1.04.00.00.00 Oila qonunchiligi / 04.05.00.00 Ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni tarbiyalash shakllari / 04.05.05.00 Mehribonlik (bolalar) uylari. Bolalar shaharchalari;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.08.00 Taʼlim turlari / 13.01.08.01 Maktabgacha taʼlim va tarbiya;
3.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.63.00 (Кучини йукотган) Taʼlim muassasalarini moliyalashtirish, moddiy texnika taʼminoti va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Qarori
Maktabgacha taʼlim muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar taʼminotiga haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Moliya vazirligining 2008-yil 21-yanvardagi 2 va 4-sonli “Maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar taʼminotiga haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1768, 2008-yil 13-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 6-7-son, 34-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Xalq taʼlimi vaziri U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2016-yil 25-iyul,
8-mh-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 25-iyul,
55-son
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Moliya vazirligining 2016-yil 25-iyuldagi 8-mh va 55-son qaroriga ILOVA
Maktabgacha taʼlim muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar taʼminotiga haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi
1. Mazkur Nizom talablari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan maktabgacha taʼlim muassasalari va maktab-internatlarga nisbatan tatbiq etiladi, turli kasalliklar bilan kasallangan bolalar uchun maktab-internatlar, kam taʼminlangan oilalardagi bolalar uchun maktab-internatlar hamda yetim bolalar va ota-onalar qarovisiz qolgan bolalar uchun maktab-internatlar bundan mustasno.
2. Maktabgacha taʼlim muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar taʼminoti uchun toʻlanadigan tushumlar nazarda tutilgan boshqa budjet mablagʻlari bilan birga maqsadli tartibda tarbiyalanuvchilarni oziq-ovqat bilan taʼminlashni yaxshilashga yoʻnaltiriladi.
2-bob. Bolalar taʼminoti uchun toʻlovlarni amalga oshirish
3. Maktabgacha taʼlim muassasalari va maktab-internatlarda bolalar taʼminoti uchun toʻlovlar qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda toʻlanadi.
4. Maktabgacha taʼlim muassasasiga bitta oiladan ikki va undan ortiq bolalar qatnasa, ularning har biriga ushbu toifadagi oilalar uchun qonun hujjatlarida belgilangan toʻlov miqdorlari qoʻllaniladi. Bunda bitta oiladan ikki va undan ortiq bolalar turli maktabgacha taʼlim muassasasiga qatnasa, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar (bundan buyon matnda ota-onalar deb yuritiladi) bir farzandi boradigan maktabgacha taʼlim muassasasiga ikkinchi farzandi boradigan maktabgacha taʼlim muassasasidan uning qatnashi toʻgʻrisida maʼlumotnomani taqdim etishi lozim.
5. Maktabgacha taʼlim muassasalarida mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan jismoniy yoki aqliy rivojlanishidagi nuqsonlari boʻlgan bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovi undirilmaydi.
6. Bolalar taʼminoti uchun toʻlovlar ota-onalar va maktabgacha taʼlim muassasalari yoki maktab-internatlar oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan amalga oshiriladi.
7. Maktabgacha taʼlim muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar taʼminoti uchun toʻlovlar har oyning 15-sanasidan kechiktirmasdan toʻlanadi. Oyning 15-sanasidan keyin kelgan bolalar taʼminoti uchun toʻlovlar esa, bola kelgan kundan boshlab 3 kun ichida toʻlanadi. Bunda toʻlovlar bolaning shu oyda maktabgacha taʼlim muassasasiga qatnaydigan (maktab-internatida boʻladigan) kunlarga mutanosib ravishda toʻlanadi.
8. Ota-onalar tomonidan shartnoma shartlari bajarilmasligi yoki lozim darajada bajarilmasligi, shu jumladan toʻlov shartnomada belgilangan miqdorda hamda mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan muddat oʻtgach ikki hafta mobaynida uzrli sabablarsiz toʻlanmagan taqdirda, ota-onalar bilan tuzilgan shartnomaning amal qilishi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻxtatiladi va bu bolaning maktabgacha taʼlim muassasasi yoki maktab-internatida boʻlishini toʻxtatish uchun asos boʻladi. Bunda toʻlov amalga oshirilmaganligi bolaning maktab-internatda taʼlim olishini toʻxtatishga asos boʻlmaydi.
9. Maktabgacha taʼlim muassasasidagi bola taʼminoti uchun ota-onalar tomonidan amalga oshirilmagan toʻlov 60 kun ichida toʻlab berilganda, bolani tegishli maktabgacha taʼlim muassasasiga tiklash majburiy tartibda amalga oshiriladi. Mazkur muddat oʻtib ketgan taqdirda, maktabgacha taʼlim muassasasiga bolani tiklash yangi qabul qilingan bolalar uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Maktab-internatidagi bola taʼminoti uchun ota-onalar tomonidan amalga oshirilmagan toʻlov u amalga oshirilgan kundan boshlab bola maktab-internatida boʻlishi tiklanadi.
10. Maktabgacha taʼlim muassasalari va maktab-internatlaridagi bolalar taʼminoti uchun toʻlovlar tijorat banklari orqali naqd pul yoki naqd pulsiz shaklda (bank plastik kartochkalari orqali va pul oʻtkazish yoʻli bilan) toʻlanadi. Bunda toʻlovning amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi maktabgacha taʼlim muassasasi yoki maktab-internatiga taqdim etiladi.
11. Bolalar taʼminoti uchun toʻlovlar maktabgacha taʼlim muassasasi yoki maktab-internatining tegishli hududiy gʻaznachilik boʻlinmalaridagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida undan keyinchalik foydalanish uchun hisobga olinadi.
12. Maktabgacha taʼlim muassasasida bola taʼminoti uchun toʻlovning bir kunlik qiymati bir oylik toʻlov miqdorini shu oy mobaynidagi ish kunlari soniga boʻlish orqali aniqlanadi.
13. Bolaning yoki oila aʼzolarining kasalligi, karantin holatida boʻlganligi tufayli, shuningdek ota-onalardan birining ishdan (oʻqishdan) boʻsh vaqti davrida yoki boshqa sabablarga koʻra bola maktabgacha taʼlim muassasasiga ketma-ket uch kundan ortiq kelmagan davri uchun toʻlangan toʻlovlar keyingi toʻlovlarni amalga oshirishda hisobga olinadi. Bunda bolaning kelmagan kunlari soni bir kunlik toʻlov miqdoriga koʻpaytirilib, keyingi toʻlov summasi chiqqan summaga kamaytiriladi. Agar bolaning kelmagan kunlari uchun toʻlov hali amalga oshirilmagan boʻlsa, toʻlanishi lozim boʻlgan toʻlov miqdori u kelmagan kunlari uchun hisoblangan toʻlov summasiga kamaytiriladi.
Bolaning yoki uning oila aʼzolarining kasalligi, karantin holatida boʻlganligi tufayli bolaning maktabgacha taʼlim muassasasiga kelmaganligi tegishli davolash-profilaktika muassasasi yoki uchastka shifokori tomonidan beriladigan maʼlumotnoma bilan tasdiqlanishi shart.
Ota-onalardan birining ishdan (oʻqishdan) boʻsh vaqti davrida yoki boshqa sabablarga koʻra bola maktabgacha taʼlim muassasasiga kelmasligiga ota-onalardan birining sababi koʻrsatilgan holda maktabgacha taʼlim muassasasi rahbariyati nomiga oldindan yozgan arizasi (bildirishnomasi) asos boʻlib hisoblanadi. Bunda bolaning bir yilda koʻpi bilan 60 kundan ortiq boʻlmagan muddatgacha maktabgacha taʼlim muassasasiga kelmasligiga ruxsat beriladi.
Bolaning uyda qolgan boshqa barcha hollarida maktabgacha taʼlim muassasasida bola taʼminoti uchun toʻlovlar umumiy asoslarda toʻlanadi.
14. Ota-onaning oldindan bergan yozma arizasiga asosan, bolaning maktabgacha taʼlim muassasasiga qatnashi butunlay toʻxtatilgan taqdirda, toʻlov toʻliq boʻlmagan oy uchun, yaʼni bola amalda maktabgacha taʼlim muassasasiga qatnagan kunlar uchun toʻlanadi.
Bolaning maktabgacha taʼlim muassasasiga qatnashi vaqtincha yoki butunlay toʻxtatilishi toʻgʻrisida ota-onaning yozma arizasi boʻlmagan hollarda toʻlov toʻliq oy uchun hisoblanadi va umumiy asoslarda undiriladi.
Bolaning maktabgacha taʼlim muassasalarida toʻlov toʻlangan davrdan ortiq muddatda boʻlishiga ushbu oy uchun toʻlovning qolgan qismi toʻlangandan soʻng, yoʻl qoʻyiladi.
4-bob. Maktab-internatlarda bolalar taʼminoti uchun toʻlov hisob-kitobi
15. Maktab-internatdagi bola taʼminoti uchun toʻlovning bir kunlik qiymati bir oylik toʻlov miqdorini shu oy mobaynidagi ish kunlari soniga boʻlish orqali aniqlanadi.
16. Bolaning yoki oila aʼzolarining kasalligi, karantin holatida boʻlganligi tufayli bola maktab-internatga ketma-ket uch kundan ortiq kelmagan davr uchun toʻlangan toʻlovlar keyingi oy uchun toʻlovni amalga oshirishda hisobga olinadi. Bunda bolaning kelmagan kunlari soni bir kunlik toʻlov miqdoriga koʻpaytirilib, keyingi oy uchun toʻlov summasi chiqqan summaga kamaytiriladi. Agar bolaning kelmagan kunlari uchun toʻlov hali amalga oshirilmagan boʻlsa, joriy oy uchun toʻlanishi lozim boʻlgan toʻlov miqdori u kelmagan kunlar uchun hisoblangan toʻlov summasiga kamaytiriladi.
Bolaning yoki uning oila aʼzolarining kasalligi, karantin holatida boʻlganligi tufayli bolaning maktab-internatga kelmaganligi tegishli davolash-profilaktika muassasasi yoki uchastka shifokori tomonidan beriladigan maʼlumotnoma bilan tasdiqlanishi shart.
Bolaning uyda qolgan boshqa barcha hollarida maktab-internatda bola taʼminoti uchun toʻlovlar umumiy asoslarda toʻlanadi.
17. Ota-onaning oldindan bergan yozma arizasiga asosan, bolaning maktab-internatda boʻlishi vaqtinchalik yoki butunlay toʻxtatilgan taqdirda, toʻlov toʻliq boʻlmagan oy uchun, yaʼni bola amalda maktab-internatda boʻlgan kunlar uchun toʻlanadi.
Bolaning maktab-internatda boʻlishi vaqtincha yoki butunlay toʻxtatilishi toʻgʻrisida ota-onaning yozma arizasi boʻlmagan hollarda toʻlov toʻliq oy uchun hisoblanadi va umumiy asoslarda undiriladi.
Bolaning maktab-internatda toʻlov toʻlangan davrdan ortiq muddatda boʻlishiga ushbu oy uchun toʻlovning qolgan qismi toʻlangandan soʻng, yoʻl qoʻyiladi.
18. Yozgi taʼtillar davrida maktab-internatlarda bolalar taʼminoti uchun toʻlov undirilmaydi.
5-bob. Kam taʼminlangan oilalar bolalarini toʻlovlardan ozod qilish
19. Maktabgacha taʼlim muassasalaridagi (maktab-internatlardagi) bolalar umumiy sonining 15 foizi doirasida kam taʼminlangan oilalar farzandlari toʻlovdan ozod qilinadi. Bunda birinchi navbatda ota-onalaridan biri yoki ikkalasi I yoxud II guruh nogironi boʻlgan kam taʼminlangan oila farzandlariga, shuningdek oʻrtacha oylik jami daromadi eng past darajada boʻlgan kam taʼminlangan oila farzandlariga imtiyoz beriladi.
20. Toʻlovdan ozod qilinadigan kam taʼminlangan oila farzandlari roʻyxati fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan berilgan oilaning mulkiy ahvoli toʻgʻrisida maʼlumotnomaga va tegishli maktabgacha taʼlim muassasasi (maktab-internati) ota-onalar qoʻmitasining xulosasiga asosan aniqlanadi va shakllantiriladi.
21. Toʻlovdan ozod qilinadigan kam taʼminlangan oila farzandlari roʻyxati har oʻquv yilining 25-sentabr kuniga qadar tegishli maktabgacha taʼlim muassasasi (maktab-internati) rahbarining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
23. Toʻlovdan ozod qilingan bolalarning maktabgacha taʼlim muassasasiga (maktab-internatga) qatnashi (boʻlishi) toʻxtatilishi natijasida boʻshab qolgan oʻrinlar zaxiradan toʻldirib boriladi. Bunda boʻshab qolgan oʻrinlar mazkur Nizomning 19-bandiga asosan imtiyozga ega boʻlgan bolalarni birinchi navbatda tanlab olish tamoyiliga rioya qilgan holda toʻldirib boriladi.
25. Maktabgacha taʼlim muassasalari va maktab-internatlarda bolalar taʼminoti uchun toʻlovlarning kirim qilinishi va ularning maqsadli sarflanishi boʻyicha budjet hisobi va hisoboti mazkur muassasalarning buxgalteriyasi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
26. Bolalar taʼminoti uchun toʻlovlarning toʻgʻri hisoblanishi, oʻz muddatida toʻlanishi, hisobi va hisobotining yuritilishi, tushgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi va uning hududiy nazorat-taftish boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
28. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2016-yil 8-iyul
Maktabgacha taʼlim muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar taʼminotiga haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovi undirilmaydigan bolalarning jismoniy yoki aqliy rivojlanishidagi nuqsonlari
ROʻYXATI
1. Nutqidagi ogʻir nuqsonlar (rinolaliya, duduqlanish, bolalar afaziyasi, ruhiy-nutqiy rivojlanishda orqada qolish).
2. Eshitishdagi ogʻir nuqsonlar (II — IV darajadagi karlik).
3. Koʻrishdagi ogʻir nuqsonlar (koʻzi ojizlar, bir koʻzi soqqasi yoʻqligi (anoftalm), ambliopiya va gʻilay boʻlgan zaif koʻradiganlar).
4. Tayanch-harakatlanishidagi nuqsonlar (bosh miya, boʻyin, koʻkrak qafasi, umurtqa, boʻgʻimlar va oyoqlar operatsiyalarining barcha turlaridan keyingi holati; boʻyin, koʻkrak qafasi, umurtqaning idiapatik deformatsiyalari; kifoz; lordoz; kifoskolioz; oyoq panjalari falaji; tayanch-harakatlanish aʼzosi rivojlanishi anomaliyalari; artrozoartritlar; ostexondropatiya; xondrodistrofiya; bolalar serebral falaji; meningoensefalitga chalingandan keyin hamda tugʻruq asoratlaridan keyingi tayanch-harakatlanish aʼzolarining barcha patologiyalari (gemiparez, paraparez, monoparez va shu turdagi plegiyalar); poliradikulonevritlar va ularning asoratlari).
5. Psixik rivojlanishda orqada qolish (aqliy orqada qolish (aqliy faoliyatining orqada qolishi va aqliy zaiflikning yengil darajasi).
6. Murakkab nuqsonlar (rivojlanishda ikki va undan ortiq nuqsonlar mavjudligi).
7. Sil kasalligining ilk koʻrinishi (sil kasalligi bilan kasallangan bemor bilan bir oiladan (xoʻjalikdan) boʻlib aloqada boʻlganlar, tubviraj), shuningdek sil kasalligidan keyingi tiklash davri.