1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.05.00 Kompaniyalar, konsernlar, uyushmalar va boshqalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.02.00 Sanoat sohasidagi boshqaruv / 09.10.02.02 Sanoat sohasida boshqaruv;
3.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.18.00 Elektron va elektrotexnika sanoati. Maishiy asbob-uskunalar]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Sanoat]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston radioelektronika, elektrotexnika va asbobsozlik sanoati korxonalari uyushmasi (“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi) faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 6-fevraldagi PQ-2123-sonli “2014 — 2018-yillarda respublika elektrotexnika sanoatini boshqarishni tashkil etishni yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xoʻjalik boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2003-yil 22-dekabrdagi PF-3366-son Farmonini bajarish yuzasidan va radioelektronika, elektrotexnika va asbobsozlik tarmoqlarini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
1-ilovaga muvofiq korxonalar “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi qatnashchilari hisoblanishi;
uyushmaning faoliyati uning tarkibiga kiruvchi korxonalar, tashkilotlarning ixtiyoriy ajratiladigan mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobiga amalga oshirilishi;
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi ijro etuvchi organining huquqlari, funksiyalari, javobgarligi va vazifalari uning qatnashchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan belgilanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi qatnashchilarining quyidagilar uyushmaning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari hisoblanishi haqidagi taklifiga rozilik berilsin:
ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda radioelektronika, elektrotexnika va asbobsozlik sanoatini barqaror rivojlantirishning istiqbolli strategiyasini belgilash;
marketing tadqiqotlarini tashkil etish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar (ishlar, xizmatlar)ning yangi turlarini ishlab chiqarishni oʻzlashtirishda, ularning jahon bozorlariga kirib borishida koʻmaklashish;
uyushma qatnashchilari boʻlgan korxonalarga resurs va energiyani tejovchi samarali texnologiyalarni joriy etishda, buyumlar va butlovchi materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni rivojlantirishda, korxonalarni zamonaviylashtirish va texnologiya bilan qayta jihozlashda, ushbu maqsadlar uchun xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishda yordam koʻrsatish;
korxonalarga axborot xizmatlari koʻrsatish, muhandis-texnik va boshqaruv xodimlari menejmentning zamonaviy usullarini va bozor sharoitlarida ishlashni egallab olishlari maqsadida ularning malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etishda koʻmaklashish.
3. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining tashkiliy tuzilmasi va xodimlarning cheklangan umumiy soni 33,5 shtat birligi, shu jumladan boshqaruv xodimlari 22 kishi boʻlgan uning boshqaruv ijro etuvchi apparati tuzilmasi 2 va 3-ilovalarga muvofiq maʼqullansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalarning ustav sarmoyalarida aksiyalar (ulushlar)ning davlat paketlarini ishonchli boshqaruvga berish toʻgʻrisidagi shartnomalarni ular tanlov asosida professional boshqaruvchi kompaniyalarga berilgungacha uzaytirish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi ikki oy muddatda qatnashchilarning umumiy yigʻilishini oʻtkazsin, uyushmaning yangi tahrirdagi ustavini tasdiqlasin va davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi respublikaga olib kelinayotgan radioelektronika, elektrotexnika, asbobsozlik tovarlari toʻgʻrisida, ularni uyushma korxonalarida ishlab chiqarishni oʻzlashtirish uchun muntazam axborot olishda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasiga koʻmaklashsinlar.
7. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzeltexsanoat” Oʻzbekiston radioelektronika, elektrotexnika va asbobsozlik sanoati korxonalari uyushmasini tashkil etish va uning faoliyati masalalari toʻgʻrisida” 1994-yil 17-martdagi 144-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 30-aprel,
205-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 30-apreldagi 205-son qaroriga 1-ILOVA
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi qatnashchilari boʻlgan korxonalar roʻyxati
I. Kabel-sim mahsulotlari, xalq isteʼmol tovarlari va yangi materiallar ishlab chiqaradigan korxonalar
1. “Oʻzkabel” davlat-aksiyadorlik jamiyati, Toshkent shahri
2. “Andijonkabel” ochiq aksiyadorlik jamiyati Oʻzbekiston-Rossiya qoʻshma korxonasi, Xonobod shahri