toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish zaruriyati bilan, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan qabul qilingan quyidagi qarorlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1. Oliy sud Plenumining 1991-yil 20-dekabrdagi “Yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni belgilash haqidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorining:
a) rus tilidagi matni oʻninchi bandining toʻrtinchi xatboshisidagi “soglasno statye 494 GK” jumlasi “soglasno statye 1009 GK” jumlasi bilan almashtirilsin;
b) oʻzbek tilidagi matni oʻninchi bandining toʻrtinchi xatboshisi chiqarilsin:
“Merosga boʻlgan huquqni rasmiylashtirish maqsadida, birovning qaramogʻida boʻlganlik faktini belgilash uchun birovning qaramogʻidagi odam meros qoldiruvchining oʻlimi kuniga mehnatga layoqatsiz boʻlib, marhumning oʻlimiga qadar kamida bir yil uning qaramogʻida boʻlgan boʻlishi va u bilan birgalikda yashagan boʻlishi shart (FKning 1141-moddasi). Agarda qaramogʻda boʻlganlik bir yildan kam davom etgan boʻlsa, sud bu faktni belgilashni rad etadi. Meros qoldiruvchi bilan qaramogʻida boʻlgan shaxs oʻrtasida qarindoshlik munosabatlarining bor-yoʻqligi ahamiyatga ega emas.”. Oʻzbek tilidagi matni mazkur bandining beshinchi xatboshisi toʻrtinchi xatboshi hisoblansin.
2. Oliy sud Plenumining 1996-yil 19-iyuldagi “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan keltirilgan shikoyatlarni sudlarda koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorining:
oʻn ikkinchi bandi birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin: “Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari (qarorlar) ustidan beriladigan shikoyatlar FPKning 149, 150-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq rasmiylashtiriladi va Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining “Davlat boji stavkalari haqida”gi qarorida belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji undiriladi. Beriladigan arizaning shakli va mazmuni boʻyicha FPKning 148, 149-moddalarida qoʻyilgan talablardan kelib chiqqan holda, shikoyatda, jumladan, qanday xatti-harakatlar shikoyat qilinayotganligi, bu xatti-harakatlar (qarorlar) oqibatida fuqaroning qanday muayyan huquq va erkinliklari buzilganligi, xuddi shunday shikoyat tobelik tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga berilgan-berilmaganligi va berilgan boʻlsa, qanday javob olinganligi koʻrsatilgan boʻlishi shart.”.
3. Oliy sud Plenumining 1996-yil 20-dekabrdagi “Fuqarolik ishlari boʻyicha sud xarajatlarini va jinoyat ishlari yuzasidan sud chiqimlarini undirish amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorining:
a) birinchi bandidagi “1992-yil 9-dekabr kuni qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuniga” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi” soʻzlari bilan almashtirilsin. Mazkur banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq boshqarmasi tomonidan 1993-yil 28-iyun kuni tasdiqlangan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi yoʻriqnoma” soʻzlari chiqarilsin;
b) toʻrtinchi bandi birinchi jumlasidagi “sudlarda Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasida” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 329-moddasida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) oltinchi bandi birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon qilinsin: “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 328-moddasi va 336-moddasining 1-qismiga muvofiq, ushbu kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, sudlarga beriladigan arizalardan davlat boji ariza berilgunga qadar toʻlanadi.”;
g) oʻn oltinchi bandi birinchi jumlasidagi “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasida” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 342-moddasida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
d) oʻn sakkizinchi bandi uchinchi jumlasidagi “Davlat boji toʻgʻrisida” Qonunining” 2-moddasida va “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qoʻllanmaning 22-bandiga” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 337-moddasiga” jumlasi bilan almashtirilsin.
4. Oliy sud Plenumining 1998-yil 17-apreldagi “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi qarorining:
a) toʻqqizinchi bandi uchinchi xatboshisining oxirgi jumlasidagi “hal qiluv qarori bilan tanishish uchun belgilangan kunning ertasidan boshlab” soʻzlari “hal qiluv qarori chiqqan kundan boshlab” soʻzlari bilan almashtirilsin. Rus tilidagi matni mazkur bandining uchinchi xatboshisidagi “kassatsionnoy” soʻzi chiqarilsin;
b) oʻn toʻrtinchi bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin: “Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilingan javobgar sud majlisiga kelmagan taqdirda, daʼvogar ishning koʻrilishiga eʼtiroz bildirmagan boʻlsa, sud ishni sirtdan ish yuritish tartibida koʻrishi mumkinligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin (FPK 224-moddasining 1-qismi).
Sudlar shuni eʼtiborda tutishlari lozimki, FPK 224-moddasining 2-qismi mazmuniga koʻra, sudya ishni sud majlisiga barcha javobgarlar kelmagan taqdirdagina sirtdan ish yuritish tartibida koʻrishi mumkin. FPKning 225-moddasiga muvofiq daʼvogar ishni javobgar ishtirokisiz sirtdan koʻrishga rozi boʻlmasa, sud ishni koʻrishni keyinga qoldirishi va kelmagan javobgarga ishning yangidan koʻrilish vaqti va joyi haqida qayta xabar yuborishi lozim. Sirtdan hal qiluv qarori chiqarishda sirtdan chiqariladigan hal qiluv qarorining mazmuni haqidagi FPKning 227-moddasi talablariga rioya qilinishi zarur. FPKning 229, 235-moddalariga binoan sud majlisiga kelmagan javobgar sirtdan hal qiluv qarori chiqargan sudga shu hal qiluv qarori chiqarilgandan keyin oʻn besh kun ichida uni qayta koʻrish haqida ariza berishga haqlidir. Sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarori uni chiqargan sud tomonidan bekor qilingan taqdirda ishni mazmunan koʻrish tiklanib, u Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan qoidalar asosida koʻriladi.”.
5. Oliy sud Plenumining 1998-yil 11-sentabrdagi “Sudlar tomonidan nikohdan ajratish haqidagi ishlarni koʻrishda qonunlarni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorining:
oʻzbek tilidagi matni ikkinchi bandi ikkinchi xatboshisidagi “11-qismiga” soʻzlari “2-qismiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Oliy sud Plenumining 2000-yil 22-dekabrdagi “Meros huquqiga oid qonunlarni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qarorining:
ikkinchi bandidagi beshinchi, oltinchi va yettinchi xatboshlarini quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Nomoddiy neʼmatlar, deganda, intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan huquqlar, xizmat va tijorat siriga boʻlgan huquq, hamda shaxsiy nomulkiy huquqlarga boʻlgan huquqlar tushuniladi. Ijodiy faoliyatning aniq bir shaklda, koʻrinishida ifoda etiladigan natijalari intellektual mulk hisoblanadi.
Bu natijalarga tenglashtirilgan jismoniy yoki yuridik shaxs mahsulotlari, vositalari (firma nomi, tovar belgisi, xizmat belgisi va h.k.) ham intellektual faoliyat natijalari sifatida tan olinadi. Ushbu natijalarga nisbatan fuqaroning yoki yuridik shaxsning mutloq huquqlari eʼtirof etiladi va uchinchi shaxsning foydalanishiga intellektual mulk egasining ruxsati bilangina yoʻl qoʻyiladi.
Tijorat qimmatiga ega boʻlgan va qonun yoʻli bilan undan erkin bahramand boʻlish uchun yoʻl qoʻyilmaydigan maʼlumotlar xizmat va tijorat siri hisoblanadi. Xizmat siri ahamiyatiga ega boʻlgan axborotlarni tarkibi va hajmi, shuningdek, ularni himoya qilish tartibi davlat boshqaruv organi tomonidan belgilanadi”.
7. Oliy sud Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi “Fuqarolik protsessual qonun hujjatlari ayrim normalarining sudlar tomonidan qoʻllanilishi haqida”gi qarorining:
a) oʻttiz uchinchi bandi toʻrtinchi xatboshisidagi “birinchi instansiya sudida shu instansiya sudi uchun” jumlasi “tegishli instansiya sudi tomonidan” jumlasi bilan almashtirilsin. Rus tilidagi matni mazkur bandining toʻrtinchi xatboshisidan “dlya rassmotreniya del sudom etoy instansii” degan soʻzlar chiqarilsin;
b) rus tilidagi matni oʻttiz oltinchi bandi uchinchi xatboshisidagi “statyey 27” soʻzlari “statyey 28” soʻzlari bilan almashtirilsin. Oʻzbek tilidagi matni oʻttiz oltinchi bandi uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin: “Sudlar mazkur toifadagi ishlarni koʻrishda, shaxsni tekshiruvdan oʻtkazish va uning psixiatriya statsionarida boʻlishi toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun sudga ariza bilan murojaat qilishda psixiatriya muassasalari tomonidan “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 28-moddasida belgilangan muddatlarga rioya qilinishiga eʼtiborni kuchaytirsinlar”.
Oliy sud raisi B. MUSTAFAYEV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi M. HASANOV
Toshkent sh.,
2008-yil 15-may,
14-son