toggle_night_mode
Hujjat 09.07.1993 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
BARTER ASOSIDA AMALGA OSHIRILADIGAN EKSPORT-IMPORT OPERATSIYALARI BOʻYICHA TARTIB BUZILISHLARI VA SUIISTEʼMOLLIKLARGA CHEK QOʻYISH TOʻGʻRISIDA
Jahon bozoridagi ahvolni oʻrganish va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi roʻyxatga olgan amaldagi barter shartnomalarini tahlil qilish tovar ayirboshlash operatsiyalari asosida yetkazib berilayotgan va xarid qilinayotgan tovarlarning qiymat jihatdan tengligi qoʻpol ravishda buzilayotganligidan dalolat beradi. Koʻpgina hollarda Oʻzbekistondan yetkazilib berilayotgan strategik mahsulot va xomashyo: paxta tolasi, rangli metallar, azot va fosfat oʻgʻitlarining narxi yashirincha arzonlashtirilganligi hisobiga respublikaga gilamlar, sigaretalar, spirtli ichimliklar va shu singari mollar oshirilgan narxda olib kelinmoqda.
Bunday barter operatsiyalarini amalga oshirishda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining manfaatdorligi ularning soliqlarni toʻlashdan oʻzlarini chetga olish, baʼzan valyutada olingan foydaning bir qismini yashirish, jumladan qonunni buzib, Oʻzbekiston iqtisodiyoti, korxona va xoʻjalik mehnat jamoasining manfaatlariga ziyon yetkazgan holda eng koʻp foyda olish istagi bilan ham ragʻbatlantirilmoqda.
Bularning hammasi Oʻzbekistonning eksport xomashyo zaxiralaridan nooqilona foydalanishiga, tashqi bozorlarda ularning narxi keskin pasayishiga, respublikaga valyuta tushumlari cheklanishiga va jiddiy suiisteʼmolliklarga olib keladi.
Yuqorida bayon etilganlar munosabati bilan:
1. 1993-yilning 16-iyulidan valyutasiz asosda eksport-import barter operatsiyalarini amalga oshirish uchun shartnomalar tuzish taqiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Ayrim hollarda, neftni qayta ishlash mahsulotiga, binokorlik materiallari va yogʻoch-taxtaga isteʼmolchilarning va xoʻjaliklarning talabini qondirish maqsadida ularni soliq solinadigan barter shartnomalari boʻyicha olib kelishga yoʻl qoʻyiladi.
 LexUZ sharhi
“Eksport-import operatsiyalarini tartibga keltirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 11-apreldagi PF-1096-sonli Farmoni 2-bandi bilan mazkur bandga qoʻshimcha qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining ruxsati bilan istisno tarzidagi barter (mavoza) boʻyicha eksport-import operatsiyalariga yoʻl qoʻyilishi belgilangan.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
oʻn kun muddat ichida barter operatsiyalari boʻyicha respublikaga olib kelinadigan tovarlar va mahsulot roʻyxatini aniqlasin. Ular yuzasidan shartnomalar tuzish tartibini va bajarilishi boʻyicha nazoratni belgilasin;
oʻn kun ichida amaldagi barter shartnomalarini tugallash tartibini belgilasin;
bir oy muddat davomida hukumatning ilgari qabul qilingan qarorlarini ushbu Farmonga muvofiqlashtirilsin.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 25-oktabrdagi 520-sonli “Eksport-import operatsiyalarini barter asosida amalga oshirishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi qaroriga qarang.
4. Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining rahbarlari mazkur Farmon qoidalari ogʻishmay bajarilishini taʼminlovchi zarur choralar koʻrsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 9-iyul,
PF-616-son