toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
1941 — 1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
1941 — 1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini manzilli ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, tibbiy hamda sanatoriy-sogʻlomlashtirish sohasida xizmat koʻrsatish darajasi va sifatini oshirish hisobiga ularning sogʻligʻini mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. 2015-yildan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq 1941 — 1945-yillardagi urush va mehnat faxriylari yiliga bir marta oʻzlari uchun maqbul muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamda respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalarida bepul sogʻlomlashtirish kursidan oʻtish huquqiga ega boʻladilar.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)
Belgilab qoʻyilsinki, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalariga yoʻllanmalar qiymati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2015-yil va undan keyingi yillardagi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti parametrlarida urush va mehnat fronti faxriylarini sogʻlomlashtirishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va “Nuroniy” jamgʻarmasi:
bir hafta muddatda urush va mehnat fronti faxriylarini sogʻlomlashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan taʼminlanadigan Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga qarashli sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalarining roʻyxatini aniqlashtirsinlar;
sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularda urush va mehnat fronti faxriylarining bekamu koʻst sogʻlomlashtirilishini taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini koʻrsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, oʻz qaramogʻida sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalari boʻlgan vazirliklar, idoralar, kompaniyalar, uyushmalar va yirik korxonalar:
bir oy muddatda 1941 — 1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini oʻz qaramogʻidagi sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalarida sogʻlomlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqib, tasdiqlasinlar, unda urush va mehnat fronti faxriylari uchun yoʻllanmalar qiymatini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga belgilangan narxlarda toʻlash tartibini nazarda tutsinlar;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-dekabrdagi 361-sonli qarori bilan tasdiqlangan 1941 — 1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga qarashli sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalarida sogʻlomlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Nizom tasdiqlangandan keyin 10 kun mobaynida uni vazirliklar va idoralar hayʼatlarida, kompaniyalar, uyushmalar va yirik korxonalarning boshqaruvi yigʻilishlarida koʻrib chiqsinlar;
koʻrib chiqish natijalari boʻyicha tegishli idoraviy meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu Farmonga muvofiq qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 13-oktabr,
PF-4658-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 42-son, 517-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)