toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xorazm viloyatidagi “Nurillaboy” tarixiy majmuasini rekonstruksiya va restavratsiya qilish toʻgʻrisida
Xiva shahrining tarixiy-meʼmoriy va turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, keng jamoatchilikni xalqimizning boy tarixiy merosi, madaniyati va sanʼatining noyob namunalari bilan tanishtirish, shuningdek, milliy madaniyat va anʼanalarni asrab-avaylash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xorazm viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining 2017-yilda Xiva shahridagi “Nurillaboy” tarixiy majmuasiga kiradigan binolar va qurilmalarni (keyingi oʻrinlarda obyektlar deb ataladi) qayta taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va qurish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki hisobidan amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi obyektlarni, kelgusida ularni qayta taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va qurish, shuningdek, mahalliy sharoitlarga asoslangan restoran, qabullar uyi, galereya, amfiteatr va hunarmandlar koʻrgazmasi bilan birga ustaxonalarini tashkil qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga istisno tariqasida, ijara toʻlovining nol stavkasi boʻyicha ijaraga bersin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga:
2017-yil 1-sentabrgacha qurilish-montaj va qayta taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va qurish ishlarini oʻtkazish bilan bir vaqtning oʻzida loyiha-smeta hujjatlarini loyihalashtirish va ishlab chiqishga;
obyektlarni qayta taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va qurish boʻyicha xarajatlarni ijara muddatidagi soliq hisobot davrida chegiriladigan xarajatlar hisobiga kiritishga;
istisno tariqasida, obyektlarni kelgusida uchinchi shaxslarga subijara sharti bilan topshirishga ruxsat berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2024-y., 09/24/266/0329-son)
5. Obyektlarni qayta taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va qurish ishlari amalga oshirilgandan soʻng kelgusida undan foydalanish va taʼminot xarajatlarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining oʻz mablagʻlari, “Nurillaboy” majmuasining amaldagi faoliyatidan kelib tushadigan daromadlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi obyektni qayta taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va qurish, shuningdek, boshqa ishlarni bajarish hamda kelgusida undan foydalanishda “Nurillaboy” majmuasi obyektlarining ilmiy, badiiy va tarixiy-madaniy ahamiyatini saqlab qolish yuzasidan nazoratni taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2024-y., 09/24/266/0329-son)
8. Xorazm viloyati hokimligi:
mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishida “Oʻzmilliybank”ka, loyiha va pudrat tashkilotlariga koʻmaklashishni;
“Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻzbekneftegaz” MXK, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan birgalikda obyektlarni zarur muhandislik kommunikatsiyalari (gaz, elektr energiyasi, suv va kanalizatsiya tarmoqlari)ga ulashni;
Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi bilan birgalikda “Nurillaboy” va “Ichan kalʼa” tarixiy majmualari oʻrtasidagi avtomobil yoʻllarini kapital taʼmirlashni belgilangan tartibda taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 19-may,
297-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 21-son, 393-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2024-y., 09/24/266/0329-son)