1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.09.00.00 Alohida turdagi mahsulotlar, valyuta va transport vositalarini olib kirish va olib chiqish / 10.09.03.00 Transport vositalarini olib kirish va olib chiqish;
2.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.10.00.00 Bojxona nazorati. Bojxona tartibini buzganlik uchun javobgarlik / 10.10.01.00 Bojxona nazorati]
[TSZ:
1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Bojxonaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududida avtomobil va temir yoʻl transport vositalarida bojxona nazorati ostidagi tovarlar tashilganda yuk boʻlimlariga maxsus bojxona plombalari qoʻyish qoidalarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 27-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2904]
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududida avtomobil va temir yoʻl transport vositalarida bojxona nazorati ostidagi tovarlar tashilganda yuk boʻlimlariga maxsus bojxona plombalari qoʻyish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Rais M. TOXIRIY
Toshkent sh.,
2017-yil 18-iyul
01-02/12-24-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2017-yil 18-iyuldagi 01-02/12-24-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududida avto va temir yoʻl transport vositalarida bojxona nazorati ostidagi tovarlar tashilganda yuk boʻlimlariga maxsus bojxona plombalari qoʻyish
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq bojxona hududiga bojxona nazorati ostida kirayotgan, undan chiqayotgan hamda tranzit tartibida oʻtayotgan avto va temir yoʻl transportining (bundan buyon matnda transport vositasi deb yuritiladi) tovarlar ortilgan yuk boʻlimlariga bojxona organlari tomonidan maxsus bojxona plombalari qoʻyish tartibini belgilaydi.
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
maxsus bojxona plombasi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi rahbariyati tomonidan tasdiqlangan shakl, oʻlcham va koʻrinishdagi, belgilangan seriya va tartib raqamli, tovar va transport vositalarini identifikatsiyalashda bir marta foydalaniladigan bojxona identifikatsiyalash vositasi;
joʻnatuvchi bojxona posti — bojxona nazorati ostidagi tovarlar ortilgan transport vositalari yuk boʻlimlariga maxsus bojxona plombalari qoʻygan bojxona kompleksi yoki posti;
2. Bojxona kodeksining 197-moddasiga muvofiq maxsus bojxona plombasi bojxona organlari tomonidan oʻzgartirilishi, olib tashlanishi yoki yoʻq qilinishi mumkin, bundan tovarlarning va transport vositalarining yoʻq qilinishi, qayta tiklab boʻlmaydigan tarzda yoʻqotilishi yoki jiddiy tarzda buzilishi haqiqiy xavfi boʻlgan hollar mustasno. Bojxona organlariga bojxona identifikatsiyalash vositalari oʻzgartirilganligi, olib tashlanganligi yoki yoʻq qilinganligi toʻgʻrisida darhol xabar beriladi va haqiqiy xavf mavjudligining dalillari taqdim etiladi.
3. Bojxona nazorati ostida tovarlar tashilayotgan barcha transport vositalarining yuk boʻlimlariga maxsus bojxona plombalari qoʻyilishi lozim, bundan mazkur Qoidalarning 4-bandida keltirilgan hollar mustasno.
bir transport vositasida konteynerlar eshiklari bir-biriga qarab joylashtirilganligi natijasida plomba qoʻyishning imkoni boʻlmasa;
tovarlar usti ochiq transport vositasiga yuklansa;
temir yoʻl stansiyalarida yuqori kuchlanishli elektr simlari oʻtgan joylardagi vagon va konteynerlariga maxsus bojxona plombalarini qoʻyish xodimning hayoti va salomatligiga jiddiy xavf solsa;
5. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirilayotgan, bojxona hududidan olib chiqilayotgan va tranzit tartibida harakatlanayotgan tovarlar ortilgan transport vositalarining yuk boʻlimlari joʻnatuvchi bojxona postlarida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazilganidan soʻng, maxsus bojxona plombalari qoʻyiladi.
6. Tovarlar ortilgan transport vositalarining yuk boʻlimlariga maxsus bojxona plombalari qoʻyish transport vositalaridan tovar yoki buyumlarni tushirish, shuningdek transport vositalariga boshqa tovar va buyumlarni ortish imkoniyatini istisno etishi lozim.
7. Transport vositalariga rasmiylashtirilgan Yukni yetkazib berish nazorat kitobchasi yoki Yuklarni xalqaro yoʻllarda tashish daftarchasining belgilangan katagida qoʻyilgan maxsus bojxona plombasining raqami qayd etiladi.
8. Transport vositalarining bojxona hududiga kirishida, bojxona hududidan chiqishida ularning tovarlar ortilgan yuk boʻlimlariga qoʻyilgan maxsus bojxona plombalarining mavjudligi va plomba qoʻyilgan jihozlar (vagon/konteyner konstruksiyasi, tirkamaning trosi, tenti, tom, pol qismlari va h. k) (bundan buyon matnda plomba qoʻyilgan jihozlar deb yuritiladi) bojxona posti xodimi tomonidan tekshiriladi hamda transport hujjatlaridagi maʼlumotlar bilan solishtiriladi.
Manzil bojxona postlarida maxsus bojxona plombalari hamda plomba qoʻyilgan jihozlarga zarar yetkazilmaganligiga xodim tomonidan ishonch hosil qilingandan soʻng belgilangan tartibda bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshiriladi.
Maxsus bojxona plombalari hamda plomba qoʻyilgan jihozlarga zarar yetkazilganligi aniqlanganda tegishli tartibda bojxona qoidalarining buzilishi yuzasidan ish materiallari yuritilib, tovarlar bojxona koʻrigidan oʻtkaziladi.
9. Transport vositalariga ortilgan tovarlar Oʻzbekiston Respublikasining ikki va undan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat (bundan buyon matnda TIF deb yuritiladi) qatnashchilariga olib kelinayotgan taqdirda joʻnatuvchi bojxona posti tomonidan plombalangan transport vositasi eng yaqin hududdagi TIF qatnashchisi joylashgan joydagi manzil bojxona postiga yoʻnaltiriladi.
Birinchi manzil bojxona postida tovarlar ortilgan transport vositasi bilan mazkur Qoidalarning 8-bandiga muvofiq tegishli harakatlar amalga oshirilgandan soʻng ushbu bojxona posti tomonidan keyingi eng yaqin hududdagi TIF qatnashchisi joylashgan joydagi manzil bojxona postiga yangi maxsus bojxona plombalari qoʻyilgan holda yoʻnaltiriladi. Bu boʻyicha tegishli maʼlumotlar Davlat bojxona qoʻmitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritiladi.
10. Bojxona kodeksining 224-moddasiga muvofiq, avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri yoxud tovarlarni tayin qilingan joyga tashishga toʻsqinlik qiladigan boshqa vaziyatlar oqibatida tashuvchi:
tovarning, transport vositasining butligini saqlash va ulardan foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun zarur chora-tadbirlarni koʻrishi;
eng yaqin bojxona organiga tegishli vaziyatlar, tovarning va transport vositasining turgan joyi toʻgʻrisida darhol xabar berishi;
tovarlarni eng yaqin bojxona organiga yoki bojxona organi koʻrsatgan boshqa joyga olib borishi yoxud, agar uning transport vositasi buzilgan boʻlsa, olib borilishini taʼminlashi shart.
Bojxona organi bojxona nazoratini taʼminlash uchun qoʻllaniladigan chora-tadbirlarni sodir boʻlgan hodisaning xususiyatiga, tovar sifatining yoʻqotilish darajasi va tovar tashilishini amalga oshirayotgan transport vositasining texnik holatiga bogʻliq ravishda belgilaydi.
Bunda, bojxona organi tomonidan transport vositasining yuk boʻlimiga yangidan maxsus bojxona plombalari qoʻyiladi va bu toʻgʻrisida transport hujjatlari hamda Davlat bojxona qoʻmitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga maʼlumotlar kiritiladi.
11. Tovarlarni bir (bojxona) ombordan boshqa (bojxona) omborga olib oʻtish jarayonida bojxona postlari tomonidan maxsus bojxona plombalarini qoʻyish hamda tekshirish mazkur Qoidalarning 2-bobida qayd etilgan tartibda amalga oshiriladi.