1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunchilik / 09.01.09.00 Tadbirkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va huquqlarini himoya qilish]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KIChIK VA XUSUSIY TADBIRKORLIKNI RIVOJLANTIRIShNI RAGʻBATLANTIRISh BOʻYIChA RESPUBLIKA MUVOFIQLAShTIRUVChI KENGAShI FAOLIYATINI FAOLLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-martdagi 252-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Prokuratura organlarining qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlashdagi faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 15-fevraldagi PQ-5343-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Iqtisodiy islohotlarni yanada erkinlashtirish va chuqurlashtirishga doir vazifalardan kelib chiqqan holda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishni ragʻbatlantirishni kuchaytirish, tadbirkorlar faoliyatini faollashtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning qonuniy huquqlari va manfaatlarining ishonchli kafolatini taʼminlash, kichik va xususiy tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonovga Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi faoliyatini sust tashkil etganligi koʻrsatib oʻtilsin.
2. Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi kengashiga rahbarlik qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
3. Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi kengashining yangilangan tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
Belgilansinki, Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ularning lavozimiga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.
4. Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi oʻz faoliyatida eʼtiborni quyidagi asosiy vazifalarni hal qilishga qaratsin:
qonun hujjatlariga qatʼiy rioya qilinishi ustidan monitoring oʻtkazish, tadbirkorlarning ular faoliyatiga hokimiyat va boshqaruv organlarining asossiz aralashuvidan ishonchli himoya qilinishini taʼminlash;
tadbirkorlarga kredit va kichik kredit olishda koʻmaklashish, investitsiya loyihalari va takliflari tanlov asosida saralab olinishini taʼminlash;
tadbirkorlarga moddiy-texnika resurslari olishda hamda ularning mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda sotishda koʻmaklashish;
kichik va oʻrta biznes korxonalarini rivojlantirish monitoringini amalga oshirish, mavjud muammolarni chuqur oʻrganish hamda tadbirkorlikning huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga va uni rivojlantirishni ragʻbatlantirishni kuchaytirishga yoʻnaltirilgan qonun hujjatlari va meʼyoriy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
tadbirkorlar oʻrtasida axborot va tushuntirish ishlarini tashkil etish, kichik va oʻrta biznes uchun konsalting, lizing, sugʻurta xizmatlari va boshqa xizmatlar koʻrsatish tizimini rivojlantirish;
kichik va oʻrta biznes subyektlari uchun kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash boʻyicha bozor infratuzilmasi tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish.
1.18.00.00.00 Prokuratura. Advokatura. Notariat. Yuridik xizmat. Adliya organlari. FHDY organlari / 18.05.00.00 Adliya organlari / 18.05.01.00 Adliya organlarining tizimi va tashkiliy tuzilmasi]
5. Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi ishchi organi funksiyalarining tadbirkorlarni huquqiy himoya qilishga oid qismi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuklansin.
6. Adliya vazirligi tuzilmasida xodimlari soni 12 nafardan iborat boʻlgan Kichik va oʻrta tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish boshqarmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligida, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida xodimlar soni 2-ilovaga muvofiq boʻlgan tegishli boʻlimlar tashkil etilsin.
Quyidagilar koʻrsatib oʻtilgan boshqarma va boʻlimlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
yangidan tashkil etilayotgan va faoliyat koʻrsatayotgan kichik va oʻrta biznes, xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tartibga solish hamda ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha barcha qonun hujjatlariga va meʼyoriy hujjatlarga qatʼiy rioya qilinishi ustidan nazoratni taʼminlash;
tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, kichik va oʻrta korxonalarni tashkil etish va ularning samarali faoliyat koʻrsatishi uchun qulay huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratish boʻyicha amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
nazorat organlari oʻtkazayotgan tekshirishlarning qonuniyligi ustidan nazoratni taʼminlash, kichik, oʻrta va xususiy tadbirkorlik subyektlarining buzilgan haq-huquqlarini tiklash chora-tadbirlarini koʻrish;
kichik va oʻrta korxonalar, xususiy tadbirkorlar faoliyatiga noqonuniy aralashish, davlat tuzilmalari va amaldorlar, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari tomonidan zimdan qarshilik koʻrsatishning barcha hollari ustidan monitoringni amalga oshirish. Har bir holat boʻyicha aybdor shaxslarni jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar kiritish.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Adliya vazirligi markaziy apparatining 6 xodimining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining ikkitadan, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari adliya boshqarmalarining bittadan xodimining joriy xarajatlari uchun qoʻshimcha mablagʻlarni nazarda tutsin. Boshqarma va hududiy boʻlimlarning qolgan xodimlari xodimlarning tasdiqlangan soni doirasida shakllantiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki hafta muddatda vazirlik markaziy apparati va hududiy boshqarmalar tuzilmasini qayta koʻrib chiqsin, Kichik va oʻrta tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish boshqarmasi va boʻlimlari tuzilmasini hamda ular toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlasin.
7. Koʻrsatib oʻtilgan vazifalarning bajarilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga quyidagi huquqlar berilsin:
barcha vazirliklar, idoralar, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari, muassasalar, mansabdor shaxslar tomonidan tadbirkorlar huquqlariga rioya qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari ogʻishmay bajarilishini tekshirish;
koʻrsatib oʻtilgan organlar rahbarlariga qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, buzilish sabablarini, sabab boʻlgan shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida belgilangan muddatlarda bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
huquqni muhofaza qilish va nazorat organlarining, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarining kichik, oʻrta va xususiy tadbirkorlik subyektlari haq-huquqlarini buzuvchi harakatlarini yoki qarorlarini toʻxtatib qoʻyish;
tadbirkorlar va xususiy mulk egalarining huquqlariga rioya qilish boʻyicha qonun hujjatlarining buzilishi mumkin emasligi toʻgʻrisida mansabdor shaxslarni yozma ravishda ogohlantirish;
tadbirkorlar va xususiy mulk egalari huquqlarini, ularning qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini himoya qilish toʻgʻrisida sudlarga, shu jumladan, xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilish.
8. Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 28-fevraldagi 116-son qarori 5-bandining birinchi xatboshidagi “Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov boshchiligida” soʻzlari chiqarib tashlansin.
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 14-iyuldagi 335-f-son farmoyishi va Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 27-martdagi 118-f-son farmoyishi 1-bandining birinchi xatboshi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari, Respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi raisi B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 17-fevral,
57-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 17-fevraldagi 57-son qaroriga 2-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari Kichik va oʻrta tadbirkorlikni qoʻllab- quvvatlash va himoya qilish boʻlimlarining shtatdagi xodimlari
SONI
T/r
Viloyatlar
Xodimlar soni
1.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent, Fargʻona viloyatlari
4
2.
Buxoro, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari