toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.03.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ELEKTR ENERGETIKADA NAZORAT BOʻYIChA DAVLAT AGENTLIGI (“OʻZDAVENERGONAZORAT” AGENTLIGI) FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 1-martdagi 96-sonli “Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat agentligini elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasiga aylantirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi energetikasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish toʻgʻrisida” 2001-yil 22-fevraldagi PF-2812-son Farmoni bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat agentligi (“Oʻzdavenergonazorat” agentligi)ning tashkiliy tuzilmasi va Agentlik toʻgʻrisidagi Nizom 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
“Oʻzdavenergonazorat” agentligi xodimlarining cheklangan soni 165 nafar (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari), shu jumladan markaziy apparat xodimlari soni 31 nafar etib belgilansin.
“Oʻzdavenergonazorat” agentligi bosh direktoriga zarurat boʻlganda Agentlik markaziy boshqaruv apparati va viloyat boʻlimlari tuzilmasiga xodimlarning belgilangan soni doirasida tuzatishlar kiritishga ruxsat berilsin.
2. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
“Oʻzdavenergonazorat” agentligida bosh direktorning uch nafar oʻrinbosari, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari hamda shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan besh kishidan iborat hayʼat boʻladi;
(2-band ikkinchi xatboshi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-apreldagi 141-sonli qaroriga muvofiq toʻldirilgan — OʻR QHT, 2002-y., 8-son, 54-modda)
“Oʻzdavenergonazorat” agentligining bosh direktori va uning oʻrinbosarlari lavozimga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi;
“Oʻzdavenergonazorat” agentligi hududiy boʻlinmalarining boshliqlari lavozimga Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda bosh direktor tomonidan tayinlanadi.
“Oʻzdavenergonazorat” agentligining bosh direktori maqomi va moddiy, ijtimoiy-maishiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi vazirining birinchi oʻrinbosariga, bosh direktor oʻrinbosarlari esa — Oʻzbekiston Respublikasi vazirining oʻrinbosariga tenglashtirilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzdavenergonazorat” agentligi faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan har yili tasdiqlanadigan xarajatlar smetasi boʻyicha “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar hisobiga har oyda mablagʻ bilan taʼminlanadi.
“Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi “Oʻzdavenergonazorat” agentligini moliyalashga mablagʻlarni nazarda tutsin, ushbu mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 1.1.4-bandiga muvofiq ishlab chiqarish bilan bogʻliq moddiy xarajatlarga kiritsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda “Oʻzdavenergonazorat” agentligining markaziy apparatini va uning hududiy boʻlinmalarini joylashtirish uchun binolar ajratsinlar.
5. Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi bir oy muddatda “Oʻzdavenergonazorat” agentligi markaziy apparatini zarur aloqa vositalari, shu jumladan Hukumat aloqasi vositalari bilan taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun iqtisodiy jazolarni qoʻllash toʻgʻrisida” 1994-yil 9-martdagi 124-son qarori bilan tasdiqlangan Yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun iqtisodiy jazolarni qoʻllash toʻgʻrisidagi Nizomga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bir oy muddatda amaldagi idoraviy normativ hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari V.Y.Atayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 24-fevral,
94-son
Vazirlar Mahkamasining
2001-yil 24-fevraldagi 94-son qaroriga
1-ILOVA
Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat agentligining tashkiliy tuzilmasi va boshqaruv apparati tuzilmasi
Vazirlar Mahkamasining
2001-yil 24-fevraldagi 94-son qaroriga
2-ILOVA
Elektr energetika nazorat boʻyicha davlat agentligi (“Oʻzdavenergonazorat” agentligi) toʻgʻrisida
nizom
I.Umumiy qoidalar
1. Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat agentligi (“Oʻzdavenergonazorat” agentligi) elektr energiyasi ishlab chiqarish, uzatish, sotish va isteʼmol qilish, koʻmir qazib olish sohasida davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
2. “Oʻzdavenergonazorat” agentligi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
“Oʻzdavenergonazorat” agentligining elektr energiyasi ishlab chiqarish, uzatish, sotish va isteʼmol qilish, koʻmir qazib olish masalalari boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
3. “Oʻzdavenergonazorat” agentligi oʻziga yuklangan vazifalarni “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan oʻzaro hamkorlikda hal etadi.
4. “Oʻzdavenergonazorat” agentligi yuridik shaxs hisoblanadi, tugallangan balansga, banklarda hisob raqamlariga egadir.
5. “Oʻzdavenergonazorat” agentligi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻz nomi Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida yozilgan muhrga egadir.
II. “Oʻzdavenergonazorat” agentligining asosiy vazifalari
6. Quyidagilar “Oʻzdavenergonazorat” agentligining asosiy vazifalari hisoblanadi:
energiya ishlab chiqarish va koʻmir qazib olish, ularni uzatish hamda transportda tashish va isteʼmol qilish sohasida zarur normativ hujjatlar va qoidalarni ishlab chiqish;
elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchilari va isteʼmolchilarning energetika tadqiqotlari va ekspertizalarini oʻtkazish;
energiya ishlab chiqarish, uzatish va isteʼmol qilish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, normativ hujjatlar va qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish;
yagona energetika tizimiga ulangan turgʻun elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarishni belgilangan tartibda litsenziyalash ishlarini tashkil etish;
elektr energiyasi ishlab chiqarish, uzatish, koʻmir qazib olish sohasida chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
raqobatning rivojlanishiga koʻmaklashish, barcha raqobatchilarning elektr uzatish liniyalariga bogʻlanishlari uchun teng imkoniyatlar va shart-sharoitlarni taʼminlash;
elektr energiyasining qayta tiklanadigan manbalarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishiga koʻmaklashish;
elektr energiyasi ishlab chiqarish va koʻmir qazib olishda, ularni uzatish hamda transportda tashish va isteʼmol qilishda ekologiya normalari va talablariga rioya etilishini taʼminlash;
elektr energiyasi ishlab chiqarish va koʻmir qazib olish, ularni taqsimlash va isteʼmol qilish balanslariga rioya etilishini nazorat qilish.
III. “Oʻzdavenergonazorat” agentligining funksiyalari
7. “Oʻzdavenergonazorat” agentligi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
elektr energetikasi va koʻmir sanoatini rivojlantirish konsepsiyalari va milliy dasturlari ishlab chiqilishida qatnashadi;
davlat boshqaruvi organlarining koʻrib chiqishi uchun energiya ishlab chiqarish va koʻmir qazib olish, ularni uzatish va transportda tashish hamda isteʼmol qilish sohasida normativ bazani takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
elektr energiyasini isteʼmolchilarga uzatishda uning sarfi normativlarini ishlab chiqadi;
vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini, dasturlarni, shuningdek tarmoqlarni rivojlantirishga doir boshqa hujjatlarni ekspert baholaydi va kelishadi;
mulkchilik shakllaridan va idoraviy boʻysunishidan qatʼi nazar, korxonalarga yagona energetika tizimiga ulanadigan turgʻun elektr stansiyalaridan elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish ishini tashkil etadi va ularning shartlari bajarilishini nazorat qiladi;
energiya ishlab chiqarish, uzatish va isteʼmol qilish, shuningdek koʻmir qazib olish boʻyicha talablarni oʻz ichiga olgan respublika standartlari loyihalarini va boshqa normativ hujjatlarni belgilangan tartibda koʻrib chiqadi va kelishadi;
energiya ishlab chiqarish, uzatish va isteʼmol qilish, shuningdek koʻmir qazib olish yuzasidan texnik talablarni belgilaydi;
nazorat ostidagi korxonalar va obyektlarni foydalanishga qabul qilib olish boʻyicha davlat komissiyalari tarkibida qatnashadi;
yangidan quriladigan obyektlarning elektr energiyasi ishlab chiqarish, uzatish va isteʼmol qilish xavfsizligini taʼminlash yuzasidan loyihalarini ekspertizadan oʻtkazishda va ularni foydalanishga qabul qilib olishda qatnashadi;
elektr energetikasi obyektlari (qurilmalar, asbob-uskunalar, tizimlar va apparatlar)ni loyihalashtirishda, qurishda, ulardan foydalanishda va ularni tuzatishda xavfsizlik masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar va tegishli oʻquv yurtlarida mutaxassislar tayyorlash dasturlarini shakllantirish va kelishishda qatnashadi;
“Oʻzdavenergonazorat” agentligi organlari nazorati ostidagi obyektlarda ishlab chiqarish xavfsizligi yuzasidan xorijiy texnologiyalarni qoʻllash imkoniyatlari toʻgʻrisida ekspert xulosasi beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
nazorat ostidagi obyektlar xodimlarini tayyorlash va ushbu obyektlarda ishlar xavfsiz olib borilishini taʼminlash va mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha ularning bilimlarini tekshirish tartibini belgilaydi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-apreldagi 141-sonli qaroriga muvofiq xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2002-y., 8-son, 54-modda)
8. “Oʻzdavenergonazorat” agentligi:
energiya ishlab chiqarish, uzatish va isteʼmol qilish sohasida Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga, normativ hujjatlar va qoidalarga rioya etilishini;
idoraviy boʻysunishi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda energiya isteʼmolchilari tomonidan elektr va issiqlik energiyasidan oqilona va samarali foydalanilishini;
isteʼmolchilarning elektr va issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarning texnik holatini, elektr stansiyalari, kichik stansiyalar va tarmoqlarda texnik foydalanish va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilishini;
elektr qurilmalarining energiya bilan taʼminlash tashkilotlari tarmoqlariga ulanishiga doir texnik shartlarining isteʼmolchilar tomonidan bajarilishini;
korxonalar, tashkilotlar, muassalar tomonidan ishlab turgan va ishga tushirilayotgan, shuningdek rekonstruksiya qilinayotgan va zamonaviylashtirilayotgan energiya sarflanadigan qurilmalar va asbob-uskunalarning balans elektr sinovlari oʻtkazilishini;
korxonalar, tashkilotlar, muassasalar tomonidan elektr va issiqlik energiyasi sarfi normalariga, elektr va issiqlik energiyasidan foydalanishga doir direktiv va yoʻriqnoma hujjatlarga rioya etilishini;
sanoat korxonalari va ularga tenglashtirilgan elektr energiyasi isteʼmolchilarning elektr qurilmalarida reaktiv quvvat kompensatsiyasining maqbul darajasini taʼminlashni;
korxonalar, tashkilotlar, muassalar tomonidan elektr va issiqlik energiyasi sarfining hisobga olinishini tekshiradi.
IV. “Oʻzdavenergonazorat” agentligining huquqlari
9. “Oʻzdavenergonazorat” agentligi quyidagi huquqlarga egadir:
“Oʻzdavenergonazorat” agentligi vakolatlariga tegishli boʻlgan masalalar boʻyicha korxonalar va obyektlarni tekshirish, shuningdek tegishli vazirliklar, idoralar, korxonalar bilan kelishgan holda koʻrsatib oʻtilgan tadqiqotlarni jalb qilish;
korxonalar tomonidan tegishli faoliyatni amalga oshirish uchun ularga berilgan maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) shartlariga rioya etilishini nazorat qilish;
litsenziya talablari va shartlari buzilganligi uchun mulkchilik shakllari va idoraviy qarashliligidan qatʼi nazar, korxonalarning litsenziyalari amal qilinishini toʻxtatish va toʻxtatib turish, bekor qilish toʻgʻrisidagi takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
aniqlangan qoidalar va normalar buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida korxonalar va tashkilotlar rahbarlariga bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish;
vazirliklar, idoralar, aksiyadorlik jamiyatlari, uyushmalar, boshqa birlashmalardan, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, tashkilotlar, muassasalar va korxonalardan joriy nazorat jarayonida elektr va issiqlik energiyasidan foydalanishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini talab qilish;
oʻz vakolatlari doirasida, zarurat boʻlganda esa boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar, qarorlar chiqarish;
xavfsizlik qoidalari va normalari buzilgan holda olib borilayotgan ishlarni toʻxtatib qoʻyish, shuningdek odamlar hayoti uchun xavf tugʻilganda ularni ish oʻrinlaridan chiqarish;
elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalari buzilganligi uchun iqtisodiy jazolar qoʻllash;
energiya qurilmalaridan foydalanish qoidalari, normalari va yoʻriqnomalari buzilganligi uchun mansabdor shaxslar va fuqarolarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish;
obyektlarda mutaxassislar va ishchilarning xavfsizlik qoidalari va normalarini, texnologiya reglamentlari va mehnat muhofazasiga oid yoʻriqnomalarni bilinishini tekshirish;
korxonalarning rahbarlari va muhandis-texnik xodimlari xavfsizlik va mehnat muhofazasi qoidalari va normalarini bilishlarini tekshirishda qatnashish;
xavfsizlik texnikasi, elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalari buzilganligi uchun aybdor shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun materiallarni huquqni muhofaza qilish organlariga berish;
avariyalar holatlari va sabablarini texnik tekshirishda qatnashish, tekshirish natijalari boʻyicha “Oʻzdavenergonazorat” agentligi vakolatlariga tegishli masalalar boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar qabul qilish;
zarurat boʻlganda vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar tomonidan asbob-uskunalar va materiallarning nazorat sinovlari, loyiha va loyiha-konstruktorlik yechimlarining mustaqil ekspertizasi oʻtkazilishini tayinlash;
vazirliklar, idoralar, davlat boshqaruvi boshqa organlaridan, mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalardan va fuqarolardan “Oʻzdavenergonazorat” agentligi vakolatlariga tegishli boʻlgan masalalar boʻyicha zarur axborotlar olish.
Oldingi tahrirga qarang.
elektr energiyasini isteʼmol qilish limitlariga rioya qilinishini nazorat qilish va elektr bilan isitish maqsadlarida elektr energiyasini qoʻllashni kelishish.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-apreldagi 141-sonli qaroriga muvofiq xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2002-y., 8-son, 54-modda)
V. “Oʻzdavenergonazorat” agentligi faoliyatini tashkil etish
10. “Oʻzdavenergonazorat” agentligi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
11. Bosh direktor va uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi.
“Oʻzdavenergonazorat” agentligi hududiy boʻlinmalari boshliqlari lavozimiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda bosh direktor tomonidan tayinlanadi.
“Oʻzdavenergonazorat” agentligining bosh direktori lavozimiga koʻra ayni paytda Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanilishini nazorat qilish boʻyicha bosh davlat inspektori, uning oʻrinbosarlari esa — Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanilishini nazorat qilish boʻyicha bosh davlat inspektorining oʻrinbosarlari hisoblanadi. “Oʻzdavenergonazorat” agentligi hududiy boʻlinmalari boshliqlari elektr va issiqlik energiyasidan foydalanilishini nazorat qilish boʻyicha katta davlat inspektorlari hisoblanadi.
“Oʻzdavenergonazorat” agentligida bosh direktor (hayʼat raisi), lavozimi boʻyicha uning oʻrinbosarlari, shuningdek “Oʻzdavenergonazorat” agentligining boshqa rahbar xodimlaridan iborat tarkibda 5 kishidan iborat hayʼat tashkil etiladi. Hayʼatning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. “Oʻzdavenergonazorat” agentligi hayʼati oʻzining muntazam oʻtkaziladigan majlislarida elektr energetikasida davlat nazoratini takomillashtirish, oʻziga qarashli tashkilotlarga amaliy rahbarlik qilish, qarorlarning bajarilishini tekshirish, kadrlarni tanlash va ulardan foydalanish masalalarini koʻrib chiqadi, oʻziga qarashli tashkilotlar rahbarlarining ular vakolatlariga kiruvchi masalalar boʻyicha hisobotlarini eshitadi. Hayʼatning qarorlari, qoidaga koʻra, “Oʻzdavenergonazorat” agentligining buyruqlari bilan hayotga joriy etiladi. Bosh direktor bilan hayʼat oʻrtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda, bosh direktor paydo boʻlgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda oʻz qarorini hayotga joriy etadi, hayʼat aʼzolari esa, oʻz navbatida, oʻz fikrlarini Vazirlar Mahkamasiga maʼlum qilishlari mumkin.
(11-band uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-apreldagi 141-sonli qaroriga muvofiq toʻldirilgan — OʻR QHT, 2002-y., 8-son, 54-modda)
12. “Oʻzdavenergonazorat” agentligining bosh direktori mazkur Nizomga muvofiq:
elektr energetika va koʻmir sanoati korxonalari faoliyatiga oid “Oʻzdavenergonazorat” agentligi tomonidan ishlab chiqiladigan normativ hujjatlar sifatida;
elektr energiyasi ishlab chiqarish, uzatish va isteʼmol qilish, shuningdek koʻmir qazib olish sohasida korxonalar faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjatlar talablari bajarilishini;
elektr energetika va koʻmir sanoati sohasida xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati masalalari boʻyicha “Oʻzdavenergonazorat” agentligi tomonidan berilgan maʼlumotlarning ishonchliligi uchun javob beradi.
13. “Oʻzdavenergonazorat” agentligi energetika resurslaridan foydalanish qoidalari buzilganligi uchun amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq iqtisodiy jazolar qoʻllanilishidan olingan mablagʻlarning bir qismidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda oʻz moddiy-texnika bazasini rivojlantirishda foydalanadi.
14. “Oʻzdavenergonazorat” agentligi mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga, yuqori turuvchi mansabdor shaxsga yoki mansabdor shaxsning oʻziga shikoyat qilinishi mumkin. Shikoyat berish barcha hollarda shikoyat qilinayotgan qaror bajarilishini toʻxtatmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. “Oʻzdavenergonazorat” agentligining mansabdor shaxslari oʻtkaziladigan tekshirishlarning ishonchliligi uchun shaxsan javob beradilar.
15. “Oʻzdavenergonazorat” agentligi mansabdor shaxslari belgilangan namunadagi guvohnomaga ega boʻladilar.
16. “Oʻzdavenergonazorat” agentligi faoliyati amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq toʻxtatiladi.
Vazirlar Mahkamasining
2001-yil 24-fevraldagi 94-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 9-martdagi 124-son qarori bilan tasdiqlangan Yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun iqtisodiy jazolarni qoʻllash toʻgʻrisidagi Nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Matndagi “Energetika va elektrlashtirish vazirligiga qarashli “Oʻzenergiyanazorat”ga koʻrsatmalar “Oʻzdavenergonazorat” agentligi”ga koʻrsatmalar bilan almashtirilsin.
2. III bobning 3-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Yuridik shaxslar “Oʻzdavneftgaznazorat” va “Oʻzdavenergonazorat” agentligi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari ustidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yoki sudga murojaat qilishga haqlidirlar”.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 3-4-son, 17-modda; 2002-y., 8-son, 54-modda)