toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 11.06.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON PAXTANI QAYTA IShLASh VA PAXTA MAHSULOTINI SOTISh DAVLAT AKSIONERLIK ASSOTSIATSIYASI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 11-iyundagi PF-2874-son “Respublika paxta tozalash sanoatini monopoliyadan chiqarish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bozor munosabatlariga oʻtish sharoitida kolxozlarning, sovxozlarning, paxta tozalash sanoati korxonalari va tashkilotlarning iqtisodiy mustaqilligini kengaytirish, paxtani qayta ishlash jarayonlarini samarali taʼminlashda hamda paxta tolasini va boshqa mahsulotini sotishda ularning manfaatdorligini oshirish maqsadida.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yengil sanoatni xomashyo bilan taʼminlash va mahsulotni sotish bosh boshqarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston paxta sanoati respublika ishlab chiqarish birlashmasining mazkur tashkilotlarni tugatish hamda ularning qaramogʻidagi korxonalar va tashkilotlarni Oʻzbekiston paxtani qayta ishlash va paxta mahsulotini sotish davlat aksionerlik assotsiatsiyasiga ixtiyoriy birlashtirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston paxtani qayta ishlash va paxta mahsulotini sotish davlat aksionerlik assotsiatsiyasi yuridik shaxs huquqlariga ega boʻlgan xoʻjalik uyushmasidir va u paxtani xarid qilishni, qayta ishlashni hamda paxta mahsuloti va kanop sotishni taʼminlovchi davlat va aksionerlik korxonalarini xomashyo bilan taʼminlash va mahsulotni sotish transport, ilmiy tadqiqot, loyiha-konstruktorlik tashkilotlari va boshqa ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni ixtiyoriy asosda birlashtiradi;
oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari va assotsiatsiyaning Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Nizom asosida yuritadi;
Oʻzbekiston yengil sanoatini xomashyo bilan taʼminlash va mahsulotni sotish bosh boshqarmasi hamda Oʻzbekiston paxta sanoati respublika ishlab chiqarish birlashmasi bilan ilgari tuzilgan barcha shartnomalar va qabul qilingan majburiyatlar boʻyicha masʼuliyatlidir.
3. Oʻzbekiston paxta sanoati respublika ishlab chiqarish birlashmasining viloyat ishlab chiqarish birlashmalari va Oʻzbekiston yengil sanoatini xomashyo bilan taʼminlash va mahsulotni sotish bosh boshqarmasining taʼminlash hamda mahsulotni sotish boshqarmalari negizida paxtani xarid qilish, qayta ishlash va paxta mahsulotini sotish hududiy davlat aksionerlik birlashmalari tashkil etilsin.
4. Quyidagilar Oʻzbekiston davlat paxta sanoati va mahsulotni sotish assotsiatsiyasi faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari qilib belgilansin:
respublikada yetishtirilgan paxtani xarid qilish, saqlash va qayta ishlash bilan bogʻliq barcha ishlarni uyushtirish va amalga oshirish;
isteʼmolchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi belgilagan meʼyorlarda davlat ehtiyojlarini taʼminlash uchun zarur hajmda paxta tolasini sotish va yetkazib berish, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining ruxsatnomalari asosida eksport uchun joʻnatish;
chigitdan foydalanishning belgilangan tartibiga muvofiq respublikaning paxtakor xoʻjaliklariga va yogʻ-moy sanoati korxonalariga chigit sotish;
bevosita shartnomalar boʻyicha isteʼmolchilarga paxta linti, oʻlik paxta, momiq, shuningdek kanop tolasini yetkazib berish;
paxtani xarid qilish va sanoat yoʻli bilan qayta ishlash sohasida paxtakor xoʻjaliklar bilan oʻzaro iqtisodiy munosabatlarni, shuningdek ular erkin sotadigan paxta tolasini joʻnatishni takomillashtirish;
hukumat qarorlariga muvofiq erkin (shartnoma) narxlarda sotish uchun xoʻjaliklar ixtiyorida qoldiriladigan paxta tolasi va boshqa turdagi qishloq xoʻjalik mahsulotini sotish yuzasidan Qoraqalpogʻiston respublika va viloyat assotsiatsiyalariga har tomonlama koʻmaklashish;
paxtani xarid qilish, saqlash, sanoat yoʻli bilan qayta ishlash chogʻida yagona ilmiy-texnikaviy siyosat oʻtkazish, jahon standartlariga mos keladigan paxta tolasi va boshqa paxta mahsuloti yetkazib berilishini taʼminlovchi ilgʻor, kamxarj texnologiyani ishlab chiqish va joriy etish;
paxtani xarid qilish, paxta tolasini, kanop va boshqa paxta mahsulotini ishlab chiqarish, joʻnatish va ularning qoldiqlarini hisobga olish yuzasidan hisob-kitob va hisobotni joriy etish;
tuzilgan shartnomalar va bitimlarga muvofiq mahsulot yetkazib beruvchilar va isteʼmolchilar bilan joʻnatilgan mahsulot uchun markazlashtirilgan hisob-kitoblarni amalga oshirish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat komiteti zimmasiga paxta tolasi ishlab chiqarish va uni respublika isteʼmolchilariga, Hamdoʻstlik mamlakatlariga va eksportga taqsimlash yoʻli bilan isteʼmol qilish balansini ishlab chiqish, uni Vazirlar Mahkamasi tasdigʻiga taqdim etish vazifasi yuklatilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddat ichida Oʻzbekiston davlat paxta sanoati va mahsulotni sotish assotsiatsiyasi faoliyatini tashkil etishga doir qarorni qabul qilsin, uning tuzilmasi va Nizomini tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 7-noyabr,
PF-485-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 2-son, 55-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 6-son, 120-modda)