa madaniy boyliklar, badiiy asarlar, kolleksiyalar yoki alohida buyumlarni xarid qilish uchun buyurtma berish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
26. Kengash faoliyatini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Kengash ishchi organi Kengash faoliyati yuzasidan har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga maʼlumot taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1985-moddasi.