1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.21.00 Qishloq xoʻjaligi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Qishloq xoʻjaligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
EKINLARNI PAYHON QILINIShIGA QARShI KURASh SAMARADORLIGINI OShIRISh TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, qishloq xoʻjaligi ekinlari payhon qilinishi hollariga yoʻl qoʻymaslik va ularning oldini olish yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va respublika Prokuraturasi tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar koʻpchilik hollarda zarur samara bermayotir.
Ekinlarning payhon qilinishi tufayli gʻalla va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilining sezilarli darajada nobud boʻlishiga yoʻl qoʻyilmoqda.
Ekinlarni saqlash bilan bogʻliq vujudga kelgan ahvol xoʻjaliklar rahbarlarining ekinlarni saqlash muammolariga yetarli eʼtibor bermayotganliklari, baʼzan esa, ushbu muammolardan oʻzlarini chetga olayotganliklari, viloyatlar va tumanlar hokimlari, respublika huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ularga nisbatan talabchanlik boʻshashtirib yuborilganligi oqibatidir.
Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va qishloq xoʻjaligi ekinlari payhon qilinishi hollariga yoʻl qoʻymaslik va ularning oldini olishga doir ishlarning samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda xoʻjaliklar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekinlarni payhon qilishga qarshi kurashni kuchaytirish toʻgʻrisida” 1994-yil 21-noyabrdagi Farmoni talablarini bajarishga doir ishlari yetarli emas deb hisoblansin.
Ulardan qishloq xoʻjaligi ekinlarining saqlanishini taʼminlash yuzasidan shoshilinch chora-tadbirlar koʻrish talab etilsin. Ushbu maqsadlarda:
ekinzorlarda mol boqish va ularni haydab oʻtish, ekinzorlardan avtotransport vositalari, qishloq xoʻjaligi texnikasi oʻtishi hollariga, shuningdek, ekinlarning nobud boʻlishi va payhon qilinishiga olib keluvchi boshqa salbiy harakatlarga qarshi kurashni kuchaytirsinlar;
qishloq xoʻjaligi korxonalari va fermer xoʻjaliklari rahbarlari ichki ishlar organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ekinlarni payhon qilish hollarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha muntazam ravishda qoʻshma reydlar oʻtkazsinlar. Payhon qilinishi mumkin boʻlgan joylarda kuzatuv postlari oʻrnatsinlar. Dala qorovullari ishlari samaradorligini oshirsinlar;
ekinlarni payhon qilish hollari aniqlangan taqdirda mollar, avtotransport, qishloq xoʻjaligi texnikasi yoki ekinlarni zararlantirish va payhon qilishning boshqa vositalari egalariga nisbatan tezkor choralar koʻrsinlar. Aybdorlarni respublika qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish uchun materiallarni tegishli organlarga bersinlar.
2. Belgilansinki, payhon qilingan joylarda olib qoʻyiladigan mollar mol egalarini aniqlash, keyinchalik ularni javobgarlikka tortish uchun mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlariga beriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (Almatov) qishloq xoʻjaligi ekinlarining payhon qilinishiga yoʻl qoʻymaslikka hamda ularning oldini olishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin. Ushbu holatlarga qarshi kurashni faollashtirish uchun tegishli boʻlinmalar va xizmatlarni jalb etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi (Xudoyqulov), Ichki ishlar vazirligi (Almatov) mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, xoʻjaliklar va ularning tarkibiy boʻlinmalari rahbarlariga nisbatan ekinlarni payhon qilish va zararlantirishning aniqlangan hollari boʻyicha keskin choralar, shu jumladan, ularni jinoiy va maʼmuriy javobgarlikka tortish choralarini koʻrsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi (Xudoyqulov) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekinlarni payhon qilishga qarshi kurashni kuchaytirish toʻgʻrisida” 1994-yil 21-noyabrdagi Farmonining bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin, uning soʻzsiz bajarilishi uchun mansabdor shaxslarga nisbatan talabchanlikni oshirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (Mirsafoyev) ekinlar payhon qilinganligi uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi amaldagi qonun hujjatlarini targʻib qilish yuzasidan keng tushuntirish ishlari tashkil etilishini taʼminlasin.
7. “Oʻzteleradio” kompaniyasi (Koʻchimov), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (Muhammad Doʻst), ommaviy axborot vositalari ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlarning muntazam ravishda yoritib borilishini taʼminlasinlar.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” kompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻrmon qoʻmitasi ekinlarni va koʻchatlarni payhon qilish va zararlantirishga qarshi kurash olib borish boʻyicha ishlar ahvolini 2000-yilning fevralida birgalikda puxta koʻrib chiqsinlar, uning samaradorligini oshirish yuzasidan aniq yoʻnalishlarni belgilasinlar. Amalga oshirilgan ishlar natijalari toʻgʻrisida har oyda Vazirlar Mahkamasiga axborot bersinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B. Olimjonov zimmasiga yuklansin.