toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.05.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Qonunchilik ijrosini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi PF-5019-sonli “Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlashda prokuratura organlarining rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Keyingi yillarda Oʻzbekistonda qonun ustuvorligini, qonun ijodkorligi va huquqni qoʻllash faoliyatida qonuniylikni taʼminlash, sud-huquq tizimini inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning ishonchli mexanizmiga aylantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Davlat organlari faoliyatida suiisteʼmolliklar va boshqa qonun buzilishlarning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilikka rioya qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish hamda huquqni qoʻllashning bir xildagi amaliyotini shakllantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Adliya vazirligi tarkibida tashkil etilgan Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi tomonidan tizimli huquqbuzarliklarni aniqlash, ularni bartaraf etish va aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish, shuningdek qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish yoʻli bilan huquqni qoʻllashning bir xildagi amaliyotini shakllantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, bu sohada amalga oshirilgan ishlarning tahlili kelgusida qonuniylikni taʼminlash, jazo muqarrarligi prinsipining soʻzsiz bajarilishi hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan noqonuniy hujjatlar qabul qilinishiga yoʻl qoʻymaslik tizimini yanada takomillashtirish lozimligidan dalolat beradi.
Yuqorida koʻrsatilgan vazifalarning amalga oshirilishi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat samaradorligini yanada oshirish, davlat organlari mansabdor shaxslarining idoraviy meʼyoriy hujjat ijodkorligi va normativ-huquqiy hujjatlarni soʻzsiz ijro etish borasidagi masʼuliyatini kuchaytirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrishni taqozo etmoqda.
Qonunchilikka rioya etilishini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish, davlat organlari huquqiy hujjatlarining amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligi ustidan nazorat samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tarkibida Qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bosh boshqarmasi (bundan buyon matnda — Bosh boshqarma), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalar tarkibida — Bosh boshqarmaning hududiy boʻlimlari tuzilsin, bunda quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tarkibidagi Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari tugatilishi, boʻshayotgan 88 ta shtat birliklarini prokuratura organlari tarkibida yangidan tashkil etilgan Bosh boshqarma va uning hududiy boʻlimlarini toʻldirish uchun oʻtkazilishi;
Bosh boshqarma va uning hududiy boʻlimlari tarkibiga tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlarining oʻtkazilishi nazarda tutilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining bitta oʻrinbosari lavozimi tugatilsin va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻrinbosari — Qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimi kiritilsin.
3. Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlarining ijrosi hamda ular tomonidan qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligi ustidan nazoratni amalga oshirish;
fuqarolarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etilishi ustidan samarali nazoratni taʼminlash;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, shu jumladan qishloq xoʻjaligi, tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilikka soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash boʻyicha taʼsirchan choralarni amalga oshirish;
fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini tiklash boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrish;
qonunbuzilishlar, shuningdek huquqiy normalarni qoʻllashda subyektiv tarzda, tanlov asosida, oʻzboshimchalik bilan talqin qilish holatlariga yoʻl qoʻymaslik va ularni bartaraf etishga qaratilgan huquqiy taʼsir choralarini amalga oshirish;
qonunbuzilishlarni sodir etishga imkoniyat beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish, shu jumladan qonunchilik va huquqni koʻllash amaliyotini takomillashtirish boʻyicha takliflarni tayyorlash orqali taʼsirchan choralarni amalga oshirish.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 8-avgustdagi PF-4815-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2016-y., 32-son, 387-modda)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:
bir oy muddatda mazkur Farmonda koʻrsatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda Bosh boshqarma va uning hududiy boʻlimlari haqidagi nizomlarni tasdiqlasin;
ikki oy muddatda yangidan tashkil etilgan tarmoqlar, birinchi navbatda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida tugatilgan Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi xodimlari tarkibidan, ularning attestatsiyasi natijalariga koʻra, yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlasin;
Bosh boshqarma va uning hududiy boʻlimlarining joylashtirilishi, moddiy-texnik bazasi yaratilishi, samarali faoliyatni tashkillashtirish uchun zarur boʻlgan kompyuter texnikasi, aloqa vositalari bilan jihozlanishini taʼminlasin;
yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida bajarish boʻyicha Bosh boshqarmaning boshqa davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari bilan samarali oʻzaro hamkorligini tashkillashtirsin;
ichki tashkiliy-huquqiy hujjatlarni mazkur Farmon talablariga muvofiqlashtirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlariga biriktirilgan transport vositalari, kompyuter texnikasini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga oʻtkazilishini taʼminlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka mazkur Farmon talabidan kelib chiqadigan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ichki tashkiliy-huquqiy hujjatlarni mazkur Farmon talablariga muvofiqlashtirsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi ikki hafta muddatda mazkur Farmon talablariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligining xarajatlar smetalari va shtatlar jadvallariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritsinlar.
8. Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 11-martdagi “Qishloq xoʻjaligida islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan qonunlar ijrosini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-3406-sonli Farmoni 3-bandining ikkinchi xatboshi, 1 — 4 ilovalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 17-iyundagi “Davlat organlari faoliyatida qonuniylikni taʼminlash sohasida adliya organlarining rolini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1555-sonli qarori.
9. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B. Kokanbayev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 24-iyul,
PF-4636-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 8-avgustdagi PF-4815-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2016-y., 32-son, 387-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 32-son, 395-modda; 2016-y., 32-son, 387-modda)