toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 02.05.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZBEKISTON TEMIR YOʻLLARI” DAVLAT-AKSIYADORLIK TEMIR YOʻL KOMPANIYASI USTAVIGA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 2-maydagi 151-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasida “Lokomotivlar parkini yangilash” loyihasi boʻyicha 1999-yil 1-dekabrdagi Kredit bitimi shartlari amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 3-iyuldagi 249-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik temir yoʻl kompaniyasi Ustaviga quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
a) II boʻlimning 2-bandidagi:
“b” kichik band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“kelgusi besh yillik davr uchun kompaniyaning ish strategiyani, rivojlantirish dasturini, tabiatni muhofaza qilish tadbirlari rejasini va tegishli tezkor ishlab chiqarish va moliyaviy maqsadli koʻrsatkichlarni bayon qilib, tijorat faoliyati va bozor munosabatlari tamoyillariga asoslangan tegishli davr prognozini har yili aniqlashtirgan holda besh yillik biznes-reja loyihasini tayyorlash va tasdiqlashni. Besh yillik biznes-rejaga notijorat xizmatlar koʻrsatish, infratuzilmani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish hamda boshqa maqsadlar yuzasidan majburiyatlarni bajarish boʻyicha koʻzda tutilayotgan budjetdan moliyalash kiritiladi”;
“g” kichik band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“temir yoʻl transporti faoliyatini zarur tovarlar, ishlar va xizmatlar bilan, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq ochiq savdolar oʻtkazish yoʻli bilan taʼminlashni”;
b) III boʻlim quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq korxonalarni, ijtimoiy infratuzilma obyektlarini va transport xizmatlari koʻrsatish yoki favqulodda funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa mol-mulklarni xususiylashtirish va boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga berish yuzasidan takliflar kiritish”.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2000-yil 22-iyun,
240-son