1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.02.00 Taʼlim tizimini boshqarish;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.11.00 Taʼlim muassasalariga qabul qilish, oʻqishni koʻchirish, oʻqishdan chetlashtirish va qayta tiklash;
3.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.72.00 (Кучини йукотган) Oliy taʼlim (bakalavriat va magistratura)]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi instituti magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-310-sonli “Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 2-iyundagi PQ-3030-son qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi institutida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, shuningdek Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 2-iyundagi PQ-3030-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi institutida (keyingi oʻrinlarda Institut deb ataladi) 5A640103 — “Favqulodda vaziyatlarda aholi xavfsizligi” mutaxassisligi boʻyicha magistratura bosqichi (keyingi oʻrinlarda magistratura bosqichi deb ataladi) ochilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
magistratura bosqichiga respublikadagi tegishli oliy taʼlim muassasalarining 5640100 — “Hayotiy faoliyat xavfsizligi” yoʻnalishi boʻyicha bakalavriat bosqichini tamomlagan oliy maʼlumotli mutaxassislar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, shuningdek Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida besh yildan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega boʻlgan xodimlari qabul qilinadi;
magistratura bosqichiga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017-yil 20-iyundagi 393-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
magistratura bosqichida davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida taʼlim oluvchi tinglovchilarning asosiy ish joyi va oʻrtacha oylik ish haqi ularning oʻqish muddati davrida saqlanadi;
doimiy ish joyiga ega boʻlmaganlar safidan magistraturaga qabul qilingan tinglovchilar oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun belgilangan stipendiya miqdorlariga muvofiq stipendiya bilan taʼminlanadi;
magistratura bosqichida toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishning toʻlov miqdorlari tegishli yoʻnalishlari boʻyicha oliy taʼlim muassasalari magistraturasidagi toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishning miqdorlariga tenglashtiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda:
2017-yilning 25-avgustiga qadar tajribali professor-oʻqituvchilar tarkibidan magistraturaga qabul qilishni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha komissiya tuzsin;
2017-yilning 31-avgustiga qadar magistratura boʻyicha davlat taʼlim standartlari asosida magistrlarni tayyorlash oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi institutining magistratura bosqichiga 2017/2018 oʻquv yili uchun qabul kvotasi jami 25 ta oʻrin, shundan 8 ta oʻrin davlat granti va 17 ta oʻrin toʻlov-kontrakt asosida belgilansin.
5. 2017/2018 oʻquv yilida magistratura bosqichi uchun istisno tariqasida:
hujjatlar 1 — 10-sentabr kunlari qabul qilinsin;
kirish sinovlari (maxsus test) 15-sentabr kuni oʻtkazilsin;
oʻquv yili 2-oktabrdan boshlansin.
2018/2019 oʻquv yilida va keyingi yillarda magistratura bosqichiga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarining magistraturasiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda amalga oshirilsin.
6. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri R.M. Djurayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 23-avgust,
667-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 34-son, 898-modda)