1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.08.00 Narxlar va ularning shakllanishi (shuningdek, 09.14.02.02, 09.17.03.00larga qarang);
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.02.00.00 Raqobat toʻgʻrisida qonunchilik. Tabiiy monopoliyalar / 09.02.05.00 Tabiiy monopoliyalar]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Narxlar va narxlarning hosil boʻlishi;
2.Iqtisodiyot / Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“TABIIY MONOPOLIYALAR TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINI AMALGA OShIRISh ChORA-TADBIRLARI HAQIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktabrdagi 239-sonli “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini ijro etish va tabiiy monopoliya subyektlari faoliyatini tartibga solishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tabiiy monopoliya subyektlari faoliyatini narxlar bilan tartibga soluvchi vakolatli organ hisoblanadi.
2. Tabiiy monopoliya subyektlarining tovarlari (ishlari, xizmatlari)ga narxlar (tariflar) belgilash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 22-iyuldagi 368-son qarori bilan tasdiqlangan Narxlarni boshqarish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomning III boʻlimi birinchi xat boshi “Narxlar (tariflar)ni va ustamalarni shakllantirish va qoʻllash tartibini (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 31-martdagi 165-son qarori bilan tasdiqlangan)” soʻzlaridan keyin “Tabiiy monopoliya subyektlarining tovarlari (ishlari, xizmatlari)ga narxlar (tariflar) belgilash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda idoraviy meʼyoriy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 21-sentabr,
364-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 21-sentabrdagi 364-son qaroriga 1-ILOVA
Tabiiy monopoliya subyektlarining tovarlari (ishlari, xizmatlari)ga narx (tariflar) belgilash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan va tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqariladigan va sotiladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga (keyingi oʻrinlarda tovarlar deb ataladi) narxlar (tariflar)ni yoki ularning eng yuqori darajalarini belgilash tartibini oʻrnatadi.
2. Tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqariladigan va sotiladigan tovarlarga narxlar (tariflar) yoki ularning eng yuqori darajalari (pochta aloqasi va telekommunikatsiyalarning universal xizmatlariga tariflar bundan mustasno) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan yoki uning topshirigʻiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — narxlarni boshqarish organi deb yuritiladi) tomonidan tasdiqlanadi.
Pochta aloqasi va telekommunikatsiyalarning universal xizmatlariga tariflar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda pochta aloqasi va telekommunikatsiyalar sohasida maxsus vakil qilingan organ tomonidan belgilanadi.
II. Narxlar (tariflar)ni shakllantirish, koʻrib chiqish va tasdiqlash tartibi
3. Davlat yoki xoʻjalik boshqaruvi organlari tarkibiga kirmaydigan tabiiy monopoliya subyektlari narxlar (tariflar) loyihalarini koʻrib chiqish uchun bevosita narxlarni boshqarish organiga taqdim etadilar.
Basharti, tabiiy monopoliya subyekti davlat yoki xoʻjalik boshqaruvi organlari tarkibiga kirgan taqdirda tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqariladigan va sotiladigan tovarlarning narxlari (tariflari) yoki ularning eng yuqori darajalari loyihalarini koʻrib chiqish uchun narxlarni boshqarish organiga davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari taqdim etadilar.
4. Tovarlarga narxlarni (tariflarni) yoki ularning eng yuqori darajalarini belgilash uchun tabiiy monopoliya subyektlari narxlarni boshqarish organiga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qiladi:
a) narxlar (tariflar) yoki ularning eng yuqori darajalari loyihasi;
b) oxirgi hisobot davri va prognoz qilinayotgan davr uchun quyidagi koʻrsatkichlarni oʻz ichiga oluvchi narxlar (tariflar) yoki ularning eng yuqori darajalari loyihasini asoslovchi hujjatlar:
tovarlar ishlab chiqarish (sotish) chiqimlari;
ish haqini yoyib koʻrsatish;
xomashyo va materiallar qiymatini yoyib koʻrsatish;
foydalanish xarajatlarini (yuklama xarajatlarni, shu jumladan amortizatsiya ajratmalarini) yoyib koʻrsatish;
yalpi foydani, davr xarajatlarini (shu jumladan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni) yoyib koʻrsatish;
takror ishlab chiqarish uchun investitsiyalarga boʻlgan ehtiyoj;
davlat dotatsiyalariga yoki davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning boshqa chora-tadbirlariga boʻlgan ehtiyoj.
Zaruriyat boʻlganda narxlarni boshqarish organi qaror qabul qilish uchun zarur boʻlgan boshqa axborotni soʻrab olishga haqlidir.
5. Tovar ishlab chiqarish chiqimlarini aniqlashda tabiiy monopoliya subyektlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining tegishli idoraviy normativ va uslubiy hujjatlariga amal qiladilar.
6. Narxlarni boshqarish organi narxlarni (tariflarni) yoki ularning eng yuqori darajasi loyihalarini koʻrib chiqish uchun barcha zarur hujjatlar toʻliq hajmda olingan kundan boshlab bir hafta muddatda qaror qabul qilishi shart.
7. Tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan narxlarni (tariflarni) asoslash boʻyicha hujjatlar toʻliq boʻlmagan hajmda yoki iqtisodiy asoslanmagan hisob-kitoblar bilan taqdim etilgan taqdirda narxlarni boshqarish organi uch kun muddatda mavjud kamchiliklarni yozma ravishda asoslagan holda narxlar (tariflar) loyihalarini qayta ishlashga qaytaradi.
Bunday hollarda narxlar (tariflar)ni tasdiqlash boʻyicha qaror qayta ishlangan hujjatlarning toʻliq turkumi olingan kundan boshlab 5 kun mobaynida qabul qilinadi.
Narxlar (tariflar) darajasi boʻyicha qaror qabul qilishda narxlarni boshqarish organi ularning isteʼmolchining mahsulotlari narxlariga taʼsirini hisobga oladi.
8. Narxlarni boshqarish organining tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqariladigan va sotiladigan tovarlar narxlarini (tariflarini) yoki ularning yuqori darajasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarori ular kuchga kirishidan 15 kun oldin tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ommaviy axborot vositalarida majburiy tartibda eʼlon qilinadi.
9. Tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqariladigan va sotiladigan tovarlar narxlarini (tariflarini) yoki ularning yuqori darajasini belgilashda tabiiy monopoliya subyektlari keyinchalik narxlarni boshqarish organini xabardor qilgan holda ular darajasini mustaqil pasaytirish huquqiga ega boʻladilar.
10. Tovarlarni respublika tashqarisiga yetkazib beruvchi tabiiy monopoliya subyektlari ular boʻyicha hisob-kitoblarni shartnomaviy (erkin) narxlar boʻyicha amalga oshiradilar.
III. Narxlar (tariflar) shakllantirilishi va qoʻllanilishi ustidan davlat nazorati
11. Mazkur Nizomga rioya qilinishi ustidan davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va uning boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda — davlat monopoliyaga qarshi organi) tomonidan amalga oshiriladi.
12. Nazoratni amalga oshirish uchun davlat monopoliyaga qarshi organi davlat va xoʻjalik boshqaruv organlaridan yoki tabiiy monopoliya subyektlaridan tasdiqlangan narxlar (tariflar)ni yoki ularning eng yuqori darajalarini asoslash boʻyicha materiallarni soʻrab olishga haqlidir.
13. Tovarlar uchun narxlarni boshqarish organi tomonidan belgilangan miqdordan ortiq haq undirish hollari aniqlangan taqdirda davlat monopoliyaga qarshi organi oʻtkazilgan tekshirishlar natijasiga koʻra asossiz olingan daromad (foyda)ni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining narxlarni boshqarish jamgʻarmasiga undirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Asossiz olingan daromad (foyda) qoʻllanilayotgan va tasdiqlangan narx (tarif) oʻrtasidagi farqni tekshirish oʻtkazilgan davrda sotilgan tovar hajmiga koʻpaytirish orqali aniqlanadi.
Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan monopol mahsulotlarning ayrim turlari tabiiy monopoliyalar subyektlari tomonidan birja savdolari va auksionlar orqali, shuningdek birja (auksion) kotirovkalarining oʻrtacha narxlariga koʻra toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha sotilganda, deklaratsiya toʻldirilgan cheklangan narx oshirib yuborilganligi uchun ularga nisbatan jazo qoʻllanilmaydi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 16-sentabrdagi 430-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2004-y., 37-son, 411-modda)
14. Tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan yangi narxlar (tariflar)ni yoki ularning eng yuqori darajalarni amalga kiritish muddatlariga rioya qilmaslik hollari aniqlangan taqdirda asossiz olingan daromad yangidan joriy etilgan va ilgari amalda boʻlgan narxlar (tariflar) oʻrtasidagi farqning qonun hujjatlarida nazarda tutilganiga nisbatan qisqartirilgan kunlar davrida sotilgan tovar hajmiga koʻpaytirish orqali aniqlanadi.
15. Tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan Tabiiy monopoliya subyektlari tovarlari (ishlari, xizmatlari)ga narxlar (tariflar) belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom buzilishi natijasida olingan mablagʻlar (daromad, foyda) koʻrsatib oʻtilgan Nizom buzilganligi uchun solinadigan noqonuniy olingan mablagʻlarning 100 foizi miqdoridagi jarimalar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining “Narxlarni boshqarish jamgʻarmasi” maxsus budjetdan tashqari hisob raqamiga undiriladi.
IV. Qonun hujjatlariga rioya etilmaganligi uchun tabiiy monopoliyalar subyektlarining javobgarligi
16. “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi qonun hujjatlariga rioya etilmaganligi uchun tabiiy monopoliya subyektlariga nisbatan “Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq jazolar qoʻllaniladi.
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 21-sentabrdagi 364-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari
roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Kommunal xizmatlarning oʻz xarajatlarini oʻzi qoplashiga bosqichma-bosqich oʻtish toʻgʻrisida” 1994-yil 7-fevraldagi 54-son qarorining 2-bandi toʻrtinchi xatboshi.
2. Vazirlar Mahkamasining “Aholiga sotiladigan elektr energiyasi tariflari toʻgʻrisida” 1994-yil 8-sentabrdagi 453-son qarorining 1-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1994-yil, 9-son, 43-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Aholiga sotiladigan koʻmir, tabiiy va suyultirilgan gaz uchun shartnomaviy (erkin) narxlarga oʻtish toʻgʻrisida” 1994-yil 8-sentabrdagi 454-son qarorining 2-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1994-yil, 9-son, 44-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida kichik gidroenergetikani rivojlantirish toʻgʻrisida” 1995-yil 28-dekabrdagi 476-son qarori 5-bandining birinchi xatboshi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 1997-yil 31-martdagi 165-son qarori bilan tasdiqlangan “Narxlar (tariflar)ni shakllantirish va ularning qoʻllanilishini nazorat qilish tartibi”ning 2-bandi uchinchi xatboshi va III boʻlimi.