1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.12.00.00 Qurilish / 09.12.10.00 Uy-joy qurilishi]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Arxitektura va qurilish]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahrining eski shahar qismida mavzelar boʻyicha zamonaviy koʻp qavatli uylar qurish (1-bosqich) toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2015-yilda Toshkent shahrining eski shahar qismida zamonaviy qulay turarjoy yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2014-yil 20-noyabrdagi PQ-2265-sonli qarorining ijrosini taʼminlash, shuningdek, Toshkent shahrining bosh rejasini amalga oshirish, uning eski shahar qismida zamonaviy shaharsozlik talablari asosida qulay uy-joylar qurish hamda hududning meʼmoriy qiyofasini va ijtimoiy-madaniy holatini tubdan yaxshilash va aholi yashashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligining:
shaharning eski shahar qismidagi Nurafshon koʻchasida 5 ta besh qavatli eksperimental uy (keyingi oʻrinlarda “obyekt” deb yuritiladi) qurilishi “Ipoteka bank” ATIB va “Oʻzsanoatqurilishbank” OATB tomonidan ajratiladigan kreditlar hisobiga moliyalashtirilishi;
obyektni moliyalashtirish uchun ajratiladigan kredit mablagʻlariga belgilangan tartibda garov sifatida davlatga tegishli koʻchmas mulk obyektlarini qoʻyish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. “Ipoteka bank” ATIB va “Oʻzsanoatqurilishbank” OATB tomonlaridan bosh pudrat tashkilotlari — “Toshkent uy-joy qurilish” DUK, “Evrostroy Plus” va “Dizayn-Taraqqiyot” XKga obyekt qurilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan ortiq boʻlmagan miqdorda obyekt qiymatining 90 foizigacha kredit mablagʻlari ajratish tavsiya etilsin.
Bunda, taqdim etilayotgan kreditlar mazkur obyektlarni barpo etish muddatiga ajratilib hamda Toshkent shahar hokimligi tomonidan yangi quriladigan turar-joy xonadonlariga koʻchib kiradigan oilalarni aniq shakllangan roʻyxatini, shuningdek barcha zaruriy hujjatlarni banklarga kiritilgandan soʻng, uzoq muddatli ipoteka kreditlariga qayta rasmiylashtirishi inobatga olinsin.
3. Bosh loyiha tashkiloti — “ToshuyjoyLITI” AJ bir hafta muddatda obyekt atrofini obodonlashtirilishi va bolalar sport maydonchalari barpo etilishi nazarda tutilgan holda uning loyiha-smeta hujjatlari toʻliq ishlab chiqilishini yakunlasin va davlat ekspertizasi xulosalarini olish uchun buyurtmachiga topshirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazsin hamda bajarilgan loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlarining sifati, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
5. Toshkent shahar hokimligi:
ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari asosida obyektning manzilli roʻyxatini uch kun muddatda tasdiqlasin;
“Yagona buyurtmachi xizmati” IK tomonidan obyekt qurilishining texnik nazorati olib borilishini, bajarilgan ishlar dalolatnomalari imzolanishini hamda qurilish-montaj ishlarini bajarish jadvaliga rioya etilishini nazorat qilsin.
6. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
garov sifatida foydalaniladigan davlat mulki obyektlarini aniqlashni va balansda saqlovchilarning yuqori turuvchi tashkilotlari bilan kelishishni hamda ularning baholanishini;
aniqlangan koʻchmas mulk obyektlaridan “Ipoteka bank” ATIB va “Oʻzsanoatqurilishbank” OATBning obyekt qurilishini moliyalashtirish uchun ajratilayotgan kreditlari boʻyicha garov sifatida belgilangan tartibda foydalanilishini taʼminlasin.
7. Toshkent shahar hokimligi, “Oʻzbekenergo” DAK, “Oʻztransgaz” AK, “Oʻzbektelekom” AK va kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar obyektning tashqi muhandislik tarmoqlari (elektr, gaz, telefon, suv, oqova tarmoqlari va boshqalar) boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini va qurilishini oʻz mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzmetkombinat” AJ va “Oʻzqurilishmateriallari” AK obyekt qurilishi uchun loyiha tashkiloti va buyurtmachilar tomonidan taqdim etilgan asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha bosh pudratchi tashkilotlariga sement, metall prokati va qurilish oynasi materiallari tartibga solinadigan narxlarda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida ajratilishini taʼminlasinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 5-mart,
49-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 10-son, 112-modda)