1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.10.00 Yoqilgʻi sanoati (neft qazib chiqarish va neftni qayta ishlash sanoati, gaz va koʻmir sanoati);
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.12.00 Geologiya;
3.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.13.00 Qazilma xomashyolarni qazib olish sanoati]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Er osti boyliklari;
2.Iqtisodiyot / Sanoat;
3.Iqtisodiyot / Konchilik]
Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyatida “Mustaqillikning 25 yilligi” konini oldindan qidirish va ishlab chiqish bilan “Oʻzbekiston mustaqilligi” investitsiya blokida geologiya-qidiruv ishlarini oʻtkazish va gaz-kimyo kompleksi qurish toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Geologiya-qidiruv ishlariga, uglevodorod xomashyosini qazib olishni koʻpaytirishni taʼminlaydigan ilgʻor va zamonaviy texnologik yechimlardan foydalangan holda uglevodorod xomashyosini qazib olish hamda ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
“Gas Project Development Central Asia AG” (Shveysariya), “Altmax Nolding Ltd” va “Oʻzneftgazqazibchiqarish” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Surxondaryo viloyatida gaz-kimyo majmuasi qurilishi bilan “Mustaqillikning 25 yilligi” konini razvedka qilish va ishlatish boʻyicha “Oʻzbekiston mustaqilligi” investitsiya blokiga nisbatan Mahsulot taqsimotiga oid bitimni (keyingi oʻrinlarda Bitim deb ataladi) amalga oshirish uchun yuridik shaxs tashkil etmagan holda investorlar konsorsiumi (keyingi oʻrinlarda investor deb ataladi) tashkil etilganligi;
Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish shartlarini ishlab chiqish va mahsulot taqsimotiga oid bitimlar loyihalarini koʻrib chiqish boʻyicha maxsus davlat komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi va investor oʻrtasidagi Bitim matni maʼqullandi;
Oʻzbekiston Respublikasi va investor oʻrtasidagi Bitim 2017-yil 5-aprelda Moskva shahrida (Rossiya Federatsiyasi) imzolangan boʻlib, investor tomonidan quyidagi majburiyatlar qabul qilingan:
neft-gaz operatsiyalarini qonun hujjatlariga va Bitim shartlariga, shuningdek xalqaro neft-gaz sanoatida umumqabul qilingan prinsiplarga va eng yuqori iqtisodiy samaradorlik prinsipiga muvofiq amalga oshirish;
neft-gaz operatsiyalarini oʻz hisobidan va oʻz tavakkalchiligi bilan amalga oshirish hamda Bitim qoidalariga rioya qilish sharti bilan geologiya-qidiruv ishlari dasturini, konlarni ishlatish dasturlarini va yillik ishchi dasturlarni bajarish uchun zarur boʻlgan hajmlarda moliyalashtirishni (shu jumladan, loyihaviy moliyalashtirishni), shuningdek, ularning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash;
operator va marketing kompaniyasining xatti-harakatlari uchun oʻz xatti-harakatlari kabi mulkiy javobgar boʻlish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan normalar bilan bir qatorda quyidagi asosiy shartlarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi bilan investor oʻrtasidagi Bitim maʼqullansin:
“Altmax Nolding Ltd” kompaniyasi tomonidan Bitim doirasida ishlarni bajarishni tashkil etish uchun operatorni, shuningdek, Bitim shartlariga muvofiq qazib olingan (ishlab chiqarilgan) mahsulotni sotish maqsadida marketing kompaniyasini tashkil etish;
investorning Oʻzbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyatining “Oʻzbekiston mustaqilligi” investitsiya blokini geologik jihatdan oʻrganish uchun yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini beradigan litsenziya olingan sanadan boshlab “Mustaqillikning 25 yilligi” konida baholash qudugʻini burgʻulash ishlarini boshlash huquqi;
baholash qudugʻini burgʻilash va “Mustaqillikning 25 yilligi” konining uglevodorod zaxiralarini aniqlashtirish natijalari asosida Bitimni amalga oshirish boʻyicha loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslanishini (loyihaning DTIA) investor tomonidan ishlab chiqish, keyinchalik loyihaning DTIAni belgilangan tartibda kelishish va tasdiqlash;
Bitimning tijorat shartlarini, shu jumladan mahsulot taqsimoti shkalasini, kompensatsiya mahsulotining cheklangan darajasi miqdorini, soliq solish rejimini, moliyalashtirish xarajatlari stavkasini va loyihaning DTIAsini tasdiqlash natijalari boʻyicha boshqa asosiy iqtisodiy koʻrsatkichlarni kelishish;
Bitimni amalga oshirish doirasida investorga beriladigan imtiyozlar va preferensiyalarni operator va marketing kompaniyasiga tatbiq etish;
Bitimga muvofiq operator va marketing kompaniyasining Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi hisob raqamlariga oʻtkaziladigan valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan ozod qilish;
operator va marketing kompaniyasining xatti-harakatlari uchun investorning mulkiy javobgarligi.
3. “Oʻzbekneftgaz” AJ Bitimni amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi etib belgilansin va unga quyidagilar yuklansin:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining Bitimni amalga oshirish boʻyicha majburiyatlarini bajarish masalalari boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
investor tomonidan qabul qilingan majburiyatlar va ishlarni bajarish jadvallari bajarilishi, shuningdek, mahsulotni sotishdan tushgan tushumning Bitimda nazarda tutilgan tartibda oʻz vaqtida taqsimlanishi ustidan nazoratni amalga oshirish.
ikki oy muddatda “Oʻzbekneftgaz” MXK huzurida Bitimni amalga oshirish guruhi (keyingi oʻrinlarda — GRS) ni tashkil etish, uni Bitim doirasida ishlarni tashkil etish boʻyicha ishchi organ etib belgilash.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
soliq solish rejimi, shu jumladan bojxona toʻlovlarini toʻlash Bitimda nazarda tutilgan shartlarda, shu jumladan Bitimning tijorat shartlarida amalga oshiriladi va Bitimning butun amal qilish muddati davomida oʻz kuchini saqlab qoladi;
operator tomonidan majburiy tartibda Bitimda va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan turlar boʻyicha sugʻurta amalga oshiriladi;
investor Bitimning tijorat shartlarini kelishishda aniqlanadigan stavka boʻyicha foyda soligʻini toʻlaydi, bunda investorning sof foydasi soliqlardan ozod qilinadi;
operatorning Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan pudratchi tashkilotlari Bitimni amalga oshirish maqsadida ular tomonidan import qilingan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) qiymatiga kamaytirilgan holda ularning hisob raqamlariga tushadigan valyuta tushumini majburiy sotadi;
“Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar Bitimning amal qilish muddati davomida mol-mulk qismi boʻyicha mol-mulk soligʻini toʻlashdan ozod etiladi.
Bitimning Oʻzbekiston tomonidan boshqaruv qoʻmitasi tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;
operator Bitimni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan pudrat tashkilotlari tomonidan yetkazib beriladigan (koʻrsatiladigan) tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasida hisob-kitoblar va toʻlovlarni amalga oshirish huquqiga ega.
41. Bitimni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida, istisno tariqasida, “Surhan Gas Chemical Operating Company” MCHJ XKga:
2020-yil 1-yanvarga qadar — loyiha va pudrat tashkilotlari bilan toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish asosida ishlarni tender oʻtkazmasdan bajarish boʻyicha shartnomalar tuzish uchun;
2022-yil 1-yanvarga qadar — loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun;
loyiha-smeta hujjatlari tasdiqlangunga qadar ishlarni jadal moliyalashtirishni amalga oshirish.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Bitim imzolanganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga Bitim shartlarini yomonlashtiruvchi oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritilgan taqdirda (ishlarni xavfsiz olib borish, mehnatni, yer qaʼrini, atrof-muhitni va fuqarolar sogʻligʻini muhofaza qilish boʻyicha standartlar (normalar, qoidalar) ga oʻzgartirishlar bundan mustasno) Bitimda nazarda tutilgan shartlarning amal qilishi saqlanib qoladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi “Altmax Nolding Ltd” kompaniyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyatining “Oʻzbekiston mustaqilligi” investitsiya blokini geologik oʻrganish uchun yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi uchun belgilangan tartibda litsenziya bersin, unda “Altmax Nolding Ltd” kompaniyasi “Gas Project Development Central Asia AG,” “Altmax Nolding Ltd” va “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AK kompaniyalari tarkibidagi investorlar konsorsiumi nomidan ish koʻrishi koʻrsatib oʻtilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tashkil etilayotgan operatorga Bitimni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida Oʻzbekiston Respublikasining rezident banklari bilan vakillik munosabatlariga ega boʻlgan banklarda faqat neft-gaz operatsiyalarini amalga oshirish maqsadlari uchun foydalaniladigan chet el valyutasidagi bank hisobvaraqlarini ochishga ruxsat bersin.
12. “Oʻzbekneftgaz” MXK manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda Bitimni amalga oshirish chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV