|
Hujjat kuchini yo‘qotgan 21.03.2025
|
Jamiyatda bagʻrikenglik va insonparvarlik madaniyatini yuksaltirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, fuqarolar totuvligini taʼminlash, shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona, teng huquqli va oʻzaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash Oʻzbekiston davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.
Bular Konstitutsiyamizda mustahkamlangan fuqarolarning irqi, millati, tili, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi tamoyillari hamda turli millat va elatlar vakillarining tili, urf-odatlari va anʼanalarini hurmat qilish, ularni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga asoslanadi.
Jamiyatda doʻstlik va ahillik, tinchlik va barqarorlik muhitini mustahkamlash ijtimoiy, siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, gumanitar va maʼnaviy sohalarda islohotlarni izchil amalga oshirish, xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishning muhim omili va zarur sharti hisoblanadi.
Bugun Oʻzbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila boʻlib yashamoqda. Ular barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib, rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik huquqiy davlat qurishga va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga katta hissa qoʻshmoqdalar. Mustaqillik yillarida milliy madaniy markazlarning 120 dan ortiq faoli davlat mukofotlariga sazovor boʻldi, orden va medallar bilan taqdirlandi, jumladan, 14 nafariga “Oʻzbekiston Qahramoni” yuksak unvoni berildi.
Respublika baynalmilal madaniyat markazi, 138 milliy madaniy markaz, Oʻzbekiston xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalar jamiyatlari kengashi, shuningdek, 34 doʻstlik jamiyati faoliyati Oʻzbekistondagi barcha millatlar va elatlarning tarixi, madaniyati, maʼnaviy qadriyatlari, anʼana hamda urf-odatlarini asrash va har tomonlama rivojlantirish, millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirish, jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi.
Ular “xalq diplomatiyasi” mexanizmidan faol foydalangan holda tinch va farovon hayotni asrash, xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlar va madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish, chet eldagi hamyurtlar bilan yaqin va oʻzaro manfaatli munosabatlarni yoʻlga qoʻyishga salmoqli hissa qoʻshmoqda. Bugungi kunda mamlakatimiz taʼlim muassasalarida oʻqish 7 tilda olib borilmoqda. Teleradiokoʻrsatuv va eshittirishlar 12 tilda efirga uzatilmoqda, gazeta va jurnallar 10 dan ortiq tilda chop etilmoqda.
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi va amalga oshirilishi, biz yashayotgan bugungi davrning oʻzi davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mamlakat atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaqin qoʻshnichilik muhitini yaratishga qaratilgan puxta oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy siyosatni yuritish, shuningdek, aholi, ayniqsa, yoshlar ongida insonparvarlik qadriyatlarini, turli millat vakillari oʻrtasida oʻzaro hamjihatlikni yanada mustahkamlash, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishni taqozo etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni jamiyatda barqarorlik, tinchlik va totuvlikni taʼminlash, fuqarolar ongida katta, koʻp millatli yagona oilaga mansublik tuygʻusini mustahkamlash, milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va yanada rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.
Xususan, Respublika baynalmilal madaniyat markazi va Oʻzbekiston xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalar jamiyatlari kengashi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasining tashkil etilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur Qoʻmita zimmasiga jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, tinchliksevar siyosatni, mamlakat hayotining barcha sohalarida erishilgan yutuq va muvaffaqiyatlarni keng targʻib qilish, xalqaro hamjamiyat, shu jumladan, chet eldagi hamyurtlarimiz diasporasi bilan doʻstlikni mustahkamlashga doir davlat siyosatini izchil amalga oshirish vazifasi yuklanadi.
Qoʻmita millatlararo totuvlik, doʻstlik va hamjihatlik tamoyillarini qaror toptirish, millatlararo munosabatlar madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, muvofiqlashtirish va ragʻbatlantirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Shuningdek, milliy madaniy markazlarga amaliy va metodik yordam koʻrsatadi, ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaydi, millati, irqi va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, fuqarolar ongida koʻp millatli yagona oila tuygʻusini mustahkamlash, “Oʻzbekiston — umumiy uyimiz” tamoyilini amalga oshirish choralarini koʻradi.
Yoshlarni bagʻrikenglik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, tarix, madaniyat, milliy anʼana va urf-odatlarni asrab-avaylash ruhida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratiladi. Bu millatchilik va ekstremizm aqidalariga qarshi mafkuraviy immunitetga ega, mustaqillik gʻoyalariga sodiq, Oʻzbekiston milliy manfaatlarini himoya qiladigan va ilgari suradigan maʼnaviy barkamol avlodni shakllantirish imkonini beradi.
Qoʻmitaga davlat organlarida milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlarining manfaatlarini himoya qilish, ular faoliyatini muvofiqlashtirish, mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillarining oʻziga xos milliy anʼanalari, urf-odatlari va marosimlarini asrash va rivojlantirishga koʻmaklashish vazifasi yuklangan.
Farmonda xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlarni, chet eldagi hamyurtlarimiz va turdosh tashkilotlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash vazifalari belgilangan. Qoʻmita mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy mamlakatlarning tashkilotlari va diplomatik vakolatxonalari, xorijiy davlatlarda faoliyat koʻrsatayotgan turdosh tashkilotlar bilan samimiy va oʻzaro hurmatga asoslangan aloqalar oʻrnatish hamda izchil rivojlantirishga qaratilgan ishlarni tizimli amalga oshiradi.
Bu boradagi ishlar xalqaro hamjamiyatda respublikaning nufuzi va maqomini yanada yuksaltirish, Oʻzbekistonda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini qurish borasida erishilgan yutuqlarni keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan. Bu borada oʻzbek xalqining boy tarixi, madaniyati, maʼnaviy qadriyatlari va anʼanalari, shu zaminda tugʻilib oʻsgan buyuk olim va mutafakkirlar merosi, ularning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini keng namoyish etish boʻyicha tadbirlar oʻtkaziladi.
Qoʻmita oʻzbek xalqining mamlakatimiz tashqarisidagi tarixiy va madaniy meros obyektlarini asrab-avaylashni taʼminlash maqsadida davlat va nodavlat tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratadi.
Xorijiy mamlakatlar bilan millatlararo munosabatlar va doʻstona aloqalarni yanada rivojlantirish va uygʻunlashtirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilish va olib borishda bevosita ishtirok etishga koʻmaklashish Qoʻmitaning ustuvor vazifalari sifatida belgilangan.
Farmonga muvofiq hududlarda millatlararo munosabatlarni rivojlantirish va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarni yoʻlga qoʻyish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar boʻyicha oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatiladi.
Muxtasar aytganda, Farmon qoidalarining hayotga tatbiq etilishi mamlakatda millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha yaxlit tizimni rivojlantirish, milliy madaniy markazlar uchun yanada qulay va keng imkoniyatlar yaratish, ularning bunyodkorlik tashabbuslari va intilishlarini qoʻllab-quvvatlash, faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalarini yanada rivojlantirish, “xalq diplomatiyasi” vositasida chet eldagi vatandoshlar bilan munosabatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.