1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.03.00.00 Mehnatga haq toʻlash / 05.03.01.00 Umumiy masalalar;
2.06.00.00.00 Ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy sugʻurta toʻgʻrisidagi qonunchilik. Ijtimoiy himoya / 06.10.00.00 Nogironlar va fuqarolarning boshqa toifalarining ijtimoiy himoyasi;
3.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.07.00 Aholi daromadini indeksatsiyalash]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi;
2.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ijtimoiy sugʻurta, ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy himoya]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
ISH HAQI, PENSIYALAR, STIPENDIYALAR VA IJTIMOIY NAFAQALARNING MIQDORLARINI INDEKSATSIYALASH TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Narxlarning erkinlashuvi sharoitida aholining ijtimoiy muhofazasini taʼminlash maqsadida:
1. 1999-yilning 1-yanvaridan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, barcha turdagi pensiyalarning, oliy oʻquv yurtlari talabalari, oʻrta maxsus va hunar-texnika bilim yurtlari oʻquvchilarining stipendiyalari, ijtimoiy nafaqalar oʻrta hisobda 1,2 baravar indeksatsiya qilinsin.
2. 1999-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida:
eng kam ish haqi — oyiga 1320 soʻm;
yoshga doir pensiya — oyiga 2520 soʻm;
fuqarolarning soliq olinmaydigan daromadi — oyiga 1320 soʻm,
yagona tarif setkasi boʻyicha boshlangʻich (nulinchi) razryad — oyiga 1320 soʻm;
bolalikdan nogironlarga nafaqa — oyiga 2520 soʻm;
zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi hamda mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 1530 soʻm miqdorida belgilansin.
3. Eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan ish haqiga ustama va qoʻshimcha haqlarning barcha turlari, shuningdek pensiyalar, onalarga farzandi ikki yoshga toʻlguncha parvarish qilish uchun beriladigan, bolali oilalarga beriladigan nafaqalar va boshqa toʻlovlar 1999-yil 1-yanvardan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ijtimoiy taʼminot vazirligi, Mehnat vazirligi, vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari, budjetdan moliyaviy taʼminlanadigan tashkilot va muassasalar mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar hamda budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshlari miqdorini oʻz vaqtida qayta hisoblab chiqishni taʼminlasinlar.
5. Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqa va stipendiyalarning indeksatsiya qilinishi bilan bogʻliq xarajatlar respublikaning davlat budjeti va Pensiya jamgʻarmasi hisobidan qoplansin.
6. Xoʻjalik hisobidagi korxona va tashkilotlar mehnatga haq toʻlashning belgilangan bazaviy fondi miqdoridan kelib chiqqan holda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mehnat sarfini kamaytirish hisobidan 1999-yilning 1-yanvaridan boshlab ish haqi miqdorini mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoriga muvofiq indeksatsiyalashni amalga oshirsinlar.