toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
[Ko‘chirma]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-apreldagi PF-5005-sonli “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, shuningdek yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning quyidagi asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarining eng muhim vazifasi deb hisoblansin:
birinchidan — yo‘l harakati xavfsizligi respublika, o‘rta va quyi bo‘linmalari faoliyatini tashkil etishning sifat jihatidan yangi tartibini o‘rnatish, bunda ularning asosiy vazifalari va funksiyalari, rahbarlar va xodimlarning o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishi uchun shaxsiy javobgarligi aniq belgilanishi va taqsimlanishini nazarda tutish;
ikkinchidan — yo‘llarda, ayniqsa Toshkent shahrida yo‘l-transport hodisalarining sodir etilishi va tirbandlikning hosil bo‘lishiga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni tizimli ravishda kompleks tahlil qilish va bartaraf etish asosida yo‘l harakati qoidalari buzilishi profilaktikasi, yo‘l-transport hodisalari va yo‘llar bandligining oldini olish tizimini takomillashtirish;
uchinchidan — huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga chek qo‘yishning, nazoratning yuqori samaradorligini ta’minlovchi yo‘l harakatini avtomatlashtirilgan tarzda tartibga solish, videokuzatuv va yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd etish tizimlarini, boshqa texnik vositalarni, avvalo viloyat markazlarida yanada kengaytirish;
to‘rtinchidan — yo‘llarni saqlash va ularni yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatgichlari, yo‘l harakatini tartibga solishning boshqa texnik vositalari bilan jihozlash bo‘yicha o‘rnatilgan talablarga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash;
beshinchidan — fuqarolar orasida yo‘l harakati ishtirokchilarining yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini oshirishga qaratilgan samarali tushuntirish ishlari tizimini, shu jumladan aholi orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarining shakl va usullarini kengaytirish hamda takomillashtirish orqali rivojlantirish;
oltinchidan — yo‘l harakati ishtirokchilarining huquqlariga so‘zsiz rioya etilishini, ularning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini, xizmatni o‘tash vaqtida muomala madaniyati va odob-axloq qoidalariga qat’iy amal qilinishini ta’minlash;
yettinchidan — yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmat vazifalarini lozim darajada bajarishi ustidan nazoratni korrupsiya va vakolatini suiiste’mol qilish holatlarini istisno etadigan tarzda kuchaytirish, shuningdek kadrlarni tanlash, ularni kasbiy tayyorlash va qayta tayyorlashning ta’sirchan mexanizmini joriy etish;
sakkizinchidan — davlat xizmatlarini ko‘rsatishning soddalashtirilgan tartib-taomillarini nazarda tutuvchi hamda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishning shaffofligini ta’minlovchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash.
Oldingi tahrirga qarang.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining “Uzavtoyo‘lbelgi” davlat unitar korxonasini tashkil etish (keyingi o‘rinlarda — “Uzavtoyo‘lbelgi” DUK) hamda standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga muvofiq umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari va xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari uchun yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatgichlari, yo‘l harakatini tartibga solishning boshqa texnik vositalarini ishlab chiqarishni uning asosiy vazifasi etib belgilash haqidagi taklifi ma’qullansin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-apreldagi PQ-190-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2022-y., 07/22/190/0268-son)
3. Qayd etilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi PQ-2776-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi faoliyatlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari va xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining pudratchi tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
respublikada yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatkichlari, yo‘l harakatini tartibga solishning boshqa texnik vositalarini ishlab chiqarish raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga to‘liq rioya qilgan holda tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladi;
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-apreldagi PQ-190-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2022-y., 07/22/190/0268-son)
“Uzavtoyo‘lbelgi” DUKning ta’sischisi O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi hisoblanadi.
4. “Uzavtoyo‘lbelgi” DUKga, istisno tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda mahalliy va xorijiy tashkilotlar bilan mazkur qarorga asosan mahsulot sotib olish va yetkazib berish hamda xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalarni tanlov (tender) savdolarini o‘tkazmasdan tuzishga ruxsat berilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zmetkombinat” AJ va “O‘zqurilishmateriallari” AJ “Uzavtoyo‘lbelgi” DUKning asoslangan hisob-kitoblariga binoan yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatgichlari, yo‘l harakatini tartibga solishning boshqa texnik vositalarini, shuningdek ularni mustahkamlash uchun o‘rnatish konstruksiyalarini ishlab chiqarish uchun tartibga solinadigan narxlar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali metall prokati va sement ajratilishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga tijorat banklari bilan birgalikda “Uzavtoyo‘lbelgi” DUKning asoslangan buyurtmanomalari bo‘yicha asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, materiallar, jihozlar, xom ashyo, texnologik hujjatlar, texnika, dasturiy mahsulotlar va boshqa vositalarni sotib olish uchun zarur bo‘lgan pul mablag‘larini konvertatsiya qilish tavsiya etilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi:
ikki oy muddatda “Uzavtoyo‘lbelgi” DUK faoliyatini tashkil etish tartibini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda O‘rnatilgan yo‘l belgilarini xatlovdan o‘tkazish, ularni bosqichma-bosqich zamonaviy yuqori intensiv (nur qaytaruvchi) qoplamali yo‘l belgilari bilan almashtirish, shuningdek uzoq muddat foydalaniladigan barqaror yo‘l chiziqlarini chizish uchun maxsus texnika va asbob-uskunalar sotib olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
uch oy muddatda xalqaro va davlat ahamiyatiga molik yo‘llar uchun 900 mm, boshqa yo‘llar uchun — 700 mm o‘lchamdagi metall korpusli va yuqori intensiv (nur qaytaruvchi) qoplamali yo‘l belgilarini ishlab chiqarish, shuningdek yaqin joylashgan obyektlar xususiyatlari va qatnov qismining uzoqligini inobatga olgan holda ularning aniq ko‘rinishi uchun sharoit yaratish imkoniyatini beruvchi konstruksiyalarga mustahkamlashni nazarda tutgan holda yo‘l harakati sohasida standartlashtirish bo‘yicha yangilangan normativ hujjatlar tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-apreldagi PQ-190-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2022-y., 07/22/190/0268-son)
8. Maxsus ekspluatatsiya-montaj boshqarmasi qoshidagi “Uzavtomotobelgi” shu’ba korxonasi “Uzavtomotobelgi” davlat unitar korxonasiga (keyingi o‘rinlarda — “Uzavtomotobelgi” DUK) o‘zgartirilsin.
Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati “Uzavtomotobelgi” DUKning ta’sischisi hisoblanadi;
(8-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.12.2021-y., 06/21/27/1116-son)
“Uzavtomotobelgi” DUK “Uzavtomotobelgi” shu’ba korxonasining shartnomalari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddatda belgilangan tartibda “Uzavtomotobelgi” DUKning tuzilmasi va ustavini tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-27-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.12.2021-y., 06/21/27/1116-son)
12. 2017-yil 1-sentabrdan e’tiboran avtotransport vositalari uchun xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat ro‘yxat raqamlarini oshirilgan to‘lov stavkalari bo‘yicha, shu jumladan kimoshdi savdosini o‘tkazish yo‘li bilan tanlash tartibi joriy etilsin.
13. 2018-yil 1-yanvardan e’tiboran avtotransport vositasidan foydalanish va (yoki) uni tasarruf etish huquqi uchun ishonchnomalarni, avtotransport vositasining ijara, tekin foydalanish, garov, lizing shartnomalarini fuqarolar tomonidan ichki ishlar organlarining tegishli yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalarida hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi talab notariuslar tomonidan ularning elektron shaklini jo‘natish tartibini o‘rnatgan holda bekor qilinsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining:
Toshkent shahrida kompyuterlashtirilgan tizimni kengaytirish, shuningdek uni Nukus shahri va viloyat markazlarida joriy qilish orqali yo‘l harakati xavfsizligini boshqarishning yagona markazlashtirilgan axborot-kompyuter tizimini yaratish;
huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga chek qo‘yish, avtomobil harakati ustidan samarali nazoratni ta’minlash maqsadida yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarini maqbullashtirish, ularni belgilangan namunaviy sxema bo‘yicha bosqichma-bosqich rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, moddiy-texnik jihozlash;
2018-yil 1-yanvardan e’tiboran yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalarining jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtotransport vositalarini, yuk, yo‘lovchi va maxsus transport vositalari bundan mustasno, majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha funksiyalarini yuridik shaxslar — tadbirkorlik subyektlariga bosqichma-bosqich ular ko‘rsatadigan xizmatlar uchun qat’iy narxlar hamda ichki ishlar organlari bilan o‘zaro hamkorlikka oid talablarni o‘rnatgan holda o‘tkazish;
yo‘l-patrul xizmati maxsus asbob-uskunalari va avtomobil texnikasini uzluksiz yangilab borish uchun har yili 55 ta belgilangan tartibda jihozlangan avtotransport vositalari, 600 ta jezl, 500 ta radiostansiya va boshqa vositalarni xarid qilish haqidagi takliflari ma’qullansin.
15. Toshkent shahrida, Samarqand va Xorazm viloyatlarida tajriba tariqasida yo‘l-patrul xizmati mototsikldagi guruhlari tuzilsin va ularga yo‘llar va ko‘chalarning harakatlanish qiyin bo‘lgan qatnov qismlarida, odamlar gavjum joylarda, shuningdek xorijiy va boshqa delegatsiyalarni kuzatishda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar yuklatilsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir oy muddatda avtotransport vositalari uchun xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat ro‘yxat raqamlarini oshirilgan to‘lov stavkalari bo‘yicha, shu jumladan kimoshdi savdosini o‘tkazish yo‘li bilan tanlash tartibini tasdiqlasin;
2017-yil 1-oktabrga qadar Yo‘l harakati xavfsizligini boshqarishning yagona markazlashtirilgan axborot-kompyuter tizimini joriy qilish, shuningdek yo‘l-patrul xizmati statsionar postlari sonini va joylashuvini maqbullashtirishni inobatga olgan holda ularni belgilangan namunaviy sxema bo‘yicha bosqichma-bosqich rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, moddiy-texnik jihozlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturlarini tasdiqlasin;
2017-yil 1-dekabrga qadar mazkur qaror talablarini inobatga olgan holda yuridik shaxslar — tadbirkorlik subyektlari tomonidan jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtotransport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini belgilasin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Oldingi tahrirga qarang.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-27-sonli Farmoniga asosan chiqarilan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.12.2021-y., 06/21/27/1116-son)
Toshkent shahar, Samarqand va Xorazm viloyatlarida mototsiklda yo‘l-patrul xizmatini o‘tashni tashkil etish, xodimlarni mototsiklni boshqarishga o‘rgatish choralarini ko‘rsin va 2018-yil 1-oktabrga qadar tajriba natijalarini tahlil qilgan holda yo‘l-patrul xizmatining mazkur turini mamlakatning boshqa hududlarida joriy etish bo‘yicha takliflar kiritsin;
uch oy muddatda yo‘l-patrul xizmati maxsus avtotransport vositalarini audio va video qayd etish qurilmalari, shuningdek ularning xodimlarini mobil videokameralar bilan bosqichma-bosqich jihozlash to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda yo‘l harakati sohasida ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va rasmiylashtirish, tegishli notarial harakatlarni hisobga olish, avtotransport vositalarining texnik ko‘rikdan o‘tishini nazorat qilish, shuningdek yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartib-taomillarini soddalashtirishni ta’minlovchi elektron tizim ishlab chiqsin va 2018-yil 1-yanvardan boshlab joriy etsin;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2017-yil 1-dekabrga qadar avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini, shu jumladan o‘quv jarayoni samaradorligini oshirish va o‘qitishning zamonaviy usullarini joriy qilishni nazarda tutgan holda, yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. “O‘zeltexsanoat” AK ikki oy muddatda mahalliy xom ashyo va materiallardan foydalanish va butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga mahsulot tannarxini tushirgan holda maxsus jihozlangan avtotransport vositalari uchun yuqori sifatli ishorali ovoz kuchaytirgich moslamalar ishlab chiqarish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
19. Belgilansinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ajratiladigan budjet mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari, xorijiy davlatlar davlat kreditlari va xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
20. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 11-iyul,
PQ-3127-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-27-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.12.2021-y., 06/21/27/1116-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 28-son, 645-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.12.2021-y., 06/21/27/1116-son, 04.04.2022-y., 07/22/190/0268-son)