1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.23.00 Tibbiy sanoat. Mikrobiologiya sanoati. Farmatsevtika;
2.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.04.00 Sogʻliqni saqlash muassasalarini, aholini medikamentlar, dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash. Dorixona]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sogʻliqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ijtimoiy dorixonalar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 14-fevraldagi PQ-3532-son qarorini bajarish, Oʻzbekiston Respublikasi aholisini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlashni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ijtimoiy dorixona faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari K.V. Akmalov va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 3-may,
334-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi 334-son qaroriga ILOVA
Ijtimoiy dorixona faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom ijtimoiy dorixona faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
dorixona assortimentidagi dori vositalari va tibbiy buyumlar — ambulatoriya sharoitida tibbiyot amaliyotida qoʻllash maqsadida aholiga realizatsiya qilish uchun moʻljallangan dori vositalari va tibbiy buyumlar;
ijtimoiy dorixona — oʻz logotipiga ega boʻlgan, dorixona assortimentidagi ijtimoiy ahamiyatga ega barcha dori vositalari va tibbiy buyumlar hamda Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boshqa dori vositalari va tibbiy buyumlarning chakana realizatsiyasi bilan shugʻullanuvchi, Sogʻliqni saqlash tizimidagi ixtisoslashtirilgan tashkilot;
davlat-xususiy sheriklik — davlat sherigi va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun oʻz resurslarini birlashtirishiga asoslangan hamkorligi;
davlat sherigi — Oʻzbekiston Respublikasi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi uning nomidan ish yuritadi;
(2-bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi 259-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son)
xususiy sherik — faoliyatining asosiy maqsadi aholini dori vositalari bilan taʼminlash hisoblangan, dori vositalari va tibbiy buyumlarning chakana va ulgurji realizatsiyasini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida shartnoma tuzgan yuridik shaxs;
davlat-xususiy sheriklik shartnomasi — tomonlarning huquq, majburiyatlari va javobgarligini hamda davlat-xususiy sheriklik loyihasi ijrosi boʻyicha boshqa shartlarni belgilovchi, davlat va xususiy sheriklar oʻrtasida tuzilgan yozma shartnoma.
3. Ijtimoiy dorixona yuridik shaxs shaklida yoki yuridik shaxsning tarkibiy boʻlinmasi (filial) shaklida tashkil etiladi.
4. Ijtimoiy dorixonaning yagona logotipi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
5. Ijtimoiy dorixona Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan, jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlariga koʻra, “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni va mazkur Nizomga muvofiq tashkil etiladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi 259-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son)
6. Ijtimoiy dorixonalar faoliyatini tashkil etishda qoʻyiladigan asosiy talablar:
a) dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji, chakana realizatsiyasini amalga oshirish, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va berish uchun litsenziyaning mavjudligi;
Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiy buyumlar roʻyxatiga kiruvchi (keyingi oʻrinlarda Roʻyxat deb ataladi) dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan cheklangan narxlardan oshmaydigan narxlarda, dorixona assortimentidagi dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan toʻliq hajmda taʼminlash;
davlat-xususiy sheriklik hamkorligi shartlari asosida cheklangan savdo ustamalarini qoʻllash yoʻli bilan Roʻyxatga kirmaydigan, dorixona assortimentidagi dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash;
dori vositalari bilan shaxslarning ayrim toifalarini imtiyozli asosda taʼminlash;
dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ijtimoiy dorixonalarning tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari qoshidagi oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida joylashgan filial tarmoqlari orqali taʼminlash;
maxsus ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalari orqali qishloq vrachlik punktlari mavjud boʻlmagan togʻli, yetib borish qiyin hududlardagi aholiga dori vositalari va tibbiy buyumlarni yetkazib berishni taʼminlash;
v) dorixona assortimentidagi roʻyxatga kiritilgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning uzluksiz realizatsiyasini amalga oshirish maqsadida ularning ikki oylik zaxirasi mavjudligi.
2-bob. Ijtimoiy dorixonalarni joylashtirish tartibi
7. Ijtimoiy dorixonalar dislokatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
8. Quyidagilar ijtimoiy dorixonalar joylashishining asosiy omillari hisoblanadi:
viloyat, tuman, shaharning maʼmuriy-hududiy tuzilishi;
hududning geografik, ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari;
shahar, tuman va qishloq aholi punktlaridagi aholining soni;
ambulatoriya poliklinikalarida tibbiy xizmatni tashkil etish darajasi;
ijtimoiy dorixonalarning xizmat koʻrsatish radiusi (ijtimoiy dorixonalarni tavsiya etilgan xizmat koʻrsatish radiusi aholi sonidan kelib chiqqan holda hisoblanadi, shaharlarda 2-3 km, qishloq hududida 5 — 10 kmdan koʻp boʻlmagan masofada).
9. Ijtimoiy dorixonalar viloyat, tuman markazlarida, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlarida joylashtirilishi lozim.
3-bob. Ijtimoiy dorixonalarning vazifalari va funksiyalari
10. Ijtimoiy dorixonalar oʻz faoliyatida amaldagi qonunchilikka va mazkur Nizomga amal qiladi.
11. Ijtimoiy dorixonalarning asosiy vazifasi aholini Roʻyxatga kiritilgan dorixona assortimentidagi dori vositalari va tibbiy buyumlar, boshqa turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash, shuningdek, imtiyozga ega ayrim toifadagi shaxslarni dori vositalari bilan taʼminlashdan iborat.
12. Ijtimoiy dorixona quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji realizatsiyasi uchun va dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega boʻlgan taʼminotchilardan sotib oladi (olib kirishdan tashqari);
shakli Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan retsept asosida beriladigan dori vositalarini yoki tasdiqlangan, retseptsiz beriladigan dori vositalari roʻyxatiga muvofiq dori vositalarini retseptsiz ravishda chakana realizatsiya qilish, shuningdek, qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozga ega ayrim toifadagi shaxslarni dori vositalari bilan taʼminlaydi;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2023-yil 29-apreldagi 10-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan Dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3430, 04.05.2023-y.).
belgilangan tartibda dori vositalari va tibbiy buyumlarni saqlaydi va yoʻq qiladi;
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-sonli qarori bilan tasdiqlangan Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
isteʼmolchidan kelib tushgan shikoyatlar asosida aniqlangan, dori vositalarining nojoʻya taʼsiri va samaradorligi past holatlar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligini xabardor qiladi;
ambulatoriya sharoitida davolashda imtiyozli beriladigan dori vositalari roʻyxatiga kiritilgan, ijtimoiy dorixonada amalda mavjud boʻlgan va vaqtincha mavjud boʻlmagan dori vositalari haqida shahar va tuman tibbiyot birlashmalariga har chorakda maʼlumot taqdim etadi;
aholiga dori vositalari va tibbiy buyumlarni saqlash va qoʻllash boʻyicha maslahat berish va axborot yordami koʻrsatadi;
aholiga dori vositalari va tibbiy buyumlarning mavjudligi toʻgʻrisida axborot berish imkonini taʼminlovchi, dori vositalari va tibbiy buyumlarning ijtimoiy dorixonalar tarmogʻi boʻyicha harakatlanishining elektron shakldagi hisob-kitobini yuritadi;
ijtimoiy dorixonaga tashrif buyuruvchilar uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan cheklangan narxlar koʻrsatilgan dori vositalari assortimenti roʻyxatini koʻrinarli joyda joylashtiradi;
shifokor retsepti asosida dori vositalarini tayyorlaydi va ichki sifat nazoratini oʻtkazish (tegishli litsenziyasi mavjud boʻlganda).
13. Ijtimoiy dorixonalarda tovar-moddiy boyliklarni inventarizatsiya va taʼmirlash ishlarini oʻtkazish uchun yopish davlat tomonidan, sherik bilan kelishilgan holda, sanitariya kunlarini oʻtkazish uchun esa — qoʻshimcha ravishda Davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
(4-bob Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi 259-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son)
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Ushbu nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
23. Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha ijtimoiy dorixonalar faoliyatining va mazkur Nizom talablariga rioya qilinishining nazorati dori vositalari va tibbiy buyumlar chakana realizatsiyasini litsenziyalovchi hududiy organga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga yuklanadi.
24. Ijtimoiy dorixonada dori vositalari va tibbiy buyumlarning narxlarini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi 259-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 09/18/334/1155-son; 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son; 27.04.2020-y., 09/20/259/0507-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2021-y., 09/21/402/0618-son, 20.11.2021-y., 09/21/694/1075-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 30.01.2025-y., 09/25/48/0093-son; 15.02.2025-y., 09/25/67/0145-son; 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)