toggle_night_mode
Hujjat 29.09.2017 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mustaqillik yillarida respublikada huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, mamlakatda huquq-tartibotni taʼminlashda ijobiy natijalarga hamda kriminogen vaziyatni sezilarli darajada yaxshilashga erishildi.
Shu bilan birga, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi davlat organlarining ish shakli va uslublari, eng avvalo axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan yetarli darajada foydalanilmayotganligi sababli hozirgi kun talablariga toʻliq javob bermaydi.
Davlat idoralari aksariyat hollarda huquqbuzarliklar profilaktikasini faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi sifatida baholab, oqibatda ushbu faoliyatga lozim darajada eʼtibor qaratmayapti.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarning aniq manzilga yoʻnaltirilmaganligi va ularga kompleks yondashilmayotganligi, shuningdek huquqbuzarliklarning tizimli ravishda sodir etilishiga doir sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish samaradorligi mavjud emasligi kutilayotgan natijalarni bermayapti.
Vakolatli organlarning yetarli darajada tashabbus koʻrsatmayotganligi, lozim darajadagi idoralararo hamkorlikning mavjud emasligi, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning oʻzaro nomutanosibligi huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirishni talab etadi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirishning taʼsirchan tizimini yaratish, qonun buzilishlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning zamonaviy tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish maqsadida:
1. Davlat organlarining, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi ishlari qoniqarsiz deb eʼtirof etilsin.
2. Huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlari, shuningdek xoʻjalik boshqaruvi organlarining (keyingi oʻrinlarda — davlat idoralari va tashkilotlari) ustuvor vazifasi etib belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Ushbu sohada quyidagilar davlat idoralari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib hisoblansin:
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini, shu jumladan aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyatida faol ishtirok etish, fuqarolar murojaatlari va muammolariga bepisand munosabatda boʻlish va byurokratik holatlarga yoʻl qoʻymaslik orqali taʼminlash;
huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish choralarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish orqali huquqbuzarliklarning, ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida oldini olish hamda ularga chek qoʻyish, shuningdek ularning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish;
idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan videokuzatuv, elektron hisobga olish va oʻzaro axborot almashish, idoralararo maʼlumotlar bazalari tizimlarini profilaktik ishlarga keng joriy etish;
jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy va davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
amalga oshirilayotgan profilaktika chora-tadbirlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini, qonuniylik ahvoli hamda jinoyatchilik darajasi haqidagi maʼlumotlarni aholiga yetkazish masalalarida ommaviy axborot vositalari bilan faol hamkorlik qilish, Internet butunjahon axborot tarmogʻi imkoniyatlaridan keng foydalanish, sodir etilgan huquqbuzarliklar va ularni bartaraf etish jarayoni toʻgʻrisida keng jamoatchilikni tezkor xabardor qilish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini, shu jumladan huquqbuzarliklar dinamikasi, ularni sodir etish takroriyligi, ijtimoiy fikr, profilaktik ishlar natijasidan fuqarolarning qoniqish hosil qilishi va aholi bilan hamkorlik darajasini inobatga oladigan baholashning aniq mezonlarini joriy etish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha idoralararo dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda manzillilik, sohaviy ixtisoslashuv, hududiy va boshqa oʻziga xos xususiyatlar inobatga olinishini taʼminlash;
ijtimoiy muammolarni hal etish, birinchi navbatda aholi bandligini taʼminlash, ayollar va yoshlarni ijtimoiy-foydali faoliyatga jalb etishni faollashtirish, voyaga yetmaganlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi muammolari boʻyicha kompleks ilmiy va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish, profilaktik ishlarni olib borishning zamonaviy uslubiyotini joriy etish;
huquqbuzarliklardan jabrlanuvchilar va gʻayriijtimoiy xulq-atvorli, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil boʻlgan yoki sodir etgan shaxslarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa yordam koʻrsatish boʻyicha chora-tadbirlar tizimini rivojlantirish;
huquqbuzarliklar profilaktikasiga fuqarolar va jamoat tashkilotlarini, shu jumladan ularni moddiy va boshqacha tarzda ragʻbatlantirish orqali jalb etish mexanizmlarini takomillashtirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Adliya vazirligining quyidagi takliflari qabul qilinsin:
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiya, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalarni tegishincha Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi hamda voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha hududiy idoralararo komissiyalar etib qayta tashkil etish;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalari huzurida prokuratura, ichki ishlar va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining tajribali xodimlaridan iborat doimiy faoliyat yurituvchi idoralararo tezkor-tergov guruhlarini tashkil etish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi quyidagi komissiyalar boʻyicha yagona muvofiqlashtiruvchi organ etib belgilansin:
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi;
Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi;
Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi;
Keyingi tahrirga qarang.
Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Haftaning har payshanba kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” etib belgilansin va ushbu kunda quyidagi tadbirlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilsin:
huquqbuzarliklarga murosasizlik madaniyatini shakllantirish, huquqiy nigilizmga barham berish va fuqarolarning qonunga itoatkorlik xulq-atvorini ommalashtirishga qaratilgan, shu jumladan ichki ishlar organlari tayanch punktlari, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat idoralari va tashkilotlarida “ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etish orqali tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
qonuniylik ahvolini va huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha chora-tadbirlarning samaradorligini atroflicha muhokama qilish uchun joylarda, birinchi navbatda kriminogen vaziyat nomaqbul boʻlgan hududlarda fuqarolarning sayyor qabullarini hamda davlat idoralari va tashkilotlari vakillarining aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etish;
ijtimoiy ahamiyati muhim boʻlgan sud muhokamalari boʻyicha sayyor sud majlislarini oʻtkazish;
aholi turmushining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini oʻrganish, huquqbuzarlik sodir etishga koʻmaklashuvchi shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida uyma-uy yurishlarni tashkil etish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida davlat idoralari va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
maxsus telekoʻrsatuv va radioeshittirishlarda davlat idoralari va tashkilotlari vakillari, jamoatchilik ishtirokida joylarda jinoyatchilik ahvoli, huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlari, jinoyatlarni fosh etish va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish boʻyicha ishlarning natijalarini muhokama qilish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari boʻyicha ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet butunjahon axborot tarmogʻida maqolalar, sharhlar va boshqa materiallar chop etilishini tashkil etish.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi ikki hafta muddatda masʼul ijrochilarni aniq belgilagan holda, mazkur qaror talablariga muvofiq aniq tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi huquqbuzarliklar profilaktikasi kunlarini oʻtkazish boʻyicha namunaviy dasturni tasdiqlasin.
6. Quyidagilar:
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizom va uning tarkibi 1 va 2-ilovalarga muvofiq;
Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyalar toʻgʻrisidagi Nizom va Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha respublika idoralararo komissiyasining tarkibi 3 va 4-ilovalarga muvofiq;
Keyingi tahrirga qarang.
Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizom va uning tarkibi 5 va 6-ilovalarga muvofiq;
Keyingi tahrirga qarang.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha 2017 — 2018-yillarga moʻljallangan dastur 7-ilovaga* muvofiq;
* 7-ilova berilmaydi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish sxemasi 8-ilovaga muvofiq;
“Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” doirasida tadbirlarni tashkil etish sxemasi 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tuzilmasida Umumiy shtat birligi doirasida 21 shtat birligidan iborat boʻlgan Qonuniylik va huquq-tartibotni taʼminlash muammolarini tahlil qilish boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda — Boshqarma) tashkil etilsin.
 LexUZ sharhi
7-bandning birinchi xatboshisiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-fevraldagi PF-5343-sonli qaroriga asosan oʻzgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Boshqarmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
huquqbuzarliklar sodir etilish sabab va shart-sharoitlarning, qonuniylik va huquq-tartibotni taʼminlashga taʼsir etuvchi omillarning, ayniqsa huquqbuzarliklarning salbiy dinamikasi kuzatilgan sohalarda tizimli tahlilini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining boshqa tarkibiy boʻlinmalari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda huquqbuzarliklarning sodir etilishiga olib kelayotgan sabab va shart-sharoitlarni barham toptirishga qaratilgan taʼsirchan chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
qonunchilik hamda huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirish, qonun hujjatlari buzilishiga, shuningdek huquqiy normalarni oʻzboshimchalik bilan, subyektiv, tanlov asosida talqin qilish faktlariga yoʻl qoʻymaslik va ularni bartaraf etish, davlat idoralari va tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi va natijadorligini tanqidiy tahlil qilish;
qonuniylik va huquq-tartibotni taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy usul va shakllarini tatbiq etish borasida takliflar tayyorlash;
qonuniylik va huquq-tartibotni taʼminlash boʻyicha dolzarb masalalar yuzasidan seminarlar, “davra suhbatlari”, konferensiyalar, simpoziumlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish hamda oʻtkazish;
qonuniylik va huquq-tartibotni taʼminlash sohasida ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish, uni Oʻzbekiston Respublikasida joriy etish boʻyicha takliflar tayyorlash.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga Boshqarmaga noyuridik mutaxassislikdagi (iqtisodchilar, moliyachilar, sotsiologlar va boshqalar) zarur bilim va tajribaga ega yuqori malakali kadrlarni ishga qabul qilish huquqi berilsin.
Boshqarma xodimlariga lavozim maoshining 50 foizi miqdorida qoʻshimcha ustama haq belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasiga vakolatli organlar va boshqa tashkilotlar oʻrtasida maʼlumotlar va materiallarning samarali almashinuvini taʼminlaydigan yagona axborot tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlashni nazarda tutadigan Hukumat qarori loyihasini kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan mazkur qarorning 8-bandida nazarda tutilgan xarajatlarni qoplagan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining xarajatlar smetasi va shtat jadvallariga oʻzgartirishlar kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqadigan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritsin.
12. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B. Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 14-mart,
PQ-2833-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-sonli qaroriga
1-ILOVA
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishni bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organlar va muassasalar) faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.
2. Komissiya tomonidan qabul qilinadigan qarorlar barcha vazirliklar, idoralar, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ijro etilishi majburiydir.
3. Komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizom hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Komissiya oʻz faoliyatini davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrida, tumanlar (shaharlar)da huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha hududiy komissiyalar (keyingi oʻrinlarda — hududiy komissiyalar) bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
2-bob. Komissiyaning asosiy vazifalari
5. Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
qonuniylik va huquq-tartibotni, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, yuridik shaxslar, jamiyat va davlatning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini huquqbuzarliklardan himoya qilishni taʼminlash;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari va boshqa dasturlar ishlab chiqilishini hamda amalga oshirilishini, shuningdek ularning ijrosi ustidan nazoratni tashkil etish;
vakolatli organlar va muassasalarning faoliyatini ularning faoliyati samaradorligini, yaqindan hamkorligi va ish uygʻunligini taʼminlash maqsadida muvofiqlashtirish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan choralarni baholash, monitoring qilish va ularning samaradorligini oshirish;
jinoyatlarni fosh etish, tergov qilish, ularning oldini olish va ularga barham berish amaliyotini oʻrganish;
jinoyatlar fosh etilishini hamda surishtiruv, tergov va sud organlaridan yashiringan shaxslarning qidiruvini taʼminlash maqsadida tezkor-qidiruv va profilaktika tadbirlarining samaradorligini oshirish;
tizimli kamchiliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish hamda ularni huquqni qoʻllash amaliyoti va qonun hujjatlarini takomillashtirish yoʻli bilan bartaraf etish;
vakolatli organlar va muassasalarning huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga barham berishdagi oʻzaro hamkorligini yaxshilash, shuningdek huquqbuzarliklarni sodir etish sabablari va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi maʼlumotlarni toʻplash, saqlash, qayta ishlash, tahlil qilish hamda tegishli organlar va muassasalar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ulardan foydalanish;
hududiy komissiyalarning faoliyatini muvofiqlashtirish.
3-bob. Komissiyaning huquq va majburiyatlari
6. Komissiya quyidagi huquqlarga ega:
vakolatli organlar va muassasalarning faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilish;
Komissiya vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha vakolatli organlar va muassasalar rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalarida qonun hujjatlari va Komissiya qarorlari bajarilmaganligi uchun tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlarga ularning mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortish haqida takliflar kiritish;
Komissiya vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlardan belgilangan tartibda maʼlumotlarni soʻrash va olish;
Komissiya aʼzosi hisoblanmaydigan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslarini Komissiya yigʻilishlariga taklif etish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlari ahvolini oʻrganish uchun ishchi komissiyalar va (yoki) ekspert guruhlari tashkil etish, shuningdek ushbu komissiya va guruhlar ishiga mutaxassislarni jalb qilish;
jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, qonuniylikni mustahkamlash va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda faol ishtirok etgan shaxslarni ragʻbatlantirish tashabbusi bilan chiqish.
Komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
7. Komissiya quyidagilarga majbur:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish boʻyicha qarorlarini ijro etish;
Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlarning oʻz vaqtida ijro etilishi yuzasidan nazorat va monitoringni amalga oshirish.
Komissiya zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
4-bob. Komissiya ishini tashkil etish
8. Komissiyaning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
9. Hududiy komissiyalar rais (ichki ishlar organi rahbari), rais oʻrinbosari va aʼzolardan iborat tarkibda tuziladi. Hududiy komissiyalar tarkibiga, qoida tariqasida, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek mehnat, taʼlimni davlat tomonidan boshqarish, davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish, tabiatni muhofaza qilish organlari va boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlari kiritiladi.
10. Komissiya oʻz faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va majlislarini zaruratga qarab, ammo chorakda kamida bir marta oʻtkazadi.
11. Komissiya rais tomonidan boshqarilib, u:
Komissiya faoliyatiga rahbarlik qiladi;
Komissiya yigʻilishlarini chaqiradi va ularga raislik qiladi;
Komissiya yigʻilishlari kun tartibini tasdiqlaydi;
Komissiya ish rejalarini tasdiqlaydi.
12. Komissiya ishchi organi funksiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bajaradi.
13. Ishchi organ:
Komissiya ish rejalarini ishlab chiqadi, ularning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi, shuningdek tasdiqlangan rejaga muvofiq Komissiyaning joriy faoliyatini tashkil etadi;
Komissiya yigʻilishlari kun tartibiga kiritiladigan masalalar boʻyicha materiallarning tayyorlanishini tashkil qiladi;
Komissiya vakolat doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi;
Komissiya qarorlarining ijrosi ustidan nazorat va monitoringni tashkil qiladi;
kelib tushayotgan xat va hujjatlarni koʻrib chiqilishini tashkil qiladi, yozishmalarni va Komissiya vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar tayyorlashni amalga oshiradi;
ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
Komissiya faoliyatini tashkiliy-texnik taʼminlashni amalga oshiradi.
Ishchi organ qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
14. Vakolatli organlar va muassasalar oʻz vakolatlari doirasida Komissiyaga har chorakda:
jinoyatchilik va huquqbuzarliklar ahvoli toʻgʻrisidagi hisobotlarni;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish toʻgʻrisidagi hisobotlarni;
jinoyatlar va huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish boʻyicha takliflarni taqdim etishadi.
15. Komissiya qarorlari Komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Komissiya qarorlari yigʻilishda ishtirok etgan Komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadigan va Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomani imzolashda Komissiya aʼzolari oʻzlarining alohida fikrlarini yozma ravishda bildirish huquqiga egadir.
16. Komissiya qarorlari tegishli vakolatli organlar va muassasalarga, shuningdek manfaatdor davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, boshqa tashkilotlarga yuboriladi. Ularning rahbarlari Komissiya qarorlarining oʻz vaqtida va toʻliq ijro etilishi uchun javobgardir.
Komissiya qarorlarini sifatli bajarish maqsadida vakolatli organlar va muassasalar rahbarlari tomonidan ularning ijro etilishi yuzasidan monitoring va nazorat tashkil etiladi.
17. Komissiya ish rejalari uning aʼzolaridan kelib tushgan takliflar asosida har yarim yilga tuziladi, Komissiya yigʻilishida koʻrib chiqiladi va Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Sud organlari bilan hamkorlik
18. Komissiyaning sudlar bilan hamkorligi sud hokimiyatining mustaqilligi prinsipiga rioya qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni, boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Sudlar bilan hamkorlik quyidagi asosiy shakllarda amalga oshiriladi:
axborot almashinuvi hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqishda sud-tergov statistika maʼlumotlari, sud amaliyoti materiallaridan foydalanish;
qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotining takomillashtirilishini taʼminlash maqsadida normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarini hamkorlikda ishlab chiqish;
qonunda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qonunchilikni qoʻllash masalalari boʻyicha tushuntirishlar berish toʻgʻrisidagi qarorlarini tayyorlashda ishtirok etish;
hamkorlikda seminar, “davra suhbati” va konferensiyalar oʻtkazish, vakolatli organlar va muassasalar xodimlarining malakasini oshirish ishida ishtirok etish;
tegishli vakolatli organlar va muassasalarga, shuningdek manfaatdor davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, boshqa tashkilotlarga hamkorlikdagi axborot xatlari, koʻrsatmalar, maʼlumotnoma va sharhlarni yuborish.
19. Komissiya yigʻilishlarida tegishli sudlarning raislari ishtirok etishlari mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-sonli qaroriga
2-ILOVA
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi
TARKIBI

1.

Azizov A.A.

Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Komissiya raisi

2.

Azimov M.B.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosari, Komissiya raisining oʻrinbosari

3.

Abduxakimov A.A.

Oʻzbekiston Respublikasi mehnat vaziri

4.

Gulyamov R.X.

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati
raisining oʻrinbosari

5.

Togayev K.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining oʻrinbosari

6.

Joʻrayev N.S.

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining oʻrinbosari

7.

Normatov Sh.T.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari

8.

Raimov B.Ya.

Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari

9.

Gadoyev E.F.

Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi raisining oʻrinbosari

10.

Basitxanova E.I.

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari

11.

Kenjayev D.M.

Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining oʻrinbosari

12.

Madjidov I.U.

Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari

13.

Abdusamatov B.X.

Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining raisi

14.

Dusanov Z.A.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshligʻi

15.

Javlonov Sh.S.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi raisining birinchi oʻrinbosari, “Mahalla” fondi raisi

16.

Ergashev A.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshligʻi, ishchi organ masʼul tuzilmasining rahbari

Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan shaxslar yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-sonli qaroriga
3-ILOVA
Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyalar toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha respublika idoralararo komissiya (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar (keyingi oʻrinlarda — mintaqaviy komissiyalar), tuman (shahar) (keyingi oʻrinlarda — tuman (shahar) komissiyalari) idoralararo komissiyalari faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Respublika komissiyasi, shuningdek mintaqaviy komissiyalar, tuman (shahar) komissiyalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy komissiyalar) oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiruvchi organlar hisoblanib, ular:
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik, qarovsizlik, huquqbuzarliklar va boshqa gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarning oldini olish, ularga imkon tugʻdiruvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish;
voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash;
ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan voyaga yetmaganlarni ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilish maqsadida tuziladi.
Hududiy komissiyalar oʻz faoliyatida yuqori turuvchi komissiyalarga hisobdordir, oʻz faoliyati toʻgʻrisida har chorak yakunlari boʻyicha ularni xabardor qilib turadilar va hisobot berib boradilar.
3. Respublika komissiyasining shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.
4. Hududiy komissiyalar rais (tuman (shahar), viloyat va Toshkent shahar hokimi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi), rais oʻrinbosari va 10 — 18 nafar aʼzosidan iborat tarkibda tuziladi.
Hududiy komissiyalar aʼzolari soni ish hajmidan kelib chiqib belgilanadi.
Masʼul kotib joriy ishlarni va hududiy komissiya qarorlarining bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi.
Hududiy komissiyalar tarkibiga tegishli ravishda xalq taʼlimi, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi, sogʻliqni saqlash, Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, mehnat, madaniyat, sport, ichki ishlar organlari, shuningdek xotin-qizlar qoʻmitasi, kasaba uyushmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, mudofaaga koʻmaklashish tashkiloti, mehnat jamoalari, madaniy-maʼrifiy va boshqa muassasalarning vakillari kiritilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Hududiy komissiyalar faoliyati izchil ravishda tashkil etilishini taʼminlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklari tizimida mahalliy budjet hisobidan hududiy komissiyalar masʼul kotiblari, shuningdek zaruriyat boʻlganda voyaga yetmaganlar bilan ishlash boʻyicha inspektorlar faoliyat koʻrsatadi.
Hududiy komissiyalar tarkibida: voyaga yetmaganlar oʻrtasida madaniy-tarbiyaviy ishlar boʻyicha, taʼlim muassasalari oʻquvchilari bilan ishlash boʻyicha, voyaga yetmaganlarni ishga joylashtirish va ularning maishiy turmushi sharoitlarini yaxshilash masalalari boʻyicha, ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan va tarbiya koloniyalaridan ozod qilingan voyaga yetmaganlarni nazorat qilish boʻyicha seksiyalar tashkil etilishi mumkin.
Komissiyalar vakolatiga kiritilgan muhim masalalarni tahlil qilish va ular yuzasidan takliflar ishlab chiqish uchun vaqtincha yoki doimiy ishlovchi ishchi guruhlar tashkil etilishi mumkin.
5. Komissiyalarning faoliyati keng jamoatchilik ishtirokida amalga oshiriladi. Komissiya ishiga kasaba uyushmalari, taʼlim muassasalarining ota-onalar qoʻmitalari, vasiylik kengashlari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlarining hamda boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari jalb etilishi mumkin.
Komissiyalar ishlashga jalb qilingan shaxslar orasidan voyaga yetmaganlar bilan ishlovchi jamoatchi inspektorlar va jamoatchi tarbiyachilar ajratadilar.
6. Komissiyalar oʻz vakolatlariga kiritilgan masalalar boʻyicha davlat organlari va tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar qabul qiladilar.
Davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari komissiya qarorlarini bajarish yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida komissiyaga oʻn kunlik muddat mobaynida xabar berishlari shart.
Hududiy komissiyalarni moddiy-texnik jihatdan taʼminlash bilan bogʻliq masalalarni hal etish boʻyicha vazifalar tegishli ravishda tumanlar (shaharlar), viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuklanadi.
2-bob. Respublika komissiyasining asosiy vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Respublika komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida davlat dasturlari va boshqa dasturlar ishlab chiqilishini hamda amalga oshirilishini, shuningdek ularning ijrosi ustidan nazoratni tashkil etish;
davlat organlari va tashkilotlarning voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini ularning samaradorligini, yaqindan hamkorligi va ish uygʻunligini taʼminlash maqsadida muvofiqlashtirish;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida koʻrilayotgan choralarni baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish;
tizimli kamchiliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish hamda ularni huquqni qoʻllash amaliyoti va qonun hujjatlarini takomillashtirish yoʻli bilan bartaraf etish;
davlat organlari va tashkilotlarning voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, shuningdek huquqbuzarlik sodir etish sabablari va bunga imkoniyat yaratayotgan shart-sharoitlarni aniqlashdagi oʻzaro hamkorligini yaxshilash yuzasidan choralarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid maʼlumotni toʻplash, saqlash, qayta ishlash, tahlil qilish hamda tegishli organlar va muassasalar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ulardan foydalanish;
hududiy komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish.
8. Respublika komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalardan kelib chiqib:
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
hududiy komissiyalar ishini nazorat qiladi va yoʻnaltiradi, ularning faoliyatini tahlil qiladi, ularga tashkiliy-uslubiy yordam koʻrsatadi;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar va muassasalarning ijobiy ish tajribasini umumlashtiradi hamda ommalashtiradi, ularga tashkiliy-uslubiy yordam koʻrsatadi;
davlat organlari va tashkilotlarning voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha choralarni koʻradi;
voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish, ularning nazoratsizligi va huquqbuzarliklari, ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni aniqlash va joylashtirish bilan bogʻliq masalalarni oʻrganadi va umumlashtiradi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqadi;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik, huquqbuzarliklar va boshqa gʻayriijtimoiy xatti-harakatlar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash boʻyicha tadbirlar kompleksini ishlab chiqadi, shuningdek ushbu tadbirlarning amalga oshirilishini nazorat qiladi;
oʻz vakolatiga kiritilgan muammolarni hal etish bilan bogʻliq maqsadli dasturlar loyihalarini oʻrganadi;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik, qarovsizlik, ular tomonidan huquqbuzarliklar yoki boshqa gʻayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilishiga imkon tugʻdiruvchi sabablar va sharoitlarni tahlil qiladi;
davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy sheriklikni va fuqarolik jamiyati institutlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni rivojlantirish choralarini koʻradi;
voyaga yetmaganlar oʻrtasidagi nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda qatnashadi;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar va muassasalar faoliyatini oʻrganadi, uni takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
davlat organlari va tashkilotlarning Respublika komissiyasi vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha takliflarini koʻrib chiqadi.
Respublika komissiyasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Mintaqaviy komissiyalarning asosiy vazifalari va funksiyalari
9. Quyidagilar mintaqaviy komissiyalarning asosiy vazifalari hisoblanadi:
voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va tiklash, voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik, qarovsizlik, huquqbuzarliklar va gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga imkon tugʻdiruvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
davlat organlari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari va tashkilotlarning voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida koʻrilayotgan choralarni baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish;
tizimli kamchiliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish;
huquqbuzarliklarning oldini olish va ularni bartaraf etishda, shuningdek huquqbuzarlik sodir etish sabablari va bunga imkoniyat yaratayotgan shart-sharoitlarni aniqlashda davlat organlari va tashkilotlarning hamkorligini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid maʼlumotni toʻplash, saqlash, qayta ishlash, tahlil qilish hamda tegishli organlar va muassasalar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ulardan foydalanish;
tuman (shahar) komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtirish.
10. Mintaqaviy komissiyalar oʻzlariga yuklangan vazifalardan kelib chiqib:
Toshkent shahar, tegishli viloyat, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidagi voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi, ushbu hodisalarning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish, bolalarni joylashtirish va ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha tadbirlarni ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar;
tumanlar (shaharlar) komissiyalarining ishini nazorat qiladi va yoʻnaltiradi, ularning faoliyatini tahlil qiladi, ularga tashkiliy-uslubiy yordam koʻrsatadi;
davlat organlari va tashkilotlarning ijobiy ish tajribalarini umumlashtiradi va ommalashtiradi, ularga tashkiliy-uslubiy yordam koʻrsatadi;
voyaga yetmaganlar oʻrtasidagi nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
davlat organlari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha choralarni koʻradi;
tumanlar (shaharlar) komissiyalarining qarorlarini tekshiradi, noqonuniy yoki asossiz qarorlarni bekor qiladi.
4-bob. Tumanlar (shaharlar) komissiyalarining vazifalari va funksiyalari
11. Quyidagilar tumanlar (shaharlar) komissiyalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va tiklash, voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik, qarovsizlik, huquqbuzarliklar va boshqa gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga imkon tugʻdiruvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
voyaga yetmaganlarni tarbiyalash, oʻqitish, saqlash (parvarishlash) sharoitlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi muassasalarida voyaga yetmaganlar bilan muomalada boʻlish yuzasidan nazoratni tashkil etish;
davlat organlari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari va tashkilotlarning voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida koʻrilayotgan choralarni baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish;
tizimli kamchiliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish;
huquqbuzarliklarning oldini olish va ularni bartaraf etishda, shuningdek huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va bunga imkoniyat yaratayotgan shart-sharoitlarni aniqlashda davlat organlari va tashkilotlarning hamkorligini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid axborotni toʻplash, saqlash, qayta ishlash, tahlil qilish hamda tegishli organlar va tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ulardan foydalanish;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan yoxud ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan voyaga yetmaganlarni ishga joylashtirish va ularning maishiy yashash sharoitini yaxshilashda yordam koʻrsatish, davlat yordamiga muhtoj boʻlgan boshqa voyaga yetmaganlarni joylashtirish shakllarini aniqlashda koʻmaklashish, shuningdek voyaga yetmaganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilishga doir qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ishlarni amalga oshirish.
12. Tumanlar (shaharlar) komissiyalari oʻzlariga yuklangan vazifalardan kelib chiqib:
xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, mehnat, madaniyat, sport, ichki ishlar organlari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning bolalarni tarbiyalash, ularni joylashtirish, salomatligini mustahkamlash, voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtiradi;
tumanlar (shaharlar) hududidagi voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi, ularning keltirib chiqaruvchi sabablari va sharoitlarini bartaraf etish, bolalarni joylashtirish, shuningdek ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
voyaga yetmaganlar oʻrtasidagi nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
davlat va jamoat yordamiga muhtoj boʻlgan voyaga yetmaganlarni aniqlash va hisobga olish tadbirlarini amalga oshiradi;
voyaga yetmaganlar, pedagogik jamoalar va jamoatchilik oʻrtasida huquqiy targʻibotni amalga oshiradi;
voyaga yetmaganlarning, ularning ota-onasi yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslarning, shuningdek boshqa shaxslarning voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishi bilan bogʻliq shikoyatlari va arizalarini koʻrib chiqadi;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan yoki ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan voyaga yetmaganlarni ishga joylashtirishga va ularning maishiy yashash sharoitlarini yaxshilashga, davlat tomonidan ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan voyaga yetmaganlarni joylashtirish shakllarini aniqlashga yordam beradi;
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga muvofiq komissiyalar vakolatiga kiritilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqadi;
voyaga yetmaganlarga nisbatan taʼsir koʻrsatish choralarini koʻradi.
Tumanlar (shaharlar) komissiyalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
5-bob. Tuman (shahar) komissiyalarining nazorat funksiyalari
13. Tuman (shahar) komissiyalari ichki ishlar organlari bilan birgalikda tarbiyaviy taʼsir qilish yoki maʼmuriy jazolash choralari koʻrilgan, ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoga hukm qilingan, jazoga shartli hukm qilingan va jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalaridan qaytgan yoki tarbiya koloniyalarida jazoni oʻtagan voyaga yetmaganlarning xulq-atvorini kuzatib borishni tashkil etadi, shuningdek ushbu toifadagi voyaga yetmaganlarning hisobini olib boradi.
Tuman (shahar) komissiyalari, zarur boʻlgan hollarda, voyaga yetmaganlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishga joylashtirish yoki ularni taʼlim muassasalariga yuborish chora-tadbirlarini koʻradilar.
14. Tuman (shahar) komissiyalari bolalarni ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarida hamda yetim va ota-ona qarovisiz qolgan bolalar uchun moʻljallangan taʼlim muassasalarida saqlash, tarbiyalash va taʼlim olish sharoitlari, bolalarning istiqomat joylarida madaniy dam olishlari uyushtirilishi, shuningdek, zarur hollarda, umumtaʼlim maktablarida, boshqa taʼlim muassasalarida, madaniy-maʼrifiy muassasalar va sport tashkilotlarida voyaga yetmaganlar bilan tarbiyaviy ishlar olib borilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradilar.
Voyaga yetmaganni xorijiy davlatdagi taʼlim muassasasiga oʻtkazish munosabati bilan umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasidan chiqarish faqat taʼlim muassasasi joylashgan tuman (shahar) komissiyasining roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
15. Tuman (shahar) komissiyalari tashkilotlarda voyaga yetmaganlarga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinayotganligi, ular bilan olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarning ahvoli, ularning umumtaʼlim, madaniy va kasbiy darajasini oshirish uchun zarur moddiy-maishiy sharoitlar yaratib berilganligi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nazoratni amalga oshiradilar.
Tuman (shahar) komissiyalari, agar ishlarni davom ettirish voyaga yetmaganlarning sogʻligʻiga xavf soladigan yoki ular uchun boshqacha ziyon keltiradigan boʻlsa, voyaga yetmaganlar va ish beruvchi oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqlidir.
16. Tuman (shahar) komissiyalari mazkur tuman (shahar) hududida joylashgan ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarida, tarbiya koloniyalarida, ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning profilaktikasi boʻlinmalarida va voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlarida tarbiyaviy ishlar, umumiy taʼlim va kasb-hunar oʻquvlarining olib borilishi, ularni saqlash va mehnatining toʻgʻri tashkil etilishi yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshiradilar, shuningdek ushbu muassasalarga koʻrsatib oʻtilgan ishlarni amalga oshirishda yordam koʻrsatadilar.
6-bob. Tuman (shahar) komissiyalarining huquqlari
17. Tuman (shahar) komissiyalari quyidagi huquqlarga ega:
davlat organlari va tashkilotlarda voyaga yetmaganlarni saqlash, tarbiyalash va oʻqitish sharoitlarini nazorat qilish;
yetim va ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun taʼlim muassasalarida, ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarida, tarbiya koloniyalarida hamda ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlarida voyaga yetmaganlarni saqlash va tarbiyalash sharoitlarini, shuningdek ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar oʻrtasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalaridagi ishlarning holatini tekshirish;
umumtaʼlim maktablari va boshqa taʼlim muassasalarida, madaniy-maʼrifiy muassasalarda, shuningdek voyaga yetmaganlar ishlayotgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda voyaga yetmaganlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarning ahvolini tekshirish;
yangi uy-joy mavzelari va tumanlarni qurish loyihalashtirilganda oʻyin va sport maydonchalari, bolalar stadionlari va bolalar dam olish zonalari qurish uchun yer maydonlari ajratilishini nazorat qilib borish;
davlat organlari va tashkilotlardan komissiyalar ishi uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni olish;
koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha axborot va tushuntirishlar olish uchun oʻz majlislariga mansabdor shaxslarni, mutaxassislarni va boshqa shaxslarni taklif etish;
komissiya majlislarida tegishli davlat organlari va tashkilotlar rahbarlarining voyaga yetmaganlarni saqlash va tarbiyalash sharoitlariga oid masalalar yuzasidan axborotlarini eshitish;
voyaga yetmaganlarni, ota-onalarni shaxsan qabul qilish, ularning shikoyat va arizalarini koʻrib chiqish, ularning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildlari bilan tanishish;
zarur tayyorgarlikka, hayotiy tajribaga yoki bolalar bilan ishlash tajribasiga ega boʻlgan fuqarolarni ularning roziligi bilan ota-onalarga yoki ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxslarga huquqbuzarliklar yoki boshqa gʻayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etgan voyaga yetmaganlarni qayta tarbiyalashda yordam berish uchun jalb etish;
voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisidagi xabarlar yuzasidan tegishli choralar koʻrish;
voyaga yetmaganlar bilan tarbiyaviy ish olib borish, ularni oʻqishga yuborish va ishga joylashtirish masalalari yuzasidan davlat organlari va tashkilotlarga taqdimnomalar kiritish;
voyaga yetmaganlarni afv etish toʻgʻrisida iltimos qilish, ularni javobgarlikdan ozod qilish, ularga ancha yengilroq boʻlgan jazoni qoʻllash, ularni shartli ravishda hukm etish, sudlanganlikni muddatidan ilgari olib tashlash toʻgʻrisidagi tavsiyanomalar bilan jinoiy ishlar boʻyicha tuman (shahar) sudiga murojaat qilish; jazoni ijro etuvchi organ bilan birgalikda voyaga yetmaganlarni jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish yoki jazoning oʻtalmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish toʻgʻrisida jinoiy ishlar boʻyicha tuman (shahar) sudiga taqdimnomalar kiritish; ichki ishlar organi bilan birgalikda ozodlikdan mahrum etish toʻgʻrisidagi hukmning ijrosini kechiktirishni bekor qilish hamda mahkumni hukmda belgilangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtash uchun yuborish toʻgʻrisida jinoiy ishlar boʻyicha tuman (shahar) sudiga taqdimnoma kiritish; tarbiya koloniyasining maʼmuriyatiga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarni jazoni oʻtash vaqtida saqlab turish sharoitlarini oʻzgartirish haqida jinoiy ishlar boʻyicha tuman (shahar) sudiga taqdimnoma kiritish toʻgʻrisida rozilik berish;
voyaga yetmaganlar bilan tarbiyaviy ish olib borishning, ular kasb-hunar taʼlimining, ularni ishga joylashtirish va oʻqishga yuborishning ahvoli toʻgʻrisidagi masalalarni tuman (shahar) hokimliklariga koʻrib chiqish uchun kiritish;
tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlarga ularning komissiyalar qarorlarini bajarmagan, shuningdek komissiyaning taqdimnomasida koʻrsatilgan voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi holatlarini bartaraf etish choralarini koʻrmagan mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish.
Respublika komissiyasi, mintaqaviy komissiyalar oʻz funksiyalarini bajarishda ushbu bandda nazarda tutilgan huquqlardan ham foydalanadilar.
7-bob. Voyaga yetmaganlarni joylashtirish chora-tadbirlari
18. Tuman (shahar) komissiyalari taʼlim, mehnat, sogʻliqni saqlash, ichki ishlar organlari bilan birgalikda va jamoatchilikning faol ishtirokida yetim va ota-ona qarovisiz qolgan bolalarni; voyaga yetmaganlarni va ijtimoiy jihatdan xavfli ahvoldagi oilalarni; taʼlim muassasalarida mashgʻulotlarga uzrli sababsiz muntazam bormaydigan voyaga yetmaganlarni, shuningdek davlat va jamoatchilik yordamiga muhtoj boʻlgan boshqa voyaga yetmaganlarni aniqlaydilar va hisobga qoʻyadilar hamda ularni joylashtirish chora-tadbirlarini koʻradilar.
19. Tuman (shahar) komissiyalarining voyaga yetmaganlarni joylashtirish shakli koʻrsatilgan qarorlari:
1) taʼlim organlariga:
bolalarni umumtaʼlim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlariga joylashtirish uchun;
jismoniy yoki aqliy rivojlanishida yetishmovchiligi bor bolalarni ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktablariga va boshqa tegishli oʻquv-tarbiya muassasalariga joylashtirish uchun;
2) vasiylik va homiylik organlariga — yetim va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarni joylashtirish uchun;
3) sogʻliqni saqlash organlariga — nogiron bolalarni joylashtirish, spirtli ichimliklar, giyohvand vositalar, psixotrop yoki intellektual-oʻzini idora qilish faoliyatiga taʼsir etadigan boshqa moddalarni muntazam isteʼmol qiladigan voyaga yetmaganlarni davolashni, rivojlanishida yoki xulq-atvorida nuqsonlari boʻlgan voyaga yetmaganlarga ixtisoslashtirilgan diagnostika va davolash-tiklash yordami koʻrsatishni tashkil etish uchun;
4) ichki ishlar organlariga — voyaga yetmaganlar va ijtimoiy jihatdan xavfli ahvoldagi oilalar bilan yakka tartibda profilaktika ishlari olib borishni tashkil etish uchun;
5) korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlariga (mehnat organlaridan boʻsh ish joylari va boʻsh lavozimlar borligi toʻgʻrisida maʼlumotlar olingandan keyin) — ishga qabul qilish uchun yuboriladi.
8-bob. Komissiyalar tomonidan koʻrib chiqiladigan ishlar
20. Tuman (shahar) komissiyalari zimmasiga quyidagi voyaga yetmaganlar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish yuklanadi:
oʻn toʻrt yoshga toʻlmasdan ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan, oʻn uch yoshga toʻlgandan keyin ogʻirlashtiruvchi holatlarda qasddan odam oʻldirgan voyaga yetmaganlar bundan mustasno;
oʻn toʻrt yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan davrda jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagan ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan;
oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan davrda jinoyat alomatlari boʻlgan qilmishlar sodir etib, ularga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatish rad qilingan yoki jinoiy ish tugatilgan;
oʻn olti yoshgacha boʻlgan davrda yoʻl harakati qoidalarini buzgan;
boshqa gʻayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etgan;
umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlim muassasalarida (umumtaʼlim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida) oʻqishdan bosh tortgan;
ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatni birinchi marta sodir etganligi uchun qonunchilikka asosan javobgarlikdan ozod qilingan;
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida nazarda tutilgan tartibda maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etgan.
9-bob. Taʼsir koʻrsatish choralari va ularni qoʻllash tartibi
21. Tuman (shahar) komissiyalari ushbu Nizomning 20-bandida nazarda tutilgan hollarda voyaga yetmaganlarga nisbatan taʼsir koʻrsatish choralari sifatida quyidagilarga haqli:
voyaga yetmaganga jabrlanuvchidan uzr soʻrash majburiyatini yuklash toʻgʻrisida tuman (shahar) sudiga taqdimnoma kiritish;
ogohlantirish chiqarish;
oʻn besh yoshga toʻlgan voyaga yetmagan zimmasiga, agar u mustaqil ish haqiga ega boʻlsa va zarar miqdori belgilangan eng kam oylik ish haqidan ortiq boʻlmasa yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash yoki uni bartaraf etish majburiyatini yuklash yoki belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdoridan ortiq boʻlmagan moddiy zararni oʻz mehnati bilan qoplash majburiyatini yuklash toʻgʻrisida tuman (shahar) sudiga taqdimnoma kiritish;
Keyingi tahrirga qarang.
oʻn olti yoshga toʻlgan va mustaqil ish haqiga ega boʻlgan voyaga yetmaganga Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida nazarda tutilgan hollarda va miqdorlarda jarima solish;
voyaga yetmaganni oʻz ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar yoxud jamoat tarbiyachilari nazoratiga, shuningdek ularning roziligi bilan mehnat jamoasi yoki nodavlat notijorat tashkiloti kuzatuviga topshirish;
voyaga yetmaganni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasasiga joylashtirish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma yuborish.
Har bir aniq holat boʻyicha qabul qilingan taʼsir koʻrsatish choralari toʻgʻrisida tuman (shahar) komissiyalari voyaga yetmaganning yashash, oʻqish yoki ish joyi boʻyicha huquqbuzarliklarning profilaktikasi boʻlinmalari tomonidan voyaga yetmaganlar oʻrtasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yakka tartibda profilaktika ishlarini olib borish masalasini hal etish uchun tegishli hududiy ichki ishlar organlariga xabarnoma yuborishga majbur.
22. Tuman (shahar) komissiyalari voyaga yetmaganlarning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga nisbatan, voyaga yetmagan shaxsni saqlash, tarbiyalash va oʻqitish boʻyicha oʻz vazifalarini bajarishdan bosh tortganligi yoki oʻz vazifalarini zarur darajada bajarmaganligi yoxud voyaga yetmaganlarning xulq-atvoriga salbiy taʼsir koʻrsatganligi yoki ular bilan shafqatsiz muomalada boʻlganligi uchun, shuningdek voyaga yetmaganlar tomonidan huquqbuzarliklar yoki boshqa gʻayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilganligi uchun quyidagi taʼsir koʻrsatish choralarini qoʻllashi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida belgilangan miqdorlarda jarima solish;
istisno hollarda, bolaning hayotiga yoki sogʻligʻiga bevosita xavf mavjud boʻlganda ish sud tomonidan hal etilgunga qadar bolani vaqtincha ota-onasidan yoki bola ularning vasiyligida boʻlgan boshqa shaxslardan olib qoʻyish toʻgʻrisida vasiylik va homiylik organlariga iltimosnoma kiritish.
Komissiya ota-onalarning muomala layoqatini cheklangan deb topish, ularni ota-onalik huquqidan mahrum etish, bolalarni ota-onalaridan ularni ota-onalik huquqidan mahrum etmasdan olib qoʻyish, shuningdek agar bolalarning ota-onalari ota-onalik huquqidan mahrum qilingan boʻlib, shu bolalari bilan birgalikda yashashlari mumkin emas deb topilsa, ularni boshqa turar joy bermasdan koʻchirib yuborish toʻgʻrisida fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga daʼvo bilan murojaat qilish huquqiga ega.
23. Voyaga yetmaganlarni ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalariga yuborish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda komissiyaning iltimosnomasi asosida chiqarilgan jinoiy ishlar boʻyicha tuman (shahar) sudining ajrimi boʻyicha amalga oshirilishi mumkin.
24. Tuman (shahar) komissiyalari oʻz bolalarini tarbiyalashga notoʻgʻri munosabatda boʻlayotgan yoki komissiya chiqargan qarorning bajarilishiga toʻsqinlik qilayotgan ota-onalarga yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga nisbatan taʼsir koʻrsatish choralarini qoʻllash haqida, shuningdek bolalarning huquqbuzarliklar qilishlari uchun sharoit yaratib berayotgan yoxud voyaga yetmaganlarni jinoyat va boshqa gʻayriijtimoiy xatti-harakatlar qilishga undayotgan yoki jalb etayotgan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga taqdimnoma kiritadilar.
25. Ushbu Nizomning 21-bandida nazarda tutilgan taʼsir koʻrsatish choralari qoʻllanilayotganda tuman (shahar) komissiyasi huquqbuzarlikning xususiyati, darajasi va sabablarini, voyaga yetmaganning yoshini va uning hayot sharoitlarini, uning huquqbuzarlik qilishda qay darajada ishtirok etganligini, shuningdek uning turmushidagi, taʼlim muassasasidagi va ishdagi xulq-atvorini albatta hisobga olishi lozim.
Tuman (shahar) komissiyasining ogohlantirish berish toʻgʻrisidagi qarori bir yil mobaynida amal qiladi. Agar taʼsir koʻrsatish chorasi qoʻllanilgan voyaga yetmagan shu muddat ichida yangi huquqbuzarlik sodir etmasa taʼsir koʻrsatish chorasi tugallangan hisoblanadi. Taʼsir koʻrsatish chorasini qoʻllagan komissiya oʻz qaroriga binoan, agar ana shunday taʼsir koʻrsatish chorasi qoʻllanilgan voyaga yetmagan namunali axloqi bilan oʻzini koʻrsatsa, taʼsir koʻrsatish chorasini bir yil oʻtmasdan ham bekor qilishi mumkin.
Tuman (shahar) komissiyasining voyaga yetmaganni oʻz ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar yoxud jamoat tarbiyachilari nazoratiga yoki mehnat jamoasi, nodavlat notijorat tashkiloti kuzatuviga topshirish toʻgʻrisidagi qarorining amal qilish muddati, agar voyaga yetmagan oʻzining namunali axloqi va ishga hamda oʻqishga boʻlgan halol munosabati bilan oʻzining tuzalganligini isbotlasa, mazkur shaxslar yoki tashkilotlar iltimosnomasiga binoan istalgan vaqtda bekor qilinishi mumkin.
Tanlab olingan tarbiyaviy taʼsir koʻrsatish chorasi voyaga yetmaganga taʼsir qilmagan taqdirda komissiya bunday voyaga yetmaganga nisbatan ushbu Nizomning 21-bandida koʻrsatilgan taʼsir koʻrsatish choralaridan qattiqrogʻini qoʻllashga haqlidir.
26. Tuman (shahar) komissiyasining jarima solish toʻgʻrisidagi qarori shu qaror topshirilgan kundan boshlab oʻn besh kun mobaynida ana shunday jarima solingan shaxs tomonidan toʻlanishi lozim, bunday qaror ustidan shikoyat yoki protest berilgan taqdirda esa, mazkur shikoyat yoki protest qondirilmaganligi haqida maʼlumotnoma olingan kundan boshlab oʻn besh kundan kechiktirmay toʻlanadi.
Tuman (shahar) komissiyasining qarori bilan solingan jarima tegishli bank muassasasiga toʻlanadi.
Jarima muddatida toʻlanmagan taqdirda tuman (shahar) komissiyasining jarima solish toʻgʻrisidagi qarori jarima summasini sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan qoidalarga muvofiq jarima solingan shaxsning ish haqidan yoki boshqa maoshidan, pensiyasi yoki stipendiyasidan majburiy tartibda ushlab qolish uchun yuboriladi.
Agar jarima solingan shaxs ishlamayotgan boʻlsa yoki solingan jarimani boshqa sabablarga koʻra uning ish haqidan yoki boshqa maoshidan, pensiyasi yoki stipendiyasidan undirib olishning iloji boʻlmasa, jarima tuman (shahar) komissiyasining jarima solish toʻgʻrisidagi qarori asosida undiruvni huquqbuzarning mol-mulkiga, shuningdek uning umumiy mulkdagi ulushiga qaratish yoʻli bilan sud ijrochisi tomonidan undirib olinadi.
27. Voyaga yetmaganlar ixtisoslashtirilgan maktablarda oʻn olti yoshga yetgungacha, ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlarida esa, oʻn sakkiz yoshga yetgungacha saqlanadilar.
Istisno hollarda oʻquvchilarni ixtisoslashtirilgan maktablarda saqlash muddati ular oʻn yetti yoshga yetgungacha uzaytirilishi mumkin.
Voyaga yetmaganlar ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarida axloqan tuzalgunlarigacha saqlanadi, lekin bu muddat uch yildan ortiq boʻlmasligi kerak.
Ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalari joylashgan joydagi tuman (shahar) komissiyasi oʻquvchiga koʻrsatib oʻtilgan muassasalarda joriy oʻquv yilida oʻrta umumtaʼlim maktabi yoki kasb-hunar kollejining tegishli sinfini tugallagungacha uch yil muddat oʻtgandan keyin ham qolishga ruxsat berishi mumkin.
Ixtisoslashtirilgan maktablarni tamomlagan, ammo axloqan tuzalmagan oʻquvchilari shu maktablar joylashgan joydagi tuman (shahar) komissiyasi tomonidan ixtisoslashtirilgan maxsus kasb-hunar kollejlariga yuborilishi mumkin.
Voyaga yetmaganlarning ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarida bundan keyin boʻlishlarining maqsadga muvofiq-nomuvofiqligi masalasi vaqti-vaqti bilan, lekin yiliga kamida bir marta shu muassasalar joylashgan joydagi tuman (shahar) komissiyalari tomonidan, mazkur tuman (shahar) komissiyalarining oʻz tashabbusi bilan, ana shu muassasalar maʼmuriyatlarining taqdimnomasi yoki voyaga yetmaganlarning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar iltimosnomasiga binoan koʻrib chiqiladi.
28. Voyaga yetmaganning ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasasida boʻlishi pedagoglar kengashining shu muassasa rahbari tomonidan tasdiqlangan qarori asosida mazkur muassasa joylashgan joydagi tuman (shahar) komissiyasining qarori bilan toʻxtatiladi, bu haqda voyaga yetmagan shu muassasadan chiqqunga qadar kamida bir oy oldin uning yashab turgan joyidagi komissiyaga xabar beriladi, komissiya voyaga yetmaganni ishga joylashtirish yoki taʼlim muassasasiga yuborish hamda unga zarur moddiy-maishiy sharoitlar yaratish yuzasidan chora-tadbirlar koʻrishi shart.
29. Agar voyaga yetmaganni ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasasidan, yetim bolalar va ota-ona qarovisiz qolgan bolalar uchun moʻljallangan taʼlim muassasasidan chiqarilganidan keyin, uni ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar qonunda belgilangan tartibda ota-onalik yoki vasiylik huquqlaridan mahrum etilganligi tufayli ular huzuriga yuborish mumkin boʻlmasa, shuningdek uning avvalgi istiqomat joyiga kelishi bir qancha sabablarga koʻra (ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar yoʻqligi, turmushi va mehnat qilishi hamda bundan keyin tarbiyalanishi uchun qulay sharoitlar yoʻqligi sababli) mumkin boʻlmasa, ushbu muassasa joylashgan joydagi tuman (shahar) komissiyasi voyaga yetmaganni mazkur shaxsning maishiy yashash sharoitini yaxshilash, uni oʻqish yoki ishga joylashtirish chora-tadbirlarini koʻradi. Zarur hollarda tuman (shahar) komissiyasi voyaga yetmagan shaxsga vasiy, homiy tayinlash toʻgʻrisidagi taqdimnoma bilan tegishli tuman (shahar) hokimligiga murojaat qilishga haqlidir.
Ushbu masalalarni hal qilishda mazkur bandda koʻrsatilgan muassasalar joylashgan joydagi tuman (shahar) komissiyasi voyaga yetmagan ilgari yashab kelgan joydagi yoki uning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar turgan joydagi komissiyaning tegishli xulosasini olishi lozim.
30. Tarbiya koloniyasidan ozod boʻlgan voyaga yetmagan istiqomat qilayotgan joydagi komissiya u oʻn sakkiz yoshga yetgungacha uni ishga yoki oʻqishga joylashtirish choralarini koʻradi va uning axloqini nazorat qilib boradi.
Ozod boʻlgan voyaga yetmaganning oʻz ota-onasi yoki ular oʻrnini bosuvchi shaxslar huzuriga qaytishiga ularning yoʻqligi yoxud ota-onalik huquqidan yoki vasiylik huquqidan mahrum etilganligi munosabati bilan imkoni boʻlmasa, ozod boʻlgan voyaga yetmaganning ilgari yashab kelgan joyidagi komissiya tarbiya koloniyasi maʼmuriyatining taqdimnomasiga binoan uni ixtisosiga muvofiq keladigan ishga yoki oʻqishga joylashtirish, shuningdek unga tegishli uy-joy-maishiy sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini koʻradi.
Tarbiya koloniyasidan ozod boʻlgan voyaga yetmaganni tarbiyaviy mulohazalar sababli ilgarigi istiqomat joyiga yuborish maqsadga muvofiq emas deb topilgan istisno hollarda uni joylashtirish tarbiya koloniyasi maʼmuriyatining taqdimnomasiga binoan shu tarbiya koloniyasi joylashgan joydagi komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Tuman (shahar) komissiyasi ozod boʻlgan voyaga yetmaganni u yordam soʻrab murojaat qilgan kundan boshlab oʻn kun muddatdan kechiktirmay joylashtirish masalasini hal qilishi shart.
10-bob. Hududiy komissiyalar tomonidan ishlarni tayyorlash va koʻrib chiqish
31. Hududiy komissiyalar:
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda topshirilgan ishlarni;
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga muvofiq maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni;
ichki ishlar organlari, taʼlim muassasalari taqdimnomasi boʻyicha berilgan ishlarni;
kasaba uyushmalari, taʼlim muassasalari huzuridagi ota-onalar qoʻmitalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari taqdimnomasi boʻyicha topshirilgan ishlarni;
fuqarolarning arizalari boʻyicha koʻriladigan ishlarni;
oʻz tashabbusi bilan koʻriladigan ishlarni koʻrib chiqadilar.
Hududiy komissiyalar ishlarni ular komissiyaga tushgan paytdan boshlab koʻpi bilan oʻn besh kun muddatda koʻrib chiqadilar.
32. Voyaga yetmagan shaxslarning huquqbuzarliklari toʻgʻrisidagi tuman (shahar) komissiyasi koʻrib chiqishi lozim boʻlgan materiallar komissiyaning raisi yoki uning oʻrinbosari tomonidan oldindan oʻrganib chiqiladi va u tomonidan:
ishni komissiya majlisida koʻrib chiqish;
ishga oid materiallarni qoʻshimcha ravishda tekshirish yoki tushgan arizalar, taqdimnomalar boʻyicha tekshirib chiqish xususida qaror qabul qiladi.
33. Huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ish komissiyada koʻrib chiqilgunga qadar voyaga yetmagan oʻz ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar nazoratiga topshirilishi mumkin, yetim va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalar uchun taʼlim muassasalarida yoki ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanuvchi voyaga yetmagan esa, shu muassasalar maʼmuriyatining nazoratiga berilishi mumkin.
Ishini hududiy komissiya koʻrib chiqishi kerak boʻlgan voyaga yetmagan uning ruhiy jihatdan sogʻlom ekanligiga shubha tugʻilgan taqdirda, tibbiyot tekshiruvidan oʻtish uchun yuboriladi.
34. Hududiy komissiya ishlarni tayyorlash va koʻrib chiqish paytida voyaga yetmaganning yoshini, mashgʻulotini, yashab turgan va tarbiyalanayotgan sharoitini, huquqbuzarlik qilganligi faktini va uning mazmunini tasdiqlovchi maʼlumotlarni, huquqbuzarlik qilishga daʼvat etgan katta yoshdagi kishilar va boshqa qatnashchilar boʻlgan-boʻlmaganligini, voyaga yetmaganga ilgari taʼsir koʻrsatish chorasi qoʻllanilgan-qoʻllanilmaganligini aniqlashi zarur.
Hududiy komissiya voyaga yetmaganning huquqbuzarliklar sodir etishiga olib kelgan sabab va sharoitlarni tekshirib, ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini koʻrishi shart.
35. Hududiy komissiya zarur maʼlumot va hujjatlarni talab qilib olishi, shuningdek hududiy komissiyada koʻrilayotgan masalalar yuzasidan izohlar olish uchun mansabdor shaxslar va fuqarolarni chaqirishi mumkin.
Mansabdor shaxslar va fuqarolar hududiy komissiya chaqirigʻi boʻyicha uzrsiz sabablar bilan kelmagan taqdirda hududiy komissiya ishni koʻrib chiqishni qoldirishi, ularni ishlayotgan yoki oʻqiyotgan joyidagi maʼmuriyat, nodavlat notijorat tashkilotlari orqali keltirishni taʼminlash choralarini koʻrishi mumkin.
Ishi koʻrilayotgan voyaga yetmagan, shuningdek uning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar hududiy komissiya majlisiga uzrsiz sabablar bilan kelishdan bosh tortgan taqdirda ular ichki ishlar organlari orqali hududiy komissiyaning asoslangan qarori boʻyicha olib kelinishi mumkin.
36. Ish koʻrishga tayyor deb topilgach, shu ishni tayyorlash vazifasi topshirilgan hududiy komissiya raisi, rais oʻrinbosari yoki aʼzosi ish koʻrib chiqilishidan oldin voyaga yetmaganni, uning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni, zarur hollarda esa taʼlim muassasalarining vakillarini ham barcha materiallar bilan tanishtirib chiqadi, hududiy komissiya majlisiga kimlarni chaqirish kerakligini aniqlab oladi hamda ish koʻriladigan vaqt va joyni belgilaydi.
Hududiy komissiya majlisi boʻladigan vaqt va joy haqida ishni koʻrib chiqishda qatnashuvchi shaxslarga maʼlum qilinadi.
37. Komissiyaning majlisi komissiya tarkibining yarmidan koʻpi hozir boʻlgan taqdirda haqiqiy hisoblanadi.
Komissiyaning majlisida ishi koʻrilayotgan voyaga yetmagan, uning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar, zarur hollarda esa taʼlim muassasalarining vakillari boʻlishi shart.
Hukm etilgan voyaga yetmaganlarni jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, ularga tayinlangan jazoni yengilroq jazo bilan almashtirish toʻgʻrisidagi jinoiy ishlar boʻyicha tuman (shahar) sudiga iltimosnomalarni va mahkumlar xususidagi boshqa iltimosnomalarni qoʻzgʻatish masalalarini koʻrib chiqishda komissiya majlisida tarbiya koloniyasi maʼmuriyatining vakili va mahkumning oʻzi hozir boʻlishi shart.
Agar holatlarni tekshirib chiqish va muhokama qilish voyaga yetmaganga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, komissiya materiallarni majlisda voyaga yetmaganning ishtirokisiz koʻrib chiqishga haqlidir.
38. Komissiyalar voyaga yetmaganlarning maʼmuriy huquqbuzarliklari toʻgʻrisidagi oʻzlariga tegishli ishlarni Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida nazarda tutilgan tartibda koʻrib chiqadilar.
39. Hududiy komissiya ish yuzasidan toʻplangan materiallarni koʻrib chiqadi, voyaga yetmaganning, uning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning, jabrlanganning, guvohlarning tushuntirishlarini tinglaydi va ishning barcha holatlarini har tomonlama koʻrib chiqqach, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
ushbu Nizomning 21 va 22-bandlarida nazarda tutilgan taʼsir koʻrsatish choralarini qoʻllash;
ishni tugatish;
ishni koʻrishni qoldirib, qoʻshimcha tekshiruv oʻtkazish;
ishni tergov yoki surishtiruv organlariga topshirish.
Keyingi tahrirga qarang.
40. Hududiy komissiya majlisida bayonnoma tuziladi, unda majlis boʻlgan sana va joy, koʻrib chiqilayotgan ishning mazmuni, ishni koʻrishda qatnashayotgan shaxslarning majlisga kelgan-kelmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, ular bergan izohlarining qisqacha mazmuni, ishga oid boshqa maʼlumotlar, shuningdek qabul qilingan qarorni oʻqib eshittirish va uning yuzasidan shikoyat berish tartibi va muddatlarini tushuntirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi. Bayonnoma raislik qiluvchi va hududiy komissiyaning masʼul kotibi tomonidan imzolanadi.
Hududiy komissiya ishi koʻrilayotgan shaxslarning oʻqish yoki yashash joyida sayyor majlislar oʻtkazishi mumkin.
41. Hududiy komissiya qarorlari oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Hududiy komissiya qarori yozma shaklda, dalillar bilan asoslangan boʻlishi lozim.
Taʼsir koʻrsatish choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorda:
hududiy komissiyaning nomi; ishni koʻrib chiqish sanasi; ishi koʻrib chiqilayotgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; ishni koʻrib chiqish chogʻida aniqlangan holatlar; mazkur huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat, ish yuzasidan qabul qilingan qaror koʻrsatiladi.
Qaror raislik qiluvchi va hududiy komissiyaning masʼul kotibi tomonidan imzolanadi va qabul qilingandan keyin eʼlon qilinadi.
Hududiy komissiya qarorining nusxasi uch kun mobaynida voyaga yetmaganga, uning ota-onasiga yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga, zarur hollarda esa, voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar va muassasalarga topshiriladi yoki pochta orqali yuboriladi.
Qabul qilingan qaror toʻgʻrisida hududiy komissiya voyaga yetmagan huquqbuzarning ishlab, oʻqib turgan joyiga yoki yashash joyi boʻyicha fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, shuningdek uning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar yashab turgan joydagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga xabar beradi.
42. Jinoiy ishlar boʻyicha tuman (shahar) sudining voyaga yetmaganni ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasasiga yuborish toʻgʻrisidagi qarori bajarilishini taʼminlash uchun voyaga yetmagan ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirilishi mumkin, u bu yerda barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilgungacha, Xalq taʼlimi vazirligi yoki Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligidan yoʻllanma olingungacha, koʻpi bilan oʻttiz kun saqlanadi.
Istisno hollarda voyaga yetmaganning ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida turish muddati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻpi bilan oʻn besh kunga uzaytirilishi mumkin.
Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlari voyaga yetmagan uchun shaxsiy hujjatlar yigʻmajildini rasmiylashtirishni tugallaydilar hamda Xalq taʼlimi vazirligi yoki Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligidan yoʻllanma olinganidan keyin voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiya materiallari boʻyicha jinoiy ishlar boʻyicha tuman (shahar) sudining chiqarilgan ajrimi asosida voyaga yetmaganni ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasasiga keltiradilar.
43. Voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi sharoitlar va sabablarni aniqlash hamda bartaraf etish maqsadida hududiy komissiyalar oʻz majlislarida koʻrib chiqilgan huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar hisobini yuritadilar va tuman (shahar), viloyat, Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi doirasida ushbu hisobga olish maʼlumotlarini har chorakda umumlashtirib boradilar.
44. Hududiy komissiya qarori ustidan mazkur qaror kimga nisbatan chiqarilgan boʻlsa, oʻsha shaxs, jabrlanuvchi, shuningdek ularning qonuniy vakillari va advokat tomonidan yuqori komissiyaga yoki sudga shikoyat berilishi mumkin.
Hududiy komissiya qarori yuzasidan shikoyat yuqori komissiyaga u chiqarilgan kundan boshlab oʻn kun muddatda berilishi mumkin. Yuqori komissiyaning shikoyat boʻyicha qarori oʻn besh kundan kechikmay qabul qilinishi kerak va u uzil-kesil hisoblanadi.
Hududiy komissiya qarori yuzasidan sudga shikoyat berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Hududiy komissiyaning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha chiqargan qarori yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida nazarda tutilgan tartibda shikoyat berilishi mumkin.
Hududiy komissiyaning qarori va shikoyat boʻyicha chiqarilgan qaror yuzasidan prokuror protest bildirishi mumkin. Prokurorning protest bildirishi shu protest koʻrib chiqilgunga qadar komissiya qarorining va shikoyat yuzasidan chiqarilgan qarorning ijrosini toʻxtatib turadi.
45. Respublika komissiyasi tomonidan ishlarning tayyorlanishi va koʻrib chiqilishi ushbu bobda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-sonli qaroriga
4-ILOVA
Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

1.

Sunnatov U.Dj.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosari, Komissiya raisi

2.

Nazarmuxamedov D.A.

Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari, Komissiya raisining oʻrinbosari

3.

Alimova G.Z.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitasi raisining oʻrinbosari

4.

Tursunboyev Sh.M.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitasi raisining oʻrinbosari

5.

Lavozimi boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining oʻrinbosari

6.

Turdiyev F.K.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari

7.

Kenjayev D.M.

Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining oʻrinbosari

8.

Salimov U.Z.

Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari

9.

Usmanov A.A.

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining oʻrinbosari

10.

Nizamov B.M.

Oʻzbekiston Respublikasi mehnat vazirining oʻrinbosari

11.

Basitxanova E.I.

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari

12.

Tursunov Yo.E.

Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining oʻrinbosari

13.

Marufova G.M.

Oʻzbekiston xotin qizlar qoʻmitasi raisining oʻrinbosari

14.

Mansurov K.T.

Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktorining oʻrinbosari

15.

Allayev D.X.

“Mahalla” fondi raisining birinchi oʻrinbosari

16.

Kuranbayev K.K.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi

17.

Ubaydullayeva R.A.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi direktori

18.

Yusupov O.O.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha Qoʻmita raisi

19.

Kodirov A.K.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari

20.

Yusupova I.T.

Oilalar va bolalarni qoʻllab-quvvatlash uyushmasi raisi

21.

Inamova S.T.

“Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya Fondi raisi

22.

Astonov S.M.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining boʻlim boshligʻi, ishchi organ masʼul tuzilmasining rahbari.

Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan shaxslar yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-sentabrdagi PF-5194-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 2017-y.)
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-sonli qaroriga
5-ILOVA
Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) odam savdosiga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.
2. Komissiya tomonidan qabul qilinadigan qarorlar barcha vazirliklar, idoralar, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ijro etilishi majburiydir.
3. Komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizom hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Komissiya oʻz faoliyatini davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrida, tumanlar (shaharlar)da tuziladigan odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha hududiy komissiyalar (keyingi oʻrinlarda — hududiy komissiyalar) bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
2-bob. Komissiyaning asosiy vazifalari
5. Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlar ishlab chiqilishini hamda amalga oshirilishini, shuningdek ularning ijrosi ustidan nazoratni tashkil etish;
davlat organlari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyat samaradorligini, yaqin hamkorligini va ish uygʻunligini taʼminlash maqsadida ularning odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan choralarni baholash, monitoring qilish va ularning samaradorligini oshirish;
odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarni fosh etish, tergov qilish, ularning oldini olish va ularga barham berish amaliyotini oʻrganish;
tizimli kamchiliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish hamda ularni huquqni qoʻllash amaliyoti va qonun hujjatlarini takomillashtirish yoʻli bilan bartaraf etish;
odam savdosiga imkoniyat yaratuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish;
davlat organlari va tashkilotlarning odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi hamkorligini yaxshilash yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi axborotni toʻplash, saqlash, qayta ishlash, tahlil qilish hamda tegishli davlat organlari va tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ulardan foydalanish;
odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish ishlarini yaxshilash, odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
odam savdosiga qarshi kurashish masalalari toʻgʻrisida aholini xabardor qilish borasidagi tadbirlarni tashkil etish;
odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish boʻyicha ixtisoslashtirilgan muassasalar faoliyatiga rahbarlik qilish va ular faoliyatini nazorat qilish;
hududiy komissiyalarning faoliyatini muvofiqlashtirish.
3-bob. Komissiyaning huquq va majburiyatlari
6. Komissiya quyidagi huquqlarga ega:
odam savdosiga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi davlat organlari hamda odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha hududiy komissiyalarning faoliyatini muvofiqlashtirishni yaxshilashga qaratilgan qarorlar qabul qilish;
Komissiya vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlaridan belgilangan tartibda axborotni soʻrash va olish;
odam savdosining koʻlami, holati va tendensiyalari tahlili natijalaridan kelib chiqib, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish ishlarini yaxshilash, shuningdek odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
odam savdosiga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi davlat organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
Komissiya faoliyatining muhim masalalarini oʻrganish va takliflar tayyorlash boʻyicha ishchi komissiyalar va (yoki) ekspert guruhlarini tuzish, shuningdek ushbu komissiya va guruhlar ishiga mutaxassislarni jalb qilish;
odam savdosiga qarshi kurashish masalalarida qonun hujjatlari va Komissiya qarorlari bajarilmaganligi uchun tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlarga ularning mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortish haqida takliflar kiritish;
Komissiya aʼzosi hisoblanmaydigan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslarini Komissiyaning muvofiqlashtiruvchi yigʻilishlariga taklif etish;
odam savdosiga qarshi kurashishda faol ishtirok etayotgan shaxslarni ragʻbatlantirish tashabbusi bilan chiqish.
Komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
7. Komissiya quyidagilarga majbur:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining odam savdosiga qarshi kurashish ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish boʻyicha qarorlarini ijro etish;
Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlarning oʻz vaqtida ijro etilishi yuzasidan nazorat va monitoringni amalga oshirish.
Komissiya zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
4-bob. Komissiya ishini tashkil etish
8. Komissiyaning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
9. Hududiy komissiyalar rais (ichki ishlar organi rahbari), rais oʻrinbosari va aʼzolardan iborat tarkibda tuziladi. Hududiy komissiyalar tarkibiga, qoida tariqasida, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek mehnat, taʼlimni davlat tomonidan boshqarish, davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish, boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari kiritiladi.
10. Komissiya oʻz faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va majlislarini zaruratga qarab, ammo chorakda kamida bir marta oʻtkazadi.
11. Komissiya rais tomonidan boshqarilib, u:
Komissiya faoliyatiga rahbarlik qiladi;
Komissiya yigʻilishlarini chaqiradi va ularga raislik qiladi;
Komissiya yigʻilishlari kun tartibini tasdiqlaydi;
Komissiya ish rejalarini tasdiqlaydi.
12. Komissiya ishchi organi funksiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (keyingi oʻrinlarda — ishchi organ) bajaradi.
13. Ishchi organ:
Komissiya ish rejalarini ishlab chiqadi, ularning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi, shuningdek tasdiqlangan rejaga muvofiq Komissiyaning joriy faoliyatini tashkil etadi;
Komissiya yigʻilishlari kun tartibiga kiritiladigan masalalar boʻyicha materiallarning tayyorlanishini tashkil qiladi;
Komissiya vakolat doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi;
Komissiya qarorlarining ijrosi ustidan nazorat va monitoringni tashkil qiladi;
kelib tushayotgan xat va hujjatlarning koʻrib chiqilishini tashkil qiladi, yozishmalarni va Komissiya vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar tayyorlashni amalga oshiradi;
ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
Komissiya faoliyatini tashkiliy-texnik taʼminlashni amalga oshiradi.
Ishchi organ qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
14. Odam savdosiga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi davlat organlari oʻz vakolatlari doirasida Komissiyaga har chorakda:
odam savdosiga qarshi kurashish holati toʻgʻrisidagi hisobotlarni;
odam savdosi bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlarni sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish boʻyicha takliflarni taqdim etadi.
15. Komissiya qarorlari Komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Komissiya qarorlari yigʻilishda ishtirok etgan Komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadigan va Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomani imzolashda Komissiya aʼzolari oʻzlarining alohida fikrlarini yozma ravishda bildirish huquqiga egadir.
16. Komissiya qarorlari odam savdosiga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi davlat organlari hamda manfaatdor davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlarga yuboriladi. Ularning rahbarlari Komissiya qarorlarining oʻz vaqtida va toʻliq ijro etilishi uchun javobgardir.
Komissiya qarorlarini sifatli bajarish maqsadida odam savdosiga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi davlat organlari rahbarlari tomonidan ularning ijro etilishi yuzasidan monitoring va nazorat tashkil etiladi.
17. Komissiya ish rejalari uning aʼzolaridan kelib tushgan takliflar asosida har yarim yilga tuziladi, Komissiya yigʻilishida koʻrib chiqiladi va Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-sonli qaroriga
6-ILOVA
Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

1.

Nazarmuxamedov D.A.

Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari, Komissiya raisi

2.

Azimov M.B.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosari, Komissiya raisi oʻrinbosari

3.

Joʻrayev N.S.

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining oʻrinbosari

4.

Bekenov X.S.

Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot vazirining birinchi oʻrinbosari

5.

Xadjibayev A.M.

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari

6.

Nizomov B.M.

Oʻzbekiston Respublikasi mehnat vazirining oʻrinbosari

7.

Vaxabov J.A.

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari

8.

Eminjanov R.O.

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari qoʻmondoni

9.

Raimov B.Ya.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari

10.

Tursunov Yo.E.

Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining oʻrinbosari

11.

Marufova G.M.

Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi raisining oʻrinbosari

12.

Saidov A.X.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi direktori

13.

Mirzadjanova D.M.

“Mahalla” fondi raisining oʻrinbosari

14.

Kuranbayev K.K.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi

15.

Muxammadiyev U.N.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)

16.

Ubaydullayeva R.A.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori

17.

Nurmuxammedov T.A.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi boshqarma boshligʻi, ishchi organ masʼul tuzilmasining rahbari.

Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan shaxslar yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-sentabrdagi PF-5191-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 982-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-sonli qaroriga
8-ILOVA
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish
SXEMASI
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-sonli qaroriga
9-ILOVA
Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni doirasida tadbirlarni tashkil etish
SXEMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 12-son, 184-modda, 37-son, 982-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son, 01.12.2017-y., 06/17/5269/0340-son, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son, 11.07.2018-y., 06/18/5475/1489-son, 01.10.2018-y., 06/18/5547/1975-son, 02.11.2018-y., 06/18/5566/2153-son; 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son; 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son; 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2021-y., 06/21/6257/0645-son; 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son; 06.02.2024-y., 06/24/28/0099-son)