1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Moliya / Budjet. Budjetdan tashqari jamgʻarmalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan taqdim etilgan Budjetnomani –– Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat budjetini, davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlarini hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarini, shuningdek muhokama qilish davomida Qonunchilik palatasi deputatlarining takliflari va fikr-mulohazalari hisobga olingan holda maromiga yetkazilgan Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat budjeti loyihasini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari Davlat budjeti taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,0 foiz miqdorida belgilangan holda qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati iqtisodiyot oʻsishining yuqori surʼatlariga erishishiga hamda aholi farovonligi va turmush darajasini oshirishga qaratilgan makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash maqsadida:
iqtisodiyotga tushadigan soliq yuki kamaytirilishini hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan soliq maʼmuriyatchiligini soddalashtirish chora-tadbirlari kuchaytirilishini taʼminlasin;
issiqlik energiyasi samaradorligini oshirish imkonini beradigan Issiqlik taʼminotini modernizatsiya qilish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishni tezlashtirsin;
budjetlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetlarining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining, tumanlar va shaharlar budjetlarining daromad bazasini koʻpaytirish hamda ularning subvensiyalardagi ulushini kamaytirish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni koʻrsin;
markazlashtirilgan investitsiyalar hajmini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan koʻpaytirsin;
infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish uchun moʻljallangan mablagʻlarni oʻz vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlarini koʻrsin;
2013 –– 2017-yillardagi davrda sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha davlat dasturi tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlasin;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda xarajatlarni normativ rejalashtirish mexanizmlarini takomillashtirishni hisobga olgan holda budjet tashkilotlarining tarmoqlarini va xodimlari shtatlarini maqbullashtirsin;
qishloq joylarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi rivojlantirilishini, eng avvalo, qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash uchun tarmoqlar hamda inshootlar qurilishi va rekonstruksiya qilinishini taʼminlasin;
budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar miqdorlarini inflatsiya darajasidan ildam surʼatlarda oshirish tamoyilini davom ettirsin;
sogʻliqni saqlash sohasini isloh qilish va aholiga sifatli tibbiy xizmatlar koʻrsatish yuzasidan qabul qilingan dasturlar doirasida barcha tadbirlar moliyalashtirilishini taʼminlasin;
2015 –– 2020-yillar davomida davlat maktabgacha taʼlim muassasalarini bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash dasturlarini qabul qilsin hamda ularning bajarilishini taʼminlasin;
yolgʻiz qariyalar, pensionerlar va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturlari amalga oshirilishini taʼminlasin;
kichik biznesni, shu jumladan yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlikni, dehqon va fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish, kasanachilik imkoniyatlarini kengaytirish, faoliyat koʻrsatmayotgan korxonalarni tiklash hisobidan 2015-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi soʻzsiz bajarilishi yuzasidan zarur chora-tadbirlarni koʻrsin;
budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
3. Mahalliy davlat hokimiyati organlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining parametrlari soʻzsiz bajarilishini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetlarining, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalliy budjetlarining, tumanlar va shaharlar budjetlarining xarajatlari sifatli rejalashtirilishi va oʻz vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlansin, budjet tashkilotlarining budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitalari xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining tegishli deputatlar guruhlari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishiga alohida eʼtibor qaratsin.
5. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2014-yil 22-oktabr,
991-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-y., 10-son, 268-modda)