toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 20.12.1996
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Himoya huquqini ta’minlovchi qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996-yil 20-dekabrdagi 41-sonli “Himoya huquqini ta’minlovchi qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Sud amaliyotini o‘rganib chiqish gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchining himoya huquqini ta’minlovchi konstitutsiyaviy qoidalarga rioya qilinayotganligini va bu odil sudlovni amalga oshirish sifatiga ijobiy ta’sir etayotganligini ko‘rsatdi.
Shu bilan birga ayrim ishlar bo‘yicha jinoyat-protsessual qonunlarning ba’zi talablari to‘liq bajarilmayotir, bu esa ayrim hollarda himoya huquqining buzilishiga olib kelmoqda.
Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, shuningdek qonunlarni amaliyotda qo‘llash jarayonida muammolar yuzaga kelayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi qaror qiladi:
1. Gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchining himoya huquqini ta’minlash konstitutsiyaviy qoida hisoblanadi va jinoyat-sudlov ishlarini yurg‘izishning barcha bosqichlarida unga qat’iy amal qilinishi kerak. Shuning uchun ularning protsessual huquqlariga og‘ishmay rioya etish; ish holatlarini har taraflama, to‘la va xolisona o‘rganish; gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchini qoralovchi va oqlovchi, shuningdek ularning javobgarliklarini og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlarni aniqlash, ish bo‘yicha mavjud bo‘lgan taxminlarni sinchiklab tekshirish; dalillarni taqdim etish va ularni tekshirish, iltimoslar keltirish bo‘yicha protsess ishtirokchilarining teng huquqliliklarini ta’minlash zarur.
O‘zbekiston Respublikasi JPKsining 13-moddasiga muvofiq sud, prokuror, tergovchi, surishtiruv olib boruvchi shaxs gumonlanuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga qonunda belgilangan vosita va usullar bilan himoyalanishlari uchun imkoniyat yaratib berishga majburdirlar.
2. Gumonlanuvchini, ayblanuvchini va sudlanuvchini himoya huquqi bilan ta’minlash uchun gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi aybi qonunda belgilangan tartibda isbotlanmaguncha va qonuniy kuchga kirmagan sud hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz hisoblanishi nazarda tutilgan konstitutsiyaviy qoidaga qat’iy rioya etish zarur.
Qonunga binoan aybni isbotlash majburiyati ayblovchiga yuklatilgan. Shunga ko‘ra gumonlanuvchiga, ayblanuvchiga va sudlanuvchiga o‘zining aybsizligini isbotlash vazifasini yuklashga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Ayblov hukmi taxminlarga, shuningdek ruhsat etilmagan usullarni qo‘llash yo‘li bilan yig‘ilgan dalillarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas. Bartaraf etishning imkoniyati bo‘lmagan barcha shubhalar gumonlanuvchining, ayblanuvchining va sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.
3. O‘zbekiston Respublikasi JPKsini 321-modaasining mazmuniga ko‘ra sudning ishni har taraflama tekshirib ko‘rishiga xalaqit bergan, hamda qonuniy va asoslantirilgan hukm chiqarishiga ta’sir etgan va ta’sir etishi mumkin bo‘lgan himoya huquqini buzilishini sud qarorini bekor bo‘lishiga asos bo‘ladigan himoya huquqini jiddiy buzish deb tushunmoq lozim.
O‘zbekiston Respublikasi JPKsini 42 va 43-moddalariga muvofiq himoyachining ishtirok etishi majburiy hisoblangan hollarda himoyachining sud majlisida, surishtiruv va dastlabki tergov vaqtida ishtirok etmasligi ham jinoyat-protsessual qonunni jiddiy buzish hisoblanadi.
4. Gumonlanuvchining, ayblanuvchining himoyachi olish huquqini, aniq nimada gumonlanayotganligini yoki ayblashyotganligini, sudlanganni esa — u qanday jinoiy harakatni sodir etganlikda aybli deb topilganligini bilishi lozimligini kafolatlovchi O‘zbekiston Respublikasi JPKsini 401, 41-moddalarining talablariga rioya etish zarurligiga e’tibor qaratilsin. Shuning uchun ayblanuvchi tariqasida javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorda, ayblash fikrida va hukmda O‘zbekiston Respublikasi JPKsining 123, 183, 293-moddalarida nazarda tutilgan holatlar aniq bayon etilgan bo‘lishi lozim.
Mabodo shaxs bir necha jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan bo‘lsa, bu holatlar har bir aybga nisbatan bayon etilishi zarur.
5. O‘zbekiston Respublikasi JPKsining 46-moddasiga muvofiq himoyachining ishda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilgan vaqtdan boshlab, u gumonlanuvchini yoki ayblanuvchini so‘roq qilishda, shuningdek ular ishtirokida amalga oshiriladigan boshqa tergov harakatlarida ishtirok etishga haqli. Surishtiruv organlari yoki tergovchi bunday harakatlarni o‘tkazish kuni to‘g‘risida himoyachini oldindan xabardor qilishi kerak.
6. O‘zbekiston Respublikasi JPKsining 43-moddasiga mluvofiq “o‘zining jismoniy yoki ruhiy kamchiliklari sababli o‘zini-o‘zi himoya qilish huquqini amalga oshira olmaydigan shaxslar” deganda, xususan, aqli raso deb topilgan bo‘lsalarda, ammo ruhiy faoliyatlari doimiy yoki vaqtincha buzilgan, nutqida, ko‘rishida, eshitishida jiddiy kamchiliklari bo‘lgan yoki boshqa og‘ir xastalik bilan kasallangan shaxslarni tushunish lozimligi uqdirilsin.
7. Ayblanuvchining himoya huquqini sudga berish bosqichida ta’minlash maqsadida, zarur hollarda, ayblanuvchilarni va ularning himoyachilarini sudga bildirilgan, shuningdek tergov davrida qanoatlantirilmay qoldirilgan iltimoslari bo‘yicha ham tushuntirish berish uchun chaqirish kerak.
Surishtiruv va dastlabki tergov davrida gumonlanuvchining, ayblanuvchining himoyasiga oid protsessual huquqlariga rioya qilinmagan, gumonlanuvchi, ayblanuvchi va uning himoyachisining ish uchun muhim ahamiyatli bo‘lgan holatlarni aniqlash yuzasidan bildirgan iltimoslari asossiz ravishda qanoatlantirilmay qoldirilgan hollarda, O‘zbekiston Resblikasi JPKsining 216-moddasida nazarda tutilgan boshqa talablar jiddiy ravishda buzilgan bo‘lsa va tergov kamchiliklarini sud majlisida to‘ldirish mumkin bo‘lmasa, sud ishni qo‘shimcha tergovga yuborish to‘g‘risidagi masalani muhokama qilishi lozim.
8. Sud (sudya) jinoyat ishini, uning hajmini, murakkabligini va boshqa holatlarni inobatga olib sudlanuvchini va uning ximoyachisini, shuningdek boshqa protsess ishtirokchilarini ish materiallari bilan tanishish va himoyaga tayyorlanish imkoniyatiga ega bo‘lishliklarini nazarda tutgan holda, qonunda belgilangan muddat ichida, ko‘rish uchun tayinlashi kerak.
9. O‘zbekiston Respublikasi JPKsining 42-moddasini 2-qismiga muvofiq ishda himoyachi tariqasida advokatlarni, ya’ni advokatlar kollegiyasining a’zolari safida bo‘lgan shaxslarni ishtirok etishlariga yo‘l qo‘yiladi. Kasaba uyushmalarining va boshqa jamoat tashkilotlarining vakillarini himoyachi tariqasida ishtirok etishlariga faqat shu tashkilot a’zolarining ishlari bo‘yicha yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Gumonlanuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlarini, qonuniy vakillarini, shuningdek advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarni himoyachi tariqasida ishtirok ztishlariga yo‘l qo‘yilishi mumkin.
10. Himoyachidan voz kechishga, protsessning istalgan bosqichida, faqat gumonlanuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining tashabbusi bilan va himoyachining ishda ishtiroki amalda ta’minlangan holdagina yo‘l qo‘yiladi. Shu bilan birgalikda himoyachidan voz kechish majburan, masalan himoyachining xizmati uchun haq to‘lashga mablag‘i yo‘qligi yoki himoyachining kelmaganligi sababli bo‘lmaganmikan degan masalani aniqlash zarur. Voz kechishning majburanligi aniqlansa surishtiruv organi, tergovchi va sud ishda himoyachining ishtirok etishini ta’minlashga majburdirlar. Surishtiruv organi, tergovchi va sud himoyachidan voz kechishni himoyachi ishtirokida muhokama qilishlari va tegishli qaror, ajrim chiqarishlari lozim.
O‘zbekiston Respublikasi JPKsining 48-moddasiga muvofiq himoyachining ishtirok etishi majburiy hisoblangan hollarda himoyachidan voz kechish to‘g‘risidagi iltimos qanoatlantirilishi mumkin zmas.
Advokat ishda shartnoma asosida ishtirok etayotgan holda ham, shuningdek tayinlash bo‘yicha ishtirok etayotgan bo‘lsa ham o‘zining zimmasiga olgan gumonlanuvchini, ayblanuvchini yoki sudlanuvchini himoya qilish vazifasidan voz kechishga haqli emas. Advokatning o‘z zimmasiga olgan himoyadan voz kechishiga yo‘l qo‘yilmaydi va O‘zbekiston Respublikasi JPKsining 46-moddasi talabini jiddiy ravishda buzish hisoblanadi.
Himoyachi almashtirilganda sud muhokamasi yangidan boshlanmaydi, himoyachiga jinoyat ishining materiallari tanishish uchun taqdim etiladi va himoyaga tayyorlanishi uchun imkoniyat yaratiladi.
11. Gumonlanuvchini, ayblanuvchini, sudlanuvchini, himoyachini sudlov ishi olib borilayotgan tilni bilmasliklari bilan bog‘liq bo‘lgan huquqlarini har qanday cheklash va bu shaxslarni protsessning barcha bosqichida o‘zining ona tilidan foydalanish imkoniyati bilan ta’minlamaslik jinoyat-protsessual qonun talablarini jiddiy buzish deb hisoblanadi.
Himoyachining sudlov ishi olib borilayotgan tilni bilmasligi uni ishda ishtirok etishdan chetlatish uchun asos bo‘la olmaydi. Bunday hollarda surishtiruv organi, tergovchi va sud, O‘zbekiston Respublikasi JPKsining II-moddasiga muvofiq, protsessda tarjimonni ishtirok etishini ta’minlash choralarini ko‘radi.
12. Agarda advokatning muqaddam shu ish bo‘yicha o‘z himoyasida bo‘lgan kishining manfaatlariga zid manfaatda bo‘lgan shaxsga huquqiy yordam ko‘rsatganligi yoki shu ishda sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi shaxs, guvoh, ekspert, tarjimon yoki xolis tariqasida qatnashganligi aniqlansa, u bu ishda ishtirok etishdan ozod qilinishi lozim.
Advokat tomonidan ikki yoki undan ortiq shaxsni himoya qilish chog‘ida ularning manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik borligi aniqlangan hollarda (biri aybga iqror bo‘lib, boshqasi inkor etsa, biri ikkinchisini fosh etsa, ularning har biriga e’lon qilingan ayblar mazmuni bo‘yicha qarama-qarshilik bo‘lsa va hokozo) surishtiruvchi shaxs, tergovchi va sud gumonlanuvchilarni, ayblanuvchilarni, sudlanuvchilarni har birini himoyachi bilan ta’minlashi lozim.
Ishda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilgan himoyachi ish bilan tanishish vaqtida himoyasida bo‘lganlarning birini manfaatlari ikkinchisining manfaatlariga qarama-qarshi ekanligini aniqlasa, himoyasida bo‘lganlarning birini himoya qilishidan ozod etish to‘g‘risida iltimos qilishi shart.
13. Qonunga muvofiq gumonlanuvchi, ayblanuvchi o‘zi tanlagan himoyachini, agarda uning ishni ko‘rishni uzoq muddatga kechiktirmasdan protsessga kirishish imkoniyati bo‘lsa, ishda ishtirok etish uchun taklif etish huquqiga ega. Kechiktirish muddati ishning xususiyati va o‘ziga xos tomonlarini hamda tanlangan advokatning protsessga kirishish uchun mavjud bo‘lgan imkoniyatlariga qarab belgilanadi.
Gumonlanuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining o‘zi tanlagan himoyachini taklif etish to‘g‘risidagi iltimosini qanoatlantirishning imkoniyati bo‘lmagan hollarda, surishtiruv organi, tergovchi, sud unga boshqa himoyachini taklif etishni havola etishga yoki huquqiy maslahatxona orqali himoyachi tayinlashga haqli.
14. O‘zbekiston Respublikasi JPKsining 46-moddasiga muvofiq qamoqda saqlanayotgan gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi jinoyat sudlov ishlarini yurg‘izishning barcha bosqichlarida soni va muddati cheklanmagan holda himoyachi bilan holi uchrashish huquqiga ega.
15. Sud muzokarosining ishtirokchilari ayblov mohiyati bo‘yicha o‘zlarining vajlarini bayon etayotganlarida sud ularni cheklab qo‘yishi mumkin emas.
Sudlanuvchining himoyachisi bo‘lmagan holda uni sud muzokarasida ishtirok etishiga imkoniyat yaratmaslik, shuningdek oxirgi so‘zdan mahrum etish, jinoyat-protsessual qonunni jiddiy buzish hisoblanadi.
16. Raislik etuvchi, hukm e’lon qilinganidan so‘ng, sudlanganga, oqlanganga hukm ustidan shikoyat berish muddatini va tartibini, uni belgilangan muddatlarda sud majlisining protokoli bilan tanishib chiqish va protokol yuzasidan mulohazalarini berish huquqini tushuntirishi shart.
17. Sud sudlanganga, oqlanganga, ularning himoyachilariga sud majlisining protokoli bilan tanishib chiqish uchun imkoniyat yaratishi shart. Protsessning manfaatdor ishtirokchilari qonunda belgilangan muddatdan so‘ng tayyorlangan protokolni imzolangan sanasi to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor etishlari lozim.
Mabodo sudlangan, oqlangan belgilangan muddatda sud majlisining protokoli bilan himoyachi ishtirokida tanishish istagi borligi to‘g‘risida ariza taqdim etsa, sud bu haqda himoyachini xabardor qilishi, u esa o‘zining himoyasida bo‘lgan shaxs ishtirokida sud majlisining protokoli bilan tanishib chiqishi shart, chunki bu himoyachining o‘z zimmasiga olgan himoya qilish majburiyatlaridan kelib chiqadi.
Agarda protokolni katta hajmdaligi va boshqa uzrli sabablar tufayli protsess ishtirokchilarining protokol bilan tanishishlari va mulohazalarini taqdim etishlari uchun 3-sutkadan ortiq vaqt talab etilsa, bu muddat sud yoki sudya tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Sud majlisining protokoli yuzasidan taqdim etilgan mulohazalar muhim protsessual ahamiyatga ega bo‘lib, sud tomonidan sinchiklab va xolisona ko‘rib chiqilishi lozim.
18. O‘zbekiston Respublikasi JPKsining 300, 305-moddalariga muvofiq hukmning nusxasi sudlanganga, oqlanganga, jabrlanuvchiga ular biladigan tilga tarjima qilingan holda topshirilishi kerak.
Agar sanab o‘tilgan shaxslar qayd etilgan talablarga rioya etilmaganligi oqibatida hukm ustidan shikoyat qilish imkoniyatidan mahrum etilgan bo‘lsalar, bu o‘tkazib yuborilgan kassatsiya shikoyati berish muddatlarini tiklash yoki kassatsiya bosqichi sudining ajrimini bekor qilish uchun, asos bo‘lib hisoblanishi lozim.
19. Birinchi bosqich sudi berilgan shikoyatlar va protestlar to‘g‘risida sudlanganlarni, oqlanganlarni, himoyachilarni va O‘zbekiston Respublikasi JPKsining 310-moddasida ko‘rsatilgan boshqa shaxslarni xabardor qilishi va ularning protest yoki shikoyat ustidan e’tiroz berish huquqini tushuntirishi shart.
Yuqorida qayd etilgan qonunning qoidalari buzilgan holda kassatsiya bosqichi sudi ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishga majbur.
20. O‘zbekiston Respublikasi JPKsining 310-moddasi II-qismiga ko‘ra hukm chiqargan sud ishni kassatsiya bosqichi sudida ko‘rish kuni to‘g‘risida shu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarni xabardor qilishi shart. Ushbu talabga rioya etmaslik ishni ko‘rishni boshqa kunga qoldirishga olib keladi.
Kassatsiya bosqichi sudi tomonidan ishni himoyachi ishtirokisiz ko‘rish, agarda u sud majlisi bo‘ladigan vaqt to‘g‘risida tegishli ravishda xabardor qilinmagan va bu uning sud majlisida ishtirok etish imkoniyatidan mahrum etgan bo‘lsa, jinoyat-protsessual qonun talablarini jiddiy buzish hisoblanadi.
Agarda jinoyat ishida himoyachini sud muhokamasi bo‘ladigan vaqt haqida tegishli ravishda xabardor etilganligi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar bo‘lsa va ishni ko‘rishni keyinga qoldirish uchun asos bo‘ladigan ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, himoyachining kelmasligi ishni kassatsiya tartibida ko‘rishga to‘sqinlik qilmaydi.
Kassatsiya ajrimi bekor qilinganida va jinoyat ishi yangidan kassatsiya tartibida ko‘rish uchun yuborilganida kassatsiya bosqichi sudi ishni ko‘rish vaqti to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi JPKsining 310-moddasini birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarni oldindan xabardor qiladi. Ishni ko‘rishni keyinga qoldirish uchun asos bo‘ladigan ma’lumotlar bo‘lmasa, tegishli ravishda xabardor qilingan himoyachi kelmagan holda sudlov kollegiyasi jinoyat ishini, ajrimda jinoyat ishi himoyachi ishtirokida kassatsiya tartibida ko‘rilganida u tomonidan keltirilgan shikoyat va izohlari mazmunini ko‘rsatib, uning ishtirokisiz ko‘rishga haqli.
21. Sudlanganlarning kassatsiya bosqichi sudida ishtirok etishi shikoyat va protestlarni xolisona hal etish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Shuning uchun sudlar qamoqda saqlanayotgan sudlanganlarning tushuntirishlar berishlari uchun ularni sud majlisiga chaqirish to‘g‘risidagi iltimoslarini ko‘rib chiqishlari lozim.
22. Ishni nazorat tartibida ko‘rayotgan sudlar zarur hollarda, sudlanganlarni, oqlanganlarni va ularning himoyachilarini sud majlisiga chaqirish huquqidan foydalanishlari mumkin. Bu shaxslarni chaqirish sudning tashabbusi, shuningdek prokurorning, sudlanganning, oqlanganniig yoki ularning himoyachilarining iltimoslari bilan amalga oshirilishi mumkin.
23. Sud hukmini ijro qilish bilan bog‘liq masalalarni O‘zbekiston Respublikasi JPKning 344 va 345-moddalari tartibiga ko‘ra hal qilishda himoyachining ishda ishtirok etishiga, agar sudlangan, uning qarindoshlari yoki boshqa manfaatdor shaxslar bu haqda iltimos qilayotgan bo‘lsalar, yo‘l qo‘yishi mumkin.
24. O‘zbekiston Respublikasi JPKsining 42-moddasiga muvofiq huquqiy yordam ko‘rsatilganlik uchun haq to‘lashdan faqat haq to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmagan mehnat qobiliyatini yo‘qotgan shaxslar ozod qilinishlari mumkin.
25. O‘zbekiston Respublikasi JPKsining 297 va 331-moddalariga muvofiq sudlar jinoyat protsessining barcha bosqichlarida yo‘l qo‘yilgan himoya huquqini buzish hollariga munosabatlarini bildirishlari lozim.
26. SSJI Oliy sudi Plenumining 1978-yil 16-iyuldagi “Ayblanuvchining himoya huquqini ta’minlovchi qonunlarni sudlar tomonidan qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining raisi U. MINGBOYEV
Plenum kotibi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining a’zosi Y. TURSUNBOYEV
Toshkent sh.,
1993-yil 16-aprel,
5-10-93-son