Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, arxitektura va shaharsozlik masalalari boʻyicha qonun hujjatlari talablariga rioya qilinishini tekshirish davomida shaharlar va aholi yashash joylarini rivojlantirishning bosh rejalari yoʻqligining, obyektlar loyiha-smeta hujjatlari va ruxsat berish hujjatlarisiz qurilishining koʻplab hollari aniqlandi.
Tender hujjatlarini tasdiqlangan tartibga soluvchi hujjatlarsiz ekspertizadan oʻtkazish hollari davom etmoqda, pudrat ishlariga tuzilgan shartnomalar shartlari bajarilmayapti, narx belgilash mexanizmi ustidan zarur darajada nazorat oʻrnatilmagan.
Arxitektura va shaharsozlik sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilinishi yuzasidan yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni tugatish, transport magistrallari, muhandislik-kommunikatsiya tizimlari va ijtimoiy-maishiy infratuzilmani ishga tushirishni hisobga olgan holda shaharlar, tumanlar va posyolkalarni kompleks rivojlantirishdagi buzilishlarni bartaraf etish, joylardagi ijro etuvchi organlar rahbarlarining masʼuliyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar hamda arxitektura va shaharsozlik masalalari boʻyicha qonunchilik hujjatlari va Hukumat qarorlarining bajarilishi ustidan nazoratni boʻshashtirib yuborganligi uchun Samarqand (E. Roʻziyev), Buxoro (S. Xusenov), Namangan (T. Jabborov), Toshkent (U. Mirzaqulov) va Fargʻona (A. Otaboyev) viloyatlari hokimlariga hayfsan berilsin.
2. Toshkent shahar hokimi K. Toʻlaganovning eʼtibori obyektlar tasdiqlagan loyiha-smeta hujjatlari va ruxsat berish hujjatlarisiz qurilishi hollari mavjudligiga qaratilsin.
3. Samarqand, Buxoro, Namangan, Toshkent, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahar hokimlari shaharsozlik talablarini buzgan, hamda obyektlar qurilishiga yoʻl qoʻygan joylardagi mansabdor shaxslarning javobgarlik darajasini bir hafta muddatda koʻrib chiqsinlar, hokimlarning qurilish boʻyicha oʻrinbosarlari faoliyatiga qatʼiy baho bersinlar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari shaharlar va aholi yashash joylari qurilishining tasdiqlangan bosh rejalariga qatʼiy rioya qilinishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari toʻgʻrisida ogohlantirilsinlar. Ularga qurilishda narx belgilash mexanizmi ustidan doimiy monitoring yuritilishini tashkil etish majburiyati yuklansin.
5. Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi (A.N. Isayev) uy-joy, arxitektura-shaharsozlik qonun hujjatlariga rioya qilinishi ustidan nazorat oʻrnatish boʻyicha hududiy komissiyalar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida arxitektura va shahar qurilishini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 26-apreldagi PF-2595-son
Farmoni va mazkur masalalar boʻyicha Hukumat qarorlarining bajarilishini bir oy muddatda batafsil tahlil qilib chiqsin. Bu sohada amaldagi qonun hujjatlariga soʻzsiz rioya qilinishini taʼminlash yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilasin. Qilingan ishlar natijalari toʻgʻrisida 2000-yilning 10-oktabrigacha Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.
6. “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi (A.R. Toʻxtayev) shaharlar va aholi yashash joylari qurilishlarining tasdiqlangan bosh rejalariga rioya qilinishi, qurilish tegishli loyiha-smeta hujjatlari va ruxsat berish hujjatlari albatta mavjud boʻlgan holda amalga oshirilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Shaharlar, tuman markazlari va shahar tipdagi posyolkalarning bosh rejalarini ishlab chiqish va ularni qurish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2000-yil 14-avgustdagi 320-son
qarori talablari boshqaruvning tarmoq va hududiy organlari tomonidan qatʼiy bajarilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari A.N. Isayev zimmasiga yuklansin.