toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 17.02.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON BOLALAR SPORTINI RIVOJLANTIRISh JAMG‘ARMASI FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-fevraldagi PF-4956-sonli “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Bolalar jismoniy tarbiyasi va sportini 2004—2009-yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturini amalga oshirish bilan bevosita bog‘liq holda rivojlantirish masalalarida ishlarni aniq muvofiqlashtirishni ta’minlash hamda yagona davlat siyosatini o‘tkazish maqsadida:
1. O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Markaziy ijroiya apparatini 2004-yil 1-sentabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi qaramog‘iga o‘tkazish to‘g‘risida O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylar kengashi va muassislarining taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy filiallari Jamg‘arma Markaziy ijroiya apparatiga bevosita bo‘ysunadilar va ayni vaqtda xalq ta’limining tegishli hududiy organlariga hisobot beradilar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 24-oktabrdagi PF-3154-son Farmoni bilan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi uchun belgilab berilgan asosiy vazifalar, huquq, imtiyoz va moliyalash manbalari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasida saqlab qolinsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida” 2002-yil 24-oktabrdagi PF-3154-son Farmonining 3-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur Farmonni amalga oshirish yuzasidan qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 29-avgust,
PF-3481-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 34-35-son, 390-modda)