1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.12.00.00 Jinoyat-protsessual qonunchiligi / 16.12.03.00 Dalillar va isbot qilinishi lozim boʻlgan holatlar]
[TSZ:
1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Jinoyat-protsessual qonunchilik]
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Jinoyat ishlari boʻyicha ashyoviy dalillarga oid qonunchilikni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida
Sud amaliyotida jinoyat ishlari boʻyicha ashyoviy dalillarga oid qonunchilikni qoʻllash bilan bogʻliq masalalar kelib chiqqanligi munosabati bilan hamda sudlar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan xatolarni bartaraf etish maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudlarning eʼtibori har bir jinoyat ishi boʻyicha ashyoviy, yozma va raqamli dalillarga oid jinoyat-protsessual qonuni normalariga qatʼiy rioya etilishi zarurligiga qaratilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 203 va 211-moddalari mazmuniga koʻra, jinoyat ishi boʻyicha haqiqatni aniqlash uchun ahamiyatli holatlarni aniqlashga xizmat qilishi mumkin boʻlgan hamda fizikaviy alomatlar yoki belgilarga ega har qanday narsa ashyoviy dalil deb eʼtirof etiladi.
Ashyoviy dalil sifatida, jumladan, quyidagilar eʼtirof etiladi:
a) jinoyat quroli — dalil deb eʼtirof etilgan, jinoyatga tayyorgarlik koʻrish yoki jinoyat sodir etish uchun maxsus moʻljallangan, tayyorlangan yoki moslashtirilgan narsalar (masalan, odam oʻldirish qurollari, qimmatliklarni talon-toroj qilish yoki egallashda vosita boʻlgan narsalar, oʻqotar qurol, brakonyerlik qurollari — qopqonlar, toʻrlar, soxta hujjat va h.k.), shuningdek jinoiy maqsadga erishish uchun jinoyat sodir etish jarayonida bevosita foydalanilgan mol-mulk (masalan, transport vositalari);
(2-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
b) oʻzida jinoyat izlarini saqlab qolgan narsalar (masalan, qon izlari mavjud yoki jinoyat sodir etilishi jarayonida shikastlangan kiyim, narsalar, shu jumladan, oʻq otilishi yoki portlash natijasida shikastlangan narsalar, barmoq, qoʻl, oyoq, poyafzal, transport, buzish qurollarining izlari va h.k.);
(2-bandning “a” va “b” kichik bandlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
v) jinoiy harakatlar obyekti boʻlgan narsalar (masalan, olib qochilgan avtomobil, talon-toroj qilingan pullar, qimmatli qogʻozlar, qurol, giyohvandlik vositalari, boshqa moddiy qimmatliklar, buyumlar va h. k.);
g) jinoiy harakatlar sodir etilgandan keyin jinoiy yoʻl bilan topilgan mablagʻlar evaziga topilgan mol-mulk, pullar va boshqa qimmatliklar (masalan, oʻgʻirlangan pullarga sotib olingan qimmatbaho buyumlar, jinoiy faoliyat natijasida, jumladan, qonunga xilof ravishda tadbirkorlik bilan shugʻullanishdan topilgan naqd pullar, nodir metallar va toshlardan iborat xom ashyo va buyumlar, boshqa qimmatliklar).
3. Shuni nazarda tutish lozimki, ashyoviy dalillarni olish usullari qonunda qatʼiy belgilangan. JPK 205-moddasiga koʻra, ashyoviy, yozma va raqamli dalillar tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan (hodisa sodir boʻlgan joyni yoki boshqa joylarni, binolarni, shuningdek texnika vositalarini, telekommunikatsiya tarmoqlarini yoki Internet jahon axborot tarmogʻini koʻzdan kechirish chogʻida, tanib olish uchun koʻrsatish, guvohlantirish, murdani eksgumatsiya qilish, ekspert tekshiruvi uchun namunalar olish, koʻrsatuvni hodisa yuz bergan joyda tekshirish chogʻida, olib qoʻyish, tintuv yoki eksperiment oʻtkazish paytida) olinishi yoinki tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudga JPK 198 — 202-moddalarida nazarda tutilgan tartibda himoyachi yoxud boshqa shaxslar (fuqarolar, korxona, muassasa, tashkilotlar mansabdor shaxslari) tomonidan taqdim etilishi mumkin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
4. Sudlarga tushuntirilsinki, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov harakatlarini yuritish paytida topilgan, olingan yoki boshqa shaxslardan qabul qilingan narsalar faqat quyidagi protsessual harakatlar amalga oshirilganidan keyin ashyoviy, yozma va raqamli dalil maʼnosini kasb etadi:
ish uchun ahamiyatli boʻlgan narsalarni, hujjatlarni va elektron maʼlumotlarni topish, olish yoki qabul qilish fakti rasmiylashtirilganidan (bayonnoma tuzilganidan yoki sud bayonnomasida aks ettirilganidan);
narsalarni, hujjatlarni va elektron maʼlumotlarni ishga daxldorligi toʻgʻrisida xulosaga kelish va uni individuallashtirish uchun zarur belgilarni aniqlash maqsadida uni JPK 135 — 137, 139 va 140-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga binoan darhol koʻzdan kechirilganidan;
narsalarni, hujjatlarni va elektron maʼlumotlarni ashyoviy dalil deb eʼtirof etish toʻgʻrisida qaror (ajrim) chiqarilganidan va u ashyoviy, yozma va raqamli dalil sifatida ishga qoʻshib qoʻyilganidan.
Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv yoki dastlabki tergov organlari tomonidan belgilangan tartibda olib qoʻyilgan hamda ish boʻyicha haqiqatni aniqlash uchun ahamiyatli boʻlgan, biroq ashyoviy, yozma va raqamli dalil deb topilmagan narsalar, hujjatlar va elektron maʼlumotlar sud tomonidan JPK 207-moddasiga muvofiq ashyoviy dalil deb eʼtirof etilishi va jinoyat ishiga qoʻshib qoʻyilishi kerak.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
5. Ashyoviy dalillarning jinoyat ishini toʻgʻri hal etish uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini inobatga olib, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov organlari, prokuror, sud ashyoviy, yozma va raqamli dalillarning yoʻqotilishi, shikastlanishi, buzilishi, bir-biriga qoʻshilib yoki aralashib ketishining oldini olish yuzasidan JPK 208, 209-moddalarida nazarda tutilgan choralarni koʻrishga majburdirlar.
Bunda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2009-yil 15-iyulda 200-son bilan tasdiqlangan “Davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulkni olib qoʻyish, sotish yoki yoʻq qilib tashlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2010-yil 29-dekabrda 2174-son bilan roʻyxatga olingan “Surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi davomida ashyoviy, yozma va raqamli dalillar, moddiy qimmatliklar va boshqa mol-mulkni olib qoʻyish (qabul qilish), hisobga olish, saqlash, berish, sotish, qaytarish, yoʻq qilib tashlash tartibi toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomaga ham qatʼiy rioya etilishi lozim.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
6. Ashyoviy, yozma va raqamlidalillar hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar yoki jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi ajrim yoki qaror ustidan shikoyat berish muddati oʻtgunga qadar saqlanadi. Shu bilan birga, JPK 210-moddasi birinchi qismi talabiga koʻra, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud zarur protsessual harakatlar amalga oshirilgandan soʻng ayrim ashyoviy, yozma va raqamlidalillarni, jumladan, tez buziluvchi narsalar, kundalik roʻzgʻorda zarur boʻladigan narsalar, uy hayvonlari, parrandalar va boqish lozim boʻlgan boshqa hayvonlarni tegishliligi boʻyicha darhol qaytarib berish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart (mazkur moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno).
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
7. Sudlarning eʼtibori ashyoviy, yozma va raqamlidalillarni sinchkovlik bilan tekshirish ish boʻyicha haqiqiy holatlarni aniqlash uchun oʻta muhim ahamiyatga ega ekanligiga qaratilsin.
Ashyoviy, yozma va raqamlidalillar sud majlisida ish boʻyicha boshqa dalillar bilan bir qatorda koʻzdan kechirish yoʻli bilan tekshirilishi lozim. Ashyoviy, yozma va raqamlidalillar protsess ishtirokchilariga koʻrsatilganda, ular ashyoviy, yozma va raqamlidalillarni tekshirish bilan bogʻliq u yoki bu holatlarga sudning eʼtiborini jalb etishlari mumkin. Ashyoviy, yozma va raqamlidalillarni koʻzdan kechirish boʻyicha sud amalga oshirgan barcha harakatlar sud majlisi bayonnomasida aks ettirilishi kerak.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
8. Ashyoviy, yozma va raqamlidalillar ish boʻyicha boshqa dalillar bilan birgalikda, eng avvalo, ularni olish holatlari va tekshirish natijalari qayd etilgan hujjatlar bilan birga baholanishi lozim. Masalan, oʻgʻirlangan buyum uni ayblanuvchidan yoki boshqa shaxsdan olib qoʻyish qayd etilgan bayonnoma, buyumning jabrlanuvchiga tegishliligini tasdiqlagan shaxslarni soʻroq qilish bayonnomasi yoxud mazkur buyum jabrlanuvchi tomonidan tanib olinganligi toʻgʻrisidagi bayonnoma bilan birgalikda dalil hisoblanadi. Shu kabi, barmoq yoki oyoq kiyimi izi faqat uni tekshirish natijalari qayd etilgan ekspert xulosasi bilan birgalikda dalil kuchiga ega va h. k.
Ashyoviy, yozma va raqamlidalillarni baholashda sudlar JPK 95-moddasida nazarda tutilgan talablarga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 24-avgustdagi “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat protsessual qonuni normalarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qarorida bayon etilgan tushuntirishlarga rioya etishlari lozim.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
9. Jinoyat-protsessual kodeksi 211-moddasiga muvofiq jinoyat ishini yuritish tamom boʻlganda (ishni tugatish yoki ish boʻyicha hukm chiqarishda) surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud ashyoviy, yozma va raqamlidalil sifatida ishga qoʻshib qoʻyilgan narsalar va hujjatlarning taqdirini belgilashi shart.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
jinoyat qurollari — gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli boʻlganda musodara qilinishi kerak va ular tegishli muassasalarga topshiriladi yoki yoʻq qilib yuboriladi. Gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli boʻlmagan mol-mulk qonuniy egalariga, mulkdorlariga yoki ularning huquqiy vorislariga, shuningdek merosxoʻrlariga qaytarib beriladi. Gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli boʻlmagan mol-mulkning qonuniy egalari, mulkdorlari yoki ularning huquqiy vorislari, xuddi shuningdek merosxoʻrlari aniqlanmagan taqdirda, ushbu mol-mulk davlat daromadiga oʻtkaziladi;
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
muomaladan chiqarilgan ashyolar (masalan, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, qurol, portlovchi yoki psixotrop moddalar) tegishli muassasalarga berilishi lozim yoki yoʻq qilib yuboriladi;
(9-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
hech qanday qimmatga ega boʻlmagan ashyolar yoʻq qilib yuboriladi, manfaatdor shaxslar yoki muassasalar iltimos qilgan hollarda esa, ularga berilishi mumkin;
jinoyat yoki boshqa gʻayrihuquqiy harakatlar sodir qilinishi natijasida qonuniy egasi va mulkdoridan mahrum boʻlib qolgan pullar yoki boshqa qimmatliklar qonuniy egalariga, mulkdorlariga yoki ularning huquqiy vorislariga, shuningdek, merosxoʻrlariga qaytarib berilishi lozim;
jinoiy harakatlar sodir etilgandan keyin jinoyat yoʻli bilan topilgan mablagʻlar hisobidan orttirilgan pullar va boshqa qimmatliklar sudning hukmiga binoan jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy zararni qoplashga oʻtkaziladi, mulkiy zarar mavjud boʻlmagan yoki toʻliq qoplangan hollarda, davlat foydasiga oʻtkaziladi;
axborot saqlash vositalari (telefon apparatlari, xotira kartalari va h.k.), ulardagi qonun bilan taqiqlanmagan maʼlumotlardan nusxa koʻchirilib, mazkur maʼlumotlar egasi yoki uning vakiliga berilgandan keyin yoʻq qilinishi lozim;
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
ashyoviy, yozma va raqamlidalil deb eʼtirof etilgan hujjatlar, audio-video yozuvlar ishni saqlash butkul muddati davomida asrab turiladi yoki manfaatdor shaxslarga yoxud muassasalarga beriladi.
(9-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov yuritilishi davrida olib qoʻyilgan yoki xatlangan, biroq ashyoviy, yozma va raqamlidalil deb eʼtirof etilmagan va ishga aloqador boʻlmagan narsalar surishtiruv, dastlabki tergov organi yoki sud tomonidan tegishliligi boʻyicha qaytarilishi kerak.
(9-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
10. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, baʼzi hollarda ayrim qilmishlar, masalan, kontrabanda, tovar yoki boshqa qimmatliklarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan oʻtkazish, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tashish, odam oʻgʻirlash va h.k. uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar jinoyat sodir etishda foydalangan avtomashinalar, mototsikllar va boshqa transport vositalari (konteynerlar) jinoyat quroli deb eʼtirof etilishi mumkin. Bunda shuni nazarda tutish lozimki, ushbu transport vositalarini jinoyat quroli deb eʼtirof etish uchun transport vositasidan, faqat ulov sifatida emas (masalan, aybdor tomonidan qonunga xilof ravishda baliqchilik jinoyati qarmoqlar va toʻrlardan foydalanilgan holda sodir etilgan boʻlib, avtomobildan faqat ulov sifatida foydalanilgan boʻlsa), balki, qasddan jinoyat sodir etishda aynan qurol sifatida foydalanilganligi soʻzsiz aniqlangan boʻlishi zarur (masalan, talon-toroj jinoyatini sodir etishda oʻgʻirlangan katta hajmdagi tovarlar avtomobilda olib chiqib ketilgan, tovar yoki boshqa qimmatliklar bojxona nazoratini chetlab yoxud bojxona nazoratidan yashirib olib oʻtilgan boʻlsa).
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
11. Jinoyat ishlarini koʻrish vaqtida sudlar surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan ashyoviy, yozma va raqamlidalillarga oid qonunchilikka rioya etilganligini aniqlashlari lozim. Protsessual qonunchilik normalari buzilishi aniqlangan hollarda, sudlar unga jinoyat ishini yuritishga masʼul davlat organlari mansabdor shaxslariga nisbatan xususiy ajrim chiqarish orqali munosabat bildirishlari kerak.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi ashyoviy, yozma va raqamlidalillarga oid qonunchilikni qoʻllash boʻyicha sud amaliyotini muntazam ravishda umumlashtirishlari va yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlarini oʻz vaqtida bartaraf etishlari lozim.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)