Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari gʻoliblari boʻlgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarini taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 2-oktabrdagi PQ-3306-son
qarorini ijro etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2008-y., 42-son, 422-modda) bilan tasdiqlangan Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari gʻoliblari boʻlgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarini taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi
nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi raisi R.J. Qurbonov zimmasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Sogʻliqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari gʻoliblari boʻlgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarini taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1.
1-bandda “sportning olimpiya turlari” soʻzlaridan keyin “Kurash” milliy sport turi” soʻzlari qoʻshilsin;
2.
2 va
3-bandlar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2. Respublika (1-oʻrin) va xalqaro tanlovlar va musobaqalarning (Olimpiya oʻyinlarida, Osiyo oʻyinlarida, jahon chempionatida va Osiyo chempionatida 1 — 3-oʻrinlar) individual turlarida gʻolib chiqqan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablarining bitiruvchilari oliy taʼlim muassasasiga test sinovlarisiz va qoʻshimcha imtihonsiz qabul qilinadilar.
3. Respublika (1-oʻrin) va xalqaro tanlovlar va musobaqalarning (Olimpiya oʻyinlarida, Osiyo oʻyinlarida, jahon chempionatida va Osiyo chempionatida 1 — 3-oʻrinlar) jamoa turlari gʻoliblari oʻz komandalari tarkibidan — akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablari bitiruvchilaridan oliy taʼlim muassasasiga test sinovlarisiz va qoʻshimcha imtihonsiz qabul qilish uchun uch nomzodni belgilaydilar”.