1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.27.00.00 Valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilish / 07.27.06.00 Chet el valyutasini sotib olish va sotish. Konvertatsiya. Valyuta almashtirish shohobchalari]
[TSZ:
1.Moliya / Valyutani tartibga solish. Qimmatbaho metallar (toshlar)]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BIRJADAN TAShQARI VALYuTA BOZORINI YaNADA RIVOJLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 11-iyundagi 260-son “Valyuta bozorini yanada erkinlashtirish va almashtirish kurslarini birxillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Valyuta kursini yanada birxillashtirishga hamda valyuta siyosatini erkinlashtirishga koʻmaklashuvchi zarur shart-sharoitlarni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, 2002-yil 16-iyuldan boshlab import isteʼmol tovarlari va xizmatlarni (shu jumladan transport va aloqa) sotishdan olingan soʻmdagi tushumni konvertatsiya qilish tijorat banklari tomonidan, erkin kurs boʻyicha xorijiy valyutaga talab va taklifdan kelib chiqqan holda, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bunda budjet mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan isteʼmol tovarlari va xizmatlar, shuningdek qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash ishlari va xizmatlar importiga haq toʻlash uchun soʻmlardagi mablagʻlarni konvertatsiya qilish banklararo savdo sessiyasi kursi boʻyicha amalga oshiriladi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 10-oktabrdagi 354-son qarori bilan toʻldirilgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 19-son, 150-modda)
2. Belgilansinki, isteʼmol tovarlari va xizmatlarni (shu jumladan transport va aloqa) import qilish yuzasidan mazkur qaror chiqishidan oldin tuzilgan va vakolatli banklar tomonidan hisobga qoʻyilgan kontraktlarni bajarish ham tijorat banklari tomonidan erkin kurs boʻyicha, xorijiy valyutaga talab va taklifdan kelib chiqqan holda, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Markaziy bank, Moliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ hujjatlarning mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 12-iyul,
247-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 13-son, 106-modda, 19-son, 150-modda)