toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 30.12.2006
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YaKKA TARTIBDA UY-JOY QURAYoTGAN KO‘P BOLALI VA KAM DAROMADLI OILALARNI RAG‘BATLANTIRIShGA DOIR QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yakka tartibdagi uy-joy qurilishi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 2006-yil 30-dekabrdagi 272-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Yakka tartibda uy-joy qurayotgan ko‘p bolali va kam daromadli oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, budjet ajratmalaridan maqsadli va samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yakka tartibda imorat quruvchilarga va uy-joy qurilishi shirkatlariga korxonalar tomonidan imtiyozli baholarda sotilayotgan devorbop materiallarning o‘rta hisobda 30 foiz qiymati amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq davlat budjetidan qoplanayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Qo‘rg‘onlar, ovullar, qishloqlar va mahallalar fuqarolar yig‘inlari kengashlariga ko‘p bolali va kam daromadli oilalarning ularga yakka tartibda uy-joy qurish uchun imtiyozli baholarda devorbop materiallar sotish haqidagi arizalarini birinchi navbatda va ustuvor ravishda ko‘rib chiqish to‘g‘risida mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlariga iltimosnoma kiritish huquqi berilsin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi bilan birgalikda kompensatsiya qilinadigan mablag‘larning ortiqcha sarflanishiga yo‘l qo‘ymasligi, shuningdek ko‘p bolali va kam daromadli oilalarning yakka tartibda uy-joy qurish uchun ularga devorbop materiallarni imtiyozli baholarda sotish haqidagi arizalari tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan o‘z vaqtida va asosli ko‘rib chiqilishi ustidan muntazam nazoratni ta’minlasinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2000-yil uchun budjet prognozlarida yakka tartibda imorat quruvchilar va uy-joy qurilishi shirkatlariga imtiyozli baholarda mahsulotlar sotayotgan devorbop materiallar ishlab chiqaruvchi korxonalarning kompensatsiya xarajatlari uchun 85 mln so‘m miqdorida mablag‘larni nazarda tutsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 3-sentabr,
411-son
(O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1999-y., 9-son, 50-modda; 2006-y., 51-52-son, 518-modda)