toggle_night_mode
Hujjat 26.08.2019 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 — 2022-yillarda transport infratuzilmasini takomillashtirish va yuk tashishning tashqi savdo yoʻnalishlarini diversifikatsiyalash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 2-dekabrdagi PQ-3422-son qarorini ijro etish yuzasidan va avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish sohasidagi xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlarini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish Oʻzbekiston Respublikasining, jumladan, bunday tashishlarni ruxsatnomalar asosida amalga oshirish shartlarini nazarda tutgan xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshirilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarning vakolatli organlari har yili oʻzaroviylik shartlarida avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashishni amalga oshirish uchun ruxsatnomalar blankalarini ayirboshlashi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashishga ruxsatnomalar ayirboshlash, taqsimlash, berish va foydalanish kvotalarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi:
milliy tashuvchilar ehtiyojlarini qondirmaydigan ayirboshlash kvotasi boʻyicha avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish uchun xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarni taqsimlash shartlarini hamda Oʻzbekistonning ruxsatnomalari blankalari shakllarini ikki oy muddatda tasdiqlasin;
ushbu qarorning maqsadlari, mohiyati va amaliy ahamiyati milliy avtomobilda yuk va yoʻlovchilar tashuvchilar oʻrtasida keng yoritilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Ushbu qarorning 2-bandi qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab uch oy oʻtgandan soʻng kuchga kiradi.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi boshligʻi D.T. Dehqonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 15-mart,
202-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-martdagi 202-son qaroriga
1-ILOVA
Avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashishga ruxsatnomalarni ayirboshlash kvotasini belgilash, taqsimlash, berish va foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashishga ruxsatnomalarni ayirboshlash kvotasini belgilash, taqsimlash, berish va foydalanish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizomning amal qilishi milliy va xorijiy tashuvchilarga tatbiq etiladi.
Avtomobilda yoʻlovchilarni muntazam xalqaro tashishni tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish sohasidagi xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadi.
Avtomobil transportida xavfli, katta hajmli va ogʻir vaznli yuklarni tashish xususiyatlari alohida normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilanadi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
avtotransport vositasi:
yoʻlovchilarni, bagajni xalqaro tashishda — yoʻlovchilarni, bagajni tashish uchun moʻljallangan va haydovchi oʻrindigʻi bilan hisoblaganda 9 tadan ortiq oʻrindiqqa ega boʻlgan avtotransport vositasi (avtobus);
yuklarni xalqaro tashishda — yuklarni tashish uchun moʻljallangan avtotransport vositasi (yuk avtomobili, tirkamali yuk avtomobili, shatakchi avtomobil yoki yarim tirkamali shatakchi avtomobil);
milliy tashuvchi — Oʻzbekiston Respublikasi hududida roʻyxatga olingan, mulk huquqi bilan yoki boshqa qonuniy asoslarda unga tegishli avtotransport vositasida yuk yoki yoʻlovchilarni xalqaro tashishda foydalanuvchi va bunga maxsus ruxsatnomaga (litsenziyaga) ega boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
xorijiy tashuvchi — xorijiy davlat hududida roʻyxatga olingan, mulk huquqi bilan yoki boshqa qonuniy asoslarda unga tegishli avtotransport vositasidan yuk yoki yoʻlovchilarni xalqaro tashishda foydalanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish — yuk yoki yoʻlovchilarni ikki yoki undan ortiq davlatlar hududlari boʻylab avtomobil transportida tashish, shuningdek, yuksiz avtotransport vositasining ikki yoki undan ortiq davlatlar hududi boʻylab oʻtishi;
avtomobilda ikki tomonlama yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish (ikki tomonlama yuk va yoʻlovchilar tashish) — milliy tashuvchiga tegishli avtotransport vositasida Oʻzbekiston Respublikasi hududidan xorijiy davlat hududiga yoki xorijiy davlat hududidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tashish hamda xorijiy davlat tashuvchisiga tegishli avtotransport vositasida va ushbu avtotransport vositasi roʻyxatga olingan xorijiy davlat hududidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududidan ushbu xorijiy davlat hududiga tashish;
avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tranzit tashish (tranzit tashish) — avtotransport vositasining yoʻlovchilar yoki yuk bilan (yoki ularsiz) joʻnash va borish punktlari ushbu davlat hududida boʻlmagan davlat hududi boʻylab oʻtishi;
uchinchi davlat hududidan yoxud uchinchi davlat hududiga avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish (uchinchi davlatga/dan tashish) — joʻnatuvchi mamlakatda yuklangan va qabul qiluvchi mamlakatda tushirilgan, joʻnatish yoki qabul qilish mamlakati hisoblanmaydigan mamlakatda roʻyxatga olingan avtotransport vositalarida amalga oshiriladigan yuklarni tashish;
avtomobilda yoʻlovchilarni xalqaro muntazam tashish — oldindan kelishilgan yoʻnalish, jadval, tariflar, tashuvchi tomonidan yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish amalga oshiriladigan toʻxtash punktlari boʻyicha Davlat chegarasidan tashqarida yoki Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi tashqarisidan avtomobil transportida yoʻlovchilar va yukni muntazam tashish.
avtomobilda yoʻlovchilarni xalqaro nomuntazam tashish — avtomobil transportida yoʻlovchilarni xalqaro muntazam tashishga tegishli boʻlmagan, Davlat chegarasidan tashqarida yoki Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi tashqarisidan avtomobil transportida amalga oshiriladigan yoʻlovchilar va bagajni tashish.
qatnov — avtotransport vositasining joʻnash punktidan borish punktigacha oʻtishi.
ruxsatnoma — avtotransport vositasining davlat hududi boʻylab oʻtishi va unda koʻrsatilgan tashish turini amalga oshirish huquqini beruvchi hujjat (blanka);
Oʻzbekiston ruxsatnomasi — xorijiy tashuvchiga tegishli avtotransport vositasining Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab oʻtishiga bir martalik ruxsatnoma;
xorijiy ruxsatnoma — milliy tashuvchiga tegishli avtotransport vositasining xorijiy davlat hududi boʻylab oʻtishiga bir martalik ruxsatnoma;
koʻp tomonlama ruxsatnoma — bunday ruxsatnoma egasiga tegishli boʻlgan avtotransport vositasining koʻp tomonlama ruxsat berish tizimiga aʼzo boʻlgan har qanday davlat hududi boʻylab bir martalik oʻtishiga ruxsatnoma;
ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash kvotasi — xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan ayirboshlash uchun kelishilgan ruxsatnomalar soni;
xalqaro tovar-transport yukxati — xalqaro yoʻllarda yuklarni tashish shartnomasi toʻgʻrisidagi Konvensiyada nazarda tutilgan, shu jumladan, tashilayotgan yuk, uning joʻnatuvchisi va qabul qiluvchisi, tashuvchisi va tashuvni amalga oshiruvchi avtotransport vositasi toʻgʻrisida, shuningdek, uni ortish va tushirish joylari haqidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan hujjat;
Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi — Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashishning umumiy shartlari
3. Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab xorijiy tashuvchilar tomonidan avtomobilda xalqaro, shuningdek tranzit tashish Oʻzbekiston Respublikasining avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish sohasidagi xalqaro shartnomalari qoidalariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining avtomobil transporti toʻgʻrisidagi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasining avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish sohasidagi xalqaro shartnomalarida ikki tomonlama va tranzit tashishni ruxsatnomasiz amalga oshirish nazarda tutilgan taqdirda, bunday tashish tashish turini tasdiqlovchi xalqaro tovar-transport yukxati asosida amalga oshiriladi.
5. Amalga oshirilayotgan avtomobilda xalqaro yuk tashish turi (ikki tomonlama, tranzit yoki uchinchi davlat hududiga/dan tashish) Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlari tomonidan belgilangan mezonlar va tartibga muvofiq xalqaro tovar-transport yukxatidagi maʼlumotlar asosida belgilanadi.
6. Oʻzbekiston ruxsatnomalarida avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish turlari (ikki tomonlama, tranzit yoki uchinchi davlatga/dan tashish) va ulardan foydalanish shartlari koʻrsatiladi.
7. Ruxsatnomalar quyidagi asosiy turlarga boʻlinadi:
a) ikki tomonlama yuk tashish uchun;
b) tranzit yuk tashish uchun;
v) uchinchi davlatga/dan yuk tashish uchun;
g) ikki tomonlama/tranzit yuk tashish uchun;
d) nomuntazam ikki tomonlama qatnovlarda yoʻlovchilarni tashish uchun;
e) nomuntazam tranzit qatnovlarda yoʻlovchilarni tashish uchun;
j) nomuntazam ikki tomonlama/tranzit qatnovlarda yoʻlovchilarni tashish uchun.
Qayd etilgan ruxsatnomalardan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish masalalari boʻyicha qoʻshma/aralash komissiyalarning protokol qarorlari bilan ruxsatnomaning boshqa turlari nazarda tutilishi mumkin.
8. Xorijiy tashuvchilarga tegishli boʻlgan, shu jumladan, ular tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha olib kirilgan avtotransport vositalarida, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqa kelishuv boʻlmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan punktlar orasida yoʻlovchi va yuklarni tashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Avtomobilda xalqaro tashishlarini amalga oshiruvchi tashuvchilar oʻz davlatida roʻyxatga olingan va farqlovchi belgilariga ega boʻlgan avtotransport vositalaridan foydalanishlari lozim, bunda tirkamalar va yarim tirkamalar boshqa davlatda roʻyxatga olingan va farqlovchi belgilarga ega boʻlishi mumkin.
10. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va qonunchiligiga muvofiq avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashishni amalga oshirish uchun talab etiladigan Oʻzbekiston ruxsatnomalari, xalqaro tovar-transport yukxatlari va boshqa hujjatlar avtotransport vositasi Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishidan oldin xorijiy tashuvchi tomonidan toʻldirilishi lozim va avtotransport haydovchilari yonida boʻlishi hamda nazorat qiluvchi organlar talablariga muvofiq avtotransport vositasi haydovchilari tomonidan taqdim etilishi lozim.
11. Oʻzbekiston Respublikasi hududi va xorijiy davlat hududi boʻylab avtomobilda yoʻlovchilarni xalqaro muntazam tashish Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatning vakolatli organlari kelishuvi boʻyicha amalga oshiriladi.
12. Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi Oʻzbekiston Respublikasining avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish sohasidagi xalqaro shartnomalari boʻyicha majburiyatlarini bajarish doirasida ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxema boʻyicha:
milliy tashuvchilarning xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarga boʻlgan bir yillik ehtiyoji haqidagi maʼlumotlarni shakllantiradi;
xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan birgalikda ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash kvotasini aniqlaydi;
xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan ruxsatnomalarni ayirboshlashni tashkil etadi;
maʼlumotlarni oʻzining butunjahon Internet axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytida joylashtirish yoʻli bilan milliy tashuvchilarni xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarning mavjudligi haqida xabardor qiladi;
xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalar milliy tashuvchilarga berilishini taʼminlaydi.
3-bob. Ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash kvotasi
13. Xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarga boʻlgan bir yillik umumiy ehtiyojni aniqlash uchun milliy tashuvchilar kelgusi yil boshlanishidan kamida uch oy oldin Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organiga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha buyurtmanomalar taqdim etadilar.
Xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarga bir yillik umumiy ehtiyojni aniqlash uchun buyurtmanomalar Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organiga bevosita pochta aloqasi yoki elektron tarzda, ular olganligi haqidagi xabarnoma bilan taqdim etilishi mumkin. Elektron tarzda taqdim etilgan hujjatlar milliy tashuvchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanishi lozim.
Buyurtmanomada rejalashtirilayotgan qatnovlar soni (yuk tashish uchun), tashuvchining xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarga bir yillik ehtiyoji har bir davlat/koʻp tomonlama ruxsatnoma tizimi va tashish turi boʻyicha koʻrsatiladi, shuningdek, avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish uchun foydalaniladigan avtotransport vositalari soni qayd etiladi. Buyurtmanoma kelgusi yil mobaynida avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashishni amalga oshirishning aniq prognozlari asosida tuzilishi lozim.
Xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarga bir yillik umumiy ehtiyojni aniqlash uchun buyurtmanomalar belgilangan muddatlarda taqdim etilmagan taqdirda, milliy tashuvchilar asoslangan sabablarini koʻrsatgan holda qolgan davrga yil davomida buyurtmanoma taqdim etishi mumkin.
14. Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi ushbu Nizomning 13-bandiga muvofiq berilgan buyurtmanomalar haqidagi umumlashtirilgan maʼlumotlar asosida kelgusi yil boshlanishidan ikki oy oldin xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarga bir yillik umumiy ehtiyoj toʻgʻrisidagi yigʻma maʼlumotlarni shakllantiradi.
15. Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi kelgusi yil boshlanishiga qadar xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan birgalikda ruxsatnomalar blankalarini ayirboshlash kvotasini aniqlaydi va ularni ayirboshlash jarayonini kelishib oladi.
Ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash oʻzaroviylik shartida amalga oshiriladi.
4-bob. Ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash, ularni taqsimlash va zaxirasini shakllantirish
16. Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash kvotasi doirasida xorijiy davlatlarning vakolatli organlariga Oʻzbekiston/koʻp tomonlama ruxsatnomalarni berishni va xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarni olishni amalga oshiradi.
17. Milliy tashuvchilar ehtiyojini qondiruvchi xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalar ayirboshlash kvotasida ular qabul qilib olinganidan soʻng, oʻn ish kuni mobaynida milliy tashuvchilar oʻrtasida xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarga bir yillik umumiy ehtiyojning yigʻma maʼlumotlariga muvofiq taqsimlanishi lozim.
Xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarning milliy tashuvchilar ehtiyojini qondirmaydigan ayirboshlash kvotasidagi taqsimlash shartlari Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan milliy tashuvchining avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish borasidagi ish tajribasini, avtotransport vositalarining mavjudligi va oʻtgan hisobot yilida foydalanilgan xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarning sonini inobatga olgan holda belgilanadi.
18. Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi taqsimlanadigan ruxsatnomalar boʻyicha zaxiralarni xorijiy davlatlarning vakolatli organlaridan olingan ruxsatnomalar sonining besh foizigacha miqdorda shakllantirishi mumkin. Taqsimlangan ruxsatnomalar milliy tashuvchi tomonidan bir chorak davomida olinmagan taqdirda, ular kelgusi chorak zaxirasiga oʻtkaziladi.
19. Xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarni olish uchun qoʻshimcha buyurtmanoma taqdim etgan milliy tashuvchilar ular bilan Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organining zaxirasidan yoki boshqa milliy tashuvchilar tomonidan olinmay qolgan xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnoma blankalari hisobidan taʼminlanadilar.
Zaxira yoki olinmay qolgan xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnoma blankalari mavjud boʻlmagan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi qoʻshimcha buyurtmanoma olingan kundan boshlab oʻn ish kuni davomida xorijiy davlatning vakolatli organidan joriy yil uchun qoʻshimcha ruxsatnoma blankalari ayirboshlash kvotasini soʻraydi.
5-bob. Milliy tashuvchilarga xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarni berish va ulardan foydalanish
20. Xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarni olish uchun ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda tuzilgan ariza milliy tashuvchilar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organiga taqdim etiladi.
Xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarni olish uchun berilgan ariza Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan ariza olingan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ariza Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organiga bevosita pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda olinganligi haqidagi bildirishnoma bilan taqdim etiladi. Elektron tarzda taqdim etilgan hujjatlar milliy tashuvchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Har bir beriladigan xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnoma uchun ruxsatnomani berish sanasida Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining toʻrtdan biri miqdorida yigʻim undiriladi.
(21-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-avgustdagi 716-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.08.2019-y., 09/19/716/3636-son)
Yigʻilgan mablagʻ Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organining maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladi va undan ruxsatnomalar blankalarini tayyorlash, vakillik xarajatlari, qoʻshma/aralash komissiyalar yigʻilishlarini tashkil etish va oʻtkazish hamda avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish masalalari boʻyicha boshqa tadbirlarga sarflangan xarajatlarini qoplash hamda tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida band boʻlgan xodimlar taʼminoti uchun foydalaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalar avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashishni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan milliy tashuvchilarga beriladi, ushbu Nizomning 31-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
23. Muayyan davlatning buyurtmanomada qayd etilgan xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalari soni milliy tashuvchining avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashishda foydalanilishi mumkin boʻlgan mavjud avtotransport vositalari sonidan koʻp boʻlgan taqdirda, ruxsatnomalar koʻrsatib oʻtilgan avtotransport vositalarining haqiqiy soniga muvofiq beriladi.
Milliy tashuvchiga muayyan davlatning avval berilgan xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalari oʻrniga yangilarini berish ushbu davlatning avval berilgan ruxsatnomalarini qaytarish sharti bilan amalga oshiriladi.
24. Quyidagilar xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarni berishni rad etishga asos boʻladi:
a) milliy tashuvchida avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashishni amalga oshirish uchun litsenziya va (yoki) litsenziya kartochkalari mavjud emasligi yoxud ularning amal qilish muddati toʻxtatib qoʻyilganligi, ushbu Nizomning 31-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno;
b) xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalar yoki ular boʻyicha huquqni ushbu Nizomning 33-bandiga muvofiq boshqa shaxslarga berish holati aniqlanganligi;
v) Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organida xorijiy ruxsatnomalarning mavjud emasligi;
g) tashuvchi tomonidan taqdim etilgan buyurtmanomada notoʻgʻri yoki buzilgan maʼlumotlar mavjudligi.
25. Xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarni berishning boshqa asoslarga koʻra, shu jumladan, maqsadga muvofiq emaslik sababi bilan rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
26. Xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarni berish rad etilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma milliy tashuvchiga tegishli qaror qabul qilingan sanadan boshlab bir ish kunidan kech boʻlmagan muddatda yozma shaklda, shu jumladan, axborot tizimi orqali elektron shaklda, rad etish sababi, qonunchilikning aniq normasi koʻrsatilib va milliy tashuvchi tomonidan qayd etilgan kamchiliklar bartaraf etilib, qayta koʻrib chiqish uchun hujjatlar taqdim etilishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yuboriladi (topshiriladi).
Milliy tashuvchi tomonidan rad etish sabablarini bartaraf etish va takroran koʻrib chiqish uchun hujjatlarni taqdim etish muddati, xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnoma berilishi rad etilganligi toʻgʻrisida yozma yoki elektron shakldagi bildirishnoma olingan sanadan boshlab oʻn ish kunidan kam boʻlmasligi lozim.
27. Xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnoma berishni rad etishga asos boʻlgan sabablar milliy tashuvchi tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etilgan taqdirda, arizani takroran koʻrib chiqish, xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomani berish yoki uni berishni rad etish Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan rad etish sabablari bartaraf etilganligi toʻgʻrisidagi ariza va ular bartaraf etilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar qabul qilingan sanadan eʼtiboran bir ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
28. Arizani takroran koʻrib chiqish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan ariza beruvchi oldin yozma ravishda, shu jumladan, axborot tizimi orqali yoʻllangan elektron shakldagi bildirishnomada koʻrsatilmagan rad etish sabablarini keltirishga yoʻl qoʻyilmaydi, ilgari qayd etilgan sabablarning bartaraf etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan bogʻliq rad etish sabablarini keltirish bundan mustasno.
29. Milliy tashuvchi tomonidan yozma shakldagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat tamom boʻlganidan keyin taqdim etilgan ariza yangi taqdim etilgan ariza hisoblanadi va umumiy tartibda koʻrib chiqiladi.
30. Milliy tashuvchi xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnoma berishning rad etilganligi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organi mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega boʻladi.
31. Milliy tashuvchilarning arizalariga binoan Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organi tomonidan xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnoma zaxiradan va ular tomonidan oʻtgan chorak davomida yangi xarid qilingan va Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan yuklangan avtotransport vositalari uchun olinmagan xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalar blankalari hisobidan beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga yangi xarid qilingan avtotransport vositalari olib kirilishi holati milliy tashuvchilar tomonidan oldi-sotdi shartnomalari yoki hisob-fakturalar (invoys) mavjudligi bilan tasdiqlanadi.
32. Milliy tashuvchiga xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnoma berilganda blankaning tegishli kataklarida Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organi tomonidan majburiy tarzda tashuvchining nomi va uning manzili qayd etiladi, shuningdek, muhr (shtamp) va ruxsatnomani bergan shaxsning imzosi qoʻyiladi.
Xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarga, agar avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish masalalari boʻyicha qoʻshma/aralash komissiyalar protokol qarorlarida boshqa holatlar nazarda tutilmagan boʻlsa, tuzatishlar kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
33. Olingan xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalar milliy tashuvchilar tomonidan ushbu milliy tashuvchining litsenziya kartochkasida qayd etilgan avtotransport vositasida foydalaniladi, yangi xarid qilingan va Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan, litsenziya kartochkalariga ega boʻlmagan yuklangan avtotransport vositalari uchun ruxsatnomalar bundan mustasno.
Ruxsatnomalarni yoki ular boʻyicha huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi. Ruxsatnomalarni yoki ular boʻyicha huquqlarni boshqa shaxslarga berish holati aniqlangan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi uch oygacha muddatga, qayta aniqlangan taqdirda — olti oygacha muddatga xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarni berishni toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
34. Foydalanilgan xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalar Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organiga safar yakunlanganidan soʻng bir oy muddatda, foydalanilmaganlari — ularning amal qilish muddati tugagan kundan boshlab yigirma kalendar kundan kech boʻlmagan muddatda qaytarilishi lozim.
Milliy tashuvchilar xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarni ilova xati bilan birga topshiradilar, unda qaytarilgan sana, davlat/koʻp tomonlama ruxsat berish tizimi nomi va xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalar raqamlari qayd etilib, ushbu ruxsatnomalar ilova qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi qaytarilgan xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalar hisobini mamlakatlar va milliy tashuvchilar boʻyicha yuritadi.
6-bob. Oʻzbekiston ruxsatnomalarini xorijiy tashuvchilarga berish va ulardan foydalanish
35. Oʻzbekiston ruxsatnomalari xorijiy tashuvchilarga oʻz davlatlarining vakolatli organlari tomonidan tegishli yilga ayirboshlangan ruxsatnomalar hisobidan beriladi. Oʻzbekiston ruxsatnomalari joriy kalendar yilda va kelgusi yilning 31-yanvarigacha (ushbu sana ham shunga kiradi) amal qiladi, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqa holat nazarda tutilmagan boʻlsa.
36. Xorijiy tashuvchi har bir safarga borishda oʻz davlatining vakolatli organidan Oʻzbekiston ruxsatnomasi blankasini olishi shart. Ushbu blankadan u faqat bir marta va amalga oshirilayotgan avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashishning bir turi boʻyicha foydalanishi mumkin, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tuzilgan avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish masalalari boʻyicha qoʻshma/aralash protokol qarorlarida boshqa holat nazarda tutilmagan boʻlsa.
Oʻzbekiston ruxsatnomasi blankasining toʻldirilishi zarur boʻlgan barcha bandlarida toʻlaqonli va aniq maʼlumotlar qayd etilishi lozim. Hech boʻlmaganda bitta toʻldirilmagan bandning mavjudligi Oʻzbekiston Respublikasi nazorat organlari tomonidan ruxsatnomaning haqiqiy emas deb eʼtirof etilishi uchun asos boʻladi.
37. Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab tranzit qatnovdan orqaga qaytib harakatlanayotgan xorijiy yuk avtotransport vositasining Oʻzbekiston Respublikasi hududida yoʻl-yoʻlakay yuk olishiga Oʻzbekistonning avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashishning tegishli turi uchun haqiqiy boʻlgan qoʻshimcha ruxsatnomasi mavjud boʻlgan taqdirdagina ruxsat etiladi.
38. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga uchinchi mamlakatlardan boshqa transport turlaridan (havo, temir yoʻl, dengiz) foydalangan holda yuk tashish, kelgusida avtotransport roʻyxatga olingan mamlakatda qayta yuklanishi (yuk ortilishi/yuk tushirilishi) bilan amalga oshirilganda, qayd etilgan tashish ishlov berish terminalining (transport turlarini almashtirish joyi) haqiqiy bojxona muhrlari bosilgan tovar-transport hujjatlari bilan tasdiqlangan taqdirda, uchinchi mamlakatga/dan Oʻzbekiston ruxsatnomasi talab etilmaydi. Shu bilan birga, bunday tashish ikki tomonlama tashish uchun beriladigan Oʻzbekiston ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi.
39. Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanish uchun moʻljallangan roʻyxatga olish va farqlash belgilariga ega boʻlmagan, shu jumladan, yuklangan avtotransport vositalarini olib kelishda Oʻzbekiston ruxsatnomasi talab etilmaydi.
7-bob. Ruxsatnoma blankalari shakli
40. Ruxsatnoma blankalari qatʼiy hisobot beriladigan hujjatlar hisoblanadi hamda hisobga olish seriyasi, raqam va himoyalangan darajasiga ega. Oʻzbekiston ruxsatnomalarining blankalari shakli Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi hamda uning buyurtmasiga binoan matbaa usulida tayyorlanadi.
Ruxsatnoma blankalarining hisobga olinishi, saqlanishi va maqsadli foydalanilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organining rahbari javob beradi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
41. Milliy tashuvchilar xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarning zarur tarzda va toʻgʻri toʻldirilishi, ulardan maqsadli foydalanilishi va oʻz vaqtida qaytarilishi uchun javob beradilar.
42. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish uchun ruxsatnomalarni ayirboshlash, taqsimlash, berish va foydalanish kvotasini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan ruxsatnomalarni ayirboshlash va xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarni milliy tashuvchilarga berish
SXEMASI
Avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish uchun ruxsatnomalarni ayirboshlash, taqsimlash, berish va foydalanish kvotasini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

_____________________________________________
(Tashuvchining nomi, rekvizitlari, manzili, telefoni, STIR)

‎Xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarga boʻlgan umumiy yillik ehtiyojni
‎aniqlash uchun _______ yilga
‎ARIZA


‎‎‎1-jadval
‎ (yuk tashish uchun)

‎‎Qatnovlarning rejalashtirilayotgan soni (toʻgʻri va orqaga qaytish yoʻnalishda)

T/r‎‎‏‎‎‏

Boriladigan yoʻnalish‎‎‎

Rejalashtirilayotgan yilga qatnovlar soni (R)

‎Yoʻnalish masofasi‎

Bir qatnovga hisoblan-gan vaqt, kunlar (D)

Avtotransport vositalarining hisoblangan soni‏

‎‎‏Joʻnash mamlakati

‎‎‏Tranzit mamlakat (lar)

Boriladigan mamlakat

1‎

2‎

3‎

4‎

5‎

6‎

‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎
‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎
‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎
‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎
* Boriladigan yoʻnalishni toʻldirishda ISO 3166-1 “Jahon mamlakatlari klassifikatori” xalqaro standartlariga muvofiq mamlakatlarning ikki harfli kodlarini qoʻllashga ruxsat etiladi.
** Avtotransport vositalarining hisoblangan soni 2-jadvalda koʻrsatilgan yuklarni tashish uchun moʻljallangan avtotransport vositalari sonidan ortiq boʻlishi mumkin emas.

‎‎2-jadval

‎‎
‎Horijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarga boʻlgan yillik ehtiyoj
‎‎‏T/r Davlat/koʻp tomonlama ruxsatnoma tizimining nomi‎‎‏ Ruxsatnoma turi‎‎‏ Ruxsatnomalar soni, ta‎‎‏ Shu jumladan, ta‎‎‎
I
‎chorak‎‎
II
‎chorak‎‎
III
‎chorak‎‎
IV
‎chorak‎‎
‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎
‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎
‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎
‎‎ ‎‎ ‎‎
‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎
‎‎

JAMI:‎‎

‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎
* Quyidagilar uchun ruxsatnomalarning asosiy turlari: ikki tomonlama yuk tashish uchun; tranzit yuk tashish uchun; uchinchi mamlakatlarga/dan yuk tashish uchun; ikki tomonlama/tranzit yuk tashish uchun; ikki tomonlama yoʻnalishlarda yoʻlovchilarni nomuntazam tashish uchun; tranzit yoʻnalishlarda yoʻlovchilarni nomuntazam tashish uchun; ikki tomonlama/tranzit yoʻnalishlarda yoʻlovchilarni nomuntazam tashish uchun.
** Avtotransport vositalarida yuk tashish uchun xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarga boʻlgan ehtiyoj 1-jadvalga muvofiq rejalashtirilayotgan qatnovlar sonidan kelib chiqib belgilanadi.
‎Avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish uchun foydalaniladigan avtotransport vositalarining soni, ta:

‎Yuk tashish uchun — __.

‎Yoʻlovchilar tashish uchun — ___.
Rahbar: ________________________________________‎‎

‎‎______________

(F.I.O.) ‎

‎‎(imzo)

‎M.Oʻ.

‎‎Sana 20_____ y. “___” _________________
Avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish uchun ruxsatnomalarni ayirboshlash, taqsimlash, berish va foydalanish kvotasini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

‎‎Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi

‎________________________________________________
‎ (Tashuvchining nomi, rekvizitlari, manzili, telefoni, STIR)

‎Avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish uchun
‎xorijiy/koʻptomonlama ruxsatnomalar olish uchun
‎ARIZA

‎Avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish uchun ruxsatnomalarni ayirboshlash, taqsimlash, berish va foydalanish kvotasini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish uchun quyidagi xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalar berishingizni soʻrayman:

T/r‎ Davlat/koʻp tomonlama ruxsatnoma tizimining nomi‎‎ Ruxsatnomalar turi‎‎ Ruxsatnomalar soni
‎‎ ‎‎ ‎‎
‎‎ ‎‎
‎‎ ‎‎
‎‎ ‎‎ ‎‎
‎‎Rahbar: _________________________________

___________________

(F.I.O.) ‎‎

(imzo)‎‎

M.Oʻ.‎

‎‎Sana 20_____ y. “___” _________________
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-martdagi 202-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Avtomobilda xorijiy yuk tashuvchilarning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishlari, boʻlishlari, yuk olib oʻtishlari va undan chiqib ketishlari tartibi toʻgʻrisida” 1995-yil 11-yanvardagi 11-son qarorida:
a) 5-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yigʻimlarni undirish milliy valyuta “soʻm”da naqd pulsiz shaklda yoki tijorat banklari tomonidan bevosita bojxona postlarida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻlov kunidagi kursi boʻyicha naqd pul shaklida amalga oshiriladi, olingan mablagʻlar jamgʻarma daromadlarining tranzit hisob raqamlari orqali Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi hisob raqamlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻtkaziladi”;
b) 6-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha shartlar kelishilmagan boʻlsa, xorijiy tashuvchilarga tegishli boʻlgan, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga ular tomonidan vaqtincha olib kelingan avtotransport vositalarida yuk va yoʻlovchilarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan punktlar oʻrtasida tashish (kabotaj)”;
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-maydagi PF-5428-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 06/18/5428/1158-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-maydagi PF-5428-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 06/18/5428/1158-son)
4. Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududida boʻlishining qoʻshimcha shartlari toʻgʻrisida” 2000-yil 12-yanvardagi 11-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 1-son, 3-modda):
a) 1-ilovaga izoh quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Izoh: yigʻimlarni undirish milliy valyuta “soʻm”da naqd pulsiz shaklda yoki tijorat banklari tomonidan bevosita bojxona postlarida naqd pul shaklida amalga oshiriladi, mablagʻlar keyinchalik shartnoma asosida sugʻurta tashkilotlarining hisob raqamlariga oʻtkaziladi”;
b) 3-ilovaga izoh quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Izoh: yigʻimlarni undirish milliy valyuta “soʻm”da naqd pulsiz shaklda yoki tijorat banklari tomonidan bevosita bojxona postlarida naqd pul shaklida amalga oshiriladi, olingan mablagʻlar davlat bojxona xizmati organlarining shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari orqali Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetiga oʻtkaziladi”.
5. Vazirlar Mahkamasining “Tojikiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi avtotransport vositalari haydovchilarining uchinchi shaxslar oldida Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolik javobgarligi toʻgʻrisida” 2000-yil 18-fevraldagi 59-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 2-son, 9-modda) 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Belgilab qoʻyilsinki, sugʻurta mukofotlari milliy valyuta “soʻm”da naqd pulsiz shaklda yoki tijorat banklari tomonidan bevosita bojxona postlarida naqd pul shaklida amalga oshiriladi, mablagʻlar keyinchalik shartnoma asosida sugʻurta tashkilotlarining hisob raqamlariga oʻtkaziladi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-maydagi PF-5428-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 06/18/5428/1158-son)
7. Vazirlar Mahkamasining “Afgʻoniston hududiga tijorat yuklarini transportda tashishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 31-yanvardagi 41-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 1-son, 6-modda) 4-bandining ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Afgʻonistonga borayotgan avtotransport vositalaridan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish va tranzit uchun toʻlov milliy valyuta “soʻm”da naqd pulsiz shaklda yoki tijorat banklari tomonidan bevosita bojxona postlarida naqd pul shaklida undirilishi, mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻlov kunidagi kursi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi hisobraqamiga belgilangan tartibda oʻtkazilishi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-maydagi PF-5428-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 06/18/5428/1158-son)
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-martdagi 202-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Tojikiston Respublikasi yuk avtotransport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida” 1998-yil 1-dekabrdagi 506-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yilgi davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida” 2004-yil 28-dekabrdagi 610-son qaroriga 32-ilovaning 3-bandi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.03.2018-y., 09/18/202/0904-son, 04.05.2018-y., 06/18/5428/1158-son; 26.08.2019-y., 09/19/716/3636-son; 08.05.2020-y., 09/20/271/0565-son; 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 09/23/277/0458-son)