toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 15.01.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Turizm sohasini rivojlantirishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining masʼuliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli “Turizm, madaniyat, madaniy meros va sport sohalarini yanada rivojlantirish uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Hududlarning sayyohlik salohiyatini dunyoga keng targʻib qilish, mamlakatimizga tashrif buyurishi kutilayotgan sayyohlarga qulay sharoitlar yaratish, sohadagi mavjud muammolarni tizimli asosda bartaraf etish, ushbu vazifalarni amalga oshirishda joylardagi mahalliy davlat hokimiyati organlarining masʼuliyatini oshirish hamda turizm sohasini yanada rivojlantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Xorazm, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlari hokimliklari hamda Moliya vazirligining Xorazm, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyati hokimlarining turizm va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari lavozimlarini joriy etish va ularning kotibiyatlarini tashkil qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi PF-6165-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2021-y., 09/21/6165/0104-son)
2. Quyidagilar viloyatlar hokimlarining turizm va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
hududda turizm va sport sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, soha boʻyicha qabul qilingan konsepsiya va dasturlarning ijrosini taʼminlashga qaratilgan tadbirlarni belgilash;
chet el mamlakatlari bilan turizm sohasida, ayniqsa, turistlar oqimini koʻpaytirish hamda ularni jalb qilish boʻyicha hamkorlik va kelishuvlarni vakolatli organlar bilan birgalikda amalga oshirish;
sohani chuqur tahlil qilish asosida turistik xizmatlarga boʻlgan talabni oʻrganish, bu boradagi mavjud muammolar va toʻsiqlarni aniqlash, sohani rivojlantirish hamda takomillashtirishning maqsadga muvofiq modellarini ishlab chiqish va kelgusi rejalarni belgilash;
turizm sohasining iqtisodiy, ekologik, ijtimoiy, madaniy va boshqa yoʻnalishlardagi infratuzilmasini takomillashtirish va turizm yoʻnalishidagi diqqatga sazovor joylar, ularni yaxshilash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilash hamda amalga oshirish;
qoʻshimcha turizm marshrutlarini ishlab chiqish, chet el yoshlarini keng jalb etish maqsadida koʻngilochar komplekslar barpo etish, madaniy meros obyektlarida xalqimizning tarixi, turmush tarzi, urf-odatlari, anʼanalarini oʻzida aks ettirgan ekspozitsiyalarni tashkil etish;
turizm va sport sohasida hududiy dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish;
turizmni va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha masʼul vazirlik, idora va qoʻmitalarning hududiy boshqarmalari ish faoliyatini muvofiqlashtirish;
turizm sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalarini jalb etish, xorijiy turoperatorlar va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish orqali respublikaning mavjud sayyohlik salohiyatini keng yoritish choralarini koʻrish;
jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarini tashkil etishga koʻmaklashish hamda ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;
aholi oʻrtasida sport normativlarini topshirish boʻyicha ishlarni tashkil etish;
ommaviy jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini tashkil etish hamda oʻtkazishga, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga koʻmaklashish ishlarini muvofiqlashtirish;
tegishli hududda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni taʼminlash;
havaskorlik jismoniy tarbiya-sport harakatini rivojlantirish uchun fuqarolarning ish joyi, yashash joyi hamda dam olish joyida shart-sharoitlar yaratish;
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport uchun moʻljallangan tovarlar ishlab chiqarilishini tashkil etishga koʻmaklashish choralarini koʻrish.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi viloyatlar hokimlarining turizm va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi PF-6165-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2021-y., 09/21/6165/0104-son)
3. Xorazm, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyati hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda joriy etilayotgan viloyat hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarining funksional vazifalari va ularning kotibiyati toʻgʻrisidagi nizomlarni bir oy muddatda ishlab chiqib, tasdiqlasinlar.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi PF-6165-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2021-y., 09/21/6165/0104-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi U.S. Ismailov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov joriy etilayotgan lavozimlarni puxta maxsus bilimlarga, yuqori kasbiy mahoratga ega boʻlgan, chet tillarini yaxshi biladigan, tajribali va malakali kadrlar bilan toʻldirish yuzasidan bir oy muddatda taklif kiritsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrdagi PQ-3374-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2017-y., 07/17/3374/0208-son)
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi U.S. Ismailov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 12-iyul,
PQ-3129-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrdagi PQ-3374-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2017-y., 07/17/3374/0208-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 28-son, 646-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2017-y., 07/17/3374/0208-son; 10.02.2021-y., 09/21/6165/0104-son)