1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.04.01 (Кучини йукотган) Maktabgacha ta'lim tashkilotlari / 13.01.61.00 (Кучини йукотган) Taʼlim muassasalari;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.72.00 (Кучини йукотган) Oliy taʼlim (bakalavriat va magistratura)]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda milliy oliy yuridik taʼlimni modernizatsiyalash, mazkur sohaga xalqaro taʼlim standartlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, dolzarb huquqiy muammolar boʻyicha kompleks ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, taʼlim olayotgan yoshlarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash boʻyicha samarali tizimni yaratish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Toshkent davlat yuridik universitetida koʻrilgan choralar oʻquv-tarbiyaviy jarayon sifatini oshirish, uni innovatsion mazmun bilan toʻldirish, talabalar bilimini baholashning samarali tizimini joriy qilish, mustaqil ravishda yangi bilimlarni egallash va ulardan foydalanish koʻnikmasini shakllantirishga qaratilgan nazariy tayyorgarlikni huquqni qoʻllash faoliyati bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash imkonini berdi. Universitet bitiruvchilari mamlakatda sodir boʻlayotgan davlat qurilishi va jamiyatni demokratlashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor vazifalarini amalga oshirish va sud-huquq sohasini isloh qilish jarayonlariga faol jalb etilgan.
Shu bilan birga, mamlakatda davlat hokimiyatini yanada demokratlashtirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning taʼsirchan mexanizmlarini joriy qilish, shuningdek, aholining huquqiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar yuqori malakali yuridik kadrlarga boʻlgan zaruriyat va yuqori ehtiyojni taqozo etmoqda. Bunda oliy yuridik taʼlim tizimini yanada rivojlantirmasdan islohotlar talablariga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash imkoni mavjud emas.
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining vazifalariga muvofiq, shuningdek, yuridik kadrlar tayyorlash tizimini xalqaro standartlarni hisobga olgan holda yanada takomillashtirish, Toshkent davlat yuridik universitetida oʻquv jarayonini tashkil etishning zamonaviy usullarini joriy qilish, yoshlarning oliy yuridik taʼlim olishlariga keng imkoniyatlar yaratishni taʼminlash maqsadida:
1. Toshkent davlat yuridik universitetini (keyingi oʻrinlarda TDYU deb ataladi) yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
birinchidan — professor-oʻqituvchilar tarkibini yuqori darajada kasbiy pedagogik mahoratga, huquqiy va siyosiy madaniyatga ega mutaxassislar bilan mustahkamlash, amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan mutaxassislarni taʼlim jarayoniga keng jalb etish;
ikkinchidan — talabalarning mustaqil tayyorgarligini chuqurlashtirishni hisobga olgan holda nazariy mashgʻulotlarni yanada optimallashtirish, ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib, yuristda tahliliy fikrlash va kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirishga qaratilgan oʻquv rejasini, dastur va oʻquv-metodik materiallarni oʻquv jarayonida qoʻllash;
uchinchidan — modul tizimi va oʻqitishning innovatsion metodlarini rivojlantirish, oʻquv jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qoʻllash, talabalar, oʻqituvchilar va yosh tadqiqotchilarni global axborot-huquqiy va taʼlim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, amaliyot, stajirovka oʻtish tartibini takomillashtirish, shuningdek, klinik taʼlimni joriy etish;
toʻrtinchidan — oʻquv, ilmiy va boshqa adabiyotlar, shu jumladan xorijiy adabiyotlar fondini, oʻqitishning texnik vositalari, shuningdek, global axborot-huquqiy va taʼlim resurslarini muntazam yangilab borish;
beshinchidan — tizimli asosda pedagogik va ilmiy xodimlarni malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, taʼlim jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, shuningdek, talabalarning akademik almashinuvini taʼminlash boʻyicha yetakchi xorijiy ilmiy-taʼlim muassasalari, tahliliy, tadqiqot markazlari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash;
oltinchidan — ijobiy xalqaro tajribani yanada qoʻllash, shu jumladan talabalar oʻquv yuklamasi hajmini aniqlashning shartli birliklari (kreditlar)ni oʻtkazish va jamlash tizimini joriy etish;
yettinchidan — nazariy bilimlarni qonunchilik faoliyati va huquqni qoʻllash amaliyoti bilan uzviy bogʻliqligini, shu jumladan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, advokatura bilan faol hamkorlik orqali taʼminlash;
sakkizinchidan — TDYU xalqaro reytingi va raqobatdoshligini oshirish maqsadida chet el fuqarolari uchun yuridik taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tuzilmasiga adliya vaziri oʻrinbosari — Toshkent davlat yuridik universiteti rektori lavozimi kiritilsin.
3. TDYUning yangilangan tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
TDYU rektoriga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tashkiliy tuzilmaga boshqaruv xodimlarining belgilangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. TDYU Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish fakulteti negizida yuridik shaxs maqomiga ega Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi tashkil etilsin xamda unga mamlakatimiz oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalarida huquqiy fanlardan dars beradigan pedagog kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash vazifasi yuklansin.
TDYUga Tarmoq markazi xodimlariga tarif stavkasining 100 foizigacha miqdorida har oylik ustamalar belgilash uchun budjetdan tashqari (toʻlov-kontrakt) mablagʻlari hisobidan moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga ruxsat berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi TDYU huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi faoliyatini tashkil etish uchun zarur mablagʻlarni 2017-yilda ajratsin va keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.
Vasiylik kengashi TDYUga quyidagi ustuvor masalalarda har tomonlama rivojlanishiga koʻmaklashishi belgilansin:
bitiruvchilarni ishga joylashtirish boʻyicha davlat, jamoat va biznes tuzilmalar bilan yanada samarali hamkorlikni amalga oshirish;
oliy yuridik taʼlimni rivojlanishiga koʻmaklashuvchi yangi shakl, dastur va istiqbolli tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, ilmiy ishlanmalar natijalarini qonunchilik faoliyati va huquqni qoʻllash amaliyotiga samarali joriy etish;
oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida hamkorlik kelishuvlarini tuzish amaliyotini rivojlantirish va ularni amalga oshirish;
taʼlim va fan sohasida xalqaro hamkorlikni oʻrnatish va rivojlantirish;
TDYUning pedagog va boshqa xodimlarini mehnat sharoitlari va ijtimoiy taʼminotini yaxshilash;
TDYUga moliyaviy yordam koʻrsatishni tashkil etish, uning faoliyatini taʼminlash va rivojlantirish uchun budjetdan tashqari mablagʻlar, xayriya mablagʻlarini jalb qilishga koʻmaklashish.
6. TDYUga:
oʻquv jarayonini huquqni qoʻllash amaliyoti bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlashni inobatga olgan holda bitiruvchilarga nisbatan malaka talablari, oʻquv reja va oʻquv dasturlarini mustaqil ravishda ishlab chiqish va tasdiqlash;
taʼlim berishning modul tizimi sharoitida professor-oʻqituvchilar tarkibi mehnatini normalashtirish ish vaqtining faqat oʻquv tadbirlarga asoslangan holda mustaqil amalga oshirish, shuningdek, pedagogik xodimlar tomonidan ilmiy-metodik, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy-metodik, maʼnaviy-axloqiy va tarbiyaviy ishlarni bajarishni ragʻbatlantirish huquqi berilsin.
7. TDYUda budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi (mehnatga haq toʻlash fondining 15 foizi) bilan bir qatorda, budjetdan tashqari (toʻlov kontrakt) mablagʻlari hisobidan Boshqaruv, professor-oʻqituvchilar, ilmiy, oʻquv-yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish uchun Maxsus jamgʻarma (keyingi oʻrinlarda — Maxsus jamgʻarma) ularning mehnatga haq toʻlash fondining 85 foizigacha miqdorida tashkil etilsin.
Maxsus jamgʻarma mablagʻlari shtatdagi boshqaruv, professor-oʻqituvchilar, ilmiy, oʻquv-yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga tarif stavkasining 100 foizgacha miqdorda har oylik ustamalar belgilashga yoʻnaltiriladi;
Maxsus jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi, shuningdek, TDYU xodimlariga har oylik ustamalar belgilash mezonlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda TDYU tomonidan belgilanadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bosh prokuraturasi va Oliy sudining:
TDYU bakalavriatiga talabalar qabul qilish kvotasini toʻlov-kontrakt asosida qabul qilish kvotasini koʻpaytirish hisobiga 600 nafar qilib belgilash toʻgʻrisidagi (qonunchilikka asosan oshirilgan kontrakt stavkalar boʻyicha qoʻshimcha qabul qilish imkoniyati bilan);
2017/2018 oʻquv yilidan boshlab TDYU bakalavriatiga qabul qilish kvotalaridan tashqari xorijiy fuqarolarni suhbat qilish yoʻli bilan test sinovlarini topshirmagan holda, oʻqish uchun kontrakt summasini xorijiy valyutada toʻlash orqali qabul qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartishlar kiritilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish tartibini belgilashni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Vazirlik va idoralar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalarni kiritsin.
12. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 28-aprel,
PQ-2932-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-apreldagi PQ-2932-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-apreldagi PQ-2932-son qaroriga 2-ILOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti Vasiylik kengashi
TARKIBI
I.B. Abdullayev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Vasiylik kengashi raisi
M.M. Ikramov
—
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri, Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari
O.B. Murodov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi
M.A. Usmonov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining raisi
B.Sh. Mirboboyev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisi
Sh.A. Gaziyev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi
A.A. Azizov
—
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri
R.S. Qosimov
—
Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri
U.K. Mingboyev
—
Oʻzbekiston Sudyalar assotsiatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari
R.T. Axmedov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining raisi
E.S. Kanyazov
—
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining oʻrinbosari — Toshkent davlat yuridik universiteti rektori
Izoh: Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga koʻrsatilgan lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-apreldagi PQ-2932-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritiladigan
oʻzgartishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 28-iyundagi PQ-1990-sonli qarorining:
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 20-apreldagi PQ–2909-sonli qarorining 28-ilovasi 1-boʻlimi 1-bandi “Yillar boʻyicha qabulning istiqbolli koʻrsatgichlari” grafasidagi “450” raqamlar “600” raqamlar bilan almashtirilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 19-son, 335-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.04.2018-y., 07/18/3666/1073-son, 11.07.2018-y., 06/18/5475/1489-son; 30.04.2020-y., 06/20/5987/0521-son; 20.05.2020-y., 06/20/5997/0634-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.11.2025-y., 06/25/232/1102-son; 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)