1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.10.00 Pedagoglarning va taʼlim tashkilotlari boshqa xodimlarining huquqiy maqomi;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.72.00 (Кучини йукотган) Oliy taʼlim (bakalavriat va magistratura)]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini tashkil etish toʻgʻrisida
Bugungi kunda Toshkent viloyati xalq taʼlimi tizimida jami 1348 ta taʼlim muassasalari, jumladan 406 ta maktabgacha taʼlim muassasalari, 871 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablari, 2 ta Mehribonlik uylari, 31 ta bolalar musiqa va sanʼat maktablari, 19 ta “Barkamol avlod” markazlari, 19 ta bolalar va oʻsmirlar sport maktablari faoliyat koʻrsatmoqda. Qabul qilingan davlat dasturlari doirasida mazkur taʼlim muassasalarining samaradorligini oshirish, ularni moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, viloyatda maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, bolalarni maktabga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, taʼlim-tarbiya jarayoniga zamonaviy taʼlim dasturlarini tatbiq etish, yoshlarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy qobiliyatlarini rivojlantirish borasida taʼlim muassasalarini malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash yoʻnalishlarida qator dolzarb masalalar mavjud.
Toshkent viloyati maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari taʼlim muassasalarining tarbiyachilar, boshlangʻich sinf oʻqituvchilari, ayniqsa aniq fanlar va chet tillari boʻyicha oʻqituvchilarga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish, tumanlar va qishloq joylaridagi taʼlim muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash hamda xalqaro standartlar darajasiga mos oliy maʼlumotli pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini joylarda tashkil etishni yanada takomillashtirish va taʼlim sifatini yaxshilash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Iqtisodiyot va Moliya vazirliklarining takliflariga muvofiq Xalq taʼlimi vazirligi tarkibida Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti tashkil etilsin.
maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari uchun yuqori malakali oʻqituvchilarni talab darajasida sifatli tayyorlashni taʼminlash;
pedagogik taʼlim sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etishga, ilgʻor xorijiy pedagogik texnologiyalarni joriy etishga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlarni olib borish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishga keng jalb etish;
yurtimizning pedagogika fani boʻyicha qadimdan rivojlanib kelgan yutuqlari, xorijiy mamlakatlar taʼlim muassasalarining tajribasi va Toshkent viloyati tumanlari taʼlim muassasalari talab-ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli yoʻnalishlar hamda mutaxassisliklar boʻyicha oʻquv-uslubiy adabiyotlarni yaratish;
[OKOZ:
1.19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.03.00.00 Ijtimoiy-madaniy masalalar boʻyicha hamkorlik / 19.03.06.00 Fan va taʼlim sohasidagi hamkorlik]
oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni jalb etish maqsadida pedagogika sohasidagi yetakchi respublika va xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlariga yosh istiqbolli bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Institut ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini tashkil etish, uning moddiy-texnika bazasini shakllantirish va ilmiy-pedagogik kadrlar bilan taʼminlash chora-tadbirlari dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziriga, zarur hollarda, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining tuzilmasiga xodimlarning belgilangan normativlarga muvofiq oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining fakultet va kafedralari bosqichma-bosqich talabalar va professor-oʻqituvchilar tarkibiga muvofiq oʻrnatilgan tartibda shakllantirib borilsin.
4. Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining 2017/2018 oʻquv yili uchun qabul kvotalari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi 2017/2018 oʻquv yili uchun Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining talabalari kontingentini Toshkent viloyatida doimiy yashayotgan Toshkent davlat pedagogika universiteti va boshqa turdosh oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirib, mazkur taʼlim muassasalariga belgilangan toʻlov-kontrakt kvotalari doirasida oʻqishga qabul qilinmagan mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlari abituriyentlari hisobidan, Toshkent viloyati tumanlari taʼlim muassasalari ehtiyojlarini inobatga olgan holda shakllantirsin.
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutiga 2017/2018 oʻquv yili uchun talabalar oʻqishga amaldagi bazaviy toʻlov-kontrakt miqdori boʻyicha tasdiqlangan kvota doirasida qabul qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutida viloyatdagi maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari va oliy taʼlim muassasalari hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining taʼlim mazmunini takomillashtirish boʻyicha faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi Kengash tashkil qilinsin. Muvofiqlashtiruvchi Kengash tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlansin.
Muvofiqlashtiruvchi Kengashning asosiy vazifalari etib, quyidagilar belgilansin:
Toshkent viloyatidagi maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari uchun pedagog kadrlar tayyorlash, shuningdek, pedagogik kadrlar va soha mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasalarining ilmiy-metodik bazalarini shakllantirishni muvofiqlashtirish va oʻquv-metodik rahbarlikni amalga oshirish;
pedagogika sohasidagi talab va ilgʻor xorijiy tajriba, oʻquv jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishni hisobga olgan holda, viloyat taʼlim muassasalarida davlat taʼlim standartlari, oʻquv reja va dasturlarini tizimli ravishda takomillashtirishni amalga oshirish;
viloyatdagi pedagogika sohasida ilmiy-uslubiy ishlar, jumladan fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy izlanishlar olib borishni muvofiqlashtirish;
viloyat taʼlim muassasalari ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, jumladan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni maqsadli tayyorlash asosida, pedagogika sohasini rivojlantirishning strategik vazifalaridan kelib chiqqan holda, viloyatdagi taʼlim muassasalari rahbar xodimlari va mutaxassislari malakasini sifatli oshirish va qayta tayyorlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirilishini taʼminlash.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi Xalq taʼlimi vazirligining taklifiga asoslanib Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti uchun tayanch oliy taʼlim muassasalariga doktoranturaga 2018-yil uchun maqsadli kvotalar ajratsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi 2017-yil 1-sentabrgacha:
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) ustavini tasdiqlab, oʻrnatilgan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazsin;
Institut tomonidan tasdiqlangan shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini roʻyxatdan oʻtkazsin;
respublikani taʼlim va ilmiy muassasalarining tajribali xodimlari, jumladan, Toshkent davlat pedagogika universiteti va boshqa taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari tarkibidan oʻrnatilgan tartibda Institutni yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlasin;
Institut taʼlim yoʻnalishlari oʻquv rejalariga muvofiq fanlarni oʻquv adabiyotlari va ilmiy-metodik qoʻllanmalar bilan hamda oʻquv xonalarini zamonaviy laboratoriya jihozlari va kompyuter texnikasi bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab Institut uchun zarur pedagog kadrlarni jalb qilish uchun soatbay asosida haq toʻlash va oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlanishini moliyalashtirishning aniq choralarini koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Toshkent kimyo texnologiya instituti qoshidagi Chirchiq akademik litseyiga tegishli Chirchiq shahar, Istiqbol koʻchasi, 2-A uy va Chirchiq ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kollejiga tegishli Chirchiq shahar, Amir Temur koʻchasi, 104-uyda joylashgan binolari va inshootlari hududlari bilan Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutiga operativ boshqarish huquqi bilan bepul foydalanishga berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilab qoʻyilsinki, Toshkent kimyo texnologiya instituti qoshidagi Chirchiq akademik litseyi va Chirchiq ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kollejining 2 va 3 kurs oʻquvchilari bitirgunlariga qadar Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining binolarida ijara toʻlovisiz joylashadi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Isteʼdod” jamgʻarmasi xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida 2018-yildan boshlab Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti professor-oʻqituvchilarining malakasini oshirish ishlarini tashkil etsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturining 2018-yilga va keyingi yillarga parametrlarini shakllantirishda Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti obyektlarini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
12. Belgilab qoʻyilsinki, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini saqlash xarajatlari 2017-yilda “Maorif” sohasi boʻyicha tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida, 2018-yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va maqsadli badallari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini elektron taʼlim milliy tarmogʻiga ulash choralarini koʻrsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutiga 2 ta, shu jumladan 1 ta xizmat, 1 ta maxsus yengil avtotransport vositasi saqlashga limit ajratsin.
16. Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutida Toshkent shahridan qatnab ishlovchi professor-oʻqituvchi va ishchi xodimlarga borish kelishi uchun tegishli sharoitlar tashkil etilsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 27-iyul,
PQ-3152-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3152-son qaroriga 1-ILOVA
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining tuzilmasi
* Institut (fakultetlar, kafedralar va boshqa tarkibiy boʻlinmalar) xodimlarining cheklangan umumiy soni oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3152-son qaroriga 2-ILOVA
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini tashkil etish, uning moddiy-texnika bazasini shakllantirish va ilmiy-pedagogik kadrlar bilan taʼminlash chora-tadbirlari dasturi
T/r
Tadbirlar mazmuni
Bajarish muddatlari
Moliyalashtirish manbalari
Bajarish uchun masʼullar
I. Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish
1.
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini (keyingi oʻrinlarda — Institut) oʻrnatilgan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish.
2017-yil
avgust
-
Toshkent viloyati hokimligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti
2.
Institutning shtatlar jadvali va xarajatlari smetasini tuzish tasdiqlash va roʻyxatdan oʻtkazish.
2017-yil
avgust
-
Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti
3.
Institutni yuqori malakali rahbar kadrlar bilan taʼminlash.
2017-yil
avgust
-
Xalq taʼlimi vazirligi,
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti
4.
Institut huzurida viloyat taʼlim muassasalarining taʼlim mazmunini takomillashtirish boʻyicha faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi Kengash tashkil qilish
2017-yil oktabr
-
Xalq taʼlimi vazirligi
5.
Institut professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida respublikaning boshqa hududlaridan taklif etilgan olim va mutaxassislarni turar joy bilan taʼminlash maqsadida Toshkent viloyati, jumladan Chirchiq shahrida qurilayotgan arzon uy joylardan imtiyozli shartlar asosida ehtiyojlardan kelib chiqib ajratish.
2017-2020-yillar
Tijorat banklarining imtiyozli kreditlari
Toshkent viloyati hokimligi,
Chirchiq shahar hokimligi
II. Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining moddiy-texnika bazasini shakllantirish va mustahkamlash
6.
Institutga ajratilgan Toshkent kimyo texnologiya instituti qoshidagi Chirchiq akademik litseyi (Chirchiq shahar, Istiqbol koʻchasi, 2-A uy) va Chirchiq ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji (Chirchiq shahar, Amir Temur koʻchasi, 104-uy manzillari)dagi binolar va inshootlarda kapital taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlarini amalga oshirish.
2018-yildan boshlab
Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari
Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, Moliya vazirligi
7.
Institut taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklari)ga mos zamonaviy oʻquv laboratoriya bazasini tashkil etish.
2018-yil
Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi
mablagʻlari
Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, Moliya vazirligi
8
Institutni elektron taʼlim milliy tarmogʻiga ulash choralarini koʻrish
2017-yil oktabr
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mablagʻlari
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi
III. Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining oʻquv-metodik va pedagogik kadrlar bilan taʼminlash
9.
Institutning taʼlim yoʻnalishlarini (mutaxassisliklarini) tasdiqlangan oʻquv rejalari va fanlar dasturlari hamda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar bilan taʼminlash.
2017-yil avgust
-
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti
10.
Institutda maxsus fanlar boʻyicha mashgʻulotlar olib borishga jalb qilish uchun Toshkent davlat pedagogika universiteti va taʼlim muassasalaridan malakali pedagog kadrlar tarkibini shakllantirish.
2017-yil avgust
-
Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti
11.
Institutni oʻquv-metodik adabiyotlar, axborot materiallari (shu jumladan ularning elektron variantlari), maxsus davriy nashrlar bilan taʼminlash. Institutning axborot-resurs markazi faoliyatini tashkil etish.
2017-yil oktabr
Institutning budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari,
Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari
Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti
12.
Oʻzbekiston milliy va Toshkent davlat pedagogika universitetlari professor-oʻqituvchilari tomonidan maʼruzalar oʻqish uchun Institutda masofadan oʻqitish elementlarini joriy etish uchun texnik, dasturiy va metodik shart-sharoitlar yaratish.
2018-yil
dekabr
Institutning budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari,
Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari
Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti, Oʻzbekiston milliy va Toshkent davlat pedagogika universitetlari
13.
Institut kafedralarining ilmiy tadqiqotlari yoʻnalishlarini belgilash, grantlar jalb etishni va xoʻjalik shartnomalarini bajarishni tashkil etish.
2018-2023-yillar
Davlat grantlari va xoʻjalik shartnomalari boʻyicha tushgan mablagʻlar
Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti
14.
Toshkent viloyatining yetakchi taʼlim muassasalari, korxonalari va tashkilotlari bilan birga qoʻshma ilmiy-tadqiqot va ilmiy-metodik ishlanmalarni tashkil etish.
2018-yildan boshlab
-
Xalq taʼlimi vazirligi, Fanlar akademiyasi, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti
15.
Institut professor-oʻqituvchilarini Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi tarmoq markazida va chet el oliy taʼlim muassasalarida malaka va tajriba orttirishlarini tashkil etish.
2018-yildan boshlab
Institutning budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari,
“Isteʼdod” jamgʻarmasi mablagʻlari
Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti, “Isteʼdod” jamgʻarmasi
16.
Axborotlar, toʻplangan tajriba va mutaxassislarning keng almashinuvini taʼminlash. Institutda maʼruzalar va maxsus mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun yetakchi respublika va xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarning yuqori malakali olimlarini taklif etish.
Doimiy ravishda
Bajaruvchilar va homiylar mablagʻlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarning grantlari
Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti
17.
Institutini elektron taʼlim milliy tarmogʻiga ulash choralarini koʻrish
2017-yil oktabr
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mablagʻlari
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 30-son, 730-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 06/19/5733/3216-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son, 25.12.2021-y., 07/21/60/1177-son; 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son; 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)