toggle_night_mode
Hujjat 07.06.2018 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Oʻzsanoateksport” AJ faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Iqtisodiyot tarmoqlarining eksport salohiyatini kengaytirish, tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda, raqobatbardosh mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarishda ularga har tomonlama yordam koʻrsatish boʻyicha “Oʻzsanoateksport” AJ faoliyatining samaradorligini yanada oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar “Oʻzsanoateksport” AJ faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:
birinchidan, chuqur marketing tadqiqotlarini olib borish, mamlakat iqtisodiyot tarmoqlarining mahsulotlariga boʻlgan jahon konyunkturasi tendensiyalarini oʻrganish va buning asosida mahalliy mahsulotlarni sotishning istiqbolli xorijiy bozorlarini aniqlash va eksportga mahsulot yetkazib berish geografiyasini kengaytirish;
ikkinchidan, tashkilotlar va tadbirkorlik subyektlariga oʻzlari ishlab chiqarayotgan mahsulotning chet ellardagi potensial xaridorlarini izlab topishda koʻmaklashish, shuningdek, mamlakatimiz korxonalarida eksportga yoʻnaltirilgan raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga xorijiy sheriklarning buyurtmalarini joylashtirish;
uchinchidan, mahalliy mahsulot yetishtiruvchilarni keng namoyish etishni taʼminlash hamda ana shu mahsulotni sotishni ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida oʻtkaziladigan tender (tanlov) savdolarida, xalqaro savdo-sanoat koʻrgazmalari, yarmarkalar va boshqa shunga oʻxshash tadbirlarda qatnashish, ixtisoslashtirilgan internet-nashrlarda Oʻzbekiston Respublikasining eksport salohiyati toʻgʻrisidagi, tashkilotlarning ilmiy va ishlab chiqarish imkoniyatlari haqidagi axborotni tarqatish;
toʻrtinchidan, mashinasozlik, farmatsevtika, neft-gaz, metallurgiya, toʻqimachilik, gʻallachilik, kimyo va neft-kimyo sanoati, qurilish materiallari sanoati hamda boshqa sanoat korxonalariga ularning mahsulotlari eksportga chiqarilishida koʻmaklashish, shu jumladan korxonalarni eksport oldidan moliyalashtirish shaklida kreditlash;
beshinchidan, chet ellarda tashkilotlar (savdo uylari, vakolatxona va korxonalar) barpo etish hamda konsignatsiya shartnomalari (kontraktlari) va boshqa shakldagi shartnomalar asosida ularning manziliga tovarlar yuklab joʻnatilishini taʼminlash;
oltinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida respublika sanoat korxonalarining boʻsh yotgan ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish maqsadida qayta ishlash (tolling) boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish uchun xorijiy kompaniyalarni jalb etish;
yettinchidan, chet ellardan tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilishda davlat organlari va tashkilotlarga, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda yordam koʻrsatish.
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri (E.M. Gʻaniyev), “Oʻzsanoateksport” AJ boshqaruvi raisi (E.Ya. Yunusov) hamda uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning rahbarlari zimmasiga aksiyadorlik jamiyatiga yuklangan vazifalar oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
2. “Oʻzsanoateksport” AJning boshqaruv xodimlari cheklangan soni 40 nafardan iborat boʻlgan ijro apparati tuzilmasi ilovaga muvofiq maʼqullansin.
3. “Oʻzsanoateksport” AJga:
“Oʻzsanoateksport” AJning chet ellardagi savdo uylari manziliga ozuqabop bugʻdoydan foydalanishning tasdiqlangan balansi hajmlari doirasida konsignatsiya shartlariga muvofiq oziq-ovqat uni va bugʻdoyni yuklab joʻnatish;
“Oʻzsanoateksport” AJ tomonidan olib kelingan va “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga joylashtirilgan xom ashyo va materiallarni qayta ishlash natijalariga koʻra olingan mahsulotlarni jahon bozorlarida sotish uchun keyinchalik olib chiqib ketish huquqi berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-dekabrdagi PF-5287-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2017-y., 06/17/5287/0425-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PF-5456-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi (E.M. Gʻaniyev) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi U.U. Rozukulov va Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri E.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 16-avgust,
PQ-3220-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3220-son qaroriga
ILOVA
“Oʻzsanoateksport” AJ ijro apparati
TUZILMASI

Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi


Taftish komissiyasi


Kuzatuv kengashi


Ichki audit xizmati


Boshqaruv raisi



Marketing va eksport boʻyicha direktor

Rejalashtirish

va moliyalashtirish boʻyicha direktor

Xaridlar va logistika boʻyicha direktor

Yuridik boʻlim

3 nafar


Marketing va istiqbolli jahon bozorlari konyunkturasini oʻrganish

4 nafar

Strategik rejalashtirish boʻlimi

5 nafar


Axborot texnologiyalari xizmati

1 nafar

Tashqi xaridlar boʻlimi

3 nafar


Buxgalteriya hisobi va valyuta hisob-kitoblari boʻlimi

6 nafar


Mashinasozlik va metallurgiya mahsulotlarini eksport qilish boʻlimi

2 nafar

Xodimlarni boshqarish xizmati

1 nafar

Yetkazib berishlar logistikasini tashkil etish boʻlimi

2 nafar



Aksiyadorlar bilan korporativ munosabatlarni oʻrnatish xizmati

1 nafar


Kimyo va neft-kimyo mahsulotlarini eksport qilish boʻlimi

3 nafar

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ijro intizomini nazorat qilish shuʼbasi

2 nafar


Qurilish materiallari, farmatsevtika, toʻqimachilik va boshqa mahsulotlarni eksport qilish boʻlimi

3 nafar

Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 40 nafar
 LexUZ sharhi
Ilova norasmiy tarjima.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 34-son, 877-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2017-y., 06/17/5287/0425-son, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son)