1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.91.00 (Кучини йукотган) Darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va o‘quv qurollari]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘QUV DASTURLARI, DARSLIKLAR VA O‘QUV QO‘LLANMALARINI QAYTA KO‘RIB ChIQISh VA YaNGILARINI YaRATISh BO‘YIChA RESPUBLIKA MUVOFIQLAShTIRISh KOMISSIYASINI TUZISh TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Yosh avlodni milliy mafkura va istiqlol g‘oyalari ruhida tarbiyalash, uzluksiz ta’lim tizimiga milliy va umuminsoniy qadriyatlarni izchil joriy etish uchun ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagi mavjud o‘quv dasturlari, darsliklar va o‘quv adabiyotlarini zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqish va yangilarini yaratishni muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi quyidagilarning amalga oshirilishini ta’minlasin:
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablari asosida maktabgacha, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalari uchun ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagi mavjud o‘quv dasturlari, darsliklar va o‘quv adabiyotlarini milliy mafkura tamoyillari va zamon talablariga muvofiq qayta ko‘rib chiqish;
jamiyatning turli toifalariga mo‘ljallangan ilmiy-ommabop risolalar, to‘plamlar yaratish bo‘yicha tavsiyalar berish.
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son)
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son)
3. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Fan va texnika davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Respublika komissiyasi tavsiyasiga ko‘ra yaratilayotgan darslik va o‘quv adabiyotlari uchun grantlar ajratsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta, maxsus ta’lim vazirligi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi, Davlat matbuot qo‘mitasi, tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar yaratilgan o‘quv dasturlari, darsliklar va o‘quv adabiyotlarining o‘z vaqtida nashr etilishi va o‘quv jarayoniga to‘la joriy etilishini ta’minlasinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasdiqlangan va amalda qo‘llanilayotgan davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga Respublika komissiyasi ishlab chiqqan talablar asosida tegishli o‘zgartirishlar hamda qo‘shimchalar kiritish haqida Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda takliflar bersin.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tajriba-sinovdan o‘tayotgan va loyiha sifatida ishlab chiqilgan davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga Respublika komissiyasi ishlab chiqqan talablar asosida tegishli o‘zgartirishlar kiritsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Davlat test markazi tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
bir oy muddatda “Kafedra to‘g‘risida nizom”ni qayta ko‘rib chiqsinlar hamda “Ijtimoiy-gumanitar fanlari kafedrasi to‘g‘risida nizom”ni ishlab chiqsinlar va ularni belgilangan tartibda tasdiqlab, amalga oshirsinlar;
ikki oy muddatda oliy ta’lim muassasalari ijtimoiy-gumanitar kafedralar mudirlarini va bosqichma-bosqich professor-o‘qituvchilar tarkibini Ma’naviyat va mustaqillik mafkurasi asosida attestatsiyadan o‘tkazsinlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Respublika komissiyasi buyurtmasiga muvofiq davlat budjetida darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini yaratish va nashr etish uchun rejalashtirilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtirishni ta’minlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.